OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Soliha Olimova (1962)

Soliha Olimova 1962 yilda Xo‘jandda tavallud topgan. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Haq ishqi”, “Iqror”, “Iztirob” nomli kitoblari chop etilgan.

* * *

Men o‘shaman,
O‘sha Siz bilgan,
Vale dilga nimadir bo‘ldi.
Ayta olmasam-da neligin,
Vujudimda nimadir o‘ldi.
Va isyon boshlandi –
G‘alayon,
Jonimda halovat yo‘q endi.
Ayrildimmi yoki yetishdim?
Bilganim shu – Ishq meni yengdi!

* * *

Bu qadim yo‘l,
Juda qadim yo‘l –
O‘zingdan o‘zingga qaytish yo‘llari.
Shitob qildim,
Ilkimdin tutgil,
Taqdirning mehribon qo‘llari.

Ne baxt, mana kirib ham keldim,
Yobonlardan gul terib bir-bir.
Malham emas, dardini so‘rab,
O‘zini izlagan musofir.

* * *

Tizlarimga urib, sindirib,
G‘urur otlig‘ dushmanni yengdim.
Toshni yorib o‘sgan daraxtning
Shoxlariga barg bo‘lib indim.

Yomg‘ir yanglig‘ dilga to‘kilar,
Ertak aytib kech kuz qo‘shig‘i.
Navolarga to‘lib boradi
To‘lgan sayin ko‘ksim bo‘shlig‘i.

* * *

Ay ko‘nglim-a, orzu ayla,
Faqir yashash saodatin.
Tila yaqin-yirog‘ingga
Azal, Abad shafoatin.

Yuzdan artib ko‘z yoshingni,
Said kunlarni yod etgil.
Sano yo‘llab sabolardan,
Rasolikni murod etgil.

Seni haqdin yiroq etmish,
Harifu anjumandin kech.
Do‘st yo‘liga rahna solmish,
Muammoni birma-bir yech.

Tosh otsalar, sen maysa tut,
Bexazon ul ayyom kelgay.
Yuz yil kutding va yana kut,
Bir kun Yordin payg‘om kelgay...

Shiddatkordir tobora vaqt,
Vale qani bizning Fasl?
Oy jonimdin jonga botib,
Istar otash yanglig‘ Vasl.

* * *

Bugun vujud musavvir,
Nigohlarim mo‘yqalam.
Nogoh ilhomlantirdi
Yuragimdagi alam...
To‘lqin uzra chizgilar
Chizaverdi qarog‘im.
Shodlikdan xabar berib,
Uchib qo‘yar qabog‘im.
Mana o‘sha: kulcha yuz,
Oftoblarda dog‘langan.
Qaldirg‘och qosh, qiyiq ko‘z,
Savollarga chog‘langan.
Labda esa horg‘inroq,
Hazinroqdek tabassum...
Nihoyat, bir nuqtada
Suyukligim tajassum.
Yuzma-yuzman,
Qanday Baxt!
Bugun qushman, qumriman.
Ko‘ksingdagi «oh»larning
Sadosiman, umriman...

* * *

Matohparast ushbu dunyoning
Kunlaridan dilim to‘lmagan.
Yashayverdim.
Olishib hech kim
O‘ziga yengilib o‘lmagan.
Izhor ham qilmadim borimni,
Kitobman, o‘quvchim ko‘rmagan.
Armonlarim sochimdan-da ko‘p,
Zeb berib, zeb berib o‘rmagan.
Ko‘ra olay oyoq ostini,
Bino qilgil ko‘nglimni, ay Yor,
Men tavakkul qildim o‘zingga,
Sarhadgacha masofa bisyor.

* * *

O‘zingga topshirib borimni
Bu dunyodan chiqdimu ketdim.
Daryo, dengiz, iqlimlar osha
Tushlarimga, nahotki, yetdim?

Ostonangga boshimni qo‘ydim,
Ilohiy taft meni o‘ldirdi.
Va uyg‘otdi yangi bir fasl,
Sadolarim ko‘kni to‘ldirdi.

Yuragimda barq urar oftob,
Gullab yotar ruhimda bahor.
Loyiqmanmi, shundayin baxtga,
Aytgil o‘zing, aytgil, Biru Bor?!

* * *

Tun kokilga oq pilik taqdi,
Bir zum mehmon ko‘zimga uyqu.
Cholg‘u tilga kirar ohista,
Ruh raqsiga qo‘sh qanot tuyg‘u.

Yerni o‘pgan tovonlarimni
Ko‘zlariga surtadi havo.
Qon o‘rniga guloblar oqib,
Tomirimdan to‘kilar navo...
Navo,
navo,
navo...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.