OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yodgor Obid (1940)

http://ziyouz.com/images/poets/yodgor_obid.jpgYodgor Obid 1940-yili Toshkentda tug'ilgan. 1981-yili Moskvadagi M.Gorkiy nomidagi adabiyot institutini tamomlagan. 
"Oqqush haqida ertak" (1975), "Taqdir" (1975), "Yulduzlar kiprigida" (1980), "Suhbat" (1985), "Bonu" kitoblari chop etilgan.

 

BOBUR

Tanim - tuproq,
Yuragim - tosh,
Ruh - tug'yon.
O'kinchlarim - shamol,
Armonlarim - quyun.
Lahadda ham tinch kuuymadi bu zamon,
Qilichimni keltir, o'g'lim Humoyun!

Taqdir hukmi bo'lsa shohlik - ne gunoh,
Besh yuz yilkim dashnom yog'ar kuymayin.
Faryodga aylandi men yotgan tufroq,
Qilicimni keltir o'g'lim Humoyun!
 
Men sig'magan yurtning holi ne bo'ldi,
Borib qay bir tilda ko'ngil so'rayin.
Nahot qaddin bukmagan el bukildi...
Qilichimni keltir, o'g'lim Humoyun.

Mezon bo'lib havolandi nomus-or,
Yot tufroqda endi qandoq yotayin...
Turonning na haddi va na hati bor,
Qilichimni keltir o'g'lim Humoyun.

Og'rinar hattoki sarg'aygan so'ngak,
Jahannam o'tida mayli kuyoyin..
So'ngi ishonchimga keltirmayin shak,
Qilichimni keltir o'g'lim Humoyun.

* * *

Bir yaproq uzildi. Bir yaproq-
Butoqdan ayrildi shu zamon.
Bir yaproq uzildi. Bir yaproq-
Charx urib bormoqda yer tomon.

Bir yaproq uzildi. Bir yaproq-
Orzudek parpirar hiromon.
Bir yaproq uzildi. U yaproq-
Hazonlar bag‘rida bir hazon. 

* * *

Borliqni bosganda qaro tun,
Bag‘rimga otilib kirgan oy-
Qandaylar hayolsan men uchun,
Goh armon, goh orom, goh oroy...
 
Orzudek qalbimni erkalab,
Taftingga tortursan, chulg‘orsan.
Shivirlab, bag‘rimga o‘t qalab-
Borlig‘im qo‘zg‘orsan, to‘lg‘orsan.
 
Navoga aylangan har nigoh-
Nurlari silaydir ko‘ksimni. 
Silaydir... Titraydir u nogoh...
Pardalar qoplaydir ko‘zimni.
 
Uzikkan yuragim betoqat.
Ayriliq vahmidan ruh bejo
Hayol-bor umiddan bahramand...
Bag‘rimga otilib kirgan oy.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.