OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Maqsuda Jo‘raqulova (1990)

Maqsuda Jo‘raqulova 1990 yil Navoiy viloyatida tug‘ilgan. Sirdaryo viloyati Xovos transport kasb hunar kollejining Xo‘jalik huquqiy faoliyati yo‘nalishini tamomlagan. Ayni vaqtda “Xatirchi hayoti” gazetasida faoliyat yuritmoqda.

VATAN HISSI

She’r o‘qidim yuragim yonib,
Olov so‘zlar ko‘chdi tilimga.
Olqishlarda ortdi ishonchim,
Men Vatanga kerakligimga.

Tinim bilmay yeldim, yugurdim,
Orzularga bog‘ladim qanot.
Har cho‘qqiga o‘zimni urdim,
Ishontirdi maqsadga hayot.

Olislardan sim qoqdi onam:
“Bolam juda bo‘lding toshbag‘ir”.
“Biroz sabr qiling, onajon,
Men Vatanga kerakman axir”.

Ortga qarash ojizning ishi,
Olddagi yo‘l zahmatli bo‘ldi.
Qo‘lim cho‘zsam yetmas tomondan,
Turnalarning ovozi keldi.

Tushlarimga kirdi qishlog‘im,
Bildim mehri bo‘lakligini.
Qizg‘aldoqlar shivirlab aytdi,
Vatan menga kerakligini.

MOHIYAT

Uchib tushdi yana bir yulduz,
Odil vaqtning chig‘irig‘idan.
Yeru osmon larzaga keldi,
U yulduzning chinqirig‘idan.

Dahshat ichra o‘rtandi zulmat,
Titrab ketdi teraklar birdan.
Chigirtkalar qilishib hasrat,
U yulduzni izladi yerdan.

O, qo‘rquvdan qovjirab gullar,
Kapalaklar jonidan to‘ydi.
Sahar, bir qiz tunning oqargan
Yuzlariga suv sepib qo‘ydi.

Va nihoyat tinchidi bari,
(Menga shunday tuyildimi yo).
Qiziq, bir kun men uchib ketsam,
Yuzingga kim suv separ dunyo?!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.