OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tursunboy Adashboyev (1939)

 Tursunboy Adashboyev 1939 yil 1 yanvarda O’sh viloyati, Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlog‘ida tug‘ilgan. ToshDUni hamda Moskvadagi Jahon adabiyoti institutini bitirgan (1962). Ilk she’rlar to‘plami — «Kamolning olmasi» (1964). «Biz sayohatchilar» (1966), «Olatovlik bo‘laman», «Arslonbob sharsharasi» (1969), «Surnay» (1970), «Nur daryo» (1975), «Guldasta» (1968), «Olatog‘-lolatog‘» (1978), «Oqbo‘ra to‘lqinlari», «Sovg‘a», «Arslonbob afsonasi» (1988), «Sichqonning orzusi», «Uch bo‘taloq va sirli qovoq» (1990), «Orzularim — qo‘sh qanotim» (2003), «Oltin yolli tulpor qissasi» (2003, ertaklar) kabi to‘plamlari nashr etilgan. Uolter De Lamer, K. Chukovskiy, S. Marshak, L. Briedis kabi shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.


TONGDA

Tongda hushtak chalgandim, 
Chiqib shuvoq boshiga, 
Ma’qul bo‘pti ovulning 
Kattasiga, yoshiga. 
Bu qilig‘im Xo‘rozning 
Tekkan emish g‘ashiga... 
Meni ko‘rsa Dakanboy, 
Minib jahl otiga, 
Ko‘cha-ko‘yni to‘zg‘itib, 
Zo‘r berar qanotiga.
Shayton kirdi oraga, 
Sizga aytsam dangalin, 
Yerni uzib olguday 
Uning tirnoq-changali. 
Chigirtkani egarlab, 
Quva ketdim Xo‘rozni. 
Adabini beray deb, 
Shumtakani, darozni. 
Lekin otim yiqilib, 
Oyog‘im sinib ketdi. 
Chigirtkani jilovlab, 
Dakanboy minib ketdi. 
...Tomoshaning qizig‘i 
So‘qmoqli yo‘lda bo‘pti. 
Xo‘roz bilan Chigirtka 
Tulkiga o‘lja bo‘pti...

KAPADA

Sanjar bobosi bilan 
Qovun poylar kapada. 
Ko‘kda yulduz marjoni, 
G’ir-g‘ir esar shabada. 
Nabirasi bidillab, 
Cholni tutar so‘roqqa. 
Yarmi kemtik oy chiqdi 
O’xshab oltin o‘roqqa. – 
Bobo, qarang, tunov kuni 
Butungina oy edi. 
Birov uni sindirib 
Qo‘yganmi, deb koyidi...

OLTI XURJUN


Yodimda yo‘q, bahormidi 
Yo xuftonmi, nahormidi? 
Sheriklarim Mutalmidi, 
Balki Abduqahhormidi?
Xullas O’ng‘or toqqa chiqib, 
Kapalakning sutin ichib 
Kezib tog‘ning uyog‘idan, 
Kungayidan, buyog‘idan 
Terskayini - kesganidan, 
Chilvirko‘li paydo bo‘lgan, 
Toychog‘imning tuyog‘idan. 
Oltmish olti ko‘k baqani 
Tutib olib qayirmokda 
Biz olti kun sarson bo‘ldik 
Terisini ayirmoqqa. 
Dovulg‘idan kergi yasab, 
Tuyoqparin kerib qo‘ydik. 
Har birini tongdan boshlab 
Ro‘yan bilan bo‘yab-oshlab, 
Olti xurjun tikib berdik, 
Cho‘pon tog‘am Xoliqulga. 
Shunday gaplar, bo‘sh yurmadik, 
Do‘stim, yozgi kanikulda.

OSMON QAYDAN BOSHLANADI?

Tokqa boshin qo‘ysa quyosh, 
Ufq ortin cho‘g‘ qilarkan. 
Burgut uchun osmon asli 
Boshlanadi cho‘kqilardan.

Chumolining vaqti ziqroq, 
Gapi qisqa, qalbi qaynoq. 
Uning uchun ko‘k gardishi 
Oltin rangli momaqaymoq.

Mirzacho‘llik dehqon bobo 
Gurung boshlar olisdan:
-    O’tar osmon chegarasi,
Bizning qovun polizdan.
-    
Muruntovlik mergan aytar:
- Kuni-kecha qaytdim ovdan.
O’zim ko‘rdim, osmon asli, 
Boshlanarkan Tangritog‘dan.

TUPROQ

Ajdodlardan meros bo‘lib 
Qolgan tuproq. 
Bobolarning qon va teri 
Tomgan tuproq. 
Qizg‘aldoqlar ochilganda 
Qilmay kanda, 
Qir-adirlar gulxan bo‘lib 
Yongan tuproq. 
To‘kin-sochin dasturxonni 
Solgan tuproq. 
Dori-darmon, sinovlardan 
Tolgan tuproq. 
Qotilni ham, botirni ham 
Sukut saqlab, 
Ehtiyotlab, o‘z bag‘riga 
Olgan tuproq. 
Bobolarning qon va teri 
Tomgan tuproq.

CHUMCHUQLARGA UYADIR

Ashraf aka ANOR so‘ydi, 
Anormisan-anor deysiz. 
Har donasi gavhar misol, 
Yalt-yult etar FANOR deysiz. 
"A" harfini olgan edik, 
Yo‘q narsadan "bor" bo‘ldi. 
Barchamizga tanish hayvon, 
Qo‘sh o‘rkachli NOR bo‘ldi. 
Bolakaylar, bilib qo‘ying, 
Nor degani TUYAdir.
 "T" harfini qisqartirsak, 
Chumchuqparga UYAdir.

QUDRAT HIKMAT AYTGAN EDI...

Bolalarga she’rlar yozsang,
Mavzu turfa, yangi bo‘lsin.
Qizg‘aldoqday yonib turgan
Ko‘rki bilan rangi bo‘lsin.
Har bandida, satrlarda
Maqsad tayin, qisqa bo‘lsin,
Sho‘x, o‘ynoqi, rostgo‘ylikda
Ibratli gap — nusxa bo‘lsin.
Bolalarga she’rlar yozsang,
Mavzu turfa, yangi bo‘lsin.
Qizg‘aldoqday yonib turgan
Ko‘rki bilan rangi bo‘lsin.
Har bandida, satrlarda
Maqsad tayin, qisqa bo‘lsin,
Sho‘x, o‘ynoqi, rostgo‘ylikda
Ibratli gap — nusxa bo‘lsin.
Kutilmagan qofiyani 
Marvaridday terib tashla,
Pand-nasihat masalasin
Otasiga bergin oshna.
Bo‘lar-bo‘lmas gapni yozib,
She’rning qadrin arzon qilma.
Kitobxonning vaqtin teja,
Behudaga sarson qilma.
Qobig‘ingga o‘ralmasdan
O‘qi jahon durdonasin,
Asalari qoldirmaydi
Gulning sara bir donasin.
Bolalarga asar yozsang,
Quvnoq, dilgir sodda bo‘lsin.
Kichkintoyning so‘z boyligi
Lug‘ati ham yodda bo‘lsin.
Vaznlarni ixcham qilgin,
Xulosani ayla puxta.
Aniq fanga yo‘naltirib,
Falsafani et omuxta...

RAVIL ALIBEKOVNING XAZINASI

Qirq yillik surat — tasma
Bor boyligi — topingani.
Uch xonali uydan boshqa
Yo‘qdir uning oshirgani.
Lentalarda aksin topgan
O‘zbekiston solnomasi,
Bunga dalil “Tong yulduzi”,
“Gulxan”, “G‘uncha” oynomasi.
Turfa, go‘zal tasvirlarga
Teng kelmagay dur, marvarid,
Imkoni yo‘q, shu sababdan
Oltin, kumush qilmas xarid.
Boqar bizga ehtiros-la,
Burgut kelbat ustoz Oybek.
G‘ofur G‘ulom va Mirtemir,
Ham Zulfiya opam oydek.
Muhrlangan Asqad Muxtor,
Shayxzoda, Qahhor yashar.
Ana, Quddus Muhammadiy,
Qudrat Hikmat suhbatlashar.
Bu tengi yo‘q xazinadan.
O‘rin olgan buyuk zotlar.
Zar, zabarjat saqlaganday,
Ravil Albek ehtiyotlar.
So‘nggi paytda bir xavotir
Unga tinchlik bermayotir,
Xazinaga eng munosib
Daryo dilni izlayotir.

OLAQANOTNING POLOPONLARIGA NASIHATI

Nasibang bog‘u-rog‘da,
Azizim, polaponim.
Lochinlar ham lol qolsin,
Joningga payvand jonim.
Burgutlarday yovqur bo‘l!
Barcha gap ahillikda.
Paytin topib, bexosdan
O‘ljangga tashlan tikka!
Qorayaloq, Qarqunoq,
Qarg‘a bilan Hakkalar —
Ular o‘g‘ri, inidan
Quvib chiqing yakkalab.
O‘jarlik, muttahamlik
Faqat bizga yarashar,
Buni ayni zamonda
Botirlik deb sanashar.
Mevazor bog‘ni ko‘rib,
Ko‘zinglar to‘rt bo‘ladi.
Olmurutni cho‘qimang,
Bandlari mo‘rt bo‘ladi. 
Tatib ko‘ring mayliga
Mevaning har xiliga,
Tanlab yenglar, iltimos,
Eng shirin, sarhilini.
Chilgi bilan uzumni 
Shingilida qoldirmang,
Gilos, xurmo, noklarni
Chumchuqlarga oldirmang.
Olg‘irlarning hamisha
Olchi turar oshig‘i,
Bo‘lmang aslo qushlarning,
Siz yalama qoshig‘i.
Olaqanot deydilar,
Ota-bobong otini.
O‘tirmagin bolajonim,
Musichaday tortinib...

G‘URG‘ULDAY

Mayna kabi bir qush bor,
Asli nomi G‘urg‘ulday.
Farosatli, jonsarak,
Ovozlari bulbulday.
Sho‘x, sharqiroq soylarning
Suv tol o‘sgan poyiga
Uya solar, shamolda
Tebranar o‘z joyida.
Ilonlarga chap berib,
Sho‘ng‘iydi suv ostiga.
Yoayrati sig‘mas uning,
Jajji qaddi-bastiga.
Jayronga alla aytib,
Oqularni uyg‘otar.
Sarkashlikda tengi yo‘q,
Oy ham xotirjam botar.
Tinimi yo‘q shu qushcha
Tadbirkor chiqib qoldi,
Hozir juda urf bo‘lgan
Telefon topib oldi.
Bu xushxabar haqida
Jar soldi Olahakka.
G‘urg‘uldayning makoni
Qushlarga bo‘ldi pakka.
Zarg‘aldoq, G‘urg‘uldayni
Tabriklab, ko‘nglin xushlar,
Ko‘rib qo‘l telefonni
Maynalar yoqa ushlar.
Ko‘ribsizki, ayni payt,
Tog‘lik turfa qushlarmi
Telefonda bitirar,
Shaharga xos ishlarni.
Bayram bilan qutlaydi
Qarqunoq xolasini,
Chittak tergar o‘qishga
O‘tmagan bolasini.
Rahmat aytar qo‘shnilar
Bunday savob yumushga,
Telefon haqi uchun
Ninachi-yu, qumursqa.
Xayollar mo‘’jizaga
Aylangan shu chog‘larda
Bozor tarzi oqibat,
Yetdi hatto tog‘larga...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.