Pahlavon Sodiq 1973 yilda Namangan viloyati Chortoq shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini, Turkiyadagi Egey universitetining xalqaro jurnalistika bo‘limini tugatgan. «Ruhiyat nasimi» she’riy to‘plami chiqqan. Ayni vaqtda London shahrida yashaydi.
BUNCHA SHAMOL ESDI SO‘Z ARO
* * *
Sen tong bo‘lib uyg‘onolmading
Tun bo‘lib men ko‘z yumolmadim...
H.F.XXI-asr
Asr tiyra tortdi. Shom — g‘arib
hali yulduzlardan asar yo‘q
men TONGlarni ketdim axtarib...
paypaslashim kerak bu tunni
tiniq tortgunicha ko‘zlarim
yorug‘ tushgunicha ichimga...
oqarguncha dunyoning sochi,
tozarguncha yuragi butkul,
aritguncha o‘zidan tunni…
ungacha ko‘z yumishim mushkul.
sen ham hech bo‘lmasa tin ol,
kel, ko‘zlarim ustiga egil...
kiyib olgin meni - yupunni...
* * *
Bir vujud ruh berding, bir qalb hissiyot,
Tahayyul berding sen menga bir shuur,
Bir nafas “uh” berding, bir o‘lim hayot,
Va ko‘zim gulxani — bir qorachiq nur.
Bir zabon so‘z berding, bir harf insho,
Bir yurak iztirob etding inoyat.
Bir ma’no ifoda buyurding, illo —
Sening qalaming-la bitilgan oyat.
Va subh berding sen bitta shafaqda,
Va shomni yo‘llading unga nihoyat.
Bir do‘zax azobni etgansan va’da
Yana berguvchi Sen bir jannat rohat!.
Bir vujud ruh berding...
* * *
Shabiston — azalning harami, azizam,
Azizam, sukunat — ilohning sasidir.
Gullarga shunchaki qarama, azizam,
Gullar-kapalakning qobirg‘asidir.
Ufunat ufurgan iforlar bir toza,
Bir toza iforlar ufurar ufunat.
Sen bunday ufurma, uf urma, azizam,
Gullar ham biz kabi yupun de, yupun, ayt.
Shu so‘zlar ortidan yig‘lasang roziman,
Mayliga kulsang-da, garchi bu og‘ir g‘am.
Faqat… menga bunday qarama, hozir man
Kapalak emasman, gul emas qobirg‘am.
* * *
Uyg‘ondim — ro‘yolar yana ta’birsiz,
Yana yuragimda g‘arib bo‘m-bo‘shlik.
Uxladim beshiksiz hamda qabrsiz
Muallaq vujudim ustimga tushdi...
Men balo tog‘idan ko‘chgan eng so‘nggi
Tamal toshlarining his etdim vaznin.
Jarga qulayotgan odamday yengil
Dorga tikilgan bosh singari vazmin.
Bemozor arvohday izg‘idim daydi,
Egnimda yalang‘och tunning kafani.
Bilmadim, borarga manzilim qayda,
Qaysi qorong‘ulik — mening vatanim?..
Axir men qasammas, sharob ichdim-ku,
Mana, ko‘z yoshlarim o‘xshaydi mayga.
Dunyoni orqalab ketmas edim-ku,
O‘limni orqalab boryapman qayga?..
* * *
Buncha shamol esdi so‘z aro,
Buncha uzun nafas o‘tildi.
Aytilmasdan tunlari qaro
G‘amlar butun ichga yutildi.
Buncha og‘ir havodan so‘lish,
Nasimlarim, siz yo‘qsiz axir.
Buncha uzoq cho‘zildi o‘lish,
Yashash esa shunchalik taxir...
Ko‘zlarimga tortilgan mildan
Olam butkul siyoh rangida.
So‘zlar o’chib bormoqda dildan,
Ko‘milmoqda unut changida.
To‘kilmoqda yashil barglarim
Umidlarim chil-chil sinmoqda.
Yuragimda she’rning marglari,
Ichimdagi tovush tinmoqda...
So‘z yo‘q, demak, chora ham yo‘qdir
Tuyg‘ularning butkul tarkiga.
Ko‘ngil na och va na-da to‘qdir,
Yurak mangu azob g‘arqida...
* * *
Ohori to‘kilgan g‘arib bir mavsum,
Bahorga o‘xshamas, o‘xshamas kuzga.
Bunda begonadir ilohiy nasim,
Borliq parishonlik ichida to‘zgan...
Bunda ko‘zga alvon pardalar tortib,
Hijoblar bezatgan ranglar boshqadir.
Haramga aylangan yaproqlar orti-
Faqat gullar boshqa, changlar boshqadir.
Bunda hijronlardan qonab hayoli,
Qurtlar yonar ekan tillorang tusda.
Qaysidir hilvatda, dunyodan xoli
Qobirg‘alar haqda o‘ylar qumursqa...
Garchi o‘sha-o‘sha - fasllar mavzun,
Garchi o‘sha-o‘sha - osmon lojuvard.
Faqat... nechun begonadir ilohiy nasim,
Nechun begonalik ilohiy faqat?!..
RAUF PARFI
Mana osmon, mana havo
Qanday tiniq, qanday sarin.
O‘lim, sen ham bir nafas ol,
Tirilasan borgan sari...
Ana qushlar, qator-qator
Uchar qaysi manzil sari?.
Yurak,sen ham bir qanot qoq,
Yerda qolsin g‘amlar bari.
Ko‘kka uchsin ishq saning-la,
Bulutlarga yozilsin u.
Yomg‘ir bo‘lib, so‘ng qaytadan
Yuraklarga yog‘ilsin u.
Yuraklarda tomchi-tomchi
Zarbi mudom tursin urib...
O‘lim, ko‘zlarimga boq-chi,
Sen qo‘rqasan meni ko‘rib!..
Qanday osmon, qanday havo...
* * *
Men keldim, sen meni unutgan
tashlab ketgan joyda turibman, mana
eslasang, o‘rtadan bir daryo o‘tgan...
Mana, biz bag‘irni bergan ko‘k maysa,
tabiiy, u endi boshqa ko‘kargan.
balki bag‘rimizni ko‘targan boshga!..
"Qancha suvlar oqdi" deysan, bilaman,
ammo bilmaysanki, oqmay qo‘ygan suv
daryo qotib qolgan o‘z o‘zanida.
O‘tmay qolgan zamon, kechmay qo‘ygan vaqt,
esmay qo‘ygan shamol, o‘smasdan daraxt,
uchmay qo‘ygan qush ham, qo‘nmay qo‘ygan baxt,
sen meni tashlagan, unutgan zahot…
Sezmay qolgan vujud, kezmay qo‘ygan ruh,
men keldim. Men faqat turibman karaxt…
* * *
Meni istar kishining suhbatin ko'nglim pisand etmas
Alisher Navoiy
Seni hech kim tashlab ketgani yo‘q,
O‘zing bilan o‘zing qolding muztarib.
Tuni bo‘yi suhbat qurgan do‘stlaring
Tongda seni boshlab ketgani yo’q…
Yaratgandan senga bitilgan noma -
Taqdir kitobida ne hikmat, ne sas?.
"Sening ham suhbating pisandmas,ammo
Mendan boshqa senga arjumand emas…"