Bir boyning o‘g‘li bor ekan. Uning ismi Abduaziz ekan. Kunlardan bir kun boy o‘lib, moli davlati o‘g‘liga qolibdi. O‘g‘li esa o‘ziga qirqta jo‘ra orttirib, ularni ziyofat qilar ekan. Jo‘ralari ketadigan vaqtida har biriga bir hamyondan tilla berib yuborar ekan. Bir necha yillar o‘tgandan keyin otasidan qolgan mollar tugabdi. Qirqta jo‘rasi ham uni tashlab ketibdi. Bir kuni yigitning hatto yeyishga ham hech narsasi qolmabdi. Bozorga chiqib qarasa, haligi qirqta jo‘rasi har xil narsalar sotishyapti. Yigit ularning oldiga borib:
— Mening xotinim homilador edi. Yeyishga hech narsamiz qolmadi. Biror narsa beringlar, — debdi. Jo‘ralar “E, bor yo‘qol, bizning senday jo‘ramiz yo‘q”, deb hech narsa bermay jo‘natishibdi. Yigit hech narsa topa olmay, ma’yus bo‘lib xotini oldiga qaytibdi. Xotinini bir hamsoyasiga topshirib, o‘zi biror narsa topib kelarman, deb yana chiqib ketibdi. Shahardan chiqib ketayotganda karvonlarga yo‘liqibdi. Karvonboshi yigitga:
— Ey, yigit, yo‘l bo‘lsin, — debdi. Yigit:
— Men non talabman, ish qidirib chiqdim, — debdi. Karvonboshi:
— Non talab bo‘lsang, biz bilan yur, — debdi. Yigit xursand bo‘lib, ularga sarboz bo‘lib, karvon bilan jo‘nab ketibdi. Bir necha kun yurgandan keyin sahroda bir quduqqa yetibdilar. Quduq yoniga kelishlari bilan tuyalari cho‘kib qolibdi. Тuyalarni sug‘ormoqchi bo‘lib, quduqqa paqir tashlasalar, quduq suv bermabdi. Quduqqa odamlarni tushirishsa, ularning kallasi kesilgan holda chiqibdi. Navbat Abduazizga yetibdi. Karvonboshi:
— Quduqqa tushib suv olib chiq! — debdi. Abduaziz:
— Odamlarni tashlaganingizda qaysi tomoni bilan tashlaysizlar? — debdi. Karvonboshi:
— Belidan bog‘lab tashlaymiz, — debdi. Abduaziz:
— Bo‘lmasa meni oyog‘imdan bog‘lab, boshim bilan tushiringlar, — debdi.
Ular Abduazizning oyog‘idan bog‘lab, boshi bilan quduqqa tushirib yuborishibdi. Abduaziz quduqqa tushib ko‘zini ochib qarasa, biri oq, biri qora ikkita dev o‘tiribdi. Shu ikkita dev hech kimga suv bermay, tushgan odamlarning boshini olib qolar ekan. Shuning uchun hech kim suv ola olmas ekan. Oq dev bilan qora dev Abduazizdan:
— Mana shu tizzamizdagi oq va qora qurbaqalardan qaysi biri chiroyli, — debdi. Abduaziz o‘ylab turib:
— Ey, devlar, har kimning sevgani o‘ziga chiroyli, — deyishi bilan, devlar quduq boshidan ketibdi. Abduaziz karvonlarga yetarlicha suv chiqarib beribdi. Karvonlar tuyalarga to‘yguncha suv ichiribdi. Suvni chiqarib bo‘lgandan keyin devlar Abduazizga bir savat gavhar berishibdi.
Savdogarlar Abduazizning xizmatlari uchun oltita tuyani ustidagi yuki bilan unga beribdilar. Abduaziz uchta yukli tuya bilan quduqdan olib chiqqan gavharini bir odam orqali xotiniga yuboribdi. O‘zi uchta yukli tuyaga bosh bo‘lib, bir shaharga qarab yo‘l olibdi.
Yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib shaharga yaqinlashibdi. U shaharning xalqi ko‘ktirnoq degan kasalga yo‘liqqan ekan. Ko‘ktirnoq kasaliga uchragan odam murch yesa tuzalar ekan. Abduaziz bu voqeani eshitib, to‘g‘ri podsho saroyiga borib, o‘zining o‘ttiz tuya murch olib kelganligini aytibdi. Podsho Abduazizga:
— Ey, yigit, murchingning narxini ayt, — debdi. Abduaziz:
— Ey, podsho, menga hech narsa kerak emas, faqat shahar xalqi kasaldan tuzalsa bo‘ldi, — debdi.
Podsho vazirlariga:
— Bo‘lmasa, murchning narxini sizlar belgilanglar, — debdi. Vazirlari:
— Podshohi olam, bir qoshiq qonimizdan kechsangiz, aytamiz, — deyishibdi. Podsho:
— Kechdim, aytinglar, — debdi.
— Qizingizni shu yigitga berasiz, — debdi vazirlar. Podsho rozi bo‘libdi. Xotin, bola-chaqasi bo‘lgani uchun Abduaziz bu taklifni qabul qilmabdi.
Endi gapni Abduazizning xotinidan eshiting. Abduaziz yuborgan o‘ttiz tuya molni olgan xotin gavharlarni tokchaga terib qo‘yibdi. Тo‘rt yoshli o‘g‘li qo‘liga xivich olib, tokchadan gavharlarning birini biriga urib o‘ynaganda, bir anor donasidek gavhar yerga tushib ikkiga bo‘linib ketibdi. Abduazizning xotini ikkiga bo‘lingan gavharning chiroyliligini ko‘rib hayron bo‘libdi.
Yarim gavharni zargarga olib boribdi. Zargar yarim gavharni olib o‘rniga tilla beribdi. Xotin tillani olib kelib, bir qancha ustalarni chaqirib juda ham yaxshi, hashamatli uylar qurdirib, badavlat bo‘lib ketibdi.
Abduaziz bir necha yillardan keyin karvonga mollar ortib, o‘z shahariga jo‘nabdi. Bir qancha yo‘l yurib shahariga kelsa, uyi o‘rnida katta imorat qurilibdi. U kechgacha shu uy darvozasi yaqinida yura beribdi. Abduazizning xotini derazadan erini ko‘rib qolib, o‘g‘lini chaqirib gap o‘rgatibdi:
— O‘sha darvoza yonida turgan yigit yoniga borib “Onamdan nimaga ko‘nglingiz qoldi”, deb aytib kelaver, — debdi. Abduaziz bu bolaning o‘z o‘g‘li ekanligini bilib, uyga kirib xotinining shuncha ish qilganiga qoyil qolibdi. Abduaziz xotini bilan so‘rashib, jo‘ralarini chaqirib, mehmon qilibdi. Jo‘ralari o‘zlarining qilgan ishlaridan uyalib “Bu pishirib bergan oshi, oxirgi oshi bo‘lsa kerak”, deb qo‘rqib turishibdi.
Abduaziz yana badavlat bo‘lib, murod-maqsadiga yetibdi. Oqibatsiz jo‘ralar esa o‘z qilmishlariga afsuslanib, uyalib qolibdilar.