OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yahyo Tog‘a (1957)

 Yahyo Tog‘a 1957 yil 20 yanvarda Toshkent viloyatining Qo‘rg‘oncha («Yulduz») qishlog‘ida tug‘ilgan. Moskvadagi Oliy Adabiyot kursini tamomlagan (1991). «Ko‘klam qaldirg‘ochlari» (1988), «Qafasdagi burgut» (1989), «Tasalli» (1994), «Kuyla, hofiz» (2004) kabi she’riy kitoblari chop etilgan.


SOG’INCH

G’unchagamu gulga parvona 
Qush tilida xonishlar etdim. 
Garchi, bu gap sal shoirona, 
Lekin seni sog‘inib ketdim.

Tovuslar suv quydi qo‘limga, 
Qaytgim keldi Oydinko‘limga. 
Bir gul yig‘lab chikdi yo‘limga, 
Lekin seni sog‘inib ketdim.

Sayrayverdi bulbul men uchun, 
Yig‘layverdi ul gul men uchun. 
Balki, bari bir pul men uchun, 
Lekin seni sog‘inib ketdim.

Yulduz sanab bu kecha dilgir, 
Eslab qo‘yar meni ham kimdir?!
Do‘stlarimni unutdim bir-bir, 
Lekin seni sog‘inib ketdim.

Qanot istab kuydim, bo‘zladim, 
Qarchig‘ayday ko‘kni ko‘zladim. 
Rost so‘zladim, yolg‘on so‘zladim, 
Lekin seni sog‘inib ketdim.

Jumla bitdim d&tli, devona, 
She’r, deb tutdim jumla jahona. 
Men bir bedard bolangman, ona, 
Lekin seni sog‘inib ketdim.

SUVCHI

Unga rahmat aytib o‘tirma, 
Behuda bir she’r bilan maqtab... 
Bir piyola choy bergin unga, 
Bir yostiqqa yetgulik paxta.

Qo‘shiq qo‘yib bergin, eshitsin –
Komiljonning «Dugoh»larini. 
So‘ng yoniga cho‘kkinda sekin, 
Uqalab qo‘y oyoqlarini.

BAXT QUSHI

Mana baxt qushi ham yelkaga qo‘ndi. 
Bu yag‘ir yelkaga qo‘ndi-ku oxir, 
Og‘ir baxt qushi.
Etga botib ketdi tirnog‘i.
Bag‘ir qon.
Qanotlar qon.
Labga silkqan qon ta’mi - taxir.
Men bu qushdan faqat
Baxt so‘ragandim, axir.
U esa...
Meni qurbonlikka so‘radi.

TEGIRMON TOSHI

Dil ma’raka maydon, til beor jangchi, 
Doshingda aylanar tegirmon toshi. 
Qo‘llaring o‘qiga yetmaydi, garchi 
Qoshingda aylanar tegirmon toshi.

Har kimning tashvishi o‘zigadur esh, 
Oh, qachon to‘libdur ro‘zg‘or degan mesh? 
Xivayu Andijon, Samarqandu Kesh, 
Shoshingda aylanar tegirmon toshi.

O’zing jardasanu ko‘zing quyoshda, 
Yosh joning qarg‘alar aro taloshda. 
Dunyo aks etarmish bir tomchi yoshda, 
Yoshingda aylanar tegirmon toshi.

Har gul o‘z hididan mastdur chamanda, 
Asrlar shamoli aylaydi xanda... 
To hayotsan, yasha, ey ojiz banda, 
Boshingda aylanar tegirmon toshi.

Kiprigi o‘qmonand, o‘smaband qoshi, 
Xazonga o‘t qo‘yar falak farroshi. 
Yahyo, yuragingda ming armon toshi, 
Toshingda aylanar tegirmon toshi.

YETIM QISSASI YOXUD BARDOSHDAN BINO BO’LGAN BOLA

Yamoq yengi qurimas yoshdan, 
Yoshin toshday yostiqlar ichgan. 
Taqdir boshin yaratgan toshdan, 
Ko‘ylagini qarg‘ishdan bichgan.

Tili achchiq, noni minnatda, 
Qahri qattiq o‘gay onaning. 
Qo‘li qotib ketar mehnatda, 
Suyagi qotmagan bolaning.

Goh beshigan quchoqlab yig‘lar, 
Taskin bo‘lar sutningmi hidi.. 
Bu bolaning onasi o‘lgan, 
O’lmagandir faqat umidi.

SUTDAY TUNDA

Sutday tunda tutday to‘kilib, 
bahorgi bulutday to‘kilib, 
soyga termulgan ko‘yi, 
suv betida yoshday qalqib turgan 
oyga termulgan ko‘yi, 
nimalarni o‘ylading, do‘stim?

Nega kifting titrab chikdi
tun bo‘yi?
Kelding axir kimlardan to‘yib,
kimlardan kuyib?
Qo‘shiq aytmaganing rost, biroq,
mening eshitganim ne nola, do‘stim?
Sutday tunda ranging nega bo‘zday oq,
tun bo‘yi bo‘zlagan bo‘z bola do‘stim?

SABR TAGI...

Men sabr ayladim, 
Men juda boyman. 
Sabrning tagidan 
Tillo kovladim –
Har biri oyday.
Men sabr ayladim, 
Men juda boyman. 
Topgan tillolarim 
Olisda mendan 
o y d a y...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.