Furqat Meli 1972-yil 15-dekabrda Jizzax shahrida tug'ilgan.1997 yili O‘zbekiston Milliy universitetning O'zbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan. “Vatavparvar” gazetasida xizmat qiladi.
UYG‘OQ KUTIB OLGIN TONGNI
* * *
Ko‘zingda bir dengiz chayqalib yotar,
Tubiga zo‘r to‘lqin ayqirib botar.
Qatralar quyulib kelar irmoqqa,
Bir tomchi otilib chiqar qirg‘oqqa.
Yolg‘iz edi, kuchsiz qumga singidi,
Dengizdan ajralgan nega teng edi?
Izsiz ketdi, balki endi yo‘q bo‘lar,
Ildizga yetsa gar yashil o‘q bo‘lar.
Ko‘zingda bir dengiz quyoshni quchar,
Senga yetsam edi olovim o‘char.
Sahroman. Bir o‘zim, yolg‘iz yondim man,
Ko‘zim. Rahmat senga, suvga qondim man.
* * *
Asab tomirlari hujayralarda
Asov otlar kabi depsinar, kishnar.
Osmon jismi kabi yorqin, lovullab,
Poyimda tiriklik tarixi yashnar.
Yo‘lovchi ko‘p uzoq ketma, qaytasan,
Ovlagan ovingni tashlab behuda.
Seni kutib qoldi onang, qaydasan,
Bebosh bir o‘g‘ilni sog‘ingan juda?!
O‘tmish shamollari uvillab chopar,
To‘zonda qoldirib tarixni, yorni.
Ko‘zingga o‘tmishning changgi yopishar,
Qadim tuproq senga shunchalar zormi?
Bir gul ochilmakni istaydir, erkin,
Istaydir dunyoga xushbo‘y sochmakni.
Ishqning sharobidan quygil do‘st, lekin,
Imkoni bormikan yor-la ichmakni?
Har bir inson o‘zi go‘zal she’r erur,
Ilohiy hikmatlar yashirin unda.
Qaynoq sahrolardan muzliklargacha,
Koinot siri ham “alif”, “lom”, “mim”da.
Fitnalar dunyosi senga bol tutar,
Farog‘at dunyosi achchiq zaharni.
Nasibangni qirqma, bu kunlar o‘tar,
Uyg‘oq kutib olgin tongni, saharni.
Yo‘lovchi, qalbingga quloq tut, do‘stim.
Onang intiq senga munis, yolg‘izing.
To‘xtagin, daraxtdek bir yerda o‘sgin,
Yerga chuqur botsin jisming – ildizing.
* * *
Har narsaning o‘z qofiyasi bor,
Maraz g‘araz bilan yondosh.
Go‘zallikning ham o‘z ta’viyasi bor,
G‘azab azob bilan kundosh.
Dunyo ro‘yo bilan. Odam g‘am bilan.
Havo navo bilan. Shovqin qin bilan.
Nega ishonmaysan bunday nisbatga,
Qayerga boryapsan, kimga kim bilan?
Har narsaning o‘z qofiyasi bor,
So‘zni ardoqlagan o‘zni topadi.
Har jo‘yaning oxir nojo‘yasi bor,
Bilki, oting behudaga chopadi.
* * *
Aniq fanlar kabi aniqdir so‘zim,
Bir boshga bir o‘lim, lashkarim ko‘zim.
Bu yorug‘ dunyoga kelib ko‘rganim,
Bilganim yot emas, dushmanim o‘zim.
Shunday deb atrofga kulib boqaman,
To‘polon daryoda to‘lib oqaman.
Haqgo‘ylar, oqgo‘ylar va qorago‘ylar
Har biri o‘zicha bilganin so‘ylar.
Yerga urug‘ tushdi – tuproqqa qarang,
Otmadi, sotmadi, unga berdi rang.
Anglamadingizmi, g‘ijinmangiz ham,
Deydilar: – Dunyoning doim biri kam.
* * *
Tepamizda ertakdagi oy,
Sukunatda ketyapmiz, jonim.
Yo‘l yaqinmi, olismi, bilmam,
Ortimizdan ergashganlar kim?
Tepamizda ertakdagi oy,
Qo‘llarimiz bog‘langan qo‘lga.
Qarshimizda cho‘zilib yotgan
Nimadir bu, o‘xshamas yo‘lga?
Tepamizda ertakdagi oy,
Nima bo‘lsa bo‘lar, birgamiz.
Mayli, devlar, jinlar bo‘lsinlar,
Axir, jonim, biz ertakdamiz.