OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tilak Jo'ra (1947-1994)

 Tilak Jo‘ra 1947 yilda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi Sayyot qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUning filologiya fakultetini tamomlagan (1972). «Rayhon» (1977), «Olam ostonasi» (1980), «Yulduzlar tabassumi» (1981), «Chorrahadagi uy» (1983), «Sanduvoch» (1988), «Ruhiyat» (1990) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Hozirgi turk she’riyati», «Nozim Hikmat va O’zbekiston» singari ilmiy asarlari ham bor. 1994 yil Toshkent shahrida vafot etgan.



ONA NIYATI

Ot choptirib chiqding uyingdan, 
Ot choptirib qaytgin, ilohim! 
Qo‘lingdagi jiloving kabi 
Erking bo‘lsin o‘zingda doim.

Mayli, meni o‘ylama, bolam, 
Topganingni sarf qil o‘zingga. 
Lek birovga bo‘lmagin qaram, 
Nam tegmasin sira tizingga.

Ulg‘aytirdim polvonim deya, 
Toliqqanda darmonim deya. 
Shamol kabi yelib borasan, 
Olisdagi osmonim deya.

Osmoningni olib qayt, bolam, 
Qolib ketma osmon vaslida. 
Otang qurgan bu kichik hujra 
Osmondan ham kengdir aslida.

Ot choptirib chikding uyingdan, 
Ot choptirib qaytgin, ilohim! 
Qo‘lingdagi jiloving kabi 
Erking bo‘lsin o‘zingda doim.

* * *

Kel, ey, ko‘ngil, sharobday quyil 
Qaqrab qolgan qaqroq labimga. 
Mast bo‘layin, mayliga butkul, 
Malham bo‘lsang sog‘inch dardimga.

Tuyg‘ulardan ko‘zim qamashib, 
Uzoq yillar kuyladim oyni. 
Ilon kabi ul ham chirmashib, 
Tuyg‘ularday avradi meni.

Oy ham bugun begona menga, 
Begonadir osmon ham axir. 
Umidimday suyandim tongta, 
Bu tonglarki yilt etgan shamshir.

Mast aylardi shudgorning hidi, 
Zamin bugun dimiqib yotar. 
Chigirtkalar sasi ham tindi, 
Sukut yuragimga nashtarday botar.

Umr o‘xshar egik daraxtga, 
Belin bukar buyuk bir sog‘inch! 
Men hushimda o‘xshab karaxtga, 
Tushlarimda yashayman notinch.

Shovullagan soyni kuyladim, 
Oqizdirmas hatto soyamni. 
Men hamisha baxtni o‘yladim, 
Chaqmoqlarga sanchib miyamni.

Yo‘q! Tugamas ko‘ngil safari, 
Bo‘lmasa ham armonning vasli. 
Bo‘l hayotning g‘olib askari, 
Qalbim sendan topdim tasalli!

Kel, ey, ko‘ngil, sharobday quyil 
Qaqrab qolgan qaqroq labimga. 
Mast bo‘layin, mayliga butkul, 
Malham bo‘lsang sog‘inch dardimga.

RUHIYAT

Bir yalanglik bo‘lsa, 
To‘yib-to‘yib baqirsang, 
So‘nib qolgan ruhingni 
Qalqib-qalqib chaqirsang!.. 
Titrasa tovushingdan 
Dimiqqan bag‘ring, tanang, 
Sochilib dil g‘ubori 
Qoyadagi maysaday 
Silkinib tursa shonang. 
Oh, desang, ohlar desang, 
Bu qanday chog‘lar desang, 
Yelkamni tog‘day bosgan 
Bu qanday dog‘lar desang! 
Qo‘l butun, oyoq butun, 
Dil nechun og‘lar desang, 
Bu qanday imkon, oxir! 
Qo‘llarim bog‘lar desang, 
Bu umid qanday umid, 
Dilda jon saqlar desang! 
Oh ursang, ohlar desang, 
Bu qanday zamon, oxir! 
To‘yib-to‘yib baqirmoq, 
Yonib-yonib chaqirmoq 
Endi bir armon desang. 
Bir yalanglik bo‘lsa, 
Aytib-aytib shularni,
Uchirib
Gala-gala qushlarni 
To‘yib-to‘yib baqirsang, 
Kuyib-kuyib chaqirsang?!

* * *

Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yogsin, 
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari, 
Sevinch yomg‘irlari, ishonch yomg‘irlari, 
Yog‘sin-ey, mayliga, sog‘inch yomg‘irlari, 
Sog‘inib-sog‘inib kelgan bu elga, 
Suyanib-surinib kelgan bu elga, 
So‘kilib-sovrilib kelgan bu elga, 
Suqlanib-sarg‘ayib kelgan bu elga, 
Yog‘sin-ey, mayliga quvonchlar yog‘sin. 
Borini berib ham, bo‘htonlar olgan, 
Zorini aytib ham, zorlanib qolgan, 
Somonday sarg‘ayib, har yon sochilib, 
Tola-tola bo‘lib, toliqib tolgan 
Bu elga quvonchlar, ishonchlar yogsin! 
Bu qanday zamondur, bu qanday davron, 
Umrim, o‘z holingga o‘zingsan hayron, 
Ne xatolar qilding, aytsang-chi, axir, 
Ko‘ngil-da vayrondir, imon-da vayron. 
Sarg‘aygan qamishday sarg‘aygan go‘dak, 
Sendan qadrlimi bir dona ko‘sak? 
Dardim daryo bo‘lib oqizmas meni, 
Yelkamda ko‘tarib ketsam men seni. 
Seni qanday asray, ko‘zi qaroliq, 
Qo‘llarim cho‘zarman, qo‘llarim bog‘liq, 
Bu dunyo gumrohdir, gumroh odamlar, 
Jilmayib boqarlar, yuraklar dog‘liq! 
Ko‘klikdan ko‘karmay, sarg‘aygan sohil, 
Ummoning qaydadir, gumoning qayda, 
Seni ham kul qildi, kul bo‘lgan hosil, 
To‘foning qayda hey, suroning qayda?! 
Oh urib, ohimni men kimga aytay,
Qani, u tush bo‘lsa, jimgina yotay.
 Lek, ruhim tirmalib, sanchilar sanchiq, 
Qarog‘im qichqirsa, men qanday yotay! 
Bu elga g‘am emas, yomg‘irlar yog‘sin, 
Bahor yomg‘irlari, kuz yomg‘irlari. 
Bahorday borliqni quvonchga qorsin, 
O’zlik yomg‘irlari, o‘z yomg‘irlari...

SARATON

1. Chaylaga osiqlik chakki xaltadan
Chak-chak tomadi
Sarg‘ish tomchilar. 
Chaylaga suyangan katda 
Chol mudrar
Sochiq-la quvlab uyquni. 
Butun poliz mudrar, 
Itning qulog‘iday 
Palakning bargi osilgan...

2. Yaproqchalar jimgina boqar,
Qoratolning shoxi qayrilib.
Irmoqcha ham erinib oqar,
Tolning soyasidan ayrilib.
Tol shoxida qushcha bemajol,
Halqumida tipirchilar jon.
Tol tagiga berkingan shamol,
O’z hukmini o‘qir saraton.

3. Palaklarda parchalanar ko‘k
Tarsillagan qovun sasidan
Ko‘saklar ham tinmay otar o‘q,
Oppoq tishlar chiqar qafasdan.
Dami qisib kelar harsillab,
Oftobbardor kunduzlar shitob.
Qoshlaridan o‘smasin yalar
Horg‘in qizlar yelpigan oftob...

* * * 

Qizil gulday tutay s?nga o'zimni, 
Yuragingni olganday olgin quchoblab! 
Sayyotimning* moviy siynasida uchayotgan 
momiq kapalaklarday erkala!
M?n,
bir tola maysa bo'lib o'smoq istayman, s?vgilim,
Sho'rxok y?rday to'zg'ib yotgan miyangda,
bir dona shabnamni erkalamoq uchun... 
H?ch bo'lmasa, 
Bir lahza 
Farididdin Attor aytganday, 
Gavdam bilan yopmoq istayman,
do'zax darvozasini!
M?ning bu xayollarimdan 
kimdir kular, 
kimdir yig'lar.
M?ni bu dunyoda ,
kuldirganlar ko'p, 
yig'latganlar ko'p,
Ammo
o'ldirgan bitta:
o'z umidim,
o'z umrim! 

H?ch bo'lmasa, 
bir lahza,
s?ning kulishing uchun, 
s?ning yig'lashing uchun, 
S?vinch
hasrat bo'lib, o'lmoqni istayman! 

1979

*Sayyot- shoir tug'ilgan qishloqning nomi


                          * * *

Dunyoning d?razasi ochiq:
oftobga,
oyga,
yulduzga,
yurakka,
Oftob - uyg'otar dunyoni.
Oy - yoritar.
Yulduz - dunyo d?vorida bir surat.
Yurak-chi?
Yurak -
oftobni,
oyni,
yulduzni
o'irlamoq istab, 
d?raza oldida turibdi... titrab.

1977


S?VINCH

Olisdan k?ldim:
na otda, 
na piyoda.
K?ldim:
lablaringga qo'nib,
ko'zlaringga qo'nib,
yonog'ingda yongani
ziyoda.

1978


                   * * *

Yomg'irday shovillab yog'arman hali, 
Daryo mavjlariga qo'shilmoq uchun! 
Tugamay umrimning so'nggi g'azali,
Ipakdyay yo'lingda eshilmoq uchun! 

Yomg'irday shovillab yog'arman hali...

1978


MASHRAB


Ko'kka qarab qo'lin siltadi, 
Yerga qarab silkdi etagin. 
Ikkisin ham ko'zga b?rkitdi, 
U - dunyo d?b bildi yuragin...


NOZIM HIKMAT SO'ZI

Orzu bilan otadi har tong, 
Qayg'um bilan cho'kadi har shom. 
Orzularim suronidan, 
Qayg'ularim bo'ronidan.

Ona Yerning ostonasiga
Osmon bo'lib yorildim. 
K?lajakning n?shonasiga 
Imon bo'lib yozildim...

Orzu bilan otadi har tong, 
Qayg'um bilan cho'kadi har shom. 

1975


YOZ KECHASI

Sevgilim,
Sening zarhal tarog'ingmi
Oyning yangi o'rog'i?
Bu kech u
To'lqinlarga
Qoqila-qoqila
Ishqimizni
Ko'zlarga,
So'zlarga,
Daryolarga,
Dengizlarga
Chiroq qilib yoqadi.

Oyning yangi o'rog'i...

1975


VISOL

U qushga o'xshaydi,
Yo tushga -
Mening bag'rimda kechadi,
Olis osmonimda
Qushday uchadi!

U qushga o'xshaydi,
Yo tushga?!

U - buyuk sharpadir.
Sendan qochadi u,
Mendan kechadi...

1980


UMAR XAYYOM

Umridan to'rt qibla yaratdi,
To'rt ustun ko'tardi ro'yi jahona.
Kimni kuldirdi-yu kimni yig'latdi
To'rt ufqli kichik mayxona.

1977


OZODLIK

Pol Elyuarga


Qorong'u kulbada
Nish urgan maysa,
Somonday sarg'ayib,
Titrab,
Yugurib bormoqda
Vassa ostidagi
Tuynukka qarab...

1980

* * *

Chayqalib yotibdi nurli bir chaman,
Oy bilan oftobning buyuk vatani.
Tong kabi jilmayib baxti ochilgan,
Maysaga ko‘milib nurli badani.

Osmon posbonidir bunda burgutlar,
Chumchuq chug‘uridan teshiladi tom.
Bu o‘lka ko‘ksida yonar bulutlar,
Chinor shoxlariga ko‘nganida shom.

Ne-ne daryolar bor, yugurib-elib,
Ummonda qolarlar bir umr yaxlab.
Bu chaman bag‘riga daryolar kelib,
Zaminga singarlar, g‘o‘zaday shoxlab.

Ko‘z yoshdek tiniqdir bu elda osmon,
Shaftoli shoxlari qayrilgan onda.
Naqsh olma yuziga yugurganda qon,
Oftob ham osilib, tolar armonda.

Bu elning qadimiy har qo‘shig‘ida,
Bejiz oltin deya atalmas tuproq.
Simyog‘ochga qo‘ngan qush tumshug‘ida,
Tilladay nurlanib turibdi boshoq.

Chayqalib yotibdi nurli bir chaman,
Yulduzday sochilib olamga shoni.
Fidoyi o‘g‘lingman, yonib o‘paman,
Olam ostonasi — O‘zbekistonni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.