Gulzebo 1975 yilda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ilgan. Toshkent Davlat universitetining (Hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetida tahsil olgan. MTRKning “Yoshlar” radiokanilida muharrir vazifasida xizmat qiladi. She’rlari turli matbuot nashrlarida e’lon qilingan.
* * *
Ne hamidguy daraxt edi u,
Shoxlaridan tasbih etdilar.
Tomchi-tomchi tomgan ko‘z yoshday,
Ipga tizib olib ketdilar.
Ne hamidguy daraxt edi u,
Tanasidan rubob etdilar.
Ishq kuyiga sozlab torlarin,
Rubob ko‘ksin kabob etdilar.
Tasbih tushdi kimning qo‘liga?
G‘aflat ichra aylantirdi u.
Ohlar urib to‘qson to‘qqiz mard,
Aylanar “yo Alloh”, “yo Hu”.
Ul rubobni oldi bir oshiq,
Ishq-hijrondan ayladi xonish.
Ko‘ngil rubob ila birlashdi,
Taralardi ajib o‘rtanish.
Qo‘shni edi kimsa va oshiq,
Tasbih rubob ila firoqda.
G‘aflat in qurgan ul dildan,
Ishq osmon qadar yiroqda.
Xullas, yetib sozning ovozi,
Tasbih ajib g‘avg‘o boshladi.
Qutulmoq-chun g‘ofil qo‘lidan,
Ipni bexos uzib tashladi.
Ne hamidguy daraxt axir u!
* * *
Ko‘kka yelka tutgan qoyalar,
Ismingni jimgina aytaveradi.
Ming yillik toshlarning ajib faryodi,
Otlar tuyog‘idan qaytaveradi.
Mehrobdan boshini ko‘targan misol,
Ufqdan bosh ko‘tarar quyosh.
Ishqli kun boshlanar, yashagim kelar.
Sevgingda hayot bor, zikringda bardosh.
* * *
Yaratganga tabassum qil...
Shukrlar ayt, zikrlar ayt.
Boqqil, qanday mehribon zot,
Tafakkur qil, fikrlar ayt.
Yaratganga tabassum qil...
Qudratin namoyon etgay,
Har ishi hikmat birladir,
Hikmatlarin ayon etgay.
Yaratganga tabassum qil...
Mo‘‘jiza armug‘on etgay.
G‘ayb sirlari ilohiydir,
Gahi sirin bayon etgay.
Yaratganga tabassum qil...
Rahmatidin nishon etgay.
Qo‘rquv ila, umid birla,
Dilda fayz oshiyon etgay.
Yaratganga tabassum qil...