OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Mirpo‘lat Mirzo (1949)

 Mirpo‘lat Mirzo 1949 yil 20 avgustda Chimkent viloyatining Sayram qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1999). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1971). «Tong jilvasi», (1976), «Ishq fasli» (1978), «Yaxshi kunlar» (1981), «Sunbula» (1985), «Moviy daryo» (1988), «Atirgul va yulduzlar» (1990), «Onajon», (1995), «Saylanma» (2005) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Somon yo‘li chechaklari», (2004), «Sayra, do‘mbiram» (qozoq she’riyati antologiyasi, 2005), G. E. Lessingning «Donishmand Natan» she’riy dramasini, V. Shekspirning «Yoz kuni g‘aroyibotlari» pesasini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Boris Pasternak (1999) va «Alash» (2001) nomidagi xalqaro mukofotlar sohibi.

* * *

Borliqda chechaklar urdilar javlon,
Ko‘zga — nur, qalblarga ishq etib ato.
Har kim sevgani-la masrur bu ayyom,
Qara, juftin izlar musicha hatto.

Kimki yolg‘iz bu on ko‘zlari namdir,
Ayt, hijron ranglaring qilmasin somon.
Bahor — bir-birovga gul tutar damdir,
Bu damlar yolg‘izlik baridan yomon.

* * *

Yillar o‘tar ekan, keksayar tog‘lar,
Ufqqa yastanib, boqar xokisor.
Qariydi bir paytlar yashnagan bog‘lar,
Navqiron bo‘lolmas kelsa ham bahor.

Bu dunyoda jami xilqat erta-kech —
Keksalik faslini bir kun tuygusi.
Faqat ikki narsa qarimaydi hech:
Jilg‘a ovozi-yu, chechak kulgusi.

* * *

Bir umrga — shuncha orzu, shuncha g‘am,
Ayt, qaylardan topib berolgung, hayot?
Tag‘in hech erinmay, barin qilib jam,
Kichkina yurakka joylaysan, hayhot!

Orzu zavqin surdim, totdim alamni,
Qismat, bir boshimga nelar solmading!
Keragidan ortiq chekdim men g‘amni,
Biroq ko‘p orzumga yetisholmadim...

* * *

Buyuk matonatga o‘qiyman olqish,
Har gal adirlarga bahor sep yoysa, —
Butkul yo‘qotmoqqa qasd qilgandi qish,
Biroq yana unib chiqmoqda maysa.

* * *

Seni bahor esga soldi-ku yana,
Yana qo‘msadim men olis vaslingni.
Ufqlar iforga to‘ldi-ku yana,
Tonglarda ko‘rdim men sening rasmingni.

To mudom ikkimiz ikki qirg‘oqda,
Oqar oramizdan yillar daryosi.
Bahor dunyolarni entiktirmoqda,
Nechun entikmasin ko‘ngil dunyosi!

Botgan ishq quyoshi qaytmaydi zotan,
Biroq zulmatlarga umid urar tig‘.
Men umrim poyingga sochaman — hotam
So‘nggi tillolarin sochgani yanglig‘.

Armon zalvoridan qad bukadi dil,
Ne tong, ushbu sirni gar aylasam fosh:
Sen yashnab-yoshargung qaytadan har yil,
Men esa qariyman har bahor bir yosh.

BAHOR BAYOTI

Men ham shu bahorning oshiq shoiri,
Uni telbalarcha suyub, alqagan.
Sevaman — men unda tiriklik sirin,
Shomlarin — bag‘rida chaqin chaqnagan!

Sevaman — chit ko‘ylak o‘rikzorlarin,
Sevaman — oqbilak olmazorin ham.
Go‘zaldir bog‘dagi yolg‘iz nastarin
Moviy ro‘molini hilpiratgan dam!

Kiftidan ketib qor, muzlar nihoyat,
Kungayda isinar yashiltob qirlar.
Go‘zal va ajibdir bu damlar g‘oyat,
Oq hovur taratgan shudgor adirlar!

Nozik qaddin xiyol egib chuchmoma,
Tonggi shabnamlarga yuzini chayar.
Tun bo‘yi g‘unchaga bitib ishqnoma —
Bulbul dostonini dunyoga yoyar!

Sevaman — irmoqlar chuldirab oqsa,
Zavqidan entikib endi tunu kun.
Sevaman — qizg‘aldoq gulxanlar yoqsa,
Alvon shafaqlarga tutashib butun!

Qarang — hov turnalar arg‘amchi soldi
Olis bolaligim osmonlariga!
Qarang — bir kapalak adashib qoldi,
Duch kelib gullarning ummonlariga!..

Nurlar og‘ushida borliq muhtasham,
Bu damlar go‘zalsan naqadar, Hayot!
Shu bois Bahorga atab yurakdan
Bitgum men qasida, bitgumdir bayot!


QORASOCH MOMO*

Teran dardingizdan edim ko‘p yiroq, 
Tushimga kiribsiz - sochlaringiz oq... 
Bexos lablarimdan uchdi shu so‘roq: 
«Nega sochlaringiz oqardi, momo?»

Yosh Ahmad otadan qolganda sag‘ir, 
Ming jafoga duchor qilganda taqdir,
Oqarmagan edi sochingiz, axir, 
Nega sochlaringiz oqardi, momo?

Elovsiz edingiz o‘tkinchi ohga, 
Yashardingiz shukur aylab Allohga, 
Siz ona edingiz valiullohga, 
Nega sochlaringiz okardi, momo?

Betoqat sog‘inchmi, mehrmi, yo rab, 
Yotibsiz Saryomda siz yo‘llar qarab. 
Ko‘rinar Yassidan ulug‘ maqbara... 
Nega sochlaringiz oqardi, momo?

Yaratgandan ajib hikmatlar bugun, 
Elning ko‘ksidadir «Hikmatlar» bugun, 
Qadrin topmoqda chin xizmatlar bugun, 
Nega sochlaringiz oqardi, momo?

So‘rog‘im falakka yetgay deb zora, 
Kechalar to‘lg‘andim, axtardim chora, 
Muanbar zulfingiz edi tim qora, 
Nega sochlaringiz oqardi momo?

Qabringiz ostidan sas keldi shu on: 
«Tingla so‘zlarimni, qadim Turkiston! 
Sening parcha-parcha qismating ko‘rib, 
Sochlarim oqardi, yuraklarim qon!»
__________________
*Oysha xotun - Ahmad Yassaviyning onalari. El orasida u Korasoch momo nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Taskin



Muallif: Mirpo'lat Mirzo
Hajmi: 247 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
 Saqlab olish
 

* * *

Boshga g‘am soyasi tushib turgan kez 
Chorasiz boqurmiz, gangib daf’atan. 
Holbuki urvokcha emas qayg‘umiz 
Sen chekkan g‘ussalar oldida, Vatan!

Yurakni shodliklar chulg‘agan zumda 
Olam jilva qilar, biram bokira. 
Lekin nur balqmasa, Vatan, yuzingda, 
Bizga sevinchlar ham tatimas sira.

Istaymiz, o, mangu qolmoqlikni biz, 
Aslida bu faqat, Vatan, senga xos. 
Sening bag‘ringdagi kechgan umrimiz 
Kiprik qoqqanchalik lahzadir, xolos!

* * *

Kuz kezadi beozor, mayin, 
Kengliklarga to‘shaladi shan... 
Kechalari shirin tushdayin 
Shudgorlarni quchadi tuman.

Bog‘larni ham chulg‘ab olar u, 
Shivirlaydi afsungar so‘zin. 
Ufqkarda lekin beuyqu 
Uqalaydi chiroqpar ko‘zin...

* * *

Qorlar ketdi, chekindi ayoz, 
Mudramagin, yuragim, uyg‘on. 
Qara, maysa bermoqda ovoz, 
Qara, kurtak yayratadi jon.

Qanot qoqdi shimolga qushlar, 
Yashil qirlar nafasi sarin. 
Ushbu damlar kuylamasang gar, 
Yolg‘on bari kuylaganlaring!

* * *

Qara, biram osmon lojuvard, 
Qara, biram ufqlar tiniq... 
Dog‘ tushirgay unga zarra dard, 
Sargaytirar uni xo‘rsiniq.

Qayg‘u-g‘amga erk berma sira, 
Chechaklarni ko‘zga sur bu payt. 
Senga dunyo qilmoqda jilva, 
Men yashashni sevaman, deb ayt.

Qahrin sochar tinmay izg‘irin, 
Umid guli esa so‘lmaydi. 
Lekin dilga shivirlar sirin: 
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Ayamajuz ayqiradi och, 
Muz qilichin ko‘qda to‘lg‘aydi. 
Ingranadi bog‘lar yalang‘och: 
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Qahratonning qasdi nimada, 
Nedan uning ko‘ngli to‘lmaydi?! 
Hech kim bilmas, lekin dil zada: 
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Qaylardadir qulf urar bahor, 
Goh dimog‘ni isi chulg‘aydi. 
Nega buncha imillar qish, qor: 
«Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..»

Bahor, kelgin, arit dildan g‘am, 
Sen borsanki, yurak o‘lmaydi! 
Gullaringni sog‘indik biram, 
Axir, bundoq yashab bo‘lmaydi!..

XAYOLIMDA SEVDIM

Xayolimda sevdim men seni, 
Yoding bilan yurdim mastona. 
Yolg‘iz baxtim, dedim men seni, 
Xayolimda bo‘ldim parvona.

Sochlaringni tarab tunlar jim, 
Cho‘kmadim men teran ko‘zingga. 
Sen haqingda ko‘p she’rlar bitdim, 
O’qimadim ammo o‘zingta.

Hijroningda dilim cheqdi g‘am, 
Bu hijronga o‘zim yuz tutdim.
Xayolimda sevdim chinakam, 
Ammo jur’at etolmay o‘tdim.

Eng beg‘ubor tuyg‘ularim ham 
Sha’ningga dog‘ bo‘lar, deb qo‘rqdim.

MANGULIK TUYG’USI

Shamollarning atridan dilni 
Sarmast etamiz... 
Esaverar shamollar mangu, 
Bizlar ketamiz.

Qirg‘oq to‘lib yuguradi suv, 
Kaftni tutamiz... 
Oqaverar suvlar ham mangu, 
Bizlar ketamiz.

Va bu oniy umr sha’niga 
Qo‘shiq bitamiz. 
Qo‘shig‘imiz qolar manguga, 
Bizlar ketamiz.

ONA

Yotar edim bilmay o‘zimni –
Bir dard ichra alahlab-yona. 
Ne mo‘‘jiza - bemorligimni 
Tushingizda ko‘ribsiz, ona!

Shundan beri dardga chalinsam 
Yo g‘am ichra to‘lg‘ansam bedor, 
Hadikdaman - olisda bu dam 
Go‘yo siz ham chekasiz ozor...

OQ BULUTLAR

Yana ko‘klam kelib, ey oq bulutlar,
Zangor osmonlardan suzib o‘tgaysiz.
Yuraklar tubida yondirib o‘tlar,
Behisob karvonlar tuzib o‘tgaysiz.

Bir paytlar maysaga suyanib qirda,
Sizga termilgandim uzoq va uzoq.
Endi men o‘zgaman, qisqa umrda
G‘amlarning mayidan ichdim-ku ko‘proq.

Nogoh ko‘zim tushib ko‘m-ko‘k osmonga,
Izingizdan boqib turdim bir nafas.
Ey masrur bulutlar, mening qalbimda.
Sizdagi oqlikdan qolgan bo‘lsa, bas!

NAY

Samarqand tarixi muzeyida 5 ming yillik nay saqlanadi.

Ana, ko‘z oldimda besh ming yillik nay,
Uni yasamishlar besh ming yil burun.
Yetib kelibdi u hech zavol bilmay,
Kimga sirdosh bo‘lgan — mubhamdir bugun.

Balki unga labin bosgan musofir,
Balki uni oddiy bir cho‘pon chalgan.
Har qalay, ming yillar burun ham sohir
Va o‘tli ohanglar undan taralgan.

Vo ajab, shu dunyo yaralibdiki,
O‘tdimi undan hech bag‘ri kuymagan!
Insonga nay hamroh toabad, chunki
U doim odamzot dardin kuylagan.

* * *

Do‘stim, seni yodga olganim nafas —
Chekinar qalbimdan g‘am-g‘ussa, hazun.
Dunyoda borliging esladimmi, bas,
Yashagim keladi mening ko‘p, uzun!

Mayli, hasrat nima — unutsin yurak,
Mayli, baxtga ruhim chulg‘ansin chandon!..
Lekin bundoq umr menga ne kerak,
Sening bilan birga urmasam xandon!

Beg‘ubor bolalik bu kun ko‘p yiroq,
Keksalik ufqda turar oqarib...
Sovuq o‘y yurakka solar bir titroq:
Sen ketsang — men g‘arib, mensiz — sen g‘arib...
Tiriklik yalovin ko‘tarib boshga,
Kel, do‘stim, kiraylik birga yuz yoshga!

OLIS YULDUZ

Ko‘zdan uyqum o‘chgan tunlarda
Termular bu yulduz darchamdan.
Jilvalanib harir nurlar-la,
U mutlaqo xolidek g‘amdan.
Hasratlardan ko‘nglim bo‘g‘ilib,
Bu hayotdan to‘ygan onimda,
U yulduzga nolalar qilib,
Chaqir, deyman, meni yoningga.
Yulduz deydi: — Sovuq fazolar
Og‘ushida tole yo‘q, inon.
Mayli, ezsin, qilsin sarosar,
Yer g‘amlari a’lodir, inson!

XATOLIK

Afsusu pushaymon bamisli og‘u,
Xatolik nomingni aylaydi qora.
Xususan, sababkor o‘zing bilsang-u,
Uni daf qilmoqqa topmasang chora.
Mudom xotirangga og‘riqlar botar,
O‘ylar og‘ushida yotsang hamki tek.
Va u shuuringda qorayib yotar,
Uloqtirib bo‘lmas og‘ir kundadek.

* * *

Men hali hayotda tirikman, borman,
She’riyat qalbim tark etmadi butkul.
Otash tuyg‘ular-la dil bersam yorga,
Tutar u qo‘limga mening nafis gul.
Loqaydlik qalbimdan hali ko‘p yiroq,
She’riyat qalbimda chunki tirikdir.
Duch kelsam tubanlik, razolatga goh,
Mening qo‘llarimga tutar u shamshir.

SAYRAM GO‘ZALI

Yorim qoshi qayrilmadir,
Kipriklarda o‘q-o‘q.
Desam: — Kulib boqqin, axir!..
Nozlanadi: — Yo‘q-yo‘q!
— Aytgin, deyman, sevging chinmi,
Qilay ko‘nglim to‘q-to‘q.
Deydi: — Sevgi qilar jinni,
Ishqqa hushim yo‘q-yo‘q.
Faryod qildim: — Hajring aro
Yondi jonim, o‘h-o‘h!..
Kulib deydi u beparvo:
Mening ishim yo‘q-yo‘q!..
Dedim: — Nahot men chekib g‘am,
Sen o‘ynasang sho‘x-sho‘x?!
Deydi: — Xursand bo‘larsan ham,
Buncha sabring yo‘q-yo‘q...

SENING VASLING

Gullarga boqaman kulgung sog‘insam,
Kulgularing bilan menga shirinsan.
Yayratar ko‘zimni barq urgan chaman,
Sen — gullarga yashirinsan.
Vasling ilinjida entikar yurak,
Manim zulmat aro topgan nurimsan.
Yayratar ko‘zimni chaqnagan falak,
Sen — samoga yashirinsan.
Orzumda yashaysan, ey mohi paykar,
Bokira umidim, go‘zal sirimsan.
Yayratar ko‘zimni binafsha sahar, 
Sen — tonglarda yashirinsan.
Ishq o‘ti farahdir — qilmasman faryod, 
Ming bor azob cheksam, ming bor urinsam...
Yayratar ko‘zimni hamisha hayot,
Sen dunyoga yashirinsan!

 

ALISHER NAVOIY

Men ushoq bir zotman tarix oldida,
Sira mangulikni qilmasman da’vo.
Axir, mangulik bu — millat qalbida
Yashamoqdir dunyo turgunicha to.

Bor ekan toki zulm, toki qabohat,
Inson yuragini tark etmagay she’r.
Asrlar qa’ridan sog‘u salomat
Siz chiqib kelasiz, ustoz Alisher!

Jahon shoirlari tursa gar qator,
Ularga siz mudom sardorsiz, boshsiz.
Bu kun yuragimda g‘ururim bisyor,
O‘zbek manglayiga bitgan quyoshsiz!

Qalblar nurga to‘lsin — shu buyuk matlab,
Yuksalar ulug‘dan ulguni olgan...
To mahshar ehtirom topsa, ne ajab,
Bitta baytingizning mag‘zin chaqolgan!

Nafsdan chayqalganda zamon — to‘rt taraf,
Sizni jalb etoldi na toju na taxt.
Sizga muxlislikning o‘zi bir sharaf,
Sizni anglamoqning o‘zi ham bir baxt!


ZOMIN ILHOMLARI

Suzib qorday toza hislar nahrida
Mahzun yuraklarni yayratay deb shan,
Yuksak va barhavo tog‘lar bag‘rida
Shoirlar tuzdilar go‘zal anjuman.

Peshvoz chiqsa hamki mag‘rur cho‘qqilar,
Ne tong, mening ko‘nglim etolmadi rom.
Qirlardan enarkan kumush yol suvlar,
Tuymadim men bundan zarracha ilhom.

Jarangos soldi-yu tongning nurlari,
Yo‘g‘ira bilmadi she’rga tilimni.
Na lojuvard osmon, na tog‘ gullari
Ocha oldi mening bahri dilimni.

Yo rab! Nogohonda yorishdi qalbim,
Chekindi dilimdan dilgirlik badxo‘.
Ko‘nglim huvillagan ko‘yi — bir mavrid
Sening ko‘zlaringga keldim ro‘baro‘.

Behisht epkinini tuydim shu onda,
Tugadi men uchun mubham bir firoq.
Ko‘zlaring ajib o‘t yondirdi qonda
Ohu ko‘zlaridan boqib ma’sumroq.

Tashbehlar qo‘zg‘adi latif qad-basting,
Ko‘ksingdan cho‘qqilar olmishdi fusun!
Qismatga beadad shukurlar aytdim
Menga shu ayyomni bergani uchun!

Boqdim jilg‘alarga — bunchalar dildor,
Osmon esa buncha yuksak, zangori!
Tuyg‘ular baxsh etdi qalbimga bisyor
Har bitta chechakning munis raftori!

O, edim axir men munglig‘, zabun, lol,
Shukuhsiz ruhimdan o‘ksiganim rost...
Termuldim dunyoga men tag‘in xushhol,
Shoirga aylandim sen bois hassos!


SEVGI AFSONASI

Olis, mo‘jaz qishloqda
Yashar edi bir suluv.
Sho‘xligi yuraklarda
Uyg‘otardi zavq-g‘ulu.

Murg‘ak ko‘ngli oshufta
Sharsharaning sasiga.
Raqsga tushib ketardi
Soyning childirmasiga.

Bahor yuvgan mahallar
Ko‘hna tog‘ning g‘uborin,
Kokili to‘zg‘itardi
Cho‘qqilar kumush qorin.

Kuydirdi ne-ne qalbni
Undagi sho‘xlik-nozlar...
Lekin bir kun qishloqqa
Kirib keldi dorbozlar.

Shunda suluv yuragi
Tuydi otash ilk bora.
Falaklarga jar soldi
Avjga chiqib nog‘ora.

Har yoqdan el yig‘ildi,
Yulduzlar yondi milt-milt.
Buncha xushqad va epchil
Bulutga yondosh yigit!

Termular turib yerda — 
Suluv unga oshiq-lol.
Bir samoviy shuurdan
Titradi dili alhol!

Yuksakda o‘ktam darboz
Yangi oydek turar naq!
Goh chapdast hirom etar,
Goh tek qotar muallaq!

Keltirmoq qiyin buning
Ta’rifini so‘z ila — 
Dorboz yigitning ko‘zi
To‘qnashdi qiz ko‘zi-la.

Yo rab! Bir zum tutashdi
Ikki mas’um dil ohi.
Va yuraklar tubida
Uchqun yondi ilohiy.

Ne-ne suqsur yigitlar
Ursa ham ohlar bisyor,
Qiz ketdi dorboz bilan,
Bo‘lib unga suyuk yor.

Bu ne qismat, ne a’mol — 
Keltirdi udumga shak!..
Lekin uning qalbida
Tuyg‘ular edi yuksak!

Azaldan ko‘ngli ufqqa
Talpingan edi chog‘i.
Qaytmadi — yig‘lasa ham
Yuragida qishlog‘i.

Goh ertakka evrilar
Oddiygina shu hayot.
Kim sevgi deb yashasa,
Dilida so‘nmas bayot!

Oldi qizni bag‘riga 
Yot manzillar, begona...
Lekin uning sevgisi
Hamon elda afsona.


QORBO‘RON

Qish ayyomi, lekin oftob charaqlar,
Qalin qordan egilgandi daraxtlar.

Tashqaridan eshitilar sho‘x suron,
Qiy-chuv avjda — avjda edi qorbo‘ron.

Es-hushimni olib uchdi xayollar — 
Uzoqlarda qolib ketgan visollar.

Yodga tushdi sen-la kechgan paytlarim,
Menga atab aytgan o‘tli baytlaring.

Qish qo‘ynida yangrar ajib, sho‘x suron.
O‘ynagandik biz ham bir payt qorbo‘ron...

Qaydan chorlay endi seni, ayt, jonim,
Sensiz o‘tar kunduzlarim, oqshomim.

Derazadan tashqariga boqdim men,
Seni eslab, muz yuragim yoqdim men.

Ayt, hijronga otash qalbing ko‘ndimi?
Sevgimizni yoki qorlar ko‘mdimi?

Bog‘-bog‘chada yangrar biram sho‘x suron,
Yoshligimni esga solding, qorbo‘ron!..


BOLALIK

Borliqni o‘sha kun quchgan edi qor,
Mening yuragimda — so‘ngsiz alam-zor!..

Motamzoda dillar tushib titroqqa,
Suyukli yangamni qo‘ydik tuproqqa.

Ko‘z yoshlar yuzimni kuydirib oqdi,
Qarshimda ufqlar mung‘ayib boqdi.

Daryoda tovlangan yanglig‘ marjonlar,
O‘tdi ko‘z o‘ngimdan bolalik onlar.

Tonglar labidagi sho‘x xanda edim,
Chunki yangam uchun arzanda edim!

Chulg‘ardi ko‘ksimni surur va sehr,
Yangalar mehri, o, o‘zgacha mehr!

Esimda — undagi husn-chiroyga — 
Qiyoslar axtarib boqqanman oyga.

Qani u kulgular — misli qo‘ng‘iroq!
Qani u ayyomlar — kunday yarqiroq!

Armon deganlari — to‘zgan parqumi?!
Har bitta umrning poyoni shumi?!

Tuyuldi qismatim arzimas ro‘yo,
Nazdimda osmon ham qad bukdi go‘yo.

Ichimda nedandir nolon ayrilib,
Ortimga chorasiz boqdim qayrilib.

Bolaligim so‘ng bor titroqqa soldi
Va u yangam bilan qabrda qoldi.


* * *

Shaharda zarrin qor — qishning durlari
Oyoqlar tagida yotar yanchilib.
Do‘rmonda quyoshning olmos nurlari
Oq qorlar ustiga tushar sanchilib.

Shaharda quyosh yuz ochgani bilan
Qishning biron mo‘yi qilt etmas hatto.
Do‘rmonda muzyurak sumalaklar ham
Oftob ro‘yin ko‘rib yig‘lar bo‘g‘otda.

Qish zulmati cho‘kib tinar-u ishlar,
Lekin hayot tinmas — ingranar shahar.
Do‘rmonda abasdir jami tashvishlar,
Samo jilva qilar bunda to sahar.


VARRAKLAR

Ilk bahor yellari sharqirab oqqan
serg‘alayon shahar ko‘chalarida — 
kunbotar ufqining alvon shafag‘i
lak-lak bulutlarni yondirgan damlar
oyoqlari yerga tegib-tegmayin,
charx urib epkinlar girdibodida
varrak sotar bolakaylar 
biram bejirim...

Lekin to‘xtamaydi avtolar bir zum,
qayrilib boqmaydi biron yo‘lovchi.
Hayhot, hech kimsada uyg‘otmas tug‘yon
mitti qalblarning bu ajib sururi!
Odamlar bahorni unutganmi yo!
Unutganmi ular o‘z bolaligin!
Nahot nigohlarga ilashmas osmon?
O, nahot topilmas bu zamin uzra
tug‘yonni sog‘ingan birorta yurak?

Suronli poytaxtning shohko‘chasida
yolg‘iz tikilaman kengliklar sari.
Va qalqib ketadi yuragim birdan — 
hov baland binolar, tomlar ustida
yuksalib-yuksalib suzar bir varrak!
Xuddi o‘z shahdidan sarmast lochindek
qo‘rqmayin to‘sh urar osmon qa’riga!
Mening loqayd, 
zabun,
erparchin ruhim
o‘sha varrak qadar yuksalar bir on:
bir zum tubandagi hasrat-g‘amlarni
Kuzataman o‘sha kenglikdan turib.
O, o‘xshar yerdagi odamlar biram
umr bo‘yi rizqin axtarmoqlikni
shior qilib olgan chumolilarga.
Ko‘tariling
endi yuksakliklarga,
jonga tegmadimi bu tuban hayot! — 
deya men ularga hayqirgim kelar.

Hey, kengliklarda bemisl zavq bor!
Hey, shamollar ozod qo‘shig‘i unda!
Kim u — orzusini baland uchirgan,
Kim u — yuksaklarga buncha ishqiboz?!
Ayon, u — dimiqqan hovli egasi,
ermaktalab,
hissiz bir kimsa emas,
mening maysa kechgan, bolaligim!..

Tegramda avtolar oqimi so‘ngsiz,
qirg‘oqsiz osmonda qirmiz bulutlar
Sudralib borarlar qo‘l yetgudek naq.
Mitti jarchilardek bu zamin uzra
shamollar kiftiga qo‘nib bamisli
varrak sotar bolakaylar
charx urib har yon...

Lekin to‘xtamaydi uchqur avtolar,
qayrilib boqmaydi biron yo‘lovchi...


TIRIKLIK QO‘SHIG‘I

Najot bo‘lmasida yotardi bemor,
Jon talashib chiqdi tun bo‘yi bedor.

Shivirladi nochor kipriklari nam:
— Armonim yo‘q edi tonggacha yetsam.

Farzandlarim bosib bag‘rimga so‘ng bor,
Vasiyat so‘zlarim aylasam izhor...

Ko‘z qirin tashladi deraza tomon,
Oqarib qolgandi — yorishib osmon.

Fikridan o‘tkardi: — Bunchalar nahor 
Chiroyli bo‘lmasa... Darvoqe bahor...

Bamisoli sodir bo‘lgandek tushda,
Shu payt derazaga qo‘ndi bir qushcha.

Sayradi ohista: "Chik, chirik-chirik..."
Degandek kimgadir: "U — tirik, tirik..."

Garchi holsiz edi, garchi bemador,
Yostiqdan boshini ko‘tardi bemor.

Ko‘ksi to‘la edi hasrat-armonga,
Entikib termildi qushcha tomonga.

Yana sayradi u: "Chik.... chirik-chirik..."
Degandek kimgadir: "U — tirik... tirik..."

Qaddin tikdi bemor, kelib o‘ziga
Va termilmoq bo‘ldi qushcha ko‘ziga.

Qushcha ham boqdi-yu tashna nigohga,
Quvonchidan toshib, qo‘ndi bir shoxga.

Bemor yaqinlashib deraza tomon
Nigohi-la qushni axtardi giryon.

"Nechuk holatdir bu — tushmi g‘aroyib..."
Qushcha qaylargadir bo‘lgandi g‘oyib.

Shoxlarga termildi — bo‘rtmish kurtagi,
Allanechuk urdi bemor yuragi.

Uning xabari yo‘q — chekingandi qish,
Hovli chetlarida maysa urmish nish.

Xush epkin qitiqlab o‘tdi dimog‘in,
Shivirladi: "Yetar dardlar chekmog‘im..."

Ko‘nglidagi zulmat yitdi-yo‘qoldi,
Ajib umidlar-la yo‘g‘rildi qalbi.

Vujudi qaytadan kuch-bardosh tuydi,
Shu achchiq hayotni qaytadan suydi.

Unga gullar va’da ayladi bog‘lar,
Qoshiga chorladi shisha rang tog‘lar.

Buloqlar zilolim-sen uchun dedi,
Osmonlar hilolim-sen uchun dedi.

Pajmurda bir yurak to‘ldi bayotga,
Kunlar o‘tib, bemor qaytdi hayotga.

Bahor toshdirganda zavqin-hayratin,
Eslaydi u har gal qushcha suvratin.

Tonglar kuy-sasidan axtarar uni,
Gullar go‘shasidan axtarar uni.

Kezarkan bog‘larni oshufta har on,
Qushchaga rahmatin aytmoq bir armon...


GULBAHOR

Hayot deganlari shumikan, eh voy,
G‘amlar qovjiratib borar jismingni...
Sen kuzga ko‘nglingdan nega berding joy,
Gulbahor qo‘ymishlar, axir, ismingni!

Yillar kechdi bir-bir — biz ko‘rishmadik,
Ruhing chamaniga uchqunlamish qor!
Izg‘irin termilsa senga behadik,
Unda sening isming nega Gulbahor!

Hasrat gulxan yoqar inson qalbida,
U birdek yondirar ochniyu to‘qni.
Aytgin, yuzi shuvut qismat oldida
Sening ismingning hech qimmati yo‘qmi?

Chorasiz angizda yondim betoqat,
Ko‘rib men yosh ko‘nglim g‘amga yorligin...
O‘tingum — barini unutgin faqat,
Unutma ismingning Gulbahorligin!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.