Qadim zamonlarda Buxoroning bir podshohi bo‘lib, uning molu dunyosi ko‘p ekan. Farzandlari ham ancha ekan. Podsho kayfu safoni, o‘yin-kulgini yaxshi ko‘rar, uning saroyida sonsiz hofizlar, cholg‘uvchilar, qiziqchilar ham bor ekan. U, biror joyga borguday bo‘lib qolsa, ahli san’atni ham o‘zi bilan olib yurar ekan. San’atkorlar ichida keksa bir chol ham bor ekan. Bu cholni kishilar Arab laqqi deb atashar ekan. Arab laqqi ham boshqa san’atkorlar qatorida birga yurar va podsho so‘ragan vaqtda, bir-ikki kalima kulgili latifa aytib, o‘tirgan kishilarni kuldirib qo‘yar ekan, xolos. So‘ramasa, eshik yonidan nari ketolmay, podsho so‘zini kutib o‘tirar ekan. Arab laqqining kiyishga kiyimi, yeyishga ovqati ham bo‘lmagani uchun u borgan joylardagi «aziz» mehmonlar oldidan ortgan oshni non orasiga qo‘yib, uyida kutib o‘girgan kampiriga keltirar ekan. Chol bilan kampir nihoyatda kambag‘al va qashshoq holda yashar ekanlar. Ularni kishilar na to‘yga, na tomoshaga va na ma’rakaga aytar ekanlar. Buning ustiga parvardigor biror farzandni ham ravo ko‘rmabdi. Chol bilan kampir uyda o‘tirganlarida uzoqdan-uzoq hasratlashib dardlashar ekanlar.
Arab laqqi kunlarning birida podsho va uning mulozimlari bilan juda uzoq yuribdi, charchaganidan butun koinotga la’natlar o‘qibdi. Uning hayotdan noroziligi to‘g‘risidagi xabar podshoga borib yetibdi. Maishat kayfini surib o‘tirgan podsho, cholni oldiga chaqirtirib arzini so‘ramoqchi bo‘lganida, chol unga qulog‘ini tutibdi. Atrofda o‘tirgan o‘nlab kishilar chol bilan podsho o‘rtasida bo‘lib o‘tgan gapni eshitmay hayratda qolibdilar.
Oradan ko‘p o‘tmay chol bilan kampirning turmushlari yaxshilanibdi. Kampirni yon qo‘shnilaridan tashqari, Buxoroning ko‘zga ko‘ringan boylari, amaldorlari to‘ylariga ayta boshlabdilar. Hayitlarda allaqanday noma’lum kishilar chol uyiga qimmatbaho sovg‘alar keltira boshlabdilar. Qisqa vaqt ichida Arab laqqining ombori g‘alla bilan to‘libdi, molxonasiga sigir, qo‘sh ho‘kiz, otlar bog‘lanibdi. Chol bilan kampirning kiyimi ham shoyi bo‘libdi, shunday qilib chol bilan kampir juda boyib ketibdilar. Kunlarning birida buning xabari podshoga yetibdi. Podsho cholni oldiga yana chaqirtirib, uning boyib ketish sababini so‘rabdi. Arab laqqi shunda podshoga qarab:
— Hazrat oliylari, men buning sabablarini oldin hech bilmagan edim, keyin-keyin tushuna boshladim. O’zingizga malumki, mening rahmatli otam sizning rahmatli otangiz davrida xizmatkor edi, men bo‘lsam yoshligimda hofizlik qilar edim, yoshim ulg‘aygach, kishilaringiz: «Tovushing buzilibdi, qaribsan», degan gaplar bilan hofizlikdan chetlashtirdilar, oxiri kunim o‘tmagach, to‘pchiboshiga arz qildim, so‘ngra u meni yana davlatingiz soyasida hikoya aytib yurishga ijozat olib berdi. Ana shundan buyon yigirma yil o‘tdi. Bir marta arab hikoyasini aytganimda: «Arab hikoyalarini buzib aytadigan laqma», deyishdi. Undan keyin nomim Arab laqqi bo‘ldi. Bir kuni charchab, holdan ketib, o‘zi yaratib g‘amxo‘rlik qilmagan koinotga la’natlar aytganimni eshitib, sababini so‘ramoqchi bo‘lganingizda sizga qulog‘imni tutdim. Siz qulog‘imga shivirlab, qarg‘ishim sababini so‘radingiz, atrofdagi o‘tirgan kishilar bundan xavfsiradilar. Ana shu kundan boshlab qonunsiz ish qiluvchi qozingiz, hokimingizdan tortib, oddiy soliqchingizgacha menga sovg‘a bera boshladilar. Ular ikkovimizni sirdosh deb o‘yladilar va o‘zlarining gunohlarini berkitish uchun meni rozi qilib turdilar. Bo‘lgan ish shu. Kim biladi, menga o‘xshaganlar juda ko‘p. Har bir kambag‘al men kabi ularni qaqshatsa-yu, so‘ng sirlarini ochib uni fosh qilib tashlasa, ko‘p yaxshi kunlar bo‘lar edi, — degan ekan.