OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shamsiddin Sadoiy (1958)

Shamsiddin Sadoiy 1958 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. “Meni kutgan edingiz”, “Davlating borida”, “Dunyoni muhabbat oladi”, “Seni menga yaratgan” singari she’riy to‘plamlari chop etilgan.

BAG‘ISHLOV

Otam ko‘krak kerib o‘tgan tog‘u toshim,
Onam rayhon ekkan dalam, qaroqoshim.
To‘qson ikki urug‘, jonim qarindoshim,
Ayvonlari oftob Vatan, jonga jonim.
Avlodlari ozod Vatan, onajonim!

Adashmasdan kelavergin, shunda behisht,
Sado berar har registon, har devor-g‘isht.
Minorlaring soyasida qolar Parij,
Ayvonlari oftob Vatan, jonga jonim.
Avlodlari ozod Vatan, onajonim!

Bobolarim izin hech kim bosa olmas,
Ulug‘beklar yo Sinolar bo‘la olmas,
Temurdayin yetmish davlat tuza olmas,
Ayvonlari oftob Vatan, jonga jonim.
Avlodlari ozod Vatan, onajonim!

Bir karvoning yo‘lga chiqsa, biri qaytar,
Cho‘llaringda hatto yantoq sano aytar.
Beshigingda Alpomishlar, beklar yotar,
Ayvonlari oftob Vatan, jonga jonim.
Avlodlari ozod Vatan, onajonim!

Baxtni quchib allalagan suyugimsan,
Jondan aziz, kelajagi buyugimsan.
Shosh, Samarqand, Buxoroday ulug‘imsan,
Sadoiyga oftob Vatan, jonga jonim.
Avlodlari ozod Vatan, onajonim!

ZIYORAT

Buxoroi Sharif tojim, gavharim,
Balogardon ayvonlaring bor bunda.
Yetti pirlar saltanati, shu’lasi —
Yetti yulduz dostonlaring bor bunda.

Ista Mag‘rib, ista Mashriq, Chin-mochin,
Yeru ko‘kdan mehmonlaring bor bunda.
Labihovuz, chinorlaring moziydan,
Tilsiz, tirik zabonlaring bor bunda.

Xalqing jonday, istarali, oltin xalq,
Al-Buxoriy osmonlaring bor bunda.
Sadoiyga pokiza bir she’r bergan,
Ul Xo‘jai jahonlaring bor bunda!

MUHABBAT

Dunyo senikidir, senga bag‘ishladim,
Baxt, omad sengadir, senga toabad.
Men goho kuylasam ishqni kuyladim,
Kuysam, aro yo‘lda kuydim, muhabbat.

Davron senikidir, senga bag‘ishladim,
To’leing kulgani rost bo‘lsin faqat.
Qirq yil taqdir bilan bir kulishmadim,
Yonsam, olovingda yondim, muhabbat.

Osmon senikidir, senga bag‘ishladim,
Yulduzlar bag‘rimga qursa ham poytaxt.
Ko‘z yoshimday bir-bir yuvib tashladim,
To‘ysam, bevafodan to‘ydim, muhabbat.

Hijron senikidir, senga bag‘ishladim,
Visoling sharpasin poyladim ne vaqt.
Faqat, bir siringni yecha bilmadim,
Ko‘ngil uzolmadim sendan, muhabbat!..

ZULFIZAR

Yuzta suluv bir yon, bu qiz bir yona,
O‘zi kiyik, o‘zi ohu jayrona.
Zulfi zari tovlanadi marjona,
Zulfizarjon, devonaman, Zulfizar.

Shamol bo‘lib sochidan bir tutmadim,
O‘rtamizda bir daryo bor, o‘tmadim.
Shu qizni deb Buxorodan ketmadim,
Zulfizarjon, mastonaman, Zulfizar.

Kokilingni kel bo‘ynimga ayla dor,
Bu dunyoda ikkimiz bor, faqat yor.
Sen bo‘lmasang bu tiriklik menga or,
Zulfizarjon, hayronaman, Zulfizar.

Oshiqmanam, oshiqqa yo‘l kerakdir,
Jonga-jonon, dilimga dil kerakdir.
Sadoiyga senday bir gul kerakdir,
Zulfizarjon, devonaman, Zulfizar.

MINORAI KALON

Boshingda samoi azim yarashgay,
Poyingda ming bora ta’zim yarashgay.
Mag‘rur oq laylaklar yarashgay senga,
Bobolar bitgan bayt — nazm yarashgay.

Senga ming bir kecha ertagi emas,
Senga ming asrlik tarix yarashgay.
Senga Qohira yo Parij yarashmas,
Senga Buxoroi Sharif yarashgay!..

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.