Yoqub Ahmadjonov 1947 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. «Kredo», «Axsikentdan topilgan besh rivoyat», «Aldangan qush», «Tegirmon yonidagi uy», «Layli va Majnun»ning XX asr varianti», «Bolalik kapalaklari», «Musavvir», «Xayol sayyorasidagi fojea», «Sardoba shotutlari», «Buzilgan maqbara devoridagi bitiklar» singari asarlar muallifi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Oilali. Ikki o‘g‘il va yetti nabirasi bor.
SURATDAGI DARAXT YAPROG‘I
1
Oy tiniq.
Soy tiniq.
Titrab-titrab cho‘milar yulduz.
2
Sen tog‘larni yomon ko‘rma
Sendan ulkanligi uchun,
Yuksakligi uchun jur’atingdan.
3
O‘tkan kunlar xotirasi dilni yoqar,
Endi qachon ariqlarda to‘lib oqar
Yalpiz bo‘yi kelgan suvlar?
4
Bu yerlarga qadam qo‘yganim zamon
Yaproqqa aylanar vujudim –
Ilk bor seni shunda uchratgan edim.
5
Qayerlarda yurar beparvo eri?
Tonggacha mijja qoqmaydi siren
Tungi kapalaklar dastidan.
6
Uchib ketgan bolaligimni
Tushlarimda tomingda ko‘rdim,
Oq tegirmon, oppoq tegirmon.
7
Hassani necha marta yo‘qotish mumkin,
Daryodan quruq qaytish mumkin necha bor,
Nahot bir umr?!
8
Xonadagi Umidsizlikni
Quvib soldi Ayol kulgusi.
Son-sanoqsiz yashil yaproqlar.
9
Loyqa, ko‘lmak suvda asabiy suzar
(Ovozsiz faryodi olamni buzar)
Ajdodi daryoda yashagan baliq.
10
Senga ham qoyil qolish kerak
Hech bo‘lmasa parvoz qilganing uchun,
Varrakning dumi.
11
Dunyoga pok kelding va shundoq ketding.
Ikkinchi Sayhundek sen oqib o‘tding.
Qandoq yashayapman men?!
12
Dala-dashtda sovqotgan Shamol
Eshiklarni qoqar tun bo‘yi.
Bechoraning rangida rang yo‘q.
13
O, toshlarim mening, muzlarim mening,
Yog‘iylardan battar o‘zlarim mening.
Kim aytadi bizni bitta daraxt deb?!
* * *
Soyning sayroq to‘lqinlari jim,
Loqaydgina mudrar qirg‘oqlar.
Bir to‘p qarg‘a qurmoqda bazm,
Daraxtlarda qora yaproqlar.
Xazon bo‘lib kuydirar ko‘zim
Men o‘ksitgan g‘amgin nigohlar.