Bir odamning uch o‘g‘li bor ekan, o‘ladigan vaqtida katta o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, men o‘lsam uch kun go‘rimni poylaysanmi? — debdi. O‘g‘li:
— Yo‘q, men poylamayman, — debdi. Otasi o‘rtancha o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, men o‘lsam sen go‘rimni uch kun poylaysanmi? — debdi. O‘rtancha o‘g‘li:
— Yo‘q, men poylamayman, — debdi. Kichik o‘g‘lini chaqirib:
— O‘g‘lim, men o‘lsam uch kun go‘rimni poylaysanmi? — deb so‘rabdi.
Kichik o‘g‘li:
— Ota, uch kun emas, yuz kun poylagin desangiz ham poylayman, — debdi. Vasiyat tamom bo‘lgandan so‘ng, haligi odam o‘libdi. Kichik o‘g‘li otasi o‘lgandan keyin go‘rni poylab yotibdi. Yarim kecha bo‘lganda bir oq ot osmondan yaroq-aslaha, kiyim-kechak bilan tushib go‘rni uch marta aylanibdi. Shu payt bola uyg‘onib otni ushlabdi. Bola otdan:
— Nima uchun sen go‘rni uch marta aylanding? —deb so‘rabdi. Oq ot:
— Men otangning tirikligida uning amrida yurardim, hozir otangning go‘rini ziyorat qilib chiqib ketaman, — debdi-da, ketayotganida yolidan bir tola yulib, bolaning qo‘liga berib:
— Qachon boshingga bir mushkul ish tushsa, shu mo‘yni tutatib yo‘qlasang, hozir bo‘laman, — debdi.
Bola ertasiga kechasi yana borib poylab yotibdi. Yana yarim kechada osmonda bir qora ot parvoz etib yerga tushibdi-da, go‘r atrofidan uch marta aylanibdi. Bola o‘rnidan turib qora otni ushlabdi va:
— Nima uchun sen kelib go‘rni uch marta aylanding? — deb so‘rabdi.
Shunda ot:
— Men otangning oti edim, qachon mingisi kelsa yo‘qlab olar edi. Hozirda o‘lgan ekan, shuning go‘rini ziyorat qilib ketish uchun osmondan tushdim, endi mendan senga bir nishona qolsin, — deb bir tola yolidan yulib, bolaning qo‘liga beribdi.
— Qachon boshingga biror mushkul ish tushsa, mana shu mo‘yni tutatsang, men hozir bo‘laman, — deb uchib ketibdi.
Uchinchi kuni bola yana borib go‘rni poylabdi. Yarim kecha bo‘lganda yana bir saman ot osmondan tushib, go‘rni uch marta aylanibdi. Bu ham yasatig‘liq ekan. Bola saman otdan so‘rabdi:
— Nima uchun otamning go‘rini uch marta aylanding!
Ot aytibdi:
— Men otangning oti edim, qaysi vaqtda zarur bo‘lib qolsam, kelib xizmatini bajo keltirib ketar edim. Otang o‘libdi, uning go‘rini ziyorat qilib ketish uchun tushdim, — debdi-da, u ham mo‘yidan bir tola yulib, bolaning qo‘liga beribdi.
Shu bilan uch kunlik vasiyat tamom bo‘libdi. Тo‘rtinchi kuni bola yana borib go‘rni poylagan ekan, hech kim kelmabdi, shu bilan go‘rni poylash ham tamom bo‘libdi. Otadan qolgan mol-dunyoni uch o‘g‘il bo‘lib olishibdi. Bu mol-dunyoni sarf etib, tamomlab, endi ular uch og‘ayni yurtning molini — podasini boqadigan bo‘lishibdi. Shu bilan tirikchilik o‘tkazib yurishibdi. Lekin akalari shunda ham to‘g‘ri yurmasdan yurtning sigiri, buzog‘ini sotib yeb, so‘yib yeb, xalqni tinchitmay qo‘yishibdi. Shunda el kattalari ko‘plashib bularning uchovini ham shahardan haydab yuborishibdi. Bular uchovi boshqa shaharga jo‘nashibdi. U shaharda ham mollarni yig‘ib podachilik qilib yurishibdi. Kichkina ukasi mol boqib yurganda, haligi ikki akasi shaharga tomosha qilgani tushib ketishibdi. Shaharda ular bir g‘avg‘oga duchor bo‘libdilar. Podsho bir ravoqqa qirq pog‘onalik shoti qo‘ydiribdi. U shotining tepasiga qizining ravog‘ini qurdiribdi va xaloyiqqa jar solib:
— Har kim ho ot bilan, ho eshak bilan, ho tuya bilan chiqib qizimning qo‘lidan bir kosa suv olib ichsa, uning qo‘lidan nishonlik uzukni olib tushsa, qirq kun to‘yini qilib, el-yurtga osh berib, nikoh qilib beraman, — debdi. Bu xabar yurtga mashhur bo‘libdi. Ot mingan ham jo‘nabdi, eshak mingan ham jo‘nabdi, tuya mingan ham podshoning eshigi tagiga qarab jo‘nabdi. Xaloyiq ko‘rsaki, ot, eshak, tuya minganlar qirq pog‘onalik shotiga chiqa olmay, yerga qulab tushaveribdi. Bu hodisani ko‘rgan ikkala aka-uka podachi ukalarining oldiga qaytib kelibdilar va ukalariga:
— Ey, uka, shaharda shunday tomosha ko‘rdik, juda ajoyib, — debdilar. Shunda ukasi:
— Qanday tomosha ekan? — deb so‘rabdi. Akasi:
— Podsho qirk pog‘onalik shoti qo‘yib, har kim ot o‘ynatib chiqib, qizning qo‘lidan bir piyola suv ichsa, uzugini olib qaytib tushsa, shu odamga qizimni qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib beraman, deb va’da beribdi. Ot mingan ham, eshak mingan ham, tuya mingan ham “chuh”, deb shotiga chiqish uchun harakat qildi, hech qaysisi chiqolmadi — yiqildi, mayib bo‘lib qaytib ketdi. Shunday tomoshalarni bizlar ko‘rdik, uka! — debdi. Bu xabarni eshitgan ukasi:
— Ertaga molni sizlar boqinglar, men ham shaharga tushib tomosha ko‘rib kelayin, — desa, akalari:
— Yo‘q, sen ketsang biz och qolamiz, — deb unga javob berishmabdi. Ertasiga akalari yana o‘sha tomoshani ko‘rgani ketishibdi. Ukasi kechgacha mollarni boqib to‘yg‘azib, bir tolning tagiga to‘plab yotqizib qo‘yibdi. Oq otning tutatqisini tutatibdi. Osmondan o‘sha oq ot yaroq-aslaha, kiyim-kechagi, sarposi bilan uchib tushibdi. Podachi bola sarponi kiyib, yaroq-aslahani beliga taqib, otni minib, podshoning o‘rdasiga kirib boribdi. Borib, shotiga otini to‘g‘ri qilib “chuh!” degan ekan, ot o‘ynab ikkam qirq pog‘onaga chiqibdi, otning boshini tortib qaytib tushibdi. Pastda turgan olomon: ”Ey, bola, yana “chuh” degin, “chuh” desang chiqib ketar edi”, deb qola berishibdi. Bola qaytib kelib molini haydab, boqib yuraveribdi. Kechqurun akalari kelib bolaga:
— Bugun bir bo‘z otliq odam kelib shotiga otni ro‘para qilib “chuh” dedi. Ot ikkam qirq pog‘onaga chiqdi. Otning boshini qaytarib tushib ketdi, — deb ukasiga aytishibdi. Ukasi:
— Bugun menga javob bersalaring, molni sizlar boqib tursalaring, men ham tomoshani bir ko‘rib kelsam, — degan ekan, akasi:
— Ey, uka, sen ketsang biz nima yeymiz? — deb ukasiga javob bermabdi. U kecha o‘tibdi, tong otibdi, akalari yana tomosha uchun shaharga ketibdilar. Bola mollarni boqib, to‘yg‘izib, tolning tagiga yotqizib qo‘yibdi. Bola saman otning tutatqisini olib tutatibdi. Shunda saman ot yaroq-aslahalari, sarposi bilan osmondan tushibdi. Bola sarponi kiyibdi, yaroq-aslahalarni beliga taqibdi. Otni minib podshoning o‘rdasiga kirib kelibdi. Odamlar ko‘rdiki, bu ot kechagi kelgan otdan qirq chandon yuqori. Bola shotiga otni ro‘para qilib “chuh!” debdi. Bir kam qirq pog‘onaga ot o‘ynatib chiqibdi. Otning boshini tortib ketiga qaytaribdi. Ot shotidan tushib ketibdi. Odamlar: ”Nomard ekan, bachchag‘ar, “chuh” desa chiqib ketar edi-ya”, deyishibdi. Kun kech bo‘libdi, xaloyiq tomosha tamom bo‘ldi, deb uyiga qaytib ketibdi. Akalari qaytib borib, ukasiga:
— Kechagi ot bugungi kelgan otning yarim barobaricha ham emas, o‘zi saman, ”chuh” deyi-shi bilan bir kam qirq pog‘onaga o‘ynab chiqdi, agar yana bir “chuh” desa qirq zinaga bemalol chiqib ketar edi, otning boshini tortib, qaytib tushib ketdi, — deyishibdi. Shunda ukasi:
— Bugun sizlar molni boqib tursalaring, men ham borib shu tomoshani bir ko‘rib kelsam, — debdi. Shunda akalari:
— Sen ketsang biz nima yeymiz? — deb ukasiga javob berishmabdi.
U kecha borib yotibdilar, tong otibdi. Akalari yana tomoshaga qarab ketibdi. Ukasi molni boqib to‘yg‘azib, to‘plab olib kelib, bir tolning tagiga yotqizibdi. Uchinchi qora otning tutatqisini tutatibdi. Qora ot osmondan yaroq-aslahalari, kiyim-sarposi bilan tushib kelibdi. Bola sarponi kiyibdi, yaroq-aslahalarni beliga taqibdi. Otni minib, podshoning o‘rdasiga kirib kelibdi. Ma’rakaning ichiga kirib, otini aylantirib o‘ynatibdi. So‘ngra otning boshini shotiga ro‘para qilib “chuh” debdi. Ot o‘ynab qirq pog‘onaga chiqib, qizning taxtiga yetibdi. Yigit otdan tushib qizning qo‘lidan bir kosa suv ichib, uning qo‘lidagi uzugini olib qaytib tushibdi. Bola o‘z joyiga qaytib, otni qo‘yib yuborib, o‘z podasini boqib yura beribdi. Akalari qaytib kelib podshoning uyida to‘y-tomosha bo‘lgani, qancha ot, eshak, tuya, odam o‘lgani haqida ukasiga birma-bir bayon etibdilar.
— Birinchi ot ikkinchisiga qaraganda hech ot emas, ammo bugun uchinchi bir ot kirib keldi. O‘rdada o‘yin qilib, qirq pog‘onalik shotiga chiqdi. Bahodir yigit ham otdan tushib, podshoning qizi qo‘lidan bir kosa suv ichib, qo‘llaridan uzukni olib tushib ketdi.
Ukasi:
— Sizlar shuncha yaxshi tomoshani ko‘rdinglar, menga ham bir kun javob bersalaring men ham shunday tomoshani bir ko‘rib kelsam, — deganda, akalari to‘y tamom bo‘lganini aytibdilar.
Uch aka-uka avvalgicha mollarni boqib yuraveribdilar. Kunlarning birida podsho yurtga:
— Kimda-kim qizimning qo‘lidan suv ichgan, uzugini olgan bo‘lsa, o‘rdaga kelib o‘zini tanitsin, to‘yni boshlaymiz, — deb xabar beribdi.
Podsho bir odamning qo‘liga obdasta va chilopchin berib: “Har kim qo‘lini yuvsa, qizimning qo‘lidan olgan uzukni ko‘rsang, menga xabar berasan”, — debdi. Har kuni el-yurtni chaqirib osh-non tortib, o‘ttiz kungacha osh berib, odamlarning qo‘llariga suv beribdi. Hech kimdan bu nishona uzuk chiqmabdi. Podsho:
— Hech odam qolmadimi? —deb so‘rabdi. Vazir:
— Agarda qolgan bo‘lsa, qishloqda mol boqib yurgan podachilar qolgandir, — deb javob beribdi. Podsho ularni ham ayttirib kelishga buyuribdi. Bir vazir borib ularni olib kelibdi. Qo‘liga suv quyib qarasalar, haligi podshoning qizi qo‘lidagi uzuk kichik o‘g‘ilning qo‘lidan chiqibdi. Ikki aka:
— Qanday qilib bizning ukamizga bu uzuk tegib qolibdi, — deb hayron bo‘libdilar.
Bola otasining go‘rini uch kun poylaganda bo‘lgan sir-asrorni aytibdi. Shunda akalari biz otamizning vasiyatini qulog‘imizga olmadik, deb pushaymonlar qilib, ukasining to‘yini tomosha qilibdilar.
Qirq kun to‘y-tomosha qilib, podsho qizini unga nikohlab beribdi.
Oradan bir oy o‘tibdi. Podsho o‘libdi. Uning o‘rniga kuyovini yurt podshohi qilib ko‘taribdilar. Akalari ukasining bu davlatga ega bo‘lganini, o‘zlarining rasvoligini ko‘rib:
— Har kim ota vasiyatini qulog‘iga olmasa, ana shunday rasvoyi olam bo‘lib, ko‘chada qolar ekan, deb afsuslanibdilar. Kenja o‘g‘il murod-maqsadiga yetibdi.