Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan viloyatida tug‘ilgan. Moskvadagi Kinematografiya institutining ssenariy fakultetida (1929— 30) va Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetining til va adabiyot fakultetida bir muncha muddat taxsil olgan (1933—34). «Quyosh bilan suhbat», «Safarbar satrlar» (1932), «Traktorobod» (1934), «Yurak» (1935), «Mehrim» (1936) kabi she’riy to‘plamlari, «Norbo‘ta» va «Naxshon» (1934) dostonlari nashr etilgan. «Atlas» (1935) pesasi o‘z vaqtida xavaskorlar teatri sahnasida ko‘yilgan. A. S. Pushkinning «Bokchasaroy fontani», M. Yu. Lermontovning «Demon» («Iblis») dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1937 yil 13 iyulda «xalq dushmani» sifatida hibsga olinib, dastlab Magadan, so‘ngra Kemerovo viloyatlaridagi qamoqxonalarga yuborilgan va 1944 yil 9 martda o‘sha yerda vafot etgan.
Yurak,sensan mening sozim,
Tilimni nayga jo'r etding.
Ko'zimga oyni berkitding,
Yurak,sensan ishqibozim.
Senga tor keldi bu ko'krak,
Sevinching toshdi qirg'oqdan,
Tilim charchar, ajab,gohi
Seni tarjima qilmoqdan.
Sen, ey sen - o'ynoqi dilbar,
Zafardan izla yoringni.
To'lib qayna, toshib o'yna,
Tirikman, kuyla boringni!
Itoat et!
Agar sendan
Vatan rozi emas bo'lsa,
Yoril,chaqmoqqa aylan sen,
Yoril! Mayli, tamom o'lsam!
YANA SHE’RIMGA
(Sonet)
She’rim! Yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang, gullar sharmanda.
Bir men emas, hayot shaxsisan,
Jonim kabi yashaysan manda.
Yuragimning dardi - naqshisan,
Qilolmayman seni hech kanda!
O’t bo‘lurmi ishqi yo‘q tanda?
Dardimsanki, she’rim yaxshisan.
Sen orada ko‘prik bo‘lding-da,
Geyne bilan o‘rtoq tutindim.
Lermontovdan ko‘mak o‘tindim.
Butun umrim sening bo‘yningda.
Saharda qon tupursam, mayli.
Men - Majnunman, she’rim, sen –
Layli!
O, u qanday fusnkor!
Nur bilan to'lgan butun.
Gullari chaman-chaman,
Men ularni ichaman:
Ko'nglimda yashnar bahor...
Nur bilan to'lgan butun.
Bargdek uzilib ketsam,
Unutmas meni bog'im:
Ishimni hurmat qilur,
Gullardan haykal qurur.
Ming yillardan keyin ham
Unutmas meni bog'im!
She'rlarim yangrab qolur -
Bir umrga o'lmayman!
Hayotimning davomi -
Kelajagimga homiy,
O'rnimga bog'bon bo'lur -
Bir umrga o'lmayman!
O, u qanday davomdor!
Nur bilan to'lgan butun.
Gullari chaman-chaman,
Men ularni ichaman:
Ko'nglimda yashnar bahor...
Nur bilan to'lgan butun.
Yurganmisiz birga oy bilan
Oqshom payti ko'm-ko'k o'rmonda?
Maysalarga shabnam qo'nganda,
Shunday yaxshi tinch bo'lar ekan.
Shitir-shitir o'ynar shabboda,
Barglar musiqasi bir shirin...
Havo go'yo tiniq,sof boda -
Ko'ngil sezar hayotning sirin.
Men mast bo'lib qoldim bu kecha,
Sil o'pkamni ancha yayratdim.
Uxlamasdan to tong otguncha
Dilginamni rosa sayratdim.
DENGIZGA
Oq dengiz, yaxshi qol! Yaxshi qol, Shimol!
Ko‘nglimda ishqingni olib qaytaman.
Sochimni o‘ynaydi muzdek sho‘x shamol,
Men unga dardimni qanday aytaman?
Kechqurun qirg‘oqda aylanib tanho
Sevdim, sevib qoldim to‘lqinlaringni.
Oyni cho‘miltirgan tinch tunlaringni
Tushimda ko‘rganda ne qilarman, o?
O’ynagil so‘ng marta, chayqal, erkalan!
Armonim qolmasin ketar oldimda.
Bag‘ringda baliqday yuzgan oq yelkan
Bir umr sayr etgay mening yodimda...
Yaxshi qol, erkin suv! Yaxshi qol, dengiz!
To‘lqinlar, qo‘ynimga qizday kirdingiz...
MONOLOG
Sevgi! Sening shirin tilingdan
Kim o‘pmagan, kim tishlamagan?
Darding yoyday tilib ko‘ksidan,
Kim qalbidan qonlar to‘kmagan?
Seni yaxshi bilaman, go‘zal,
Petrarkani o‘qiganim bor.
Buyuk Rimning Sapfosi azal
Xayolimni oshiqday tortar.
Bilamanki, Tasso bechora
Rohat ko‘rmay o‘tgan bir umr.
Ey makkora qiz, Leanora,
Nomi qora bilan yozilgur!..
Balki, guldan yaralgan pari
Tosh ko‘ngilli Biatriche
Gadosan,— deb qochmasa nari
Dante baxtli bo‘lardi picha!
Balki, Gamlet oydin tunlarda
Ofeliyani erkalatardi,
Balki uzun sochini silab
Azongacha ertak aytardi.
Agar xiyonatni bilmasa,
Ezmasa fojia yuragin!
Yo‘q. Yo‘q, shoir! Gar shunday bo‘lsa,
Shekspirning yo‘qdi keragi!
Dezdemona, gunohsiz dilbar,
Jigar qonlaringni ichgan kim?
Bilaman, Otello, bilaman,
Otello haqlimi?.. Shoir jim!..
Jim!.. Ufqdan botar quyoshni
Shart kesilgan boshga o‘xshatdim.
Parcha-parcha kuygan shafaqlar
Tirqiragan qonni eslatdi!
Qanday qo‘rqinch! Qanday qabohat!
Mumkin emas hech qiynalmasdan!
Aqlidan ozganmi muhabbat?
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
Mumkin emas, ey, oliy janob,
Necha yurakni aylab xarob.
Shohona toj kiygan muhabbat,
Mumkin emas! Qanday qabohat.
Ki odamning o‘ziniginamas,
Hissini ham xarob qilsa davr!
Qiynalaman!... Yu ragimda hovur.,.
Bu — qarshilik! yo‘q! Gina emas.
Bu — qarshilik! Ko‘ring tarixni.
Parvonadek qanoti kuygan,
Bu — qarshilik! Ko‘ring tarixni.
Umr tepasida musht tuygan...
Qiynalaman vijdon bilan men,
Mumkin emas, qarshi turmasdan!
O‘z zimmamga katta ish oldim:
Ehtimolki, tamom qilmasdan —
Umrim tugar. Ammo, bo‘lmaydi
(Ko‘nglim o‘rniga hech tushmaydi.)
Senga qarshi bosh ko‘tarmasdan
Asrlarni yig‘latgan sevgi!!!
1933
NIL VA RIM
(Tarix kitobidan)
I
Lampam yonur... Yaralangan qanotdek og‘ir
O‘y bosadi. Yuragimda go‘yo sel yog‘ir.
Qiynalaman. Tirishamanyu Hushim parishon,
O‘tmish, hozir va kelajak ko‘rinur — har on.
Tirishaman, butun kuchim ko‘zimga kelar;
Chirog‘imga parvonadek urinar yillar,—
To‘rt atrofim to‘lib ketar kuygan qanotga...
Xayolimda: katta sahro, men minib otga —
Shamoldan tez, bulutlardan yengil chopaman;
Kuyib tushgan har qanotdan bir jon topaman.
Termilaman o‘lik ko‘zga (nega qo‘rqayin?).
Barchasidan o‘yib olib ko‘zining oyin —
Termilaman: qichqiradi yillar, odamlar.
Eshitilar menga ular bosgan qadamlar...
II
Sariq qumlar orasidan qon rangli quyosh —
Ko‘tarilar. Nil oqadir — qullar to‘kkan yosh.
Faryodlarga chidolmaydi yer bilan osmon.
Ro qaerda? Azirisa? Qiynaydi Tifon!
Kimga yig‘lab, kimdan madad kutsin bemor qul?
Erki qulfdir, hayoti qulf; bor xudolar qulf!
Kosasida suv yo‘q, quruq xaltasi: non yo‘q!
Botayotgan quyosh kabi rangida qon yo‘q.
Ko‘zida ko‘z yo‘q, belida beli yo‘q, hayhot!
Fir’avn uni chumoliday ezadi: voydod!..
Fir’avnning hukmi qattiq, fir’avn xo‘jayin,
Xudolarga u manzurdir, hayoti tayin.
Neki qilsa, o‘zi bilur, o‘zi hukmron,
Misr bo‘ylab Nil oqadur «qullar to‘kkan qon!»
III
To Minisdan Ramzesgacha, Ramzesdan nari
«Malika qiz» Kleopatra hukmron davri.
Undan tortib... yana uzoq, yana ko‘p yillar
Xarsang bilan yotqizilgan necha ming dillar.
Ko‘z yoshidan, dil toshidan qurilgan haykal
Mag‘rur turar, mag‘rur boqar; hech biron mahal
Na odamdan, na zamondan qo‘rqmas asti u.
G‘azabini yutib o‘lgan qullar dasti by!
Qullar... (Menman u qullarning o‘lmas avlodi,
Mana menman, u qullarning hech so‘nmas yodi.
Mana menman, f alaklarga lov-lov o‘t qo‘yib.
Otalarimning boshidan poydevor o‘yib,
Ozodligim obidasin qurgan insonman!
O‘sha jonman, o‘sha qonman va o‘sha shonman!)
IV
Otim uchar (xayolimda) oldinga doim,
Avval bahor osmonidek yig‘lar gado Rim.
Emchagida bir tomizim suti yo‘q ona
Go‘dagini tosh ostiga bostirdi ana!
O‘lim yaxshi, odam agar, shunday xor bo‘lsa!
Bir parcha non nima o‘zi? Shunga zor bo‘lsa!
Nahot, chaqmoq yondirmaydi butun ochunni?
Kul fardiday umr — tog‘day kulfat uchunmi?
Javob bergin menga zakki qadimgi Xomer,
Ko‘z yoshi-yu, qonga rostdan tashnami bu yer?
Qo‘y, yaxshi chol! Ko‘nglim to‘ldi, gaplashamiz so‘ng,
Bu nimasi? Eshitasanmi, og‘ir, hazin mung?
Hamon yig‘lar yalang‘och Rim, hamon dil ezar,
Hamon tilla qadahda qon ichar Sezar!
V
Rim ustida shamsiyadek tumanli osmon,
Katta tsirkka sig‘ishmasdan qaynar olomon:
«Odam bilan hayvon o‘yin ko‘rsatar emish...»
(Bunday qiliq bizning uchun qandayin erish!..)
Tishlarini irjaytirib bo‘kirgan yo‘lbars
To‘rt tarafga tashlanadi, talpinib lars-lars.
Och ko‘zlari qonga to‘lgan, sakrab o‘ynaydi...
O, bechora, qon! U seni tirik qo‘ymaydi!
Ana! Ana, tirnog‘ini nishlab kelar u.
Changal soldi! Xalq o‘rnidan birdan turdi duv...
Chapak chaldi. «Ey, ahmoq Rim, sevinma qonga!
Bundan boshqa xo‘rlik bormi axir insonga?»—
Dedi, parcha-parcha bo‘lgan gladiator.
Rim — o‘yindan o‘lim kutgan jinni teatr!
VI
Issiq izlar... hamon u isyondan is bordak,
Bulutlarning orasinda yurar Spartak,
Osmon — qalqon, kamon yoyi — chaqmoq, yonar o‘t,
Zulm uchun yig‘i, fig‘on va erksizlik sud.
Javob bersin. Aflotunmi, Vergiliymi, yo —
Boshqa biri, kani kim? Kim mard? Kim guvoh?
Ki — tun qancha qora bo‘lsa, oy shuncha yorug‘?
Spartakning lashkarlari hali ham borur.
Mana menman, u isyonning o‘lmas avlodi.
Mana menman, u qullarning hech so‘nmas yodi.
Mana menman, falaklarga lov-lov o‘t qo‘yib,
Otalarimning boshidan poydevor o‘yib,
Kelajagim obidasin qurgan insonman!
O‘sha jonman, o‘sha qonman va o‘sha shonman!!!
1935 yil.
* * *
Dengiz oyna kabi yaltirar,
To‘lqinlarga suqim oqadi,
Oqqush mungli-mungli oh urib,
Hazin kuyi dilga yoqadi,
O‘tiraman, ko‘nglim osuda,
Boshim uzra barglar shitraydi.
Soyalari limmo-lim suvda
Tanga-tanga bo‘lib titraydi.
Qanday yaxshi, kechqurun yolg‘iz
Yursang, ko‘ngil asti to‘ymasa.
Oy — go‘yoki parishonhol qiz,
Sochlarini yozib o‘ynasa...
Boltiq dengizi, 1935 yil.
BAG’ISHLOV
(«Naxshon» dostonidan)
Boglarga namozgar
Salqini tushdi,
Gullar nam bargini
Qayirdi asta.
Oftob ham suv ichar
Tog‘lardan pastda,
Loladek qip-qizil
O’t shafaq o‘chdi.
Ko‘z tutdim
Ko‘zlarim nigaron bo‘ldi;
O, dilbar,
Simbarim, yuzlari qirmiz.
Kiprigi ko‘ksiga
Soya solgan qiz,
Ko‘z tutdim,
Yuragim to‘la qon bo‘ldi.
Shabboda bolariday
Gulzor uzra sho‘x Oy fonarini
Yokdi - qiz oqshom, Yasha!
Sen kelding,
Sevgilim, Naxshon,
Suv qizi - suvsarim,
Kipriklari o‘q.
Sen kelding,
Ko‘nglimga suv kabi okding.
Sen kelding -
Ruhimda yashash boshlandi,
Sevinchdan ko‘zlarim
Behol yoshlandi.
Sen kelding,
She’rimga chechaklar takding.
Sen kelding,
Va’daga vafodor malak,
Oppoq qo‘lingnimi
Siypalab o‘pay?
Qora sochingnimi
Siypalab o‘ray?
Va’da etayinmi,
Senga deb falak?
Arzirdi
Falakni etsam hadya,
Afsus...
Fazo menga hali qul emas,
Mayli... borimni
Aylay armug‘on.
Garchi u
Ajoyib, asl gul emas,
Naxshon, ey yoshligam,
Sevgalim, ma, ol!
Ishqimning eng oliy
Tuhfasi she’rim.
O’qi!
Lablaringdan to‘yib emgani,
She’rimga berkindi
Ataylab mehrim.