OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hilola Ismatova (1974)

Hilola Ismatova 1974 yilda tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti Navoiy filialining filologiya fakultetini tugatgan. Viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” gazetasi muxbiri. She’rlari “Navoiy gulshani”, “Rangin navolar”, “Navoiyliklar guldastasi” kabi jamoaviy to‘plamlardan o‘rin olgan.

* * *

Qish, muz, qor,
Suvlar yaxlagan.
Mening qari daricham uzra,
G‘ichir-g‘ichir sog‘inch alami...

Shamollar o‘xshaydi onamga,
Jisimi yo‘q, qo‘llari yitgan.
Barmoqlarin topolmasayam,
Sochlarimni hamon silagan.

Onam kabi pokiza bog‘lar,
Azadormi – qorga o‘ralgan.
Huvullaydi g‘ariba bag‘ir –
Mevalari kuzda talangan.

Qaerlarda sovqotar onam,
Egni yupun, sochi ochiqmi?
Bitta ro‘mol tutolmayman, man,
Uyim to‘la latta-puttadan.

Derazamdan kirolmaydi qish,
Onam kabi mo‘ltirab turar.
Uyim issiq, yuragim bo‘m-bo‘sh,
Qismat qolgan umrni kurar.
Kaftlarimda sovib borar qor,
Yoddan chiqmas onam kirgan tush.
Shudir endi, umidim diydor,
Diydor tushdir, diydor endi tush.

* * *

Vaqt – yurish.
Davom etish.
To‘xtamaslik.
So‘ngga intilayotgan so‘ngsizlik.
Men esa, shoxlari quriyotgan daraxt –
Tomirlari hech qachon o‘lolmas tirik.
Ko‘ngil – katta ko‘ngilsizlik.
Umid tug‘ilaverar azob bag‘rida,
Umid – har lahza tug‘ilgan og‘riq.
Intilish – sabrsizlik.
Intilmaslik – qo‘rqoqning qilig‘i.
Vaqt, ko‘ngil, umid...

* * *

Ko‘ksimga cho‘kkan zulmat tarqadi:
Quyosh men uchun, olam men uchun.
Toleim taxti ko‘kdan imladi,
Baxtimning umri, umrdan uzun.

Tillo baliqlarning ziyosi giryon,
Ne istak qalbda, ijobat shu on.
Go‘yo jannat ichra turardim hayron,
Poyimdagi qasr nurdan charog‘on.

Oppoq zinalari orzumga boshlar,
Farishtalar undan silkitadi qo‘l.
Har bir eshigi ismim-la ochilar –
Sehrli qo‘rg‘onga yetib keldi yo‘l.

* * *

Faqat ko‘ngil,
Adashgan singil,
O‘n besh yoshli mahzun musicha.

Don yashirgan
Kaft yozuvini
Tumshuqlaring bilan qonatding.

Kaftlar yumildi,
Kaftlar yig‘ladi,
Chiziqlari ayqashib ketdi,
Qaysi yo‘ldan uchasan endi?

* * *

Men esam yomg‘ir,
Derazangni qancha chertsam,
Osmondan qancha yerga qulasam,
Qalbing qulf.

Shovdirab-shovdirab to‘kilsam,
Jovdirab-jovdirab termulsam,
Baribir, bu yig‘i so‘zmas,
Ko‘ngilga sig‘mas...

Qancha yog‘sam icha olmasman,
Yomg‘ir tilin tushunolmasman.
Tuproqlarga qorishmaguncha
Ko‘zyoshimni tinglayolmasman.

Men yo‘lda qolgan hasrat.
G‘amga botging kelsa, bir qara,
Qayg‘u chekking kelsa, qaragin.
Buncha g‘amgin, bunchalar g‘amgin,
Tinayotgan yomg‘ir tovushi?
 
* * *

Qiyofa yo‘q,
Tuman ichra zang ichgan surat
Yo baxtsiz raftordan iborat.

Yana og‘riq – ming yillik sog‘inch
Qo‘zib turar, vaqt o‘tgan sayin.
Shu kenglik va jimlikdan mayin
Nur kabi nimadir imlaydi.
Ay, bu ko‘zlar-ku, biram eskirgan,
Ularni yangilab olaverdim, man...

Qimtinib-qimtinib qurigan
Suratlarga qalbim to‘la.
Menga nima bo‘lgan,
Vaqt kirolmasmi qalbimga?
Vaqt ketolmasmi,
Vaqt girdimda tentirab qolgan?..

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.