Sag‘ir bo‘lib momomning qo‘lida qoldim. Momomning uchta buzog‘ini boqib yurdim. Uning bittasini bo‘riga oldirib yubordim. Momom urdi, qochib borib Boymoqli degan qishloqda bir kampirning echkisini boqdim. Bir kun kampir:
— Echkilar sut bermay qoldi, men boqayin, sen uloqlarni boqib, suv olib kelib yurgin, — dedi.
Bir kun kampir yo‘g‘ida bitta patir qilib, betiga moy surkab yeyman deb turib edim, kampir echkini haydab kelib qoldi. Patir bilan moyni qo‘ygani joy topolmay, telpagimning ichiga solib boshimga kiydim.
Uloqlar emib qo‘ydi, kampir boshimga bir mushtladi. Moy telpakning tagidan tirqirab chiqib ketdi. Voy miyam chiqib ketdi, deb kallamni mahkam ushlab yotdim. Kampir echkini ham boqdi, uloqni ham bog‘ladi, suvni ham o‘zi olib keldi. Men hech bir ish qilmay yotdim. Bir kun kampir xafa bo‘lib:
— Bolam, sen echkini boqqin, men kuvni pishib olay, — dedi.
Men xayr deb echkini boqqani chiqib ketdim. Dalaga borib uxlab qolibman, bir vaqt tursam, yarim kecha bo‘libdi. Qulog‘imga: «bolayu-bolayu» degan tovush keladi. Qarasam echkilar yo‘q. Echkilarniig barisini bo‘ri yeb ketibdi. Obbo, kampir meni o‘ldiradi deb, qochib borib, Jarqo‘rg‘onda yotdim. Tong otgandan so‘ng soy bo‘yiga tushib bordim. Bir odam arpa xirmonida qirqta tovuqning jo‘jasini boqib o‘tiribdi.
— Bobojonim, men och qoldim, noniigiz bo‘lsa bering, — dedim.
— Huv o‘sha uy meniki, borsang non beradi, — dedi.
— Tanimasni siylamas, menga bermaydi, o‘zingiz borib menga bir oz non olib kelib bering, men tovuqlarni boqib turay, — dedim.
Tovuqlarni boqib o‘tirgan edim, uyqu bosa berdi. Boboyning tovuqlarini qush olib ketmasin deb, barini bir ipga bir oyog‘idan bog‘lab, uchidan ushlab yotdim. Bir qush kelib qirqtasini olib ketibdi. Bobom meii uradi, deb u yerdan ham qochib ketdim. Sa’di Voqqos degan qishloqqa bordim. Bir Begmat ovchi degan qushboz bor ekan. Dalada uning xizmatini qilib yurdim. Bir kun uyiga jo‘nar ekan, qo‘limga bir miri berib:
— Qushga ovqat olib ber, — dedi.
Men qushga nima ovqat olib beraman, deb so‘ramabman. U ketgandan keyin qarasam qushning tagida oq narsa turgan ekan. Bu qatiq ichar ekan, deb qishloqma-qishloq yurib, bir xurma qatiq olib kelib berdim. Qatiqni ichmadi. Bu nimaga ichmaydi, deb kallasini xurmaga tiqdim. Qush xurmaga boshini suqib indamasdan qoldi, men simirib yotibdi desam, o‘lib qolibdi. Qushning o‘ligini olib, egasi kelguncha qarab turdim. U:
— Qushni nima qilib o‘ldirding, —dedi.
— Men qatiq berdim, simirib yotibdi desam, o‘lib qolibdi, — dedim.
— E, chorvador bolasi ekansan. Kush tiliii bilmas ekansan, — dedi.
Yana ovchining xizmatini qilib yura berdim.
Kundan-kun o‘tdi, ovchi meni o‘zi bilan birga ovga olib chiqdi, qo‘limga bir qush, bir xalta berdi, bir tozi, bir po‘stin berdi. Po‘stinni kiftimda ko‘tarib, tozini yetaklab, xaltani qo‘ynimga solib, qushni bir qo‘limga olib bir qirga qarab o‘rladim.
Ovchi menga:
— Tulki chiqsa tozini qo‘yib yubor, kaklik chiqsa qushni qo‘yib yubor, — deb tayinladi.
Ovchi otliq, men esa yayov toqqa chiqdik. Po‘stinni ko‘tarib charchadim, tozining ustiga yopdim, po‘stin turmadi, bir yengini tozining kallasiga bog‘lab, tozining beliga aylantirib o‘rab qo‘ydim. Qushni ko‘tarib qo‘lim toldi, xaltaga solib ko‘tarib oldim. Borayotib edim, oldimdan tulki chiqib koldi. Po‘stinni olguncha bo‘lmay, tozi tulkini quvib ketdi. Po‘stin parcha-parcha bo‘lib toshlarga ilinib qola berdi. Shu yaqindan boy kaklik uchirib: «Qushni qo‘yib yubor», deb tovush qildi.
Qushni chiqarib uchirsam, qush borib to‘p etib yiqildi, ucholmadi, qanoti qayrilib qolibdi-da, deb olib ko‘rsam, qush dimiqib o‘lib qolibdi. Ovchi meni o‘ldiradi deb qochib ketdim.
Yurib-yurib bir boynikiga bordim, Uning xizmatini qilib yurdim. Bu boyning bir xachiri, bir yo‘rg‘asi bor ekan. Bir kun yo‘rg‘asi kasal bo‘ldi.
— O’g‘lim, mol harom o‘lmasin, — dedi.
Men oldimga chiroq yoqib, pichoq qo‘yib yotdim. Bir vaqt turib qarasam, «patir-patir» bo‘lib yotibdi. Chiroq o‘chib qolibdi. Borib chiroqni yoqmasdan, boshini shartta kesib yubordim. Chiroqni yoqib qarasam, xachirning boshini kesib qo‘yibmanu, kasal ot turibdi. Boy meni ertaga o‘ldiradn, deb bundan ham qochib ketdim.
Tong otganda Yangiqo‘rg‘on bozoriga bordim. Ko‘chada oralab yurdim. Bir ayol:
— Nima qilib yuribsan, bolam? — dedi. Men:
— O’g‘li yo‘qqa o‘g‘il, qizi yo‘qqa qiz bo‘laman, — dedim.
— Unday bo‘lsa sen menga o‘g‘il bo‘lgin, — deb qo‘lidagi bolasini qoldirib, — bozordan savdo-sotig‘imni qilib kelib bolamni va seni olib ketaman, — dedi.
Onasi ketgandan keyin bolaga uzum-puzum olib berib o‘tirdim, Onasining daragi bo‘lmadi. Qidirib-qidirib, boyagi ayolni topib oldim.
— Yur, bolangni olgin, — dedim. Ayol:
— Mening bolam emas, seni tanimayman, bolani ham tanimayman, — dedi.
Bolani ko‘tarib ikkovimiz ushlashib, qozining oldiga bordik. Qoziga:
— Mana bu ayol bolasini mendan olmayapti, — dedim.
Qozi ayolga: «Bolani ol», dedi. Ayol: «Mening bolam emas», dedi.
Qozi: «Bolani o‘rtaga o‘tqazib qo‘yinglar, chaqiringlar, bola kimga borsa o‘shaniki», dedi.
Onasi: «Oh beraman», desa, bola bormadi. Men: «Kel ukajon uzum beray», desam bola menga qarab keldi. Qozi bolani sen ol», deb menga hukm qildi. Bolani ko‘tarib ketayotsam, kampir yonimga kelib: «Bolam, qo‘y, xafa bo‘lma, ikkimiz ona-bola bo‘lib qo‘ya qolaylik, deb uyiga olib bordi. Men unikida yurdim. Oradan bir necha vaqt o‘tgandan keyin momomni ham topib olib, birga yashadim.