Gulchehra Umirova 1986 yil tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Pedagogika universitetining filologiya fakultetini tugatgan. “Oppoq orzular”, “She’r vasli” nomli kitoblar muallifi. Ayni paytda o‘rta maktabda ona tili va adabiyot fanidan dars bermoqda.
BOLALAR
Uxlatmang bolalarni,
Beshigidan uyg‘oting.
Yuragiga qulf solgan,
Eshigidan uyg‘oting.
Mehr degan zo‘r qo‘rg‘on,
Chaman-chaman kuy bo‘lsin.
Har kimning yuragida,
Vatan degan kuy bo‘lsin.
Tillariga qo‘ndiring,
Qushlarning eng sayrog‘in.
Jajji qo‘lchalariga,
Tutqazing yurt bayrog‘in.
Ajdodlarga munosib,
Voris bo‘ling, bolalar,
Jaholatdan, illatdan,
Olis bo‘ling bolalar.
Yurt tinch bo‘lsa, el obod,
Sog‘-salomat bu tandir.
Shunday kuch bilan seving,
Jondan oldin Vatandir.
O‘G‘LONIM
Ko‘zlaringni yum endi,
Yuragi uyg‘oq bolam.
Faqat kirib bormasin,
Qalbingga mudroq, bolam.
Jajji barmoqlaringni
Bayroq tutar, uqqanman.
Vatan, mana, sen uchun,
Alpomish deb tuqqanman.
Bolam mard bo‘l, mardlarni,
Elni o‘zi alqaydi.
Hatto daydi shamoldan,
To‘zonlardan saqlaydi.
Ko‘prik bo‘lgin yurtingga,
Nomard olmasin siring.
Yuragimga bog‘langan,
Yetmish ikki tomiring.
Ilmu urfon nuri-la,
Ziyoga to‘lsin olam.
Sharqdan quyoshday chiqu,
Baland bayroq bo‘l, bolam.
SHE’R VA BESHIK
Tuni bilan tebratdim beshik,
Yig‘lab yozdirmading she’rimni.
Endi shudgor qilib tashlayman,
Yurak degan ulkan yerimni.
Mana, otdim qalamni shartta,
Og‘ridimi bir yog‘ing, bolam.
Erkaladim, quchdim, ovunding,
Bir burchakda yig‘ladi qalam.
Mudroq bosib ketdi ko‘zlarim,
Bolam uxlab qoldi beshikda.
Qalam meni kechirgin endi,
Yumushlarim kutar eshikda.
Tuni bilan tebratdim beshik,
Yig‘lab yozdirmading she’rimni.
Endi shudgor qilib tashlayman,
Yurak degan ulkan yerimni.