OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sa’dulla Ahmad (1947)

 Sa’dulla Ahmad (Sa’dulloh) 1947 yil 24 fevralda Samarqand viloyatining Narpay tumaniga qarashli Oqtosh shaharchasida tug‘ilgan. ToshDUning jurnalistika fakultetini tamomlagan (1970). «Alvasti» (1968) lirik dostonini, «Oxun yakkakord» (1973) tragediyasini yozgan. «Ishchi yurakcham», «Ibtido» (1982), «Iztirob» (1990) she’riy to‘plamlari, teatr san’atiga oid «Edip» (1989) kitobi chop etilgan. V. Shekspirning «Makbet», A. S. Pushkinning «Motsart va Saleri» tragediyalarini, Konfutsiy xikmatlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.



* * *

Shayx Saydo al-Jazariyga


Faryod, keldim bunda g‘urbatlar tortib, 
Yor-ahyor* oldidan furqatlar tortib; 
Kuyib kul bo‘ldimu, kulfatlar tortib, 
Qora yer yutmadi, turbatlar tortib.

Bahoriy bog‘larim qorga burkandi,
 Oh, gulga o‘rgangan ko‘nglim o‘rtandi; 
Bulbul xonishlarni mendan o‘rgandi, 
Maqomi hajrda kuybatlar tortib.

Dutordek rost edim, qaddim dutodir, 
Jahoniy jafolar jondin o‘todir, 
Ohkim, ibtidodin to intihodir, 
Xizr bir kelmadi suhbatlar tortib.

Umr benur o‘tdi, barbod ayladim, 
Kuchim dodga yetdi, faryod ayladim, 
Xalqqa bu jonimni xayrot ayladim, 
Ko‘zim uzumidin sharbatlar tortib.

Oxir taqdir etdi piri mavloni, 
Pir mavlo tanitdi qodir Olloni, 
Oyo, shafoat qil sho‘r Sa’dulloni, 
Xudoyo, qadimgi qurbatlar tortib.
______________
*Xudo

* * *

Qora yerni tirnab, mushtlab tuyarsan, 
Zim-ziyo tunlarni zimdan suyarsan; 
Men do‘stdan kuydim, sen kimdan kuyarsan? 
Singlim, san na uchun qora kiyarsan?

Sochingni siyoh deb, boshdan so‘rayman, 
Qalamsiz qoraygan qoshdan so‘rayman, 
Kuralay ko‘zingda yoshdan so‘rayman, 
Gulim, san na uchun qora kiyarsan?

Siyohpo‘sh valiylar qora kiyarlar, 
Arzgo‘ylar kigizni yora kiyarlar, 
Qarg‘a-zog‘ qorani qora kiyarlar, 
Munglim, san na uchun qora kiyarsan?

Quyosh qora kiysa, kunduz tun bo‘lar, 
Dori nafs dorisa, qil do‘stim bo‘lar, 
Tillashsa, dunyoga el ustun bo‘lar, 
Ko‘nglim, san na uchun qora kiyarsan?

Shaq bo‘ldi*, yoronlar, osmon du pora, 
Qora kiyib bordi Sa’dulloh yora,
Haq, deb so‘rayotir dardingta chora, 
Elim, san na uchun qora kiyarsan?
_________
* Yorildi; ochildi.

* * *

Qorlar inibdi boshima, 
Ayting qayrilma qoshima, 
Fursat topsa, bir nafaslik 
So‘zlarim bor sirdoshima:

Shomu sahar meni yod qil, 
Yodingda tut, ehtiyot qil; 
Hozirda nozir turmasang, 
Iyodatni umrbod qil.

Qachon suydim, til kuymadi? 
Suymaganga dil qo‘ymadi. 
Haqiqatni bayroq qilib, 
Elga kuydim, el suymadi!

Xo‘rladilar, toptadilar... 
O’ldirib, naf topmadilar. 
Tez kelmasang, gul badanni 
Tuproq bilan yopmadilar!

Tuproqqa qo‘sh, tuproq bo‘lay, 
El nazdida xo‘broq bo‘lay; 
Bir kun sen ham kelarsan-da, 
Yer ostida ko‘proq bo‘lay.

Menga kuysang xok-pok bo‘lib, 
Ko‘klarga chiq mohtob bo‘lib; 
Mahshar kuni el boshiga 
Men kelaman oftob bo‘lib!

Qorlar inibdi boshima, 
Ayting qayrilma qoshima...

* * *

Haq boqmasa hular bilan, 
Naq oqaman suvlar bilan; 
Haq, deb o‘tdim yer betida 
Quvalashib quvlar bilan.

Dunyo ishi poyga ekan, 
Kun ham chiqsa, oyga ekan; 
Tavba qildim, tuqqan egam; 
Suv boshidan loyqa ekan.

Loyqa suvni laqqa suyar,
 Haq deganlar xalqqa kuyar; 
Xalqim, senga qalbim so‘zi: 
Haq deginu haqqa iyar.

Men beray haq daragini, 
Ayir gapning saragini; 
Er ham elga kor kelmadi, 
Haqqa bermay yuragini.

Og‘ir toshga ong bitadi, 
Chopgan yo‘lni changitadi; 
Uchako‘rma jilvasiga, 
Dunyo seni chalg‘itadi.

Ko‘zdan yo‘qot sad* - tilloni, 
Saharlar ayt sad* olloni; 
Olloni suy, olloga kuy, 
Uyaltirma Sa’dulloni.
______________
* Sad - devor.
* Sad - yuz.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.