* * *
Sevgilim!
Yodimda o‘sha tun
Oq-oppoq olmaday oymoma...
Yulduzlar yig‘ilsa bir butun,
Sochilsa shoirga manzuma...
Sevgilim!
Yodimda shalola
Daryoga qo‘shilib oqqani,
Uyqudan turolmay Kamola
Uyalib,
Go‘dakday boqqani...
Sevgilim!
Yodimda oqqushlar
To‘sh urib daryoda suzgani,
Yulduzdan to‘qilgan kumushlar
To‘lqin-la o‘ynashib o‘zgani...
Sevgilim!
Yodimda ilk bora
Sevgini tilimga olganim,
Dardingni dilimga solganim,
Na qilay, O’zingga havola!
NEGA INDAMAYSAN?
Ko‘zlarim tubida yonar yuragim,
Yongan yuragimni yana yoqsang, yoq!
Sensan saodatim, sensan tilagim,
Sevgilim,
dilbarim, ko‘zlarimga boq,
Ko‘zlarim tubida yonar yuragim...
Nega indamaysan, nega tiling lol?
Kim aytib beradi sevgi ertagin?
Vafo deganing, bu, haqmi yo xayol?..
Ko‘zlarim tubida yonar yuragim,
Nega indamaysan,
nega tiling lol?
* * *
Ko‘kda oy, pastda soy –
ajab manzara,
Daraxtlar uchida yiltirardi nur.
Ba’zan bulut toshar, tiniqlik xira...
Ba’zan gangitardi xayolot qurg‘ur!
Nazdimda oymo‘ma kichrayganday,
Umri ado bo‘lib qolganday, kemtik...
Go‘yo vidolashib, pichirlaganday...
Men esa hayratdan turar edim tek...
Lekin, o‘ylanardim,
o‘yga botardim,
Umrimni qilganday oyga sarhisob.
Holbuki, bu kunni bir vaqt bir kitob –
Ehtimol, o‘sha kun, o‘sha soatning
Qadriga unchalik yetmagandirman.
Balki, bolalikday baxt-saodatni –
Ardoqlab, ko‘z-ko‘z ham etmagandirman...
Endi, ortga boqsam, ilon izi yo‘l,
Baland-past,
chag‘ir tosh, uzoqdan-uzoq...
Ba’zan sog‘inaman silkitganday qo‘l,
Xotiralar yo‘lga yoqadi chiroq.
Keksalik kekkayib turar qoshimda,
Fasllar umrimga, balki, tarozu...
Bir o‘y chaqmoq chaqib, deydi, boshimda: -
Adashma, bu kuning ertangi orzu!
* * *
Xiyobon bag‘riga otilding gulday
Va o‘zing nogahon gul bo‘lib qolding.
Bahor sehrlagan oshiq ko‘ngilday
Entikib-entikib, chuqur tin olding.
Balki, bir quchoqsan, bir bog‘ning o‘zi...
Balki, o‘xshashi yo‘q ilohiy gulsan.
Sendadir, sevgilim, qalbimning ko‘zi,
Men senga, sen esa sevgiga qulsan.
HAYOT HALI ETADI DAVOM
Katta yo‘ldan borar umrim karvoni,
Olisdir mo‘ljalga olingan manzil.
Bevaqt tolmasam, bas, qurib darmonim,
Yelkadagi yukim, nahotki, hazil?!
Oyog‘im ostida pastu baland yo‘l,
Murodga, baxt kulsa, erta yetaman.
Sertashvish onlarim, balki, mo‘lu ko‘l,
Qalbim buyurganin kuylab o‘taman.
* * *
Emishki, o‘liklar tirikdan ogoh,
Koshkiydi, tirik ham bo‘lolsa shunday?!
Onamni xotirlab, desam, yo Olloh!
Ko‘zlarim yonadi yulduzli tunday...
Mana, men u bilan xuddi yuzma-yuz,
Onamning qo‘llari manglayimdadir.
Hamon qulog‘imda yangrar shirin so‘z,
Go‘yo ko‘krak suti tanglayimdadir,
Onam, onaginam...
Bolaligim tutib, bo‘lib sarsari,
Go‘daklik yillarni qilaman xayol...
O‘tmishni qo‘msayman keksaygan sari,
Onalik mehriga to‘ymagan misol...
Naylay! Yoshlik o‘tib, orzularimni
Ado etolmasam, ulgurolmasam,
Chala qoldirganday yozuvlarimni
Umrim daftarini to‘ldirolmasam,
Onam, onaginam?..
Taqdirga tashakkur! Baxtsiz emasman,
Siz ekkan ko‘chatlar hosilga kirdi.
Umrim o‘tdi, ammo afsus yemasman,
O‘g‘ilu qizlarim mevasin terdi...
Tongotar nevaram berganda salom,
Sizni ko‘z oldimda etaman xayol...
Demak, hayot hali etadi davom,
Hamon boshingizda o‘sha oq ro‘mol,
Onam, onaginam...
* * *
Hali tong otmasdan kun botdi nechun?
Voajab! Ko‘rganim ko‘zmi yo yulduz...
Yulduz desam, hamon kunduz-ku, kunduz!
Bilmadim, kim kimdan oladi o‘chin...
Sevgi keksalikni tan olmas balki,
Balki, tug‘yon urib, haddidan oshar...
Balki, mushtday qalbga sig‘masdan toshar,
Kimgadir afsona, kimgadir kulki...
Qanday g‘aroyibot! Hayronman, hayron!
Xiyobon bag‘rida kechmi yo kunduz?
Voajab! Ko‘rganim ko‘zmi yo yulduz?
Oyog‘im ostida yermi yo osmon?
* * *
Oy botardi, tonglar otardi,
Bir yulduzdan uzmasmiz ko‘zni...
Uyqum qochib, boshim qotardi,
Majnunshuor sezardim o‘zni...
Deydilarki, sevgi otash, qo‘r...
Bir “lov” etib, uchqun sochsa bas!
Tili zabun, ko‘zi emish ko‘r,
Bag‘rin ochsa, oshiq mast-alas...
O, muhabbat! Ne manzildir bu,
Sen tanlagan saltanatmi, ayt?
Xotiramda eng shirin tuyg‘u —
Hilvatni nur chulg‘agan bir payt...
* * *
Vodarig‘! Qayga ketding, bedaraksan, benavo?
Holbuki, muhabbatdan bir ertaksan bebaho...
Toliqqansan, ehtimol, mayli, uxla orom ol,
Tirikligingdan nishon — ko‘zimga qo‘ngan ziyo...
Sevgi sehri sir emas, dilimdasan hamisha,
Ehtiros to‘fonidan, netay, adoman, ado...
Daryo kechib, tog‘ oshib, mabodo, topsam seni,
O‘zga baxtu saodat kerak emas, Surayyo, Surayyo...
* * *
Sen,
mening hayotbaxsh nigohimdasan,
Hamon haqqi-halol nikohimdasan.
Qo‘lga qalam olsam, ezgulik damda
Qalbimdan silqigan siyohimdasan...
Senga tilaganim — fayzu farog‘at,
Yuzini teskari qilsin malomat!
Dilbarim, men uchun tiriksan, borsan,
Dunyodan o‘tganlar bilmaydi faqat.
* * *
Tog‘-toshlarga yetakla, shamol,
Mayli, ketsam, ketay bosh olib...
Netay! Bevaqt chalg‘itsa xayol,
Dog‘ qoldirib, musibat solib...
Istardimki, cho‘qqidagi qor
Mangulikka yarq etsa durday...
Istardimki, men o‘lsam, bahor —
O‘z bag‘ridan joy bersa nurday...
AYOLLARNI AVAYLANG
Ayollarni seving,
erkalang, avaylang,
Hey!
Do‘stlarim,
erkaklar —
Arslon yuraklar!
Sizga maslahat:
Bir umrlik
malika saylang,
Malikasiz na shohlik bor,
na saltanat...
Isnon umri
nahotki, nochor!
Ojizmi muhabbat?!
Aslo!
Ko‘rkamlikda bahor,
Ulkanlikda
bepoyon diyor...
Shunday!
Yorqinlikda kunday...
Zabt eting shiddatkor.
Xotin qalbi o‘zi bir davlat:
O‘z elchilari,
Ayg‘oqchilari,
Qaroqchilari,
Jarchilari,
Gulchilari,
Posbonlari,
Sarbonlari bor...
Balki, bir xilqat:
O‘zi — go‘zallik,
So‘zi — g‘azallik,
Ro‘zi — azallik...
Sochlari tolim-tolim
Ayollar mashhuri jahon,
kosmosda qahramon,
Hizrni yo‘qlasang,
o‘zlari hizr...
Ishchi,
dehqon,
olim,
ministr...
Xotin — ona,
singil,
egachi...
Xotin — do‘st,
mahram,
Dardga malham,
Ro‘zg‘orga bosh-qosh,
Yo‘lga yo‘ldosh,
umrdosh...
Ammo,
Hiralansa sevgi hilolasi,
Beburd,
bevafo —
Hirs ko‘tarsa bosh,
Sinsa, ko‘ngil piyolasi,
Uddalolmas, hatto,
chegachi!
Sevgi — sinoq,
Sevgi — baxt,
firoq...
Sevgi sinog‘idan o‘tmagan
kim bor?!
Qalb — parvona,
shunday deydilar,
Sevgi — o‘t,
chirog‘...
Kim kuymagan —
qaysi yor, dildor...
Xotinlar!
Xotinlar!
Sizni
kim sevmagan...
kim ilhomlanmagan,
Lutfiymi, Navoiy,
Pushkinmi,
Hofiz...
Sizga
kim qaragan beparvo,
Behis,
Jozibada — nuqtai oliy...
Yo‘q!
Hali bitmagan,
tamomlanmagan,
Sizga bag‘ishlangan,
sizni kuylagan
Na she’r,
na doston...
Hamon
oshiqlar qul,
Shoirlar oshiq,
jumladan Rasul...
Hey!
Do‘stlarim, erkaklar —
Arslon yuraklar!
Ayollarni avaylang,
e’zozlang,
baxtin so‘roqlang,
Hatto,
kerak bo‘lsa yoqlang,
Balolardan saqlang,
Seving,
ardoqlang!