Xushnud (Abdulla Otaboyev) 1920-yilda Xorazm viloyatining Xiva shahrida tug‘ilgan. Boshlang‘ich maktabni, keyin Urganchda rabfakni, ikki yillik o‘qituvchilar institutini bitirgan.
Napoiy, Fuzuliy, Muqimiy, Furqat kabi klassik shoirlar ijodini chuqur o‘rganib, g‘azallar yoza boshlagan.
TO'YMAY ELIM DIYDORIGA
Qo‘yganimda ilk qadam men she’riyat gulzoriga,
Tushgan erdi ko‘zlarim o‘n to‘rt bahor ruxsoriga.
Anjumanlarga kirib, tinglab Navoiydan g‘azal,
Bo‘ldim oshno she’riyatning har siri asroriga.
Hofizu Sa’diy bilan tunlar aro hasratlashib,
Dard bilan sildim quloq oshiq Fuzuliy zoriga.
Ogahiyga uchrashib, oldim ravonlikdan saboq,
Ko‘chdi Jayhun to‘lqini jo‘shqin dilim anhoriga.
Munisu Komil, Avaz, Mutrib bilan suhbatlashib,
Hissa qo‘shgayman, dedim, yangi zamon ash’origa.
Yoshim ellikka to‘lib bir lahza tinchim bo‘lmadi,
She’r biturman, Xushnudo to‘ymay elim diydoriga.
HAQIQAT BU ADOLATDIR...
Bir inson sha’nini bulg‘ash yomondan ham bad odatdir,
Bad odatli kishilarning ishi doim malomatdir.
Bad odatli bo‘lur har xil: biri nodon, biri makkor,
Ularning qilmishi inson degan nomga haqoratdir.
Chaqimchi, ig‘vogar, qallob, tekinxo‘r, badfikr, battol,
Bari mal’un, bari iblis, bari surbet kasofatdir.
Shu badlar dastidan dodlar qolib bo‘htonga yaxshilar,
Ki, yaxshilarni ranjitmoq nechuk mudhish qabohatdir.
Qo‘yib ayb, kimgadir nohaq qilurlar jar solib oshkor,
Bu orsizlik, uyatsizlik o‘limdan zo‘r jaholatdir.
Jaholat mahv bo‘lur shaksiz berolmay tob haqiqatga,
Haqiqat bu—engilmas kuch, haqiqat bu adolatdir.
Ayo, Xushnud bo‘lib hushyor, hazar qil ori yo‘qlardan,
Qalamni nayza aylab, sanch himoyangda jamoatdir.
NASIHAT
Birovga va’da berdingmi, bajar vaqtida, jon do‘stim,
Haqiqiy odamiylikka bu ham bir imtihon, do‘stim.
Qo‘lingdan kelmagan ishni berib so‘z olma bo‘yningga,
Mabodo qilmasang ijro bo‘lur senga yomon, do‘stim.
Yog‘ib boshingga ming ta’na qolursan ko‘p xijolatga,
O‘girgay yuzlarin sendan birovlar begumon, do‘stim.
Butun xalq ham hazar qilg‘ay agar sha’ningga dog‘ tushsa
Bu dog‘ni yuvmog‘ing bilgil, emas aslo oson, do‘stim.
Aqlni ishlatib kessang faqat bir pora qirq o‘lchab,
Sening obro‘yu sha’ningga sira yetmas ziyon, do‘stim.
Boshingga kelsa-da shamshir qarab tik, so‘zlama yolg‘on,
Hamisha to‘g‘ri yo‘ldan yur, yasha derlar omon, do‘stim!..
Bu she’rim etmasa ta’sir, netay Xushnud ilojim yo‘q,
Va lekin qarz edi menda qo‘yish aytib, inon, do‘stim!
TUYUQLAR
O‘ltirardim tanish o‘rtoq qoshida,
Bir naqsh ko‘rsatdi boldoq qoshida.
Qanday chiroyli, deb maqtagan edim,
Dedi: naqshdamas, gap naqqoshida.
Yaxshi rahbar yumushida reja bor,
Mahtal etmas, xoh kunduz, xoh kecha bor.
Ishing tushib qolsa yomon boshliqqa,
Erta kel, deb jo‘natadi necha bor.