OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zafar Diyor (1912-1946)

http://ziyouz.com/rasmlar/poets/zafar_diyor.jpgZafar Diyor 1912-yilda Namangan viloyatining hozirgi Chust tumanidagi Samsoqtepa qishlog'ida dehqon oilasida tug‘ildi. 1916-yilda Zafarlar oilasi Toshkent shahriga ko‘chib keladi. Zafarning otasi dala ishlarida, onasi esa bosmaxonada mehnat qilardilar. 1927-yilda Zafar to‘liqsiz o‘rta maktabni bitiradi va Samarqanddagi Narimonov nomli pedagogika texnikumiga o‘qishga kiradi. Texnikumda o‘qib, ko‘proq ilm-fan sirlaridan bahramand bo‘lishga harakat qiladi. Uning dastlabki she’riy mashqlari bilim yurti devoriy gazetasi sahifalarida ko‘rina boshlaydi.
Yigirmanchi yillar oxiri va o‘ttizinchi yillar boshlarida hozirgi „Tong yulduzi" gazetasida, „Yosh kuch“ va boshqa bolalar jumallarida ilk she'rlari chop etila boshladi. Zafar Diyoming birinchi she’ri yosh shoirlaming „Qurilish kuylari" to‘plamida bosilib chiqdi.
Ko‘p o‘tmay, uning birinchi she’rlar to‘plami „Qo‘shiqlar“ nomi bilan 1933-yilda nashr etildi. U Toshkent davlat pedagogika oliygohining til va adabiyot fakultetiga kirib, o‘qishni davom ettiradi. O‘zbek hamda qardosh xalqlar yozuvchilari asarlarini qunt bilan o‘rganadi.


BINAFSHA


Binafshaxon, binafsha
Kulishlaring chiroyli:
Bog‘imizda ochilib
Turishlaring chiroyli.
Hamma chiqar dalaga
Binafshalar tergali,
Men ham terdim bir dasta
Opamizga bergali.
— Mana, opa, binafsha,
Qarang, qanday chiroyli.
— Yuring, — dedi opamiz, —
Binafshalar teraylik.
Binafshalar ochildi
Chakkangga taq, chakkangga:
Atir hidi sochildi,
Chakkangga taq, chakkangga.
Lazzat olib hididan
Bolarilar uchadi.
Ipakqanot kapalak
Barglarini quchadi.
Seni maqtab kuylaydi,
Bog‘ aylanib qushchalar.
Darak berib bahordan,
Quvontirding shunchalar.
Binafshaxon, binafsha
Kulishlaring chiroyli.
Ko‘ksimizda hid sochib
Turishlaring chiroyli!


KAPALAK


Hoy, kapalak, kapalak,
Qanotlaring ipakdak.
Muncha shoshib uchasan,
To‘xta, so‘z!ayin andak.
Uchrataman har kuni
Seni har kun bog‘chamda,
So‘rib gullar sharbatin
O‘ltirasan olchamda.
Borib ushlay deganda
Shoshib darhol uchasan.
Sira tutqich bermasdan
Guldan gulga ko‘chasan.
Mendan aslo qochmagin,
Do‘st bilaman o‘zimga.
Pildir-pildir uchishing,
Oh, yoqadi ko‘zimga.
Uch, uchaver, uchaver,
Go‘zal bog‘cham — gulshanda.
Sira ozor bermayman
Sevgim, fikrim bor senda.
Kapalakjon, kapalak,
Qanotlaring ipakdak.
Do‘st bo‘laylik ikkimiz,
To‘xta, so‘zlayin andak!


TO‘P


To‘pim, to‘p-to‘p etasan,
Ursam uchib ketasan.
Havolanib nariga —
Do‘stlarimga yetasan.
O‘ynatasan ko‘zimni
Hovliqtirib o‘zimni.
Biroz ko‘proq o‘ynasam,
Terlatasan yuzimni.
Senga sira to‘ymayman,
Bo‘sh ekanman qo‘ymayman.
Ovunchog‘im, — deb seni
Do‘stlarim-la o‘ynayman.
To‘pim, to‘p-to‘p etasan.
Ursam uchib ketasan.
Handalakdek yumalab
Bizni xursand etasan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.