|
Yashinlar yoritgan, ey olis uyim!
Shuncha yillar kuyib,
Qancha qismat kechib,
qancha o‘yu firoq,
Hikmat ko‘rmadim men sendan buyukroq!
* * *
Sen ma’sud dunyoning borini
O’ylading. Yashading. O’tkarding.
Berding qorachiqlar umrini,
Tunlarni kiprikda ko‘tarding.
Farzandlar ketdilar har taraf,
Sokin qoldi uying - anglading.
Sog‘inding.
Sog‘inch-la yo‘l qarab
Bir vujud sog‘inchga aylanding.
U kunlar yodi ham senga shon!
Tunlar xotirasi boqiydir.
Salomlar abaddir, onajon,
Vidolar foniydir!
Foniydir!
ILINJ
Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan,
Kipriklarim o‘psalar bas gardlaringdan.
Men bir nasim bo‘lib keldim, men bir nasim,
Aytib o‘tsam deyman ko‘hna dardlaringdan.
Almashdilar seni nomu rutbalarga,
Munglug‘ bo‘lib qolding botib shubhalarga.
Hilollaring qaytar yana qubbalarga,
Moziylarga so‘ylab-so‘ylab zorlaringdan.
Menga qadim minorlardan bir sas yetar,
Shul sas mening ko‘nglim oxir serfayz etar.
Menga dunyo kerak emas, bir xas yetar
Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan.
Oqsaroyga qay kunki yuz burgandim men,
So‘nmish shonu shavkating deb kuygandim men.
She’r aytishni sal-palgina o‘rgandim men
Chinorlarda yig‘lab yotgan barglaringdan.
Bu dunyoda ko‘ngillarga chirog‘ yoqsam,
Mozorlaring sukutidan saboq olsam,
Tiniqqina buloq bo‘lib oqib qolsam
Olloyorlar nazar qilgan jarlaringdan.
ALAMLI DUNYODA
Qo‘llarim shoxlarday zor qolgan kunlar,
Dil ketib, valekin or qolgan kunlar
Sen ketding, muzladi o‘ng ila so‘lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Suvlarda sadosiz sindilar oylar,
Afsunday jim, sokin okdilar soylar.
Tugunlarin ochib yillar va oylar
O’tdilar, sen hamon tili tugunim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Sendan so‘ng ko‘nglimni beomon yanchib,
Ne suluvlar o‘tdi o‘zicha ranjib,
Baland poshnalarin ko‘ksimga sanchib,
Bevaqt so‘ldirdilar sehru jununim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Mung‘ayib qoldilar umid bog‘lari,
Mangu zirqiraydi bag‘ir dog‘lari,
Bog‘larning dudlari hamda zog‘lari
Mening fig‘onimdir ham mening kulim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
Bu holim ko‘rganlar taqdir, deydilar,
Taqdir azal-azal hakdir, deydilar,
Chin qalblar hamisha toqtsir, deydilar,
Qanday san’atdir bu, qandayin ilm?
Alamli dunyoda alamli gulim.
Senga shamim shomlar munglar keltirib,
Menga tiriklikdan aytib, bildirib,
Kuygan ko‘klamlarning o‘rnin to‘ldirib,
Ko‘ksimda yashaydi eng go‘zal o‘lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.
* * *
Teskariga oqqan daryolar qaytdi,
Tog‘larda yo‘qolgan sadolar qaytdi,
Meni izlab ketgan nidolar qaytdi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Somonlar yanchilmay qolgan kuz payti
Adirlar za’faron alvido aytdi.
Meni olib ketgan podalar qaytdi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Bu ko‘cha, bu hovli, bu uy, bu tandir
Bir kun seskanadi, sassiz siqtaydir:
O’n yil g‘oyib bo‘lgan olapar qaytdi!
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Qoldirib ketdimmi uni dashtlarga?
Yoki topshirdimmi shiddat, shashtlarga?
Bo‘zlab chorlasam-da, bitib xatlarga
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi.
Qaldirg‘ochlar qaytdi. Toylar ot bo‘ldi.
Yurtning tog‘u toshi menga yod bo‘ldi,
«Uh» deganim mening xotirot bo‘ldi,
Bolalik qaytmadi. Qaytmadi...
PAHLAVON MAHMUD
Sening hasratlaring uzun,
She’rlaring qisqa.
Ne-ne gado ko‘rding,
ne sulton ko‘rding.
Nuh ming yil yashadi –
Ko‘rdi bir to‘fon.
Sen
Nuh bo‘lmasang ham,
ming to‘fon ko‘rding.
Birovdan taxt qoldi,
Birovdan - daraxt.
Sendan meros qolmish baytlar -
tug‘yoning.
...Gar ko‘ylak tiksalar armonlaringdan,
Egni but bo‘lardi yupun dunyoning.
* * *
Birodar!
Qo‘lda jom, ko‘zda yosh nadir?
Savdolar ichinda yolg‘iz bosh nadir?
Nasihat nimadir?
Bahs-talosh nadir?
Fano darvozasi abad yopilmaydi.
Dunyo topiladi,
Odam topilmaidi.
Birodar!
Oshiqlik bahordir - o‘tgay.
Bu toshqin tuyg‘ular daryodir - o‘tgay,
Goh ko‘ngil berganing xatodir - o‘tgay,
Umid g‘unchalari doim ochilmaydi,
Dunyo topiladi,
Odam topilmaydi.
Birodar!
Umrni farzona etgil.
Neki dardmandliqdir darmona etgil,
Neki armonliqdir tarona etgil,
Har dil ham she’r bo‘lib nur socholmaydi,
Dunyo topiladi...
Odam topilmaydi.
Birodar!
Dunyodan nechun shikoyat?
Nechun bu tuganmas mahzun hikoyat?
Tiriklikning o‘zi buyuk inoyat.
Shudir o‘tganlarning eng komil bayti:
Dunyo topiladi,
Odam topilmaydi.
* * *
Men ishq elining nolayu afg‘onida kuydim,
Ko‘ngil uyining otashi armonida kuydim.
Mehrin tilabon o‘tsa agar oshiqi zorlar,
Mehrimni berib men esa tovonida kuydim.
Mushkul edi yo‘l, ranj ila izhoriga yetdim,
Sizlar ko‘yida, men esa domonida kuydim.
Do‘st kim, raqib kim, haq birla hakim kim, -
Bilmay aslin lol ila hayronida kuydim.
Har yon sado berdi maning zori dilimga,
Intildimu lekin dag‘i har yonida kuydim.
Dunyoyi azalning g‘azaliy matla’i buldur:
Boshlab hama ishni ani poyonida kuydim.
Ham maksadu, ham matlabu, ham dardu va ham ishq,
Ham ishq elining nolayu afg‘onida kuydim.
* * *
E, Xudoyim, dushmanim mard bo‘lsa bas,
Ko‘ksim ichra otashin dard bo‘lsa bas.
Kiprigimga Mavlaviydan bir g‘ubor,
Yassaviydan zarra bir gard bo‘lsa bas.
* * *
Umr desang, obu gil kuyar, ey do‘st,
Bir onda ne oyu yil kuyar, ey do‘st.
Ko‘kdan yulduz uchsa, yelkang kuygaydir,
Yerga bag‘ir bersang, dil kuyar, ey do‘st.
DIYDOR
Ota uyimizda yozu kuz, bahor,
Aka-ukalaru opa-singillar,
To‘plangan paytlari takror va takror,
Porlaganday bo‘lar o‘nlab qandillar.
Quyuq xotiralar piyolasidan
Esdaliklar ichib o‘tirar onam.
Diydoru shodliklar shalolasidan
Barcha xandon bunda,
Do‘stu yoron jam.
Tinib qolgandayin go‘yo atayin
Yog‘och so‘rimizning tepasida oy.
U ham sovub borar tun o‘tgan sayin,
Misli bir piyola to‘la sariq choy.
Bahor kelaversin takror va takror,
Bizning tongimizni g‘arib shom qilma.
Davom etaversin hayot va diydor,
Xudo, shu damlarni parishon qilma.
VATAN
Dil porasi, ko‘z qorasi sen o‘zingdirsan,
Mening ko‘nglim sen aslida, sen ko‘zimdirsan.
Tomirimda tomir yoygan ilk so‘zimdirsan,
Ilk og‘rig‘im, ilk yomg‘irim, naysonim, Vatan.
Qir ustida yonboshlagan bobom chaylasi
Bu dunyoda kimlarningdir orzu-havasi.
Dimog‘imda — yulduz isi,shabnamlar isi,
Momom ekib ketgan kashnich, rayhonim, Vatan.
Quloq solsam shivirlagay hatto toshlaring,
Oyu quyosh, kamalaklar ko‘zu qoshlaring.
Beshigimni tebratgandir qaldirg‘ochlaring,
Oyu quyosh ko‘rpa solgan ayvonim, Vatan.
Bo‘ronlari tulporlarga tunlar yol bo‘lgan,
Bir o‘g‘loni chinor, biri majnuntol bo‘lgan.
Temurlari ot minganda jahon lol bo‘lgan,
Jahonlarga timsol shohu sultonim, Vatan.
Valilardan ibrat so‘ylar qadim sahrolar,
So‘ndi qancha saltanatlar, qancha tug‘rolar.
Maqbaralar aytsin lekin, aytsin Zuhrolar:
Yer ostidan suhbat aylar hanuz Kubrolar,
Termiziylar bedor yotgan qo‘rg‘onim, Vatan.
Ne tong edi — izg‘irinlar zahrini totding,
Dasturxonda muztar qoldi qandu naboting.
Shahidlaring nomlaridir har bir raboting,
Abadiy yod erur asli adabiyoting,
Cho‘lpon, Fitrat, Qodiriy ham Usmonim, Vatan.
Gard qo‘nmasin toki sening kipriklaringga,
Kipriklarim kiprik qilay ko‘priklaringga.
Malham bo‘lmoq uchun asriy og‘riqlaringga
Bulutlaring suzib yurar ko‘k, qirlaringga,
Uyg‘oq ruhlar osmonida posbonim, Vatan.
Naqshlaring qutuldilar kishan-bandlardan,
Xatlar oldim yuragimga Naqshbandlardan,
Afrosiyob bilan tengdosh kuy, ohanglardan.
She’rlarimga ranglar oldim Samarqandlardan,
Gohi moviy, gohi zangor dostonim, Vatan.
Ulug‘laring xokini men yuzlarga surtay,
Dilimdagi eng muqaddas so‘zlarga surtay,
Onamdayin aziz nonu tuzlarga surtay.
Ozod bo‘lgan oyatlarin ko‘zlarga surtay,
O‘z yurtiga qaytib kelgan Qur’onim, Vatan.
Men dunyoni ne deb aytay? Bu bir ko‘hna bog‘,
O‘z bilganin sayrar bunda har qumri, har zog‘.
Aslo sening bag‘irlaring ko‘rmayin men dog‘,
Yulduzlarga osmon bo‘lgan ey nurli tuproq.
Osmonlari yer-u, yeri osmonim, Vatan.
So‘qmog‘ingda men bir epkin yo bir nasimman,
Yaproq sening, xas bo‘lsam gar sening xasingman.
Jayronlaring ko‘zlarida qolar so‘zingman,
Mening borim sen bilandir, yo‘g‘im sen bilan,
Katta yo‘lga chiqqan ulug‘ karvonim, Vatan.
1994, 2007
* * *
Navoiyning g‘azallari –
So‘zdan ungan vatanlar,
Dil qonidan, ko‘z yoshidan
sug‘orilgan chamanlar,
Bunda bulbul o‘lsa agar —
gul qoniga yuvgaylar,
Bunda oshiq o‘lsa agar
guldin bo‘lur kafanlar.
DARYO
Kim shamol,
Kim otda uchib yelishdi,
Peshinmi, shom chog‘i va yo ertalab
She’riyat shahriga kirib kelishdi.
Men To‘polondaryoni keldim yetaklab.
Sehrli bu shahar,
Go‘zal bu shahar
Va’da aylar edi jozib ertaklar.
Zangor davozasin ochib bir sahar,
Men To‘polondaryoni kirdim yetaklab.
Bir paytlar hazrati Xizrlar yanglig‘
Kezgan ustozlarning qutlug‘ makoni.
To‘tilar yurardi vazirlar yanglig‘,
Men yurdim yetaklab To‘polondaryoni.
Nozik guloyimlar tashbehlar uzib,
Chalg‘itib yurardi o‘ngu ro‘yoni.
Tonggi ko‘chalarning sukutin buzib,
Yetaklab keldim men To‘polondaryoni.
Yarim oshqozoni yo‘q bulbul bilan
Do‘st tutindik keyin to‘shab bo‘yroni.
Men unga termuldim,
U menga diltang:
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?
Ulug‘ ummonlarning tovush, sasiga
Dil berib, o‘rgandik nazmiy dunyoni.
So‘ngra Yozuvchilar uyushmasiga
Yetaklab keldim men To‘polondaryoni.
Hay’at qabuliga kirdik so‘ng sekin,
Hay’at bizga, biz ham hay’at hayroni.
– Sizni qabul qildik mayliga, lekin
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?
Uyli-joyli bo‘ldi shoirlar qator,
She’r axir ko‘ngilning erka jayroni.
Bizning ham endi o‘z ro‘zg‘orimiz bor,
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?
She’riyat, she’riyat –
Yoddir, faryod ham,
Ne zotlar dil aro yosh olib ketdi.
Men olib kelganim toshqin daryo ham
Bir tong xayrlashmayin bosh olib ketdi.
Balki chidolmadi hasadgo‘ylaru
Men tanishtirganim do‘stu yorlarga.
Bir-birin ko‘rolmay yurgan ko‘zlaru
Ko‘ngli qarolar ham ichi torlarga.
Loyqa davralardan g‘amlarga to‘ldi,
Ketdi. Yillar o‘tdi. O‘zgardi zamon.
Bugun To‘polondaryo suvombor bo‘ldi,
Men uni yetaklab yuribman hamon.
MIR TEMURIY QOVUNLAR
“Sayhun suyining shimoli tarafidagi qasabalar: bir Axsidur. Kitoblarda Axsikat bitirlar... Umarshayx mirzo muni poytaxt qilib edi. Sayhun daryosi qo‘rg‘onining ostidin oqar... Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir nav’ qovundirkim “Mir Temuriy” derlar, andoq qovun ma’lum emaskim olamda bo‘lg‘ay”.
(Zahiriddin Muhammad Bobur. «Boburnoma», sakkiz yuz to‘qson to‘qqizinchi (1494) yil voqealari).
Men baxtimdan mudom yurdim ilgari,
O‘tdi yana ramazonu iydlari.
Dimog‘imdan hargiz ketmadi nari
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.
O‘z bobomdan yodgor qolgan ziroat,
Anglarmidi buni Hirot, hindlari.
Bu ne sog‘inch erur, ne sir-sinoat —
Mir Temuriy qovunlarning hidlari?
G‘urbat otim jilovini qo‘yvormay,
Bayram qildi dardu hasrat itlari.
Esib turdi qay yergakim men bormay,
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.
Achchiq chog‘ir berdi menga davronim,
Kosa tutdi doim hijron rindlari.
Bu dunyoda endi yolg‘iz armonim —
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.
Past ketsa charx, ko‘rsatsa-da ming o‘yin,
Baland bo‘lgan sultonlarning didlari.
Tark etmasin seni, o‘g‘lim Humoyun,
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.
Saltanat ham tutab bitdi ohimdan,
Duo aylang beklari, sayidlari.
To qiyomat anqir endi xokimdan
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.
KALLA HAQIDA YALLA
Olam ichra olmas orom kalla bu,
Bir ajib qopqog‘i bor jom kalla bu.
Qo‘sh quloq — tutqichlari bordir ajib,
Gohi nobop, gohi nokom kalla bu.
Odamizot miyasiga ul panoh,
Gohi-gohi ketguchi tom kalla bu.
Aylanur charxi falakday, dahr aro
Gohi paydo, gohi gumnom kalla bu.
Umr shomida oqargay tong misol,
Umr tongida qaro shom kalla bu.
Kechalar qo‘yning aro yaltiragan
Tarvuz ermas, ey dilorom, kalla bu.
Moshqovoqdir pishsa mosh birlan qovoq,
Oshqovog‘i pishmas hech, xom kalla bu.
ALLOMA BILAN SUHBAT
Fikr etsang asta-asta muk tushib bo‘yroga ham,
Asta-asta borgung oxir ko‘kdagi Zuxroga ham.
Ey hilolning sen qulog‘iga azon aytgan Zamin,
Senga tug‘ro berdi ko‘k, ko‘rk berdi u tug‘roga ham.
Bu tafakkur olamidir, bu — tasavvur olami,
Ham tasavvuf, ham taassuf, o‘xshagay ro‘yoga ham.
Bir tomondan yastanibdir Yassaviy hikmatlari,
Mengzaru karvon o‘tar so‘ngsiz kuyuk sahroga ham.
Bir tomoni Mir Alisherdek ulug‘ ummon erur,
Bir tomoni o‘xshayur Jayxun misol daryoga ham.
Suhbat etsang asta-asta Najmidin Komil bilan,
Asta-asta yetgung oxir Najmidin Kubroga ham.
"Ustimizdan o'tgan oylar"
Yarim edi, to'lin edi.
Ko'nglim edi, ko'ngling edi
Ustimizdan o'tgan oylar.
Suvlar u payt billur edi,
Ketmasak ham bo'lur edi.
Bir narsani bilur edi,
Ustimizdan o'tgan oylar.
Kiyik ko'zing-suzuklaring,
Sirg'alaring, uzuklaring,
Sening bilakuzuklaring -
Ustimizdan o'tgan oylar.
Keyin olam rangga to'ldi,
Qancha qizlar yanga bo'ldi.
To'ylaringda tanga bo'ldi,
Ustimizdan o'tgan oylar.
1990
Yog'och so'ri, bu dunyoda nima ko'rding?,
Nima ko'rdim bu dunyoda, yog'och so'ri?
Kechalar sen yolg'izgina o'ylar surding,
Mening esa ado bo'ldi qalbim qo'ri.
Onam yanglig' mushfiq oylar yorug'ida
O'qimagay endi singlim yozgan xatim.
Qay bir aziz devorlarning yorug'ida
Xazon yanglig' qolib ketdi muhabbatim.
Boshing uzra oltin to'kkan o'rik qani?
Qani otam o'tqizgan ul toyfi uzum?
Mung'aytirmish yillar yomg'irlari seni,
Ariqlarga ko'milmishdir maning yuzim.
Mana bu-men onam bilan tushgan surat,
Otam bilan suratlarga tushmabman ham.
Umr nadir? Bir lahzalik suhbat faqat.
Bu suhbatga men bir hikmat qo'shmabman ham.
Kuz kelganda hovlimizga ochib eshik,
Ne so'ylading diydiragan chumchuqlarga?
Men ko'nglimni g'oz-g'oz etib, ipday eshib,
Topshirmishman bir shafqatsiz urchuqlarga.
Bolalik yo'q. Yo'qdir sirli qutichalar,
Qayda qoldi bahorimning jolalari?
Hovlidagi pastu baland musichalar
Musichamas, bu akamning bolalari.
Bunda o'sgan gullar har qayga sochilgan,
Sen alarni mahzun, xomush o'yladingmi?
Bir kechada hovlida oppoq ochilgan
Olcha guli opamning chit ko'ylagimi?
1995
Uzun-uzun karvonlar,
Hazin-hazin zamonlar,
Zarbof-zarbof choponlar,
Qator-qator a'yonlar,
O'tdi ketdi hoqonlar
Qancha beku boyonlar,
Bir el qoldi dunyoda,
Bir el qoldi yoronlar!
Halolligu poklikdan
Uyiga eshik etgan.
O'zi erday, er ishlab
Tuproqni qo'shiq etgan.
Ko'kda oy,quyoshlarni
Ko'rkiga oshiq etgan,
Yuragida tog'laru
Ko'kragida osmonlar.
Xudo o'zi hohlasa
Imkonlarga yetkizgay,
Daryolarga mavj berib,
Ummonlarga yetkizgay.
El qadriga yetguvchi
Sultonlarga yetkizgay,
Toleiga bitgaydir
Ulug' davru davronlar.
Dilbandlari o'smoqda,
Ko'zlari jonga jondir.
Birlari Jaloliddin,
Birlari Shohjahondir.
Har biri bir qo'rg'ondir,
Qilich birlan qalqondir
Bu qadu bu qomatlar,
Bu qoshlar, bu mijgonlar.
Farzand bo'lsang, elga boq,
Elni ko'r, elga aylan.
Olamda nokas ham ko'p
Elu dinidan qaytgan,
So'z qadriga yetkuvchi
Zotlar ham bilib aytgan:
Qaydan bilsin el qadrin
El ko'rmagan nodonlar!
2000
Ko'ngillarga safo bergil,
Soflik beru oqlik ber.
Muhabbat ber, muruvvat ham
Mehr ber, mushtoqlik ber.
Otalarga farog'at ber,
Va rohat ber bus-butun,
Onalarga saodat ber,
Umr beru sog'lik ber.
O'g'lonlarga iqbol bergil,
Iymon bergil salomat,
Shijoat ber, oru nomus,
Doim ko'ksi tog'lik ber.
Latofat ber qizlarga ham,
Malohat ber, sadoqat,
Yana husnu chiroyiga
Baxtini ham bog'liq ber.
Yor ko'ksidan panoh bergil
Sevib sevilganlarga.
Sevganlarga yor zulfidan
Dorlik ber, sirtmog'lik ber.
Ayvonlarga munavvarlik
Oy va quyosh mehridan,
Har bir uyga beshiklik ber,
Allalik, uyg'oqlik ber.
Kim bo'lmasin, to'kis ayla
Rizqu nasibasini,
Chekkan ranju zahmatidan
Har on vaqtichog'lik ber.
Do'stlar safin mastahkam et,
Ahil etgil, ittifoq.
Dushmanlarning qatoriga
Toqlik ber, tarqoqlik ber.
Havolanmoq nechun axir,
Insonmiz-ku hammamiz,
Har kimga ham insof bergil,
O'zingdan qo'rqmoqlik ber.
Jilg'alarga javlon bergil,
Chopsin qo'zichoqlarday,
Cho'qqilarga zalvor bergil,
Qorlik ber, viqorlik ber.
Sen qo'llading,keldi oxir
Chechaklarga bul Vatan,
Endi ketmas haqiqatga
Elimga dilxohlik ber.
Endi aytmoq uchun uning
Dunyoda borligini,
Mening shoir dillarimga
Dardkashlik ber, dog'lik ber.
1998
O'chmas Yer yuzida Buxoro nomi,
Toki yashar ekan Buxoriy nomi.
Mangu esaverar Termiz ellari,
Toki nur taratgay Termiziylari.
O'pdi bu tuproqdan neki jon border,
Hazrat Yassaviy bor-Turkiston bordir.
Amudaryolari abadiy azim,
Manguberdilari mangu Xorazm.
Ulug' Temurxonning shavkatu shoni,
Shahrisabz, Samarqand-jahon ayvoni.
Dunyo g'urbatiga nazar tashlablar
O'tdi Boburlaru o'tdi Mashrablar.
Garchi osmon qadar afg'on etdilar,
Ular Vatan nomin osmon etdilar.
Uzilmas bu yurtdan iymon torlari,
Toki hikmat so'ylar Olloyorlari.
Ey, boshidin oyog'i ruh va yod, Vatan,
Ulug' siymolari barhayot, Vatan.
Sening dovrig'ingu shoning o'chmagay,
Abadiyat qadar noming o'chmagay!
2000
Tiriklikning bongi Navoiy,
Buyuklikning rangi Navoiy.
Bir yorishdi zim-ziyo olam,
Turkiylarning tongi Navoiy.
Besh asrlik ro'yodur dunyo,
Besh asrlik o'ngi Navoiy.
Bir ummonkim, ibtidosi yo'q,
Yo'qdir uning so'ngi-Navoiy.
O'tgan sayin ildamlab ketgay,
Borgan sayin yangi Navoiy.
Vatan kabi poyoni yo'qdir
Vatan kabi mangu Navoiy.
2000
Ko'ngil bu-ko'ngildan yulish demakdir,
Yulib yana unda qolish demakdir.
Ko'ngil degani bu-cheki yo'q sog'inch,
Bir umr sevinish, nolish demakdir.
Unda Jomiy yashar, Navoiy yashar,
Ko'ngil-shu zotlarni bilish demakdir.
Ko'ngil ishq uchundir, muhabbat uchun,
Agar unda ishq yo'q, kalish demakdir.
2000
Men bunda har dildan navolar oldim
Har giyoh,har guldan sabolar oldim.
Oq fotiha oldim oppoq tog'lardan,
Azim chinorlardan duolar oldim.
* * *
Ko'ringan tog'larning qoyalaridir,
Ul ota-bobomning soyalaridir.
Osmonga intilgan baland cho'qqilar,
Erk deya yuksalgan g'oyalaridir.
* * *
Vatan,bo'stnlaring ozoda bo'lgay,
O'g'il ham qizlaring jonzoda bo'lgay.
Sultonday qad rostlar har bir daraxting,
Ochilgan har guling xonzoda bo'lgay.
* * *
Mening Vatan ichra vatanlarim bor,
Mangu zavol bilmas chamanlarim bor.
Termiziylar yanglig' xazinalarim,
Buxoriylar kabi ma'danlarim bor.
* * *
Ota,bu dunyoda har so'z sotildi,
Begona sotildi ham do'st sotildi.
Yaxshilik istabon o'tgan umringiz
Choponday eskirdi, to'zdi, sitildi.
* * *
Yarim minorlarim yer ostidadir,
Men deb yonorlarim yer ostidadir.
Sening chinorlaring yer uzra, ey do'st
Mening chinorlarim yer ostidadir.
* * *
Qabrlar-elning jim naqllaridir,
Asli tiriklikning maqollaridir.
Ungan maysalarni yulib tashlama,
Bu-ota-bobongning soqollaridir.
2000
Manguberdi tug'ilgan kunda
(Bu bir doston bo'lar ehtimol)
Xorazmda yo'llar qurildi,
Yo'llar jahon bo'lar ehtimol.
Vatan bo'lgan ming bir ajdodga
Yana kelar ming bir avlodga
O'sha kunda qurilgan uylar
Ota makon bo'lar ehtimol.
So'rab ko'rsang gar bir maysadan,
Raqam so'ylar yuz ming nayzadan.
Maysadagi shabnam larzadan
Shonlar ummon bo'lar ehtimol.
Mangu kuyga chulg'angan diyor,
Bir soz tinsa to'lg'ongan diyor.
Komiljonlar uyg'ongan diyor
Mangu bo'ston bo'lar ehtimol.
Bunda har dil kuy to'liq ziyo,
Tug'ilgan har o'g'il-bir dunyo.
Feruz bo'lar, Ogahiy va yo
Omon Matjon bo'lar ehtimol.
Bir sog'inch bor-gulning rangida,
Torlar titrar ko'ngillarimda.
Bu she'rim ham singillarimga
Bitta mujgon bo'lar ehtimol.
2000
Hurriyat ta'mini hech totganmiding?
Shuncha yillar qand so'rib yotganmiding?
Qodiriy, Cho'lponu Fitrat ko'zlarin
Dil aro bir bora uyg'otganmiding?
Lolazor bo'ldi alarning qonlari,
Sen bu yanglig' lolazor o'tganmiding?
Yuzlaringda na alam bordir, na yosh,
Yoki sen ham qo'shilib sotganmiding?
Shunchalar achchiq bu shirin hurriyat,
Sen aning ta'mini hech totganmiding?
1991
Qadim savtlar oqar tomirlarimda,
Dunyoda bor edi bir kuygan oshiq.
Tunlar uyg'onaman Bog'ishamolday,
Jonim, band-bandimda shovullar qo'shiq.
Shovullab zallarga kirib boraman,
Qo'shiq lovullaydi zarpardalarda.
Siz sahna yuzinda ado bo'lsangiz,
Men ado bo'laman avj pardalarda.
Qarsaklar portlaydi favvoralarday,
So'ng shamol tinganday bo'shab qolar zal.
Yana bog' singari chiqib ketaman,
Tongacha jismimdan esar kuy, g'azal.
Elga shu hofizdan qissalar so'ylab,
Sel bo'lib yurgaylar jami oshiqlar.
Men ilkis qo'limni silkitganimda,
Qushlar galasiday uchgay qo'shiqlar.
Ko'hna devonlarga yuzimni bosib,
O'ylayman hayotning dard tomonini,
Hofizim, Navoiy tirik bo'lganda
Sizga kiygizardi o'z choponini.
1998
Men Vatanni sevaman,
Tanda jonimdir Vatan.
Yulduzlari ko'zimdir,
Osmonimdir Vatan.
Kipriklarim varaqlar,
Oy sahfalar charaqlar.
Toshlari ham yaraqlar,
Nur bayonimdir Vatan.
Tog'i - Buxoriy bobom,
Bog'i - bahoriy bobom.
Temur - suvoriy bobom,
Shohjahonimdir Vatan.
Naqshin nigor beshigim,
Quyosh ochgan eshigim.
Otam aytgan qo'shig'im,
Jonajonimdir Vatan.
Menda ko'pdir hur niyat,
Eng azizi - Hurriyat.
Sharafing - abadiyat
Sharaf - shonimdir Vatan.
Doim yorug'dir yo'lim,
Bu sherni aytdi ko'nglim.
Vatan - shukrona singlim,
Onajonimdir Vatan.
1997
Sen bir jilg'a, ummonlarga qo'shilgaysan,
Sen bir so'qmoq, dovonlarga qo'shilgaysan.
Bolaliging jahonida Shohjahonsan,
Bir kun ulug' jahonlarga qo'shilgaysan.
Ko'rib biyron so'ylaguvchi tillaringni,
Men o'yladim tilsiz kechgan yillarimni.
Olloh bermish senga porloq yo'llaringni,
Ajib davru davronlarga qo'shilgaysan.
Sinib yotmish saksoninchi yillar aro
Bir qanotim mening jonsiz, majruh, yaro,
Menga boqma, bir qanotim senga panoh
Menga boqsang, armonlarga qo'shilgaysan.
Sevinchingdan ne hasratlar uzlat qilgan,
Bu kunlarga kimlar yetmay hasrat qilgan.
To'ylaringda oyu quyosh xizmat qilgan,
Oyu quyosh, osmonlarga qo'shilgaysan.
Bobolaring bunday kunni ko'rdi qachon?
Vatan qayta Vatan bo'ldi, angla, ishon.
Temuriylar chinoridan qolgan nishon,
Yana shohu sultonlarga qo'shilgaysan.
Har giyohga,har bir xasga vola bo'lsang,
O'z qirlaring, o'z dashtingda lola bo'lsang,
Bir odobli, bir chiroyli bola bo'lsang,
Shunday sheru dostonlarga qo'shilgaysan.
Epkinlari ko'zlarimga yosh urgan,
Tovonimga tikon kirgan, tosh urgan.
So'qmoqlari tizlarimga suykalib,
Adirlari oyog'imga bosh urgan.
Xar xasida yuz ming bog'ning qissasi,
Chinorlari osmonlarning hassasi.
Mamasaid bobomning obdastasi
So'risida zoru intizor turgan.
Mozorlari shomlar ichra qarorib,
Yulduzlari nurli hikmat yuborib.
Turfog'iga Olloyorlar sher qorib,
Termiziylar xayol surgan, o'y surgan.
Maysalarning tili,suvlar badani
Qanday go'zal tushungaylar Vatanni.
Ey, zanglamas qilichlarning madfani,
Bo'ronlari tulporlarga soch o'rgan.
Moziylardan tinglab haqir so'zimni,
Bir yuz kelib kuydirodi yuzimni.
Ochay desam, ocholmayman ko'zimni,
Qaldirg'ochlar qabog'imga in qurgan.
1992
Bolalikdan bir g'aroyib taxtda bo'ldim,
Oy, yulduzlar birlan mudom ahdda bo'ldim.
So'qmoqlardan, oq, za'faron dalalardan
Men za'faron so'zlar terib katta bo'ldim.
Saboq oldim yanchilmagan somonlardan,
Umr isi kelib turgan choponlardan.
G'arib paxsa devorlardan oldim savod,
Bildim nadir nadomatu nadir savob.
Xatim chiqdi onam kaftin xatlaridan,
Kamol topdim kaftlarining taftlaridan.
Mehrlari ko'nglimga ko'zlar bo'ldilar,
Vatan yanglig' ulug'vor so'zlar bo'ldilar.
Ta'lim oldim boshoqlardan, donlardan ham,
Kulcha yuzlar hamda kulcha nonlardan ham.
Men Vatanni o'rgandim har giyohidan,
Shomlariyu rayhonlarin siyohidan.
Qaldirg'ochlar to'ylarimda xizmat qildi,
Kambag'alni suydim boylar izzat qildi.
Dilga ko'chdi umriy ranju aziyatlar,
O'ychan, keksa toklar qilgan nasihatlar.
Men shundayin so'zga to'ldim ichlarimdan,
Harf o'rgandim uylaring ham sinchlaringdan,
Har qarichi, har g'ubori imlo, yurtim,
Har bir toshi, har chinori mullo, yurtim.
1994
Bir shahrim bor edi mening, do'stlarim,
Shahrimning bor edi tiniq osmoni.
Tiniq osmonida qoldi ko'zlarim,
Ko'zlarimda qoldi mayus armonim.
Do'stlarim,bir shahrim bor edi mening,
Shahrimning chang edi ko'cha-ko'ylari.
Ko'cha - ko'ylarida o'shal shahrimning
Qaytmas bir faslning qoldi bo'ylari.
Do'stlarim, bor edi mening bir shahrim,
Bir parcha o'tlog'i bor edi-yashil.
Bir parcha o'tlog'i ichra bir davrim,
Yashil davrim qoldi, do'stlarim, axir!
Cho'kib ketayotgan menmasmidim u,
Kim olib chiqardi meni daryodan?
Bir daryom bor edi,do'stlar,qanu u?
Do'stlar, men topmadim uni dunyodan.
Mening bir daraxtim bor edi, do'stlar,
Xazonlar qoplabdi tegralarini.
Ko'zyoshga qorishib yetilgan so'zlar
Do'stlar, u daraxtning mevalarimi?.
Yog'och so'ri, bu dunyoda nima ko'rding?,
Nima ko'rdim bu dunyoda, yog'och so'ri?
Kechalar sen yolg'izgina o'ylar surding,
Mening esa ado bo'ldi qalbim qo'ri.
Onam yanglig' mushfiq oylar yorug'ida
O'qimagay endi singlim yozgan xatim.
Qay bir aziz devorlarning yorug'ida
Xazon yanglig' qolib ketdi muhabbatim.
Boshing uzra oltin to'kkan o'rik qani?
Qani otam o'tqizgan ul toyfi uzum?
Mung'aytirmish yillar yomg'irlari seni,
Ariqlarga ko'milmishdir maning yuzim.
Mana bu-men onam bilan tushgan surat,
Otam bilan suratlarga tushmabman ham.
Umr nadir? Bir lahzalik suhbat faqat.
Bu suhbatga men bir hikmat qo'shmabman ham.
Kuz kelganda hovlimizga ochib eshik,
Ne so'ylading diydiragan chumchuqlarga?
Men ko'nglimni g'oz-g'oz etib, ipday eshib,
Topshirmishman bir shafqatsiz urchuqlarga.
Bolalik yo'q. Yo'qdir sirli qutichalar,
Qayda qoldi bahorimning jolalari?
Hovlidagi pastu baland musichalar
Musichamas bu akamning bolalari.
Bunda o'sgan gullar har qayga sochilgan,
Sen alarni mahzun, xomush o'yladingmi?
Bir kechada hovlida oppoq ochilgan
Olcha guli opamning chit ko'ylagimi?
1995
Umr asta aylanmoqda aziyatga,
Yozganlarim o'xshab borar nasihatga.
Qay go'shaga borsam undan boqar dardim,
O'z onamning sochlarini oqartirdim.
Devorlarni tirnaganda bargi xazon,
Nechun jismim zirqiraydi o'sha zamon?
Ko'ngil, ko'ngil, qay yo'llarda to'kildim men?
Seni oxir o'z maylimga qul qildim men.
Nechuk xirmon bo'ldi uygan bu xirmonim,
Na bug'doyim ayondiru na somonim?
Yulduzlarga boqsam sovuq yel keladi,
Yuzlarimdan shu on qaynoq sel keladi.
Tutgan yanglig' xoru xasning uvollari
Joy so'raydi mendan kuzak shamollari.
Lek men o'zim qay holda va qaydadirman?
Ariqlarda qolib ketgan chayladirman.
Chayladan ham tushadi-ku oyning nuri,
Ne hollarga solding meni falak huri?!
1993
Dunyo torlariga bir zumlik kuyman,
O'zim o'z boshimga tashvishman, o'yman.
Oshi o'z vaqtida pishmagan to'yman,
Erta nima deyman?
Hayot avval oxir ikki tomonlik,
Qilgan ishim bo'ldi shubha-gumonlik.
Yaxshilik o'tdimi yoki yomonlik,
Erta nima deyman?
Goho o'zim suygan guldan xafaman,
Gohi ko'ksimdagi dildan xafaman.
El mendan, men esa eldan xafaman,
Erta nima deyman?
Chog'ladim beqadr, beshan olamni,
Ehtimol tikladim o'z koshonamni,
Rozi qiloldimmi yolg'iz onamni?
Erta nima deyman?
Mangu shovullagay ezgulik bog'i
Bunda o'tganlarning hikmat chirog'i.
Ismim aytarmikan biror yaprog'i,
Erta nima deyman?
To'kildim har shohu gado oldida,
Umrning har oni vido oldida.
Faqat xijolatman xudo oldida,
Erta nima deyman?
1997
Oylaring o'rnini chaqinlar olar,
Soylaring o'rnini toshqinlar olar.
Bir kun atrofingda faqat yer qolar,
Boshingdan yulduzli osmoning ketar.
Gulgun kunlaringni ortiga tashlab,
Goh yashnab, gohida qilichday chaqnab.
Adirlar ortidan qulunday kishnab,
Bir beg'am,bezavol davroning ketar.
Bahoring ketgaydir asta qo'lingdan,
Xaslar hikmat so'ylar yurgan yo'lingdan.
Muhabbat ketsa gar ul kun dilingdan,
Poyingdan ustivor narvoning ketar.
Diydalaring aro ketmay nim kulgu,
Alarga o'rnashib olmishdir qayg'u.
Yarmi ko'k, yarmisi sarg'aygan orzu
Misoli bir bargi xazoning ketar.
Nolakor yangragay nogoh sozlaring,
Sarob sevgilarda kuymish yozlaring.
Uchgaylar vidoli o'rdak, g'ozlaring,
Ko'klarda nolayu afg'oning ketar.
Senga kam deganday shuncha motamni,
Yillar yiqitgaylar bir kun otangni.
Muz shamol tilgaydir noxos betingni,
Ko'ksingni to'sgan ul qalqoning ketar.
Hazinlik qoplagay maysazoringni,
Bog'laring chorlamas tog'da qoringni.
Seni yor anglamas, sen-chi yoringni,
Mijgonlari aytgan dostoning ketar.
Shudringdan saodat kutgay yigitlik,
O't yutib, vale gul tutgay yigitlik.
Shamshir shu'lasiday o'tgay yigitlik,
Shu oniy shu'lada karvoning ketar.
1992
Hikmat na dashtu qir, na bog'u bo'ston
Va na malikaning chorbog'idadir.
Na qasru ayvonlar, na rohu manzil
Va na yigitlikning qirg'og'idadir.
Na shonu martaba,na molu dunyo
Va na chinorlarning yaprog'idadir.
Hikmat-bu dunyodan intizor o'tgan
Otang mozorin jim tuprog'idadir.
1993
Olamdan o'tganlar olamidir bu,
Keksami, yoshmi yo bolamidir bu?
Dil dog'i va yoki lolamidir bu,
Ne deysan bu so'zsiz ishoralarni?
Dunyo deb atalmsih yorug' saroyga
Sig'mayin yurganlar sig'mish bir joyga.
Taqdir hammalarin yig'mish bir joyga,
Tiriklik ko'yida ovvoralarni.
Endi hech bir ishni o'nglolmagaylar,
Kelgan yozu qishni anglolmagaylar,
Alar endi hech vaqt tinglolmagaylar
"Qaro ko'zum" va yo "Suvora"larni.
Kimning o'g'il to'yi,qiz to'yi qolmish,
Bitmagan imorat yo uyi qolmish.
Birovning orzusi shu bo'yi qolmish
Bag'rini qon etib g'amxoralarni.
Hali bu savdoni bilmagan hech kim,
Bilmagay hech qachon o'lmagan hech kim,
Hali u olamdan kelmagan hech kim,
Dildan o'chirgil bu iboralarni.
Fano binosidir bunda har qabr,
Bizga emas,asli shularga jabr.
Bunda yotganlarga o'zing ber sabr,
Xudo, rahmat qilgil bechoralarni.
1998
Mezon ketdi, aqrab ketdi, qavs ketdi,
Shaftolilar bargidan bir sas ketdi.
Bu sasdin dil devoriga darz ketdi,
Momom ketdi, hovlisidan fayz ketdi.
Avval kashnich, rayhonlari quridi,
So'ng suv sepgan ayvonlari quridi.
Arilar ham bundan butkul aridi,
Tut bukchaydi, bir kechada qaridi.
Nevaralar yurar edi harbiyda,
Biri sharqda, biri dunyo g'arbida.
Ular qaytdi. Momom esa hozir ham
Yig'lab yotgan bo'lsa kerak qabrida.
Sho'rlik momom. Bir umr giryon bo'ldi,
Gohi u yon, gohida bu yon bo'ldi:
Kelinlarni yarashtira olmayin
Butun umr yurak-bag'ri qon bo'ldi.
Tog'alarim yurar qadlari so'roq,
Ko'ngillari yorishmas yoqsa chiroq.
Kenjalari qirqqa etmay keksaygan,
O'rtanchasi to'ng'ichidan qarriroq.
G'amga to'ldim nogoh noxush tasvirdan,
Zax hidlari kelib qoldi tandirdan.
To'yxonaga o'xshagan katta hovli,
Ko'z oldimda jimjidi-qoldi birdan.
Endi bunda kechalari oy yig'lar,
Piyolada ichilmagan choy yig'lar.
Yaproqlarni duv-duv to'kkan shamolga
Qo'shilishib so'ri, hovli-joy yig'lar.
Endi suvda yosmon loylanar,
Boshim uzra o'giribon oynalar,
Dardu hasrat iplarini yigirib,
Dunyo momom urchig'iday aylanar.
Ildizlarda shivirlagan sen eding,
Tuproq ko'pchib, g'imirlagan sen eding.
Bir kechada o'zgardi ruh angora,
Dardim yashil, hasratlarim zangori.
Hayotimdan yechding g'am pechagin san,
Adashgaydir kim aytur kechagimsan.
Bahor, xarsangtosh ostidan, uni surib,
Ozodlikka chiqib olgan chechagimsan.
To'rt oy mendan qarolik ustun bo'ldi,
Men to'kildim, daftarlarim tun bo'ldi.
Na xushdirki, qaytadan nasibimsan,
Ravoch hidin keltirgan nasimimsan.
Barg yozmoqchi bo'lgan yanglig' tomirlar,
Jimirlar, tan og'ochida jimirlar.
Sen gulborim, gulnorim, gulandomim,
Kechalari shitirlar qalamdonim.
Yashil hovuch bo'lib chiqdi ismaloq,
Qaldirg'och ham keldi sal-pal ezmaroq.
Har bir ko'lka yaqin qiru etakda
Qo'zichoqqa aylanadi ertaga.
Sen tog'larim qaraygan chaqinimsan,
Do'mbirasi guldurak oqinimsan.
Aytishlaring bu olamga yoqadi,
Yeru osmon sel bo'ladi,oqadi.
Kuyga to'lib ketdi toshu devorlar,
So'lg'in-so'lg'in sog'ayadi bemorlar.
Faqat bir barg, chirigan bir barg faqat
Aylar menga mungligina nasihat.
1991
SHOIR GO'ZAL ERUR NOLASI BILAN
Jayron ham jozibdir bolasi bilan,
Zumrad qir ajibdir lolasi bilan.
Qiz bola ko'rklidir nazokatiyu
Yangasi, ammasi, xolasi bilan.
Jahon-oshiqlari, volasi bilan,
Nayson-yomg'irlari, jolasi bilan.
Yigitga ziynatdir or bilan nomus,
Shoir go'zal erur nolasi bilan.
1994
Mensiz yasholmaydi mana bu qalam,
Mensiz yasholmaydi bu oppoq daftar.
Har oqshom va yo tong kelsam"pirr"etib
Oldimga qo'nadi misoli kaptar.
Garchi hujralari keng bo'lmasa ham,
Garchi yo'laklari bo'lsa ham ensiz.
Bu uy aza tutar gar men bo'lmasam,
Bu uy yasholmaydi hechqachon mensiz.
Dahlizdagi bir juft to'lqinrang kovush
Mening barmoqlarim ko'rmasa bir kun,
Bir-birin pinjiga biqinib olib
Burchakda bildirmay yig'laydi beun.
Bu azob eng sodiq do'stimdir mening,
Yillar yitsa hamki also yitmaydi.
Qari, sadoqatli kuchuk singari
Men bilan birgadir,hargiz ketmaydi.
Dillar diyoridin quvg'in qush yanglig'
Menga o'rgangandir bu armon yomon.
Men unga qonimdan suv ichirgayman,
Ko'zim gavharidan bergaydurman don.
Bir kun bormasam gar tashvishga tushar,
Inlardan bag'rida ingrabon ming dog',
Shomlar derazamga kelib diydirar,
Mensiz yasholmaydi hech qachon bu bog'.
Qayg'u men bo'lmasam qayg'u chekadi,
Anduh tunlar menga achchiq choy damlar.
Men beg'am yashasam bo'lardi, lekin
Mensiz yasholmaydi hech qachon g'amlar.
1988
She'riyat, sen abadiy
Ranju ozor yo'limsan.
Dardu hijron dashtida
Uzatilgan qo'limsan.
Tiniq osmon chog'imdan
So'kildim chok-chokimdan.
Ham sevinch, ham ohimdan
Yaralgan oq gulimsan.
Vomiq Uzro fig'oni,
Layli Majnun armoni.
Ne ko'ngillar xazoni,
Sen baribir so'limsan.
Yassaviydek qadimiy,
Nasimiyning nasimi,
Goh Mashrab, goh Haziniy,
Gohi Maxtumqulimsan.
O'tdi shohlar, vazirlar,
Nomsiz ketdi nozirlar.
Qoldi Usmon Nosirlar,
Sen-barhayot o'limsan!
Men bor-yo'g'i bir tovush,
Turibman abgor, xomush.
Sen menga balki bir tush,
Balki olov, kulimsan.
1994
Sehrsiz sohillardan,
Mehrsiz manzillardan
O'tib keldim, sen meni
Unutdingmi anorim?
Bag'ri doim qonginam,
Miskin, parishonginam,
Anor bo'lib sen faqat
Mung yutdingmi, anorim?
Tun saharga aylanur,
So'ng zaharga aylanur.
Men yutar og'ularni
Sen yutdingmi, anorim?
Sening gullaring ma'yus,
Balki o'ylaring ma'yus?
Mening esa xazonga
To'lmish hamma kanorim.
Ne umr bo'ldi umr?
Oyu yillarim ko'mir.
Endi so'nik dunyoda
Mushkul erur yonorim.
Sen shundayin xomush qol,
Misli ko'rilgan tush qol.
Gullagaydir mening ham
Bir kun sabru qarorim.
Sog'inchim chinor bo'lgay,
Dardim bekanor bo'lgay.
Dilim shoxingga ilsam,
Bir go'zal anor bo'gay.
1991
Tog'dan yo'qatsang gar, soydan toparsan,
Bir go'zal, bokira joydan toparsan.
Agar izlaganing Yerda bor bo'lsa,
Yerdan topmasang gar, oydan toparsan.
Avval faqirlarga ochgil ko'nglingni,
Faqirda yo'g'ini boydan toparsan.
Insonning avvalu oxiri nadir?
Ma'nsin suv bilan loydan toparsan.
Neki yo'qotmishding, kutmishding uni
Bir kun bir qoshlari yoydan toparsan.
Unda ham topmasang, mard bo'l, kuyinma,
Bir soz va yokim bir naydan toparsan.
Shunda ham topmasang, ayt, men ne qilay?
Bobur topmaganni qaydan toparsan?
1996
Vaqting xazonlarga chulg'angan paytlar,
Tog'laring za'faron vidolar aytar.
Ko'ngling tublariga berkingan gaplar
Sadodan qaytmasa, nidodan qaytar.
Bu olam goh shunday chorasiz, g'arib,
Shamollari ketar sarson, sarg'arib.
Yurmagil har qaydan davo axtarib,
Bir kun bir nasim yo sabodan qaytar.
Har lahza-bir manzil, har dam bir safar,
Onayizoringdan oldingmi xabar?
O'ylab oyg'ondingmi bir tong,bir sahar:
Bu dunyo qachon bir vidodan qaytar?
Shoxdagi omonat yaproqdir umr,
Nogoh nurab ketar qirg'oqdir umr.
Boshiyu adog'i saboqdir umr.
Bir gunoh va yo bir xatodan qaytar.
Ko'klarni tark etsa yoshlik-hiloling,
G'iybatlar aylasa jufti haloling.
Ko'ksingni to'ldirgan og'riq savoling,
Bir kuni bir nozik adodan qaytar.
Umr o'tar ketar. Umr-oyu yil,
Birodar, hamisha yaxshilik qilg'il.
Bandadan qaytmasa,ishongil, bilgil,
Allbatta bir kuni Xudodan qaytar.
1996
Bir gulga bir dildan dunyo kerakdir,
Bir dilga bitta gul tanho kerakdir.
Bir elga mehrdan daryo kerakdir,
Mehr gar bo'lmasa itob na kerak?
Tiriklik bir aziz ne'matdir azal,
O'tkarmoq joyizdir pokiza, go'zal.
Nasimlar navodir,yaproqlar g'azal,
Balog'at bazmida sharob na kerak?
Siymu zar havosi ranglaringdadir,
Ne hasrat tomog'ing,tanglayingdadir,
Ey inson, hisobing manglayingdadir,
Bunchalar hisobu kitob na kerak?
Sadoqat darsidan xabar bo'lmasa,
Farosat ahlidan nazar bo'lmasa.
Ko'ngilda hayodan asar bo'lmasa,
Ul husnu jamolga hijob na kerak?
Suv uzra yarq etgan shu'ladir umring,
Osilgan omonat tugmadir umring.
Magar Haq yo'lida o'tmadi umring,
Seni bu chulg'agan sarob na kerak?
Ilg'agil dunyodan munglig' kuyingni,
Eng avval supurgil ko'ngil uyingni.
Savolu javob et har bir kuningni,
Savoling bo'lmasa javob na kerak?
1994
Qay bir sahfalarda qoldu uchqunim,
Qay bir lahzalarda qoldi kukunim.
Yaxshimi,yomonmi o'tdi bir kunim,
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
Savobim bormi yo gunohim bormi?
Bu dardi dilimga ogohim bormi?
Ertan kun bir rostgo'y guvohim bormi?
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
Bolalik ul tili chuchugim bo'ldi.
Tiniq osmonlari qo'shig'im bo'ldi.
Eng vafodor do'stim kuchugim bo'ldi,
Men uni xudoga topshirdim oxir.
Orzu shirin edi misli handalak,
Qasr va'da aylab bo'libman halak.
Uyimni kuydirib ketdi bir malak,
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
Hasad ado qildi gulday do'stimni,
Men uni ichimda bir bor so'kdimmi?
Unga eltib bering mening po'stimni,
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
Mayli boraversin shubha, gumonga,
Yomonlik qilolmam hatto yomonga.
Ul meni olgaydir hart un nishonga,
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
Ag'yorlar og'zida ertak ekanim,
Kelarmi yo'lida ko'zlar tikkanim?
Qanday hosil berar ekkan ekinim?
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
Yasharman har damni ko'ngil oni deb,
Bir kun... yig'lagaylar do'stlar meni deb,
"Ey Siroj, tanangda joning qani?"deb
Men uni Xudoga topshirdim oxir.
1995
Birodar, qo'lda jom, ko'zda yosh nadir?
Savdolar ichinda yolg'iz bosh nadir?
Nasihat nimadir? Bahs-talosh nadir?
Fano darvozasi abad yopilmaydi,
Dunyo topiladi, odam topilmaydi.
Birodar,oshiqlik bahordir, o'tgay,
Bu toshqin tuyg'ular daryodir, o'tgay.
Goh ko'ngil berganing xatodir, o'tgay,
Umid g'unchalari doim ochilmaydi,
Dunyo topiladi, odam topilmaydi.
Birodar, umrni fazona etgil,
Neki dardmanlikdir, darmona etgil,
Neki armonlikdir, tarona etgil,
Har dil ham sher bo'lib nur socholmaydi,
Dunyo topiladi, odam topilmaydi.
Birodar, dunyodin nechun shikoyat?
Nechun bu tuganmas, mahzun hikoyat?
Tiriklikning o'zi buyuk inoyat.
Shudir o'tganlarning eng komil bayti:
Dunyo topiladi, odam topilmaydi.
1985
Odamzot azaldan yer, soy talashadi,
Osmon talashadi, oy talashadi
Mansab talashadi, joy talashadi:
Bandaning o'rniga o'tirmoq uchun.
Odamzotga asli himmat yarashadi,
Ezgulik, ilm ila hikmat yarashadi.
Odamzot azaldan navbat talashadi:
Bandaning tobutin ko'tarmoq uchun.
Bu ikki holatni sen yodingda tut,
Umr yo'llaringda yig'lab ketaver.
Nechun talosh bo'lgay kursi va tobut,
O'zing ma'nisini ilg'ab ketaver.
2000
Bu dunyoda baribir qolgay,
So'z bo'lib ham ko'z bo'lib izim:
Armonimdan o'glim tug'ilgay,
Hijronimdan tug'ilgay qizim.
Sog'lom, tetik o'g'il boladay
Tinim bilmas dilda armonim.
Qiz boladay ko'zim oldida
Ma'yusgina turar hijronim.
1999
O'tar shoirligu baxshiligimiz,
Yetar adovatu qarshiligimiz.
Bu dunyo, u dunyo naqshiligimiz:
Qolar yaxshi nomu yaxshiligimiz.
Bizlar kechagina beshikda edik,
Barcha uy ichra, biz eshikda edik,
Nechun ketmoqdamiz? Ne uchun keldik?
Qolar yaxshi nomu yaxshiligimiz.
Odam yashayverar oyli,quyoshli,
Oshi ham, boshi ham doim taloshli.
Umrning mehnatu minnati toshli,
Qolar yaxshi nomu yaxshiligimiz.
So'lg'in sog'inch yanglig' gullar jiydalar,
Ularni o'tqizgan zotlar qaydalar?
Oqar yuzimizdan obidiydalar,
Qolar yaxshi nomu yaxshiligimiz.
Mayliga ko'klarda parvoz etsak ham,
Yoki tuproq bo'lib, munglar yutsak ham,
Dunyodan yaxshilik ko'rmay o'tsak ham,
Qolar yaxshi nomu yaxshiligimiz.
2000
Gulga qo'nayotgan asalarilar,
Gulning dudog'idan bolin so'rguncha,
Gilos shoxidagi ikki musicha
To kelib bir-birin holin so'rguncha,
Payvasta qoshlardan o'pichlar olib,
Hayolangunicha uzun kipriklar,
Bir tomchi atirdan is taralguncha,
Bahor ko'ngillarga solar ko'priklar.
Olamda bir so'lmas chaman bor - Vatan,
Demak, qolgan gaplar muvaqqat bo'lgay.
Bahor ko'priklari - mehru sadoqat,
Bahor ko'priklari - muhabbat bo'lgay.
2001
Sahar turib olamga boq: jilg'alari ravondir,
Charaqlagan tog'lar boshi shomga borib tumondir.
Toychoqlaring qayondiru qulunlaring qayondir?
Ko'rganlaring o'zingniki, ko'rmaganing gumondir.
Inson bo'lib bu dunyoning bozorini ko'rdingmi?
Zarlari ham zorlariyu ozorini ko'rdingmi?
Sahar turib o'z otngning mozoriga bordingmi?
Borganlaring o'zingniki, bormaganing gumondir.
Kelib ketmoq o'yin ermas, sayohat yo ziyorat,
Umr yo'li zahmatlaru mehnatlardan iborat.
Ko'ngillarga qurdingmi bir ko'prikmi yo imorat?
Qurganlaring o'zingniki, qurmaganing gumondir.
Atrofingga qarab borgil, anglab borgil yo'lingni,
Ko'z bo'lsang gar,qarog' deb bil ona yurting,elingni.
Bergil unga e'tiqoting, mehring,jonu dilingni,
Berganlaring o'zingniki, bermaganing gumondir.
2000
Sevgi mening kechmishimdir, bugunimdir,
Olovimdir, kulimdir, ham kukunimdir.
Bu yo'llarda oxir bir kun to'kilgumdir,
Sevgi mening ko'nglimdagi tugunimdir.
Bu tugunni yecholmadim, yecholmadim,
Siz o'ylagan daryolardan kecholmadim.
Sevgi mening erib ketgan qorimdirur,
So'ng boychechak bo'lib ungan zorimdurur.
Yakka-yolg'iz qolib ketdi majnuntolim,
Majnuntolim, xabar olgil, qiyin holim.
Sevgi mening shovullagan teragimdir,
Yulduz kuygan, oy yig'lagan kuragimdir.
Qumga singib ketgan tiniq jilg'am mening,
Qumda lola unsa agar ilg'ang meni.
Sevgi mening nayson yuvgan ko'ylagimdir,
O'lgunimcha o'ylagumdir, o'ylagumdir.
Quyosh ko'rpa qavib qo'ygan bog'imdir u,
Ko'ksimdagi dog'imdir u, dog'imdir u.
Sevgi mening munisgina chirog'imdir,
Dilga yaqin, lekin ko'zdan yirog'imdir.
Qaniydi o'z qadamimni puxta qo'ysam,
Bir xol birlan bu savdoga nuqta qo'ysam.
Sevgi mening hech tuganmas azobimdir,
Guvohimdir, gunohimdir, savobimdir.
Butun umr shunday o'tar ko'ngillarim,
Ey,siz mening gulgun uka-singillarim,
Sevgi tiniq kulgungizdir, saqlang uni,
Sizning go'zal mulkingizdir, asrang uni.
1991
Nuqta ayla dilga aqiq tugmadin,
So'yla menga, ko'zlardagi mung nadin?
Qosh-qaboqlar arosida ne sir bor?
Andin menga na osmon bor, na yer bor.
Mujgonlar ham tuzmish maxfiy guruhlar,
Alar ham bir fitnagamu sheriklar?
Sirg'alarning titrog'ida na holat,
Nadin yig'lar zulflardagi girihlar?
1993
Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
"Yor-yor"ingdan o'lgan edim,
"Yor-yoringdan tirilay.
Qaro tunda oq gulmidi
Kelinchakning libosi.
Armon bo'lgan bir mulkmidi
Uning nozu ibosi.
Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
Men ham bir zum ezgin-ezgin
O'lanlarga berilay.
Ko'zlaringdan dur sachragay,
Lablaringdan chechaklar.
Asta-asta yechilgaydir
Ko'ngildan zarpechaklar.
Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
Men bor dardu sog'inchimni
Qayta boshdan saralay.
O'tgan oyu yillarimni
Men bir tush deb bilgayman.
Bo'yningdagi xolingni ber,
Dilga nuqta qilgayman.
Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
Sochlaringdan o'rim-o'rim
Armonlarga o'ralay.
Tun qo'ynida yulduzlarga
Taralmoqda dil zoring.
Mening sherim qolmas,lekin
Qolgay sening yor-yoring.
Dunyo hazin, "Yor-yor" aytgil,
Ey ko'zlari quralay.
"Yor-yor"ingdan o'lgan edim,
"Yor-yor"ingdan tirilay.
1991
Shaftolilar bargidan ranglar ketar, yor-yor,
Hovlimizda oppoq, oydin tonglar otar,yor-yor,
Yoshlik ham bir to'y singari o'tar ketar,yor-yor,
Siz kelsangiz ko'nglimizdan zanglar ketar,yor-yor.
Bukun Gulning bolishlari ketmoqdadir,
Surnaylarning nolishlari ketmoqdadir.
Aravada yig'laydi Gul, atrofida,
Yangalarning koyishlari ketmoqdadir.
Bunda qolar bobosining choriqlari,
Momosining kalishlari ketmoqdadir.
Hovli qolar, suv qoladi, suvga boqib
Xayollarga tolishlari ketmoqdadir.
Mo'ltiraydi ota uyning uzumlari,
Bukchayishib voyishlari ketmoqdadir.
Aravada-yig'laydi Gul, bilmaydi Gul -
Bir dunyo dunyo ishlari ketmoqdadir:
Onosining o'n sakkiz yil kuyishlari,
Otosining yonishlari ketmoqdadir.
1990
ZILOLAHON, G'AM KO'RMASIN BOSHINGIZ
Bir chiroyli qaynayotir oshingiz,
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz.
Izlab mening hayotimga tadbirlar,
Qo'lingizda qo'shiq aytsin kapgirlar.
Yillar osha yetib kelgum, chopgum ham,
Hozir yor-yor ayta boshlar chovgum ham.
Uylarimda oylarning eng to'lini,
Piyolayu choynaklarning o'lani.
Qoshiqlar ham juft bo'lib yaralganlar,
Yalla aytar yarqiragan laganlar.
Choy suzganda choyga tegar zulfingiz,
Zilfmidir yo ochilgan dil qulfingiz.
Ro'mol birlan tun sochlarni turmaklab,
Siz guruchdan tergaysiz tosh, kurmaklar.
Bir chiroyli qaynayotir oshingiz,
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz.
Men ne uchun noliy endi taqdirdan,
Siz kutsangiz nonlar uzib tandirdan.
Xudoyimga aytib hamdu sanolar,
Bozorlardan olay sizga xinolar.
O'stirmishlar bir gul, chekib zahmatlar,
Bo'lsin ota-onangizga rahmatlar.
Kechdim endi bor hasratu ozordan,
Men o'smalar olay sizga bozordan.
Gard yuqmasin bu ko'zlar ham yuzlarga,
Uylaringiz to'lsin o'g'il-qizlarga.
Bir chiroyli qaynayotir oshingiz,
Zilolahon, g'am ko'rmasin boshingiz.
2000
Bu qanday gul? Bu qanday gul?
Gahi qor, gohi qonday gul.
Men unga barqlarim aytsam,
U menga barglarin bergay.
Qaddi ham, bo'yni zarhal gul,
Yaqqosi, qo'yni zarhal gul.
Men unga zorlarim aytsam,
U menga zarlarin bergay.
Qabog'i uzra nurlar bor,
Qabosi ichra durlar bor.
Anga ashkimdin arz aytsam,
Manga shabnamlarin bergay.
Parishon holu bog'imdan
Kuyib ketgan dimog'imdan,
Desam dilda yamog'imdan,
U menga barglarin bergay.
Judolik isli epkinlar,
Bukun bog'imda erkinlar.
Men unga qarzlarim aytsam,
Menga anbarlarin bergay.
Tun ichra chirma yolqin gul,
Gahi tinch, gohi toshqin gul.
Men unga dardlarim aytsam,
U menga lablarin bergay.
1990
Bunda biror giyoh
Qimirlamaydi.
Tosh otsang ko'l suvi
Jimirlamaydi.
Yulduz porlamaydi,
Osmon aks etmas,
Nurlar baliqlarday
Suvda raqs etmas.
Vahimali erur,
Ko'lning uyqusi.
Bunda cho'kib yotar
Yillar uyqusi.
Faqat tunlar cho'kkan
Oy yanglig' yuzib,
Goh nogoh ko'rinur
Bir oltin uzuk.
1989
Ko'rmayin ham, kuymayin ham,
Diydoriga to'ymayin ham.
Kipriklaridan ignalar,
Aylang, kuyunchak yangalar.
Tola sochin ip aylabon
Ko'zlarimni tikib qo'ying.
Taqvo yo'lin tutsam agar,
Ko'ngildan ham ketsam agar,
O'zni fido etsam agar,
Xasday xarob o'tsam agar,
Xollarini don aylabon
Mozorimga ekib qo'ying.
1991
Nayson chechagiday toza xayollar,
Men bilan tug'ilgan ozod shamollar.
Bukun qolib ketmish beiz, bedarak
Qaysi bir tog'larning daralarida.
Endi gul ham solgay dilga g'ussalar,
Ul o'tlug', munavvar, go'zal qissalar.
Yoshday qolib ketmish benomu nishon
Qay bir mijgonlarning oralarida.
1992
Tunlar yaproq yanglig' yupqalashgan payt,
Dil ichra alamlar quyqalashgan payt,
Munglug' derazamga oy keldi yana,
Oy keldi, yo'llarda uringanmikin?
Essiz, muhabbatim gullagan mavsum,
Oy nechun bunchalar turibdur mahzun?
Dog'larin bilardim, unga ham mening
Ko'ksumdagi dog'lar ko'ringanmikin?
1992
Qaro zulfing qaro qildi
Kunimni tunlarimdan ham,
Kuyuk ko'ngil isi kelgay
Tunim ham, kunlarimdan ham.
Falak toshi agar yillar
Un etsa ustixonimni,
Sening isming sado bergay
Unim ham, unlarimdan ham.
1993
Mening aftoda holimni
Sening tavsanlig'ing aytsin.
Mening huznu xazonimni
Sening gulshanlig'ing aytsin.
Biyobonlarda qayslar ham
Bu yanglig' kuymagan erdi,
Mening kul bo'lganimni, lolaruh,
Gulxanlig'ing aytsin.
1989
Ey, parvarishlar, dimog'dor keldingiz,
Buncha g'addor, buncha dildor keldingiz.
Bunda nozik tortadir jon rishtasi,
Siz dag'i kokillari dor keldingiz.
Ishq o'tidin beomonlig' bundadir,
Sarg'ayishlar ham xazonlig' bundadir,
Qanchalar rangi samonlig' bundadir,
Siz esa rangin va guldor keldingiz.
Jon bazm aylar hazing shamlar bilan,
Siz kelursiz g'am uza g'amlar bilan.
To'ldi dil yafrog'i shabnamlar bilan,
Siz qachon bundin xabardor keldingiz?
Jism aro paydodur o'tlug' alam,
Qo'lga olsam, butkul o't olg'ay qalam.
Ey baloyu g'am, ey ranju sitam,
Shul yigit yoshimda bekor keldingiz.
1991
Bu yorug' dunyoda yurganlar bari,
Yarmin zo'ri borlar, yarmisin zari,
Sarv sanamlari, gul dilbarlari -
Hech kim ko'nglim bilan hisoblashmadi.
Ko'ksida yoz emas, qishlari borlar,
Ko'zlarin tubida tishlari borlar,
Hattoki ko'nglimga ishlari borlar -
Hech kim ko'nglim bilan hisoblashmadi.
U bir uy va yoki xonadonmidi?
Yoki ochiq qolgan jomadonmidi?
O', qanday ozoda bir makon edi!
Hech kim ko'nglim bilan hisoblashmadi.
Ey malak, sen ming yil ibolar qilgil,
Ming bor o'ldirgilu binolar qilgil,
Ko'nglim qon bol'di, sen xinolar qilgil,
Hech kim ko'nglim bilan hisoblashmadi.
Onajon,rangingiz bunchalar siniq!
Hovlida do'l urgan g'unchalar siniq,
Ko'ksimda bir qamish kuy chalar siniq-
Hech kim ko'nglim bilan hisoblashmadi.
Unda farog'at kam, alam ko'proqdir,
Yorug' yolqinlari kuldir, tuproqdir,
Misli quyunlardan chiqqan yaproqdir
Hech kim ko'nglim bilan hisoblashmadi.
1992
OY NURLARI YOYILADI SAYHONLARGA
Oy nurlari yoyiladi sayxonlarga,
Tomlar osha o'tar so'ngra ayvonlarga.
Ayvonlarda niholdayin kelinchaklar
Nechun ma'yus tikiladi osmonlarga?
Bu ayvonlar ko'z oldimdan ketmay qoldi?
Oylar, yillar to'htab, go'yo o'tmay qoldi.
Ko'ngil, sening go'zal dog'ing bitmay qoldi,
Nechun buncha do'st bo'lding sen armonlarga?.
Men dunyoning tushlariga kirgan o'g'il,
Ko'ksim ichra alamlarim shig'il-shig'il.
Ey dunyo, sen mehru muruvvating qo'ygil,
Yo'rgaklading meni hajru hijronlarga.
Qancha rayxon xayollarim payhon bo'lar,
Sayxonlar qir, qirlar tekis sayhon bo'lar.
Ey dil, bir kun tegralaring rayhon bo'lar,
Ishim bo'lmas mening ul kun rayhonlarga.
1992
Yulduzlardan muhabbatning olis isi kelmoqda,
Yeru osmon xayrlashar, vido kezi kelmoqda.
Ey dil, shaylan, bahor o'tib, ko'ngil kuzi kelmoqda,
Ko'ngil, bu ne fasl bo'ldi, bu ne yanglig' ma'volar?
Dunyolarning zamirida sirlar uxlar go'dakdek,
Shabnamlarning yaltirashi yor taqmagan zirakdek.
Bir sipohi yaqinlashar ko'rinishi kuzakdek,
Nafasidan bog'lar titrab, jimirlaydi daryolar.
Tog'lardagi burgut, derlar o'g'lon qalbin inisi,
Har bir qalbning bo'lsin ekan o'z mehribon munisi.
Dardu alam bo'lsa agar yigitlikning anisi,
Qay tog'larga borib yig'lar, kimga aylar da'volar?
Oy pahlavon qoyalarga alla aytgan tunlarda,
Oshiq ko'ngil yonar yana o'shal qadim munglarda,
Majnunlarning bag'irlari hanuz dog'u xunlarda,
Bu dog'lardin surma, qonidin xino aylang Laylolar.
Bu ayomning ko'rki nadir, nadir sharhu bayoni?
U yoni bir yashil qirg'oq, za'farondir bu yoni,
Na nihoni nihondiru na ayondir ayoni,
O'yingda ne g'amlar bordir, ko'yingda ne savdolar.
Olislarda nelar kutar, nelar so'ylar hoziring?
Yoshlikdagi yorlar endi so'rar sendan rozilik.
Mevalarin to'kar bog'lar, qani sening hosiling?
Qiyos qilsa, do'st bo'lgaylar senga faqat sahrolar.
Barglar aro yolg'iz yulduz ko'ngil so'rab tikilgay,
Halovating chodirlari chok-chokidan so'kilgay,
Ko'ngil bir kun xazonlarday unsizgina to'kilgay,
Paydosidan hikmat topmay, dunyosidan ma'nolar.
1992
Olis kechinmalar qa'rida
Yo'llar hayqirig'i yangradi birdan.
Yo'llar hayqirig'i bag'rida
Mendan uzoqlashib borar bir odam.
Xira ko'lkasida mujassam qayg'u,
Ketib boradi u ruhsiz, toliqib.
U-sevgidir, mendan norizo tuyg'u,
U-yoshlikdir, ketar menga tosh otib.
Olis kechinmalar qa'rida
U men ko'rolmagan shuurdir.
Yo'llar hayqirig'i bag'rida
U-men yasholmagan umrdir.
1978
Bu daryoning ikki yoni yo'ng'ichqadir,
Ingichkajon, yurar yo'ling ingichkadir.
Bu savdoning taronasi ming yilchadir,
Bu daryodan qandoq o'tay ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.
Qaldirg'ochlar qanotida uchganmiding?
Bellaringno tolxivich-la eshganmiding?
Kiyiklarning ko'zlaridan tushganmiding?
Bellaringga qandoq yetay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.
Bu dunyoning bor armonin yod olaymi?
Seni qo'yib, ingichkajon, yot olaymi?
Oyoqlari ingichka bir ot olaymi?
Seni qandoq olib ketay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.
Ingichkajon, bir kun gullar yo'ng'ichqalar,
Meni oxir o'lirgusi ingichkalar.
Do'stu yorim doston qilar ming yilchalar,
Bu dunyodan qandoq o'tay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.
1995
Hovlingizdan sharqiragan soy o'tsa,
Yelkangizdan quyosh o'tsa, oy o'tsa.
Qoshlaringiz mangu kamon yoy o'tsa
Sarv yanglig' adil qolsa bo'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?
Bor yulduzlar sizga xizmat qilsalar,
Ummonlar ham siz deb qurib, to'lsalar,
Gullar sizdan rangu ifor olsalar,
Chaman bo'lsa yurgan ko'cha-ko'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?
Sevinch birlan ochilsalar eshiklar,
Uyingizni tor aylasa beshiklar,
Yangrasalar armon bo'lgan qo'shiqlar,
Qiqirlasa ko'rgan qizu o'g'lingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?
Yellar qaro zulfingizni qulf etib,
Yelib tursa husningizni mulk etib,
Saodatu malohatni ko'rk etib,
Sarg'aymasa hargiz rangu ro'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz.
Do'stlar kelib ul kun bag'rim tilsalar,
Bo'g'zim yulib, andin bir nay qilsalar,
Hammalari qatorlashib chalsalar,
Ovozalar bo'lsa o'g'il to'yingiz,
To'larmidi hech to'lmagan ko'nglingiz?
1993
"Tiko" mingan sanamlar,
Husningiz rom etibdi.
Bir zum to'xtab qaranglar:
Bahor o'tib ketibdi.
Kiyikning xayoliday
Sho'xlik, qalamqoshlik ham.
"Tiko"ingiz shamoliday
O'tar ketar yoshlik ham!
Bu dunyoda go'zal,jozib yashashni
Xushaxloqu xushsuvratdan o'rganing.
Har narsaga birdek nazar tashlashni
Quyosh sochgan muruvvatdan o'rganing.
Dilingizda nechun torlik, na sirdir?
Qarang, bahor qanday ajib taqdirdir.
Kesakka ham, toshlarga ham u birdir,
Bahor bergan hurriyatdan o'rganing.
Gapga chechan, ey oqila barnolar,
Ishq bog'ida ungan gulira'nolar,
Layli, Majnun o'tib ketgan sahrolar,
Ular yetgan sukunatdan o'rganing.
Besh oqshomlik shamol erur yoshlik ham,
Atirgulning yaproqlari nechun nam?
Nechuk davlat erur umr, nechuk g'am?
Umr ko'rgan purhikmatdan o'rganing.
Hayot esa goh tosh tutar, goh qirmoch,
Suygandan ham, kuygandan ham so'rar boj.
Shiftingizga kelgan bir juft qaldirg'och
Tortgan azob-uqubatdan o'rganing.
Baxtu tole tilay sizga Allohdan,
Yiroq yuring yomonlik ham gunohdan.
Sadoqatning ramzi Rasulullohdan
Meros bo'lgan muhabbatdan o'rganing.
2000
Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir matalday.
Tush desang ayoni yo'q,
Xush desang poyoni yo'q.
Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir masalday.
Bir boqsang bandalikdir,
Bir boqsang andalibdir.
Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir maysaday.
Biz ko'zlari namlarmiz,
Maysada shabnamlarmiz.
Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir g'azalday.
Bir baytida men xorman,
Bir baytida sen zorsan.
Bu dunyo bir matalday,
Majnunlari qaydalar?
Sochlaringni maydalab,
Mayli, men ham haydalay.
1992
Xayolimda qurilmagan qasrimga
Qumxayoldan devor qilsam kulgili.
Hali dilda yaralmagan satrimga
Qofiyani qator qilsam kulgili.
Tom boshiga olib chiqsam tandirni
Handalakka payvand qilsam anjirni.
Minib yalqov, uzunquloq xachirni
Ot poygada tulpor qilsam kulgili.
Odam Ato birlan Momo Havoni
Yaratdi ham berdi jabru jafoni.
O'n sakkiz yoshimda o'tgan xatoni
Qirq yoshimda takror qilsam kulgili.
O'chdim qancha yoronlarning yodidan,
Kechdim men ham qandidan, novvotidan.
Ko'nglim qolib ketsa odam zotidan,
Yana qayta do'st yor qilsam kulgili.
Yondi qancha sarviqomat shamlarim,
Mumday qotdi ko'zyoshlarim, g'amlarim.
O'tdi ketdi shirin damim, damlarim,
Yana shirin guftor qilsam kulgili.
Birovning to'n, birovning yo'q etigi,
Dunyo shudir doim bisyor kemtigi.
Xo'tigini g'ajib o'tar xo'tigi,
Men bu holni oshkor qilsam kulgili.
Nima qilay behalovat bu dilni?
Unutdi deb go'zal gulu sunbulni.
Uyqu bosgan, to'q va semiz bulbulni
Sherlar aytib bedor qilsam kulgili.
1997
Mening qadrdonim, aziz choponim,
Boshimdan ne o'tdi-sen har dam bilding.
Ochiq qolganida o'ng yo chap yonim,
Yolg'iz tashlamading-do'st, hamdam bo'lding.
Sen mendan bir nafas tushmading ayro
Eng qiyin, eng tanho kechalarimda.
Gohi ko'rpam bo'lding, yostig'im goho,
Gohi sayr etding yalkalarimda.
Menga tole garchi bermadi ro'yxush
Yorlarim bilan ham tenglarim bilan.
Necha bor mehribon yenglaring bilan
Bo'ynimga osilib yig'lading xomush.
Kimga ko'ngil ochdim beboj, bexiroj,
Qo'ynidan tikon yo tosh chiqdi oxir.
O'zingdan qo'ymasin quchog'ingni och,
Dunyoda eng ochiq, beminnat beg'ir!
Bir kun bahor kelar oq va hofarmon,
O'z dilim tog'ida daryoday toshgum.
Shunda senga boqib shod ve bearmon,
Ustingdan bir quchoq boychechak sochgum.
Bu tunlar boshlanar oydin, sumanbo'y,
Ko'kdan ishva aylar Zuhro, Cho'lponim.
Dunyo turgunicha turgin, omon bo'l,
Do'sti qadrdonim, aziz choponim!
VATANNI O'RGANISH
Men Vatanni o‘rganmadim zaridan,
O‘rganmadim uni hur yo paridan.
Kaftlarning chiziqlari — xati ham
Ajinlari bo‘ldi mening xaritam.
Shu xatlarda ko‘rgandim ilk Vatanni,
O‘z onamdan o‘rgandim men Vatanni.
Mehrlari qoshu ko‘zlar bo‘ldilar,
Oyu quyosh misol yuzlar bo‘ldilar.
Jismim aro ulg‘aydilar, to‘ldilar,
Vatan yanglig‘ ulug‘ so‘zlar bo‘ldilar.
Qoshlarining ostlarida turgandim,
Men Vatanni shu ko‘zlardan o‘rgandim.
Nokaslardan o‘rganmadim men uni,
Yot kaslardan o‘rganmadim men uni.
Nom, qarzlardan o‘rgangandim men uni,
Jon xaslardan o‘rgangandim men uni.
O‘zim kiyik so‘qmoqlarda yurgandim,
Men Vatanni so‘qmoqlardan o‘rgandim.
Osmonlari boshim uzra ogohlar,
Giyohidan dilga oldim giyohlar,
Rayhonlarin siyohidan siyohlar.
Buloqlardan ko‘zlar oldim, nigohlar,
O‘zim ham bir chechaklarga burkandim,
Men Vatanni giyohlardan o‘rgandim.
Menga azal aziz bo‘lgan baridan,
Beshigimdan talpingan paytlarimdan,
Umr ko‘rgan har keksayu qaridan,
Mehnatlarin yodlab o‘sdim bag‘ridan.
Paykallarin kokillarday o‘rgandim,
Men Vatanni egatlardan o‘rgandim.
Ushoq noning qadri ming elga ma’lum,
Dars oldim men suvlar ichgan mahalim.
Bulbullarning tillarida shu ta’lim,
O‘zing ustoz, o‘zing mangu muallim.
Hikmatlardan qurgandim men Vatanni,
Zahmatlardan o‘rgandim men Vatanni.
TEGIRMONCHI
Tegirmonchi, qora chopon tegirmonchi,
Elning xalta, qoplariga
o‘zing cho‘pon, tegirmonchi.
Tegirmonning novlaridan
suv oqadi, sel oqadi,
Ertayu kech senga tomon el oqadi, el oqadi.
Odamlarning yumushiga hozir bobo,tegirmonchi,
Halol rizqdan doim topgan huzur bobo, tegirmonchi.
Sening qora choponlaring oppoq unga belanadi,
Tegirmonning ichidagi Xizr bobo, tegirmonchi.
Aylanadi tegirmoning,
Tegirmon toshi aylanar.
Falak ham bir tegirmondir,
Oyu quyoshi aylanar.
Odamzot ham dondir deysan,
Arpamidir, bug‘doymidir —
Charxning tegirmoni aro
Keksayu yoshi aylanar.
Ko‘kda qora bulut kezsa,
Dashtu qirga jon bo‘ladi.
Ko‘kda oppoq bulut kezsa,
Bug‘doy pishib, non bo‘ladi.
Meni dastiyor etgandi, tegirmonchi,
Otam bug‘doyga ketgandi, tegirmonchi.
Kuta-kuta sog‘inchlarim oyga yetdi,
Bolaligim soyga ketdi.
Keyin u soydan kelmadi,
Otam bug‘doydan kelmadi, tegirmonchi.
Shamollarda boshoqlari yer o‘pib egiladi,
Saharlari bug‘doyzordan otam hidi keladi.
Samodagi somonlar ham
obdon yanchib tuyilganday,
Somon yo‘li — ko‘p un sepib qo‘yilganday.
O‘tdi-ketdi asrmi yo faslmidi — Yigirmanchi,
Tegirmonchi qayga ketdi, tegirmonchi?
Qaldiratib, guldiratib keng osmonni,
Bir kechasi qaldiroqlar
olib ketdi tegirmonni,
Yuragimdan yulib ketdi tegirmonni.
Yillar o‘tdi. Sellar o‘tdi.
Kimlar unut, tegirmonchi.
Osmonlarga qarayman goh:
Kezib yurar oppoq bulut — tegirmonchi.
SHE’RU G‘AZAL
Jum’aniyoz Jabbor bobo,
she’ru g‘azal birlan keling,
Har bir suxan gul bo‘lsa gar,
gulda asal birlan keling.
She’ru g‘azalni har go‘zal
fahm aylamas, bo‘lmas kasal,
Duch kelsa yo‘lda ul agar,
zebo “kasal” birlan keling.
She’r ahlining qalbi quvur,
ba’zilari o‘ydim-chuqur,
Vaznu turoq darkor emas,
qum yo shag‘al birlan keling.
Suv soyga oqqaydir azal,
boy boyga boqqaydir azal,
Siz bunga bir Mashrabsifat
yo kambag‘al birlan keling.
Uxlab turolmas she’riyat,
to‘xtab turolmas she’riyat,
Jahdin ani tezlatgali jahdu
jadal birlan keling.
Qish o‘tdi, shoirlar nihon,
kurtak chiqarmaydir hamon,
Yomg‘irlariyu sellari,
zavqi hamal birlan keling.
Gulxan yoqibdur Gulxaniy,
bir toza dil yo gul qani?
Zarbulmasal bo‘lmish hayot,
“Zarbulmasal” birlan keling.
AFROSIYOB
Osmonmi bu yo Osiyo —
Afrosiyob, Afrosiyob,
Obi siyohmi yo Siyob —
Afrosiyob, Afrosiyob,
Jonimda og‘riq bir giyoh,
qatlimga yetgay bir sipoh,
Tarixmidir yo zim-ziyo —
Afrosiyob, Afrosiyob.
Olamga teng yetgan nasim,
olamni teng etgan ism,
Sultonlarim sarposi yo —
Afrosiyob, Afrosiyob.
Bunda behishtning rangi bor,
har bitta g‘ishtning tongi bor,
Nuru ziyo sahrosi yo —
Afrosiyob, Afrosiyob.
Moziydan oqqan unlaring —
Jayhunlaring, Sayhunlaring,
Kokillaringmu sim-siyo,
Afrosiyob, Afrosiyob.
Qoshing hilolning yosi-yo,
Sharqning go‘zal sen nozi-yo,
Ochgil yuzingni mahliqo —
Afrosiyob, Afrosiyob.
Sensan jahonning sozi-yo,
ham Ovrupo, ham Osiyo,
Ovrosiyo, Ovrosiyo —
Afrosiyob, Afrosiyob.
SOMONCHILAR
Ajabmas, erta kun bir shoir ukam,
She’rlar yozib yursa Somon yo‘lida.
Abdulla Oripov
Ustozlar So‘zda ham xokisor quldek,
Tuproqdan izlashgan armonlarini.
Bizlar o‘zimizcha zabt etib bo‘ldik,
Changitib she’riyat osmonlarini.
Somon yo‘llarida yuribmiz, mana
Falak burjlaridan irjaymoqdamiz.
Ko‘kda Zuhrodan ham so‘rab ko‘rmana,
Goh hiringlab, goho tirjaymoqdamiz.
To‘lin oy agarchi bizga choy damlab,
Bulutni to‘shakka aylantiroldik.
Bizlar bir holatda ketdik balandlab:
Biz so‘zni xashakka aylantiroldik.
Tuproqqa qorganlar dil xirmonini,
Yerdan olgandirlar she’rga ham ixlos.
Ustozlar yiqqanlar So‘zning donini,
Bizlar somon tashib yuribmiz, xolos.
ODAM — TELEFON
Biqinda — bir telefon,
Bo‘yningda — bir telefon.
Bir telefon — kissangda,
Qo‘yningda — bir telefon.
Qo‘lingda — qul telefon,
O‘yingda — pul telefon.
Senga hamdamdir — kezsang
Sahroyu cho‘l — telefon.
Qizingda — bir telefon,
O‘zingda — sir telefon.
Uyda necha joning bor —
Shuncha telefoning bor.
Qo‘ymaydi xushtorlaring,
Dilbaru dildorlaring.
Badanlaring zirillar,
Telefoning irillar.
Kamalakni ko‘rmaysan,
Kapalakni ko‘rmaysan.
To‘xtab turib, maysaga
Boqdingmi bir lahzaga?
Bir kun o‘tsang, ey odam,
Senga kim tutar motam?
Janozangga nolonlar
To‘planar telefonlar.
Zirqiraydi biqining —
Buyrakdagi toshingmi?
Telefonlar oxiri
Yedilar-ku boshingni.
Ma’rakangda jam bo‘lib
Yeydilar ham oshingni.
Keyin do‘stu yorlaring
Yig‘lab bardosh, sabringga,
Marmartosh telefonni
O‘rnatishar qabringga.
UMR VA AYYOM FARDLARI
Umr nedir? Kecha – o‘tdi. Ertani qo‘y, kul bugun,
Baxt nedir? Ul – bugundir, ul bugundir, ul bugun.
* * *
Qancha armon bo‘lmasin kechmish zamondoshu zamon,
Chin zamoning shu zamondir, shu zamondir, shu zamon.
* * *
Aytmangizkim, necha bir yaxshi-yomonlar o‘tdilar,
Asli gulduros solib davru zamonlar o‘tdilar.
* * *
Ma’rifat osmonida mangu yonar qandillarim –
Naqshbandiylar, Buxoriylar, Samarqandiylarim.
* * *
Sen Vatanga Termiziylar ko‘zi-la solib nazar,
Ta’lim olsang, bo‘lgung oxir bir kuni sohibnazar.
* * *
Ketmasin boshingdan aslo Haq taolo ko‘lkasi,
Ey, valiylar maskani, sohibqironlar o‘lkasi.
* * *
Shahrisabz desam, jimirlar jonu ko‘nglim har safar,
Ey, Amir Temur qulog‘iga azon aytgan shahar.
* * *
Amir Temur demishlarki: Menga toki zafar yordir –
Yaratganning mening birlan ulug‘vor ishlari bordir.
* * *
Ikki olam — ikkisi ham garchi bo‘lak, toq saroy,
Qurmish olamda Amir Temur bobo ilk Oqsaroy.
* * *
Sen bugun qaylarda qolding, ey asrlar ohi, nur,
Hazrati Boburni ko‘rgan Kohinur, ey Kohinur?
* * *
Qanchalar yuksak va ozod bo‘lsalar yulduzlarim,
Shunchalar teran taralmish yer aro ildizlarim.
* * *
Zamona qasrdirkim, o‘z-o‘zidin bo‘lmagay obod,
Ani Me’moriyu mehru butun xalq aylagay bunyod.
* * *
Jilo ber yurt tuprog‘iga toki sayqaling qolgay,
Agarchi haykaling qolmas, yaratgan paykaling qolgay.
* * *
Bog‘ni bog‘ etguncha bag‘ring qanchalar dog‘ bo‘lgusi,
Chekma g‘am, ketsang – izingdan dog‘ emas, bog‘ qolgusi.
* * *
Bunda oftob shakliga andoza bo‘lgay har chanoq,
Chirmashib chiqqay quyosh nuriga har gul, har boshoq.
* * *
Zamona bolasiga men nechun bul kun havas qilmay,
Ul ozod qush misoli aylagay parvoz qafas bilmay?
* * *
Har kishikim pokdilu pokro‘yu poktiynat bo‘lur,
Avvalambor o‘z tug‘ilgan yurtiga ziynat bo‘lur.
* * *
Ko‘cha-ko‘ylar, bu ravon yo‘llar muhabbat paytidek,
Har biri hazrat Navoiy she’rining bir baytidek.
* * *
Har binokim, tiklamishsan misli dilbanddir senga,
Bu umrning o‘tishi hikmat ila panddir senga.
* * *
Aytdi yuz yoshlardan oshgan mo‘ysafid aylab shukur:
Ko‘z yumib ochguncha suvdek o‘tdiyu ketdi umr.
* * *
Yigitlikda qarilarning rizosidin g‘izo olgil,
Qarilikning asosidin asosingga aso olgil.
* * *
Bu dunyoda fanoying gar binoyingdir,
Fikr qilg‘il – binoying ham fanoyingdir.
* * *
Umrdin oyu yillar sarf bo‘lgay,
Aning har oni dolu zarb bo‘lgay.
* * *
Har kishiga har kecha yer ichra ayvoni bilan,
Charx go‘yo choh qazgay oyni ketmoni bilan.
* * *
Yoshligu ishq fasliyu vaslu firog‘im ortibon,
Qaldiroqlar singari o‘tmoqdadir davru zamon.
* * *
Ishq, dasturxoning armondin tuzay,
Oshu nonin dil bila jondin tuzay.
* * *
Uzoring istab, ey, yor, xo‘b oh-zor qilibman,
Bu bog‘zor ko‘ngulni men dog‘zor qilibman.
* * *
Qachonkim, ishq sening urfing bo‘libdir,
Dilimning qulfi qo‘sh zulfing bo‘libdir.
* * *
Ikki nooshno ko‘zing aylar meni begonaroq,
Xoling uzra ag‘nagan zulfing qilur devonaroq.
* * *
Yillar bo‘yi boshimga ne zeru zabarlar kelmadi,
Sendin xabarlar kelmadi, sendin xabarlar kelmadi.
* * *
Nozaninlar ul zamonkim inja ko‘ylak kiydilar,
Barcha oshiq ahlining qatlini bo‘lak kiydilar.
* * *
Qancha o‘t birlan olov qalbu nigohdin o‘tdilar,
Ikki yong‘in — ikki yor bul kech nikohdin o‘tdilar.
* * *
Qanchalar boy bo‘lmasin ko‘rku husnda nozanin,
Ishq eliga shunchalar mehru vafosi oz aning.
* * *
Gulni gul ko‘ylak qilibdur gul badanga ul badan,
Gul badanga tegdimu yo gulga tegdi gul badan?
* * *
Nigorimkim, kamar birlan belini band-band taqmish,
Bu kech oppoq bulutdin mohtob ham siynaband taqmish.
* * *
Nasib etganda fasli navbahoru lola diydori,
Kishiga yaxshidir yonida bo‘lsa lolaruh yori.
* * *
Shu’la sochgung bu hayotga kechasi ham kunduzi,
Sen – Surayyodirsanu ko‘zing – Surayyo yulduzi.
* * *
Gohi lab ustindayu gohida lab ostindadir,
Bu sanamning ikki xolin dog‘i qalb ostindadir.
* * *
Har zamonkim ko‘zlarim ikki qoshing “yo”sin o‘qir,
Tishlaringning sini qatlim istabon Yosin o‘qir.
* * *
Qilibman ko‘zyoshimga jom tomog‘im ham qaboqlardin,
O‘shal bodom qaboqlardin, o‘shal oppoq tomoqlardin.
* * *
Gul bilan bulbulning asriy bahsidin aylay naql:
Qancha gul befahm erkan, qancha bulbul beaql.
* * *
Lolalar har yon ochilmish bag‘ri dog‘u bargi qon –
Layli birla Majnun o‘tmishlar bu yerdin bag‘ri qon.
* * *
Qancha dog‘lar qoldiribmish yoru ag‘yoru habib,
Chekmagil g‘am, barchasiga hazrati vaqtdir tabib.
* * *
Bo‘l ogohkim, agar senga yetar bir ayyom har dam –
Kelar bir ayyom har dam, ketar bir ayyom har dam.
* * *
Bu hayot bazmi agar sen bo‘lmasang – kam bo‘lmagay,
Sen agar bu bazm aro borsan – u but ham bo‘lmagay.
* * *
El aro doim ziyo birlan maorif bo‘lgusi –
Bitta farzandi agar Abdulla Orif bo‘lgusi.
* * *
Gar o‘zingcha bu hayotning qasr ila qo‘rg‘onisan,
Asli tan qo‘rg‘onining besh kechalik mehmonisan.
* * *
Ko‘nmadi raftoringa charx, ko‘ngil, ey ko‘ngil, dedim,
Charx raftoriga endi, ey, ko‘ngil, ko‘ngil, dedim.
* * *
O‘tmasin desang umrning subhu shomi besamar –
Sen o‘zingdan to o‘zing shomu sahar qilg‘il safar.
* * *
Ul bulutlarkim yuzarlar ko‘kda olis, oqu oq –
Esdaliklardirki mendin ancha tushmishlar yiroq.
* * *
O‘tdi ellik chog‘ umrdin, kuzga yetdi endi ish,
Bog‘lar ortidan og‘ir-og‘ir yaqinlashmoqda qish.
* * *
Odamizotga bahor faslida buldir hasbi hol:
Ul ham o‘tgay bu hayotdin abri naysonlar misol.
* * *
Ko‘rdik, ey, do‘st, bir tanob yer-chun azobingni sening,
Yer o‘zi tortib qo‘yar bir kun tanobingni sening.
* * *
Nurar umr binosi, yo‘qdir buning fanosi –
Turur to qiyomat So‘z ila She’r binosi.
* * *
To bu olamning balandu pastin idrok ayladik,
Olam ahlidin yuvib qo‘l, dilni ham pok ayladik.
* * *
Ko‘ksing ichra bulbulu qumring o‘tar,
To ular bir sayrayur – umring o‘tar.
* * *
Aylanur tun-kun falakning ko‘hna taqsimkosasi,
Kimga tekkay kosasi, kimlargadir nimkosasi.
* * *
Sen O‘zingsan olamu, oh, sen O‘zing kavnu makon,
Sen O‘zing davru zamonsan, sen O‘zing davru zamon.