OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Otayor (1947-2004)

 Otayor (Naxanov Otayor Ibragimovich) 1947 yil, 19 yanvarda Samarqand viloyatining Narpay tumaniga karashli Qoraxitoy qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi (1993). ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1972). Birinchi she’riy to‘plami — «Ishqim bayoni» (1975). «Lolarang ertak» (1978), «O’sha ko‘zlar» (1984), «Oq fasl» (1989) kabi she’rlar kitobi nashr etilgan. «Do‘mbira» (1980) dostoni ham bor. «Quyoshni ko‘rgani keldim» (1991), «Dunyoga tengdosh xazina» (1994), «Odamlar uchun yashayman» (1979) kabi esse va ocherklar to‘plami muallifi. A.Tommsaarening «Do‘zaxdan chiqqan yangi shayton» romani, fin eposi «Kalevala»ning bolalar uchun muvofiqlashtirilgan nasriy variantini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2001 yil 7 yanvarda Toshkent shahrida vafot etgan.


* * *

Bir kun ketgum mangu uyquga,
Tuprog‘imga singgum begumon. 
Berilmasman ortiq tuyg‘uga, 
Unut bo‘lar yaxshiyu yomon.

Tebrangumdir maysami bo‘lib, 
Yo o‘lkaning alvon lolasi... 
Yo quvlashib, qiyqirib-kulib, 
Toptab o‘tar bir to‘p bolasi.

Rashkingni qo‘y sen ham, malagim, 
Ko‘z tutmasman iltifotishta... 
Lahzang baxtli kechgan mahali 
Olib qo‘ygil birrov yodingga.

Qo‘ygil, sen ham motamni, do‘stim, 
Ruhim ozor chekmasin desang. 
Biz-ku, ezgu maslaklar ko‘ksin 
Bezab o‘tdik, bosmasin deb zang.

O’g‘il-qizim, qarog‘im-ko‘zim, 
Kiprigimda yaltiragan nam. 
Nevaralar - o‘zim-yulduzim, 
Charaqlangiz osmonimda sham.

Keltirganda ruhimga oyat, 
Eslab qo‘ying otam-onamni. 
Ular yodin sevdim bag‘oyat, 
Yoritdilar ular xonamni.

Bir xonaki, yovga tor bo‘lsin, 
Hech so‘nmasin shodlik, qo‘shiq, o‘y. 
Shu o‘lkaning kuni bor bo‘lsin, 
Uzilmasin men boshlagan kuy.

BAHOR SHAMOLIGA

Bahorni yelkamga ortqila shamol...

Izmingda chayqalgan lolarang chaman 
Tinchimni bermayin ko‘rsatsin jamol 
Shudringli chamanni qo‘msab quchaman, 
Saharlar uyqumdan bedor et, shamol!

Mayliga, lolalar xayolim olib, 
Hur qizlar bazmini esimga solsin: 
Mayliga, qoqinsam hovliqib, tolib... 
Ko‘katlarning rangi tizzamda qolsin..

Shudring jilosida nigohim qotib, 
Tonglar hikmatidan anglayin ro‘yo.
Tonglarim shundayin beorom otib, 
Mayli, go‘zallikka bo‘lay mahliyo.

Chehramga lolalar jilosi ko‘chib, 
Shunday karshi olay quyoshni har kun. 
Yangi kunni alqab, bahorni quchib, 
Shudring-la yuvayin maysalar gardin.

Mayli, sen ham - shamol, qarshimdan esib,
Lolalar atrini ufur, entikma... 
Men cho‘qqida yongan lolalarni deb, 
Yangi so‘qmoq solib intilay tikka...

Qizlar etagini tortqila, shamol, 
Atlas jilosidan ko‘zim quvonsin. 
Bahorni yelkamga ortqila, shamol, 
Vujudim lolalar qo‘ynida qolsin!..

MUHABBAT MANTIG’I

Vo ajab, ixtiyorim oldingu boshdan o‘zing, 
Ne sabab bo‘lding yana siynasi toshdan o‘zing?

Ayt, muhabbat, dastavval ul suluvni suydirib, 
So‘ng nechun etding nari ul qaro qoshdan o‘zing..?

Iltifot qilgil, sanam, chertma hijron torini, 
Qalbima otash qalab, tashlading doshdan o‘zing.

Bormidi hech mantig‘i bu muhabbat zorining, 
Qalbga qo‘ngan baxt qushin haydama boshdan o‘zing.

Misli gul shabnamdagi kulgichingda dona xol, 
Asragil kulgularing, yuvmagil yoshdan o‘zing.

Otayorga sen nechun ishq berib, otash berib, 
Ne sabab bo‘lding yana siynasi toshdan o‘zing?

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.