OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Besh qiz

Bor ekan, yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, qarg‘a qaqimchi ekan, chumchuq chaqimchi ekan. Qadim zamonda Sharq mamlakatlarining birida Kalla bozor mahallasida juda ham kelishgan, o‘n besh yoshlardagi Karomatxon ismli qiz opalari bilan yashar ekan. U qiz bir kuni qo‘liga katta savat ko‘tarib chiqib, bozorga borib uyga kerakli go‘sht-yog‘, guruch, sabzi-piyoz va shunga o‘xshagan mayda-chuyda narsalarni olibdi. Olgan narsalarni ko‘tarib olib borish uchun bozordan bir hammol yollab, uyiga qarab jo‘nabdi. Hammol qo‘lidagi narsalarni ko‘tarib, qizning hovlisiga kelibdi. Hammol umrida bunday hovlini ko‘rmagan ekan, hayron bo‘lib og‘zi ochilib qolibdi. Bu hovlining ichi juda ajoyib ekan. Katta hovli, uylari ostin-ustun, hovlida har turli meva daraxtlar, mevalarni og‘zingga olsang asaldan ham shirin. Hovlining o‘rtasida katta hovuz. Hovuzning to‘rt tarafida chiroyli to‘rtta supa bor. Supalarning ustiga anorrang qizil gilamlar yozilib, atlas, shohi ko‘rpachalar solingan edi. Supalarning atroflarida turli xush isli gullar ochilib turar edi. Uning zinasida oltin zanjirga boylangan ikki ot turar edi. Hammol bu ziynatlangan toza hovliga kirib tomosha qilib turdi. Karomatxon uyga kirib bir tilla olib chiqib hammolga berdi. Hammol qo‘liga tillani olib, bir tillaga, bir Karomatxonga qaradi. Shunda opasi Mo‘tabarxon: “Karomatxon, hammolga yana bir tilla olib chiqib ber, oz ko‘rmasin!”— dedi. Karomat uyga kirib yana bir tilla olib chiqib hammolga berdi. Hammol bu tillani olib yanada hayron bo‘ldi. Mo‘tabarxon hammolga:
— Nimaga hayronsiz, tilla ozmi? — dedi, hammol:
— Men bu ikki tillani bir yilda topar edim. Sizlarning ozgina narsangizni ko‘tarib olib kelganimga ikki tilla berganingizga hayronman. Menga hazillashib berdingizmi yoki rostdanmi? — deb so‘radi.
Mo‘tabarxon:
— Siz bilan nega hazillashamiz, albatta rostdan berdik, — dedi.
Hammol sevinib, xursand bo‘lib tillalarni cho‘ntagiga soldi. Shu vaqtda ko‘cha darvozasini birov taqillatdi. Karomatxon yugurib chiqdi. Ko‘chada uchta ko‘r yigit turgan ekan. Ular:
— Biz musofir yigitlarmiz. Agar mumkin bo‘lsa, bugun sizlarning hovlingizda qo‘nsak, ertaga boradigan yerlarimizga ketar edik, — dedilar. Karomatxon:
— Men opamdan so‘ray, — deb uyga kirib bu so‘zlarni Mo‘tabarxonga aytdi. Mo‘tabarxon musofirlar bo‘lsa, ayt, kirsinlar! — dedi.
Karomatxon chiqib ko‘rlarni boshlab kirdi. Ko‘rlar kirib Mo‘tabarxonga salom berdi. Mo‘tabarxon bularning salomini qabul qilib, bezatilgan supalarga o‘tirishga taklif qildi. Ko‘rlar chiqib o‘tirdilar. Mo‘tabarxon mehmonlar oldiga dasturxon yozib, katta patnisga turli mevalar va shirinliklar qo‘ydi. Karomatxon samovarni keltirdi. Mo‘tabarxon achchiq famil choy damlab, piyolaga quyib mehmonlarga uzatdi. Mo‘tabarxon singlisi Mukarramxonga:
— Sizlar ovqatga harakat qiling! — dedi. Mukarramxon go‘sht, sabzi, piyozni to‘g‘rab, palovga harakat qildi. Palovni damlab qo‘ydi.
Musofirlar choy ichib bo‘ldilar. Mo‘tabarxon dasturxonlarni yig‘ishtirib olib, Mukarramxonga:
— Uydagi cholg‘u asboblarini olib chiq, kelgan mehmonlarga bir soz chalib beraylik! — dedi.
Mukarramxon uyga kirib, dutor, tanbur, g‘ijjak olib chiqdi, Mo‘tabarxon g‘ijjak, Mukarramxon tanburni, Karomatxon dutor chalib, opa-singillar ashula boshladilar.
Bular o‘yin-tomosha qilib tursin. Endigi so‘zni boshqa yoqdan eshiting.
Shu shaharning odil podshohi shu kuni o‘zining dono vaziri bilan maslahatlashdi. “Kechalari xalqimiz nima ishlar bilan mashg‘ul bo‘lar ekan, bir sinaylik”, dedi.
Vazir bu so‘zni ma’qul ko‘rdi. Ikkalasi savdogar kiyimini kiyib, ikkita otni minib shaharni aylanib yurib, Mo‘tabarxonlarning mahallasiga kelib qoldi. Mo‘tabarxonlarning musiqa bilan ashulalari podshohning qulog‘iga eshitildi. Podshoh bu mungli ovozlarni eshitib, ajablandi. Bir oz eshitib turib, vaziriga:
— Shu hovliga kirib ko‘raylik, — dedi. Vazir rozi bo‘ldi. Darhol otdan tushib, ko‘cha darvozasini taqillatdilar. Karomatxon bu ovozni eshitib, dutorini qo‘yib, yugurib chiqdi. Podshoh:
— Biz musofir savdogarlar edik, kechasi qay joyga borishimizni bilmay, shul joyga kelib qoldik. Sizlar hali yotmagan ekansizlar, shu bugun bir kecha bizga hovlingizdan joy bersangiz, yotib ertaga boradigan joylarimizni topib ketsak, — dedi. Karomatxon bu ahvolni Mo‘tabarxonga aytdi. Mo‘tabarxon:
— Musofirlar bo‘lsa, kirsin! —dedi.
Karomatxon chiqib musofirlarni olib kirdi. Podshoh salom berib hammalari bilan ko‘rishdi. Mo‘tabarxon joy ko‘rsatgandan keyin ular o‘tirishdi. Mo‘tabarxon bu mehmonlarga ham boshqatdan patnis yasab, ko‘rlar qatoridan joy berdi. Choy ichilib bo‘lgandan keyin, Mo‘tabarxon kelgan mehmonlar oldiga bir masala qo‘ydi:
— Sizlar musofirsizlar, endi bizlar nima harakat qilsak, ajablanib savol bermanglar. Agarda harakatimiz ustida savol bersangiz qattiq jazo beramiz, — dedi.
Kelgan musofirlar bu gapga rozi bo‘ldilar. Mo‘tabarxon o‘rnidan turib bir oltin tovoqqa palov suzib podshoh bilan vazir oldiga qo‘ydi. Ikkinchi tovoqdagini uchta ko‘rlarga qo‘ydi. Uchinchi tovoqdagini hammolga, to‘rtinchi tovoqdagi palovni o‘zlariga qo‘ydi. Ovqatdan keyin choy ichildi, choy ichib bo‘lingandan keyin dasturxonlar yig‘ishtirib olindi. Yana ashula, soz, o‘yin qildilar. Yarim soat o‘tgandan keyin, sozlarni uyga olib kirib qo‘yib yotdilar. Mo‘tabarxon Mukarramxonga:
— Ikkita kuchukni keltir! — dedi.
Karomatxon qozondagi oshni ikkita oltin tovoqqa suzib keltirdi. Mo‘tabarxon qamchi bilan ikkita kuchukni o‘lguncha urdi. Kuchuklar xuddi odamdek yig‘lar edilar. Mo‘tabarxon urib-urib charchab qo‘li-dagi qamchinni tashlab, kuchuklarning boshlarini silab, yuzlaridan o‘pib, oltin tovoqdagi oshni berdi. Kuchuklar yeb to‘ygandan keyin ularni yana o‘z joyiga bog‘lashdi. Bu ahvolni ko‘rgan musofirlar hayron qoldi. Ayniqsa, podshoh ajablanib toqat qilolmasdan, majbur bo‘lib so‘radi:
— Mo‘tabarxon, nima uchun kuchuklarni urdingiz va nima uchun bosh-ko‘zlarini silab, o‘pib, oltin tovoqda osh berdingiz?! — dedi.
Mo‘tabarxonning achchig‘i kelib:
— Men sizlarga aytgan edim-ku! Nimaga savol berdingiz! Endi mendan xafa bo‘lmang, o‘z gunohlaringiz o‘z bo‘yningizda, — dedi-da, o‘rnidan turib uy yoniga borib, bir tugmachani bosdi, shu onda uch polvon chiqib:
— Nima xizmat, — dedilar. Mo‘tabarxon: — Mana bu ikki savdogar bilan uchta ko‘rning oyoq-qo‘llarini bog‘langiz, — deb buyruq berdi. Polvonlar shu zahoti bularning oyoq-qo‘llarini bog‘ladilar.
Mo‘tabarxon polvonlarga:
— Endi sizga ruxsat, joylaringizga kiring! —dedi.
Polvonlar tugmacha bosilgan uyga kirib ketdilar. Mo‘tabarxon musofirlarga:
— Hoy, aka-ukalar, endi sizlar menga dunyoda qanday yaxshiliklar ko‘rdingiz va qanday azoblar chekdingiz, shularni birma-bir aytib beringiz. Men shu sizlarning tortgan rohat va azoblaringizga qarab jazo beraman, — dedi.
Oyoq-qo‘llari boylangan bechoralar rozi bo‘ldilar. Mo‘tabarxon birinchi ko‘rni gapga soldi.
Birinchi ko‘r boshidan o‘tganlarini hikoya qildi:
— Men Dog‘iston mamlakati podshohining o‘g‘li Shoh Akbar shahzoda bo‘laman. O‘n to‘rt yoshimda otam dono vaziri bilan meni ovga olib chiqdi. Men otam bilan ov ovlab, u yoq-bu yoqni aylanib yurdim. Ovni ovlab bo‘lganimizdan keyin otam bilan vazir ikkalasi dam olib o‘tirdi. Men ham o‘tirdim. Bir vaqt miltiqni qo‘limga olib qarasam, o‘q turadigan joyi kirlanib qolibdi. Ichida o‘qi borligini bilmasdan, otiladigan joyini bosib yuboribman. O‘q borib to‘g‘ri vazirning bir ko‘ziga tegib, ko‘r qildi. Otam meni so‘kdi. Men:
— Ota, miltiq ichida o‘q yo‘q deb bosgan edim, qachon o‘q solganimni o‘zim ham bilmayman, — deb qo‘rqib yig‘ladim.
Vazirning juda achchig‘i keldi. Lekin otamdan qo‘rqqanidan hech narsa qilolmadi. Shuning bilan ovlagan narsalarimizni olib shaharga ketdik. Oradan uch-to‘rt oy o‘tgandan keyin otam menga:
— O‘g‘lim, endi sen amaking oldiga borib, o‘sha yerda o‘qigin. Vazirning ko‘zi ko‘r bo‘lgandan beri avzoyi boshqacha bo‘lib qoldi. Men qo‘rqaman, yana men yo‘q vaqtimda seni bir narsa qilib qo‘ymasin! — dedi.
Men otamning gapiga ko‘ndim. Otam meni bir necha askarlar bilan ertasiga Bo‘ston shahriga kuzatdi. Biz kemaga tushib, bir necha kunlar yurib Bo‘ston shahriga keldik. Amakim Bo‘ston shahrining podshohi edi. Otam mening ketganimni amakimga xabar qilgan ekan. Amakim bir qancha askarlar bilan kelib, meni qarshi oldi. Uylariga borib bir-ikki oy mehmon bo‘lganimdan keyin, amakimning o‘g‘li bilan qizi o‘qiydigan maktabga kirib o‘qib yurdim. Amakimning o‘g‘li mendan to‘rt yosh katta edi. Orada ikki yil o‘qiganimizdan keyin amakimning o‘g‘li Xo‘ja Тursun shahzoda o‘z singlisi Тo‘lganoyga xushtor bo‘lib qoldi. Тo‘lganoy ham akasiga xushtor bo‘ldi. Men bu ahvolni ko‘rib hayron qoldim, lekin amakimga bu ahvolni aytmadim. Kunlarning birida amakim bu masalani eshitib qolibdi. Achchig‘i kelib qizi Тo‘lganoyga alohida bir saroy soldirdi, maktabdan chiqarib saroyga qo‘ydi. Qirqta kanizak qizlari bo‘lsa ham, podshoh ishonmasdan bir qancha yasovullarni qorovul qilib qo‘ydi.
— Agarda o‘g‘lim shul joyga keladigan bo‘lsa, tutib olib mening huzurimga keltiring, — deb buyruq berdi. Oradan bir yil o‘tgandan keyin amakimning o‘g‘li meni chaqirib olib:
— Ukam, bizning ahvolimiz juda og‘ir. Shul og‘irliklarni ko‘raman desang, bugun men seni bir joyga olib boraman, — dedi. Men ajablanib:
— Mayli, borsam boray! — dedim. Amakimning o‘g‘li “xuddi nomozgarda ketamiz”, dedi. “Xo‘p” dedim. O‘qishni o‘qib qaytib uyga keldik, ovqatlarni yeb chiqib ketdik. Bozorlarga borib aylanib tomosha qilib, kunni kech qildik. Nomozgarda aytgan joyiga meni olib bordi.
Ul vaqtda qorong‘u tushgan edi. Meni ko‘chada qoldirib o‘zi bir hovliga kirib ketdi, birozdan keyin bir qopni yelkasiga qo‘yib ko‘tarib chiqdi.
— Yur! — dedi. Men ham yuraverdim. Shaharning chetiga chiqib qopning og‘zini ochdi. Qarasam, qopning ichidan singlisi Тo‘lganoy chiqdi. Men juda hayron bo‘ldim. Amakimning o‘g‘li o‘n qadam olg‘a borib qumni tortdi. Bir eshik bor ekan, eshikni ochib singlisini kirgizib yubordi-da, menga qo‘lini berib, “xayr, ukam, endi sen bizdan rozi bo‘l, qiyomatda ko‘risharmiz. Bizlarning oxirgi ahvolimiz mana shul bo‘ldi. Bu ko‘rgan sirni hech kimga aytmagin, ketar vaqtingda shu eshikni yopib, qumlarni boyagiday qilib ket! — deb xayrlashdi-da, uyga kirib eshikni yopdi, men aytganicha qilib, qumlarni eshik yoniga to‘plab yopib ketdim. Uyga borsam amakim:
— Тursunni ko‘rdingmi? — deb so‘radi. Men: — Ertalabdan kechgacha birga edik, bir joyga boraman deb ketgandan beri ko‘rmadim”, — dedim.
Ertasiga uyqudan tursam, qiz-o‘g‘il yo‘q deb amakilar xafa bo‘lib o‘tiribdilar. Men maktabga ketdim. Oradan ikki oy o‘tganda men o‘qishimni tamom qildim va o‘z otam shahriga jo‘namoqchi bo‘ldim. Qarasam, amakim o‘g‘li bilan qizini axtarib charchadi va juda og‘ir ahvolda qoldi. Bularning ahvolini ko‘rib rahmim kelib, bo‘lgan ishlarning hammasini amakimga aytdim. Amakim:
— Meni o‘sha joyga boshlab borgin, — dedi. Men amakimni boshlab borib, haligi eshikni ochdim. Amakim ikkalamiz kirsak, bular yer ostiga bir uy soldirgan ekan. Ikkalasi birgalashib quchoqlashib yotgan joyda jon berib, qop-qora ko‘mir bo‘lib kuyib ketgan ekanlar. Amakim bu ahvolni ko‘rib: “Senlarning tortadigan azoblaring shu edi. Men senlarga bu azoblarni berishga xudodan qo‘rqqan edim. Ammo senlarning qilgan yaramas ishlaringga xudoi taoloning qahri kelib, mening ko‘nglimdagiday azobni beribdi”, — deb uydan chiqdi.
Men ham birga chiqib eshikni yopib, boyagiday qilib qumni surib qo‘ydim. Shuning bilan amakim ikkalamiz uyga ketdik. Bu ahvolni ko‘rgandan keyin amakimning qayg‘u o‘tlari o‘chdi. Oradan bir hafta o‘tgandan so‘ng men amakimdan shahrimga ketishga ijozat so‘radim. Amakim:
— Sen ketmagin, menga o‘g‘il bo‘lgin! — dedi. Men:
— Otam yoniga borib, ko‘rib, undan keyin kelay! —dedim. Amakim rozi bo‘lib, bir qancha sovg‘alar berib, bir qancha askarlar bilan yo‘lga solib yubordi. Otamning nomiga “o‘g‘ling ketdi”, deb xat berib yubordi. Biz kemaga tushib jo‘nadik. Bir necha kun yo‘l yurib, shahar chetidagi sohilga tushdik. Ovqatlanib, yangi kiyimlarimni kiyib tursam, bir to‘p askarlar ko‘rindi.
Men:
— Otamning askarlari meni qarshi olish uchun kelayotibdi, — deb qarab tursam, askarlar mening qo‘l-oyog‘imni bog‘lab, hamma askarlarimni qirib, meni olib ketdi. Bir vaqt zindonga tashladi. Zindonda ikki kun och yotdim. Uchinchi kuni podshoh oldiga olib chiqishdi. Qarasam, otam o‘lib, otamning o‘rniga ko‘r vazir podshoh bo‘lgan ekan. Mendan o‘ch olmoq uchun bu ishlarni qilgan ekan. Podshoh bo‘lgan vazir g‘azab bilan yonimga kelib:
— Esingda bormi, mening ko‘zimni ko‘r qilgansan! —deb qo‘lini ko‘zimga tiqib, shul zamon bir ko‘zimni ko‘r qildi. Bu azobni oz ko‘rib, darhol jallodni chaqirib:
— Bu badbaxtni chop! — deb buyurdi.
Jallodlar meni chopishga olib ketdilar. Men jallodlarga yalindim, yolvordim, o‘zimni ularga tanitdim. Bular otamning jallodlari edi. Menga rahmlari kelib: “Bu shahardan qochib, boshqa shaharga ketgin. Agarda podshoh bilsa, sening ham, bizning ham kallamizni oladi”, dedi. Shul shahardan ketishga qasam ichdim. Jallodlar meni qo‘yib yubordi. Men ularga ming-ming rahmatlar aytib, qochdim. Jallodlar ketdilar. Men shul qochganimcha o‘n kun yo‘l yurib, shahringiz choyxonasiga kirib choy ichib o‘tirgan edim, bul ikki o‘rtoq ham shu yerga kirdilar. Bular bilan tanishib, bir-birimizning hol-ahvollarimizni bilishib, uchalamiz o‘rnimizdan turib sizning huzuringizga qadam bosgan edik, — deb so‘zini to‘xtatdi. Mo‘tabarxon:
— Karomatxon, bu akangning oyoq-qo‘llarini yechib yubor. O‘zining tortgan azoblari ham oz emas ekan, — dedi.Karomatxon darhol uning qo‘llarini yechib yubordi. Mo‘tabarxon ikkinchi ko‘rga:
— Qani, yigit, endi sizga navbat, — dedi.
Ikkinchi ko‘r ham boshidan o‘tganlarini hikoya qila boshladi:
— Men Kan’on shahri podshohining o‘g‘li G‘olib shahzoda bo‘laman.
Meni otam o‘qitdi, yaxshi ilmdor bo‘ldim. Juda chiroyli xat yozardim.
Mening yozgan xatlarimni ko‘rganlar juda havas qilar edilar. Mening chiroyli xat yozishimni Hirot shahrining podshohi eshitib; “O‘g‘lingni menga yuborgin, men o‘zimga kotib qilaman” deb otamga noma yozibdi.
Otam bu so‘zni menga aytdi. Men rozi bo‘lmadim. Otam:
— O‘g‘lim, seni yo‘qlatgan katta podshoh. Men unga bo‘ysunaman, agar seni yubormasam, bo‘lmaydi, — dedi. Otamning bu so‘zini eshitib:
— Mayli, borsam boray, — dedim. Ertasiga otam meni besh yuz askari bilan Hirot shahriga jo‘natdi. Biz kema bilan bir necha kunlar yo‘l yurib, Hirot shahrining bir chetiga borib tushdik. U dengiz bo‘yidagi shahar buzilib ketgandan keyin odamlar boshqa yoqqa ko‘chib ketgan ekan. Biz bilmasdan shu yerga tushib ovqatlanib yotdik. Bir mahal hammamiz miltiqlarni bir joyga to‘plab dam olib yotgan edik. Oradan biroz vaqt o‘tgach, otlarning oyoq tovushi keldi. Bizni kutib olishga podshoh askar yuboribdi-yu, deb turgan edim, haligi otliq askarlar birdaniga bizlarga hujum qildilar. Mening askarlarimni otganini otdi, chopganini chopdi, men qo‘rqqanimdan o‘liklar orasiga kirib yotib oldim. Mening bitta ham askarlarim qolmadi. Hammasini o‘ldirib, mollarini, miltiqlarini olib qochdilar. O‘ylasam, bularning hammasi qaroqchilar ekan. Ertasiga ertalab u yoq-bu yoqqa qarasam jimjitlik. Sekin o‘liklar orasidan chiqib, molboqar bolaning kiyimini topib kiyib, shaharga qarab jo‘nadim. Bu ahvolim bilan podshoh oldiga borishga nomus qildim. Aylanib yurib bir tikuvchi do‘koniga uchradim. Kirib salom berdim. Ul kishi alik olib, menga joy ko‘rsatdi. O‘tirdim. Ul kishi:
— Siz kim bo‘lasiz, qayerdan keldingiz? — deb so‘radi. Men boshimdan o‘tgan ishlarni gapirdim, ham:
— Shu podshohingiz oldiga ketayotib, qaroqchilarga uchrab, bu falokatlarga qoldim. Podshoh oldiga borishga nomus qilaman, agarda imkoniyat bo‘lsa, sizning oldingizda bir necha vaqt ishlab, o‘zimni tuzatib, keyin podshoh oldiga borsam, — deb iltimos qildim. Tikuvchi:
— Bolam, men bu gaplardan xabardorman. Podshoh oldiga bormay, mening oldimga kelib yaxshi qilibsan. Baxtingga yarasha ko‘radigan umring bor ekan, — dedi. Men:
— Bu nima deganingiz, men tushuna olmadim, — dedim.
Tikuvchi so‘zni boshlab: “Bu podshohimiz sening otangga o‘chakishgan. Qanday bo‘lmasin seni bu yerga olib kelib, otangni podshohligidan bo‘shatmoqchi edi”, dedi.
Men:
— Siz bu ishlarni qaydan bilasiz? — dedim. Tikuvchi:
— Men podshohning kiyimlarini tikadigan ustaman. Bir vaqt vazir bilan podshoh sening to‘g‘ringda maslahatlashib turganida eshitdim. Men podshohning bu buzuq fikrini eshitib xafa bo‘ldim. Usta yaxshi odam ekan, “Xafa bo‘lma, o‘g‘lim, ertaga men seni o‘tinchilarga qo‘shib qo‘ya-yin, biroz vaqt o‘tin sotib yurib, kiyimlaringni tuzatib olib, bu shahardan qaytib ketarsan”, dedi.
Men bu gapga juda sevindim. U kuni ustaning uyida mehmon bo‘lib yotdim. Ertasiga usta bir necha o‘tinchilar bilan tanishtirib, ularga qo‘shib qo‘ydi. Shul kundan boshlab qo‘limga arqon, tesha olib o‘tinchilarga qo‘shildim. Bir necha kunlar o‘tin sotib yurdim. Bir kun o‘tinchilardan bir soat burun turib arqon, boltani olib o‘tinga ketdim. Тog‘larni oralab yursam, bir joyda bir quruq daraxt turibdi. Men “Bu quruq daraxtni yiqitsam, bir qancha o‘tin qilib sotaman” deb o‘ylab, daraxtning tagini bolta bilan chopdim. Belidan arqon solib tortgan edim, qars-qurs qilib ildizlari bilan qo‘porilib yiqildi. Daraxtni maydalab qopga solmoqchi bo‘lib tursam, ildizi tagida bir g‘or ko‘rindi. Bu qanday g‘or ekan deb, ichiga kirsam, yo‘l bor ekan, nariroqda bir eshik ko‘rindi. Eshikni ochsam, bir qiz o‘tiribdi. Oy desa, og‘zi bor, kun desa ko‘zi bor. Shunday kelishgan chiroyli qiz olamda shudir, dedim. Qiz:
— Voy o‘lay, odamzodmisiz? — dedi. Men:
— Albatta, — dedim. Qiz yugurib kelib:
— Odamzodni ham ko‘rar ekanman, — deb ko‘rishib yig‘layverdi. Menga atlas ko‘rpachalar solib, o‘tirishga taklif qildi. Men o‘tirdim.
O‘rnidan turib, yenglarini shimarib, ovqat qilib, mening oldimga qo‘ydi. Men ovqat yeb o‘tirib:
— Siz kim bo‘lasiz, bu yerda nima qilib yuribsiz! — dedim. Qiz so‘z boshlab:
— Men Fors yurti podshohining qizi Kumushxon bo‘laman, o‘n besh yoshimda menga bir dev xushtor bo‘lib, bir kechada o‘g‘irlab olib qochib kelgan. Meni shu yerda boqib yuradi, — dedi. Men:
— Qachon olib qochgan? — dedim. Kumushxon:
— Ikki yil bo‘ldi, — dedi.
— Bu g‘orning ichida yurguncha qochib ketsangiz bo‘lmaydimi? — dedim. Qiz:
— Hech qochishning iloji yo‘q, padari la’natlardan qutulish qiyin, — dedi. Men:
— Dev qayerda va qachon keladi? — dedim. Kumushxon:
— Hozir Ko‘hiqofda. Qirq kunda bir kelib ketadi, — dedi.
— Agarda uyda bir narsadan qo‘rqsangiz devni qanday chaqirasiz? — deb so‘radim. Kumushxon:
— Menga kerak bo‘lsa, mana bu tugmachani bossam, shul zamon dev keladi, — dedi. Qiz u yoq-bu yoqqa qaraganda, men o‘ynab haligi tugmachani bosib qo‘ydim. Shul zamon havo bulutlanib, qor-yomg‘irlar yog‘ib, bo‘ron bo‘lib ketdi. Kumushxon:
— Voy endi o‘lmay qachon o‘laman? Siz devni chaqirib qo‘yibsiz! Kelayotibdi, qoching, — deb yig‘lab, menga boshqa yo‘l ko‘rsatdi. Men qochib ketdim. Bir uyga borib qo‘rqqanimdan qimirlamay yotaverdim. Dev kelib qizdan:
— Nima gap, nima so‘z? —deb so‘radi. Qiz:
— Hech gap yo‘q, yaxshi ovqat pishirgan edim, birgalashib yeylik deb chaqirdim, — dedi. Dev indamay ovqatni yeb, g‘or og‘zidagi arqon bilan boltani olib, odam suratiga kirib, shaharga, to‘g‘ri tikuvchi yoniga borib:
— Bu bolta bilan arqon kimniki? — debdi. Tikuvchi:
— Bilmayman, o‘tinchilardan so‘rang, hali bitta o‘tinchi qaytib kelgan edi. Shunikimikin, — debdi. Dev mening yonimga odam suratida qaytib kelganidan xabarim yo‘q. “Arqon bilan bolta siznikimi?” deb so‘radi. Men nima deyishimni bilmay, to‘g‘risini aytib “meniki”, dedim. Dev: “Usta sizni chaqiryapti, yuring, chiqamiz”, dedi. Yuragim shuv etib, qo‘rqib ketdim. Dev meni qo‘ltig‘iga qisib, havoga ko‘tarildi, to‘g‘ri Kumushxon oldiga olib kirib, qo‘limga bir qilich berdi, qizni chop! — dedi. Men:
— Bekordan-bekorga qizni nimaga chopaman, — deb unamadim. Mendan qilichini tortib olib, Kumushga berdi. Yigitni choping! —dedi. Qiz ham:
— Men bekorga nega chopaman, gunohi bo‘lmasa, — dedi. Dev achchig‘i bilan qizning qo‘lidan qilichni tortib olib, qizni burda-burda qilib tashladi. Qizni chopib bo‘lib, “Endi seni qanday o‘ldiray”, dedi.
Men “Ixtiyor o‘zingda” dedim. Bir vaqt bir narsani o‘qib menga puflagan edi, men shul zamon maymun bo‘lib qoldim. Dev meni osmonga ko‘tarib, uchib yurib bir qo‘rqinchli biyobonga tashlab yubordi. Men maymun bo‘lib daraxtma-daraxt sakrab besh-olti kun shul joylarda yurdim. Maymun suratida bo‘lganim bilan aqlim bor, faqat tilim yo‘q. Bir haftadan keyin daraxtga chiqib o‘tirsam, bir kema kelayotir.
Darrov daryo bo‘ylab kemaning orqasidan borsam, u sohilda to‘xtadi. Men chetga qarab turdim. Odamlar tushdilar, yana chiqdilar. Kemada qo‘ng‘iroq chalinganda men kemaga sakrab chiqib oldim. O‘tirgan odamlar bu kema haydovchining maymuni bo‘lsa kerak deb yo‘l bo‘shatdilar.
Men to‘g‘ri kema boshlig‘i yoniga kirib, ko‘rishgani qo‘limni uzatdim. Kema boshlig‘i kulib qo‘l berdi. Uning yordamchisi bor edi. U hayron bo‘lib qoldi. Kema boshlig‘i: “Bu birovlarning boqqan maymuni bo‘lsa kerak, adashib bizga kelibdi” deb gapirganiga arang tushunib o‘tirdim. Orada bir necha kun yo‘l yurgandan keyin, bir kuni boshliq bilan yordamchisi shaxmat o‘ynadilar. Men bularning o‘ynaganiga qarab o‘tirdim. Boshliq ikki marotaba mot qoldi. Shundan keyin o‘yinni to‘xtatdilar. Men boshliq bilan o‘ynamoqchi bo‘lib, unga ishorat qildim. Boshliq mening bu so‘zimga tushundi, shaxmat o‘ynadik. Men boshliqni mot qildim. Boshliq bilan yordamchisi menga hayron bo‘ldilar. O‘yinni tamom qildik. U kuni tong otgandan keyin Quddus shahriga kelib to‘xtadik. Bir vaqt qarasam, kema ichidagi odamlar ariza yozib har birlari uni alohida jildga soldilar. Men boshliqdan ishorat bilan qalam-qog‘oz so‘radim. Boshliq so‘zimga tushunib menga qalam-qog‘oz berdi. Men o‘tirib ariza yozdim. Boshliq mening xatimga qarab ajablandi. Yozib bo‘lib, jildga solib, boshliqqa berdim. Boshliq hamma odamlarning arizalarini yig‘ib, shu shaharning podshosiga olib ketdi. Ariza yozishimizning sababi, podshohga chiroyli xat yozadigan kotib kerak bo‘lgan ekan. Boshliq arizalarni olib, podshohga beribdi. Podshoh xatlarni ochib ko‘rib, mening yozgan xatimni yaxshi ko‘rib:
— Shul odamni menga keltiring! — debdi. Boshliq podshohga qarab kulib:
— Podshohim, buni yozgan odamzod emas, maymun, — debdi.
Podshoh ajablanib, bunday xat yozadigan qanday maymun, sizning maymuningizmi? —deb so‘rabdi. Boshliq:
— Meniki emas, falon sohilda adashib kemaga tushdi. Biz ham birga olib kelaverdik, — debdi. Podshoh:
— Mayli, menga keltiring! — debdi. Boshliq meni podshoh oldiga keltirdi. Podshoh meni ko‘rib, qo‘limga qog‘oz berdi, xat yoz deganday bo‘lib turdi. Men bu safar oshiqmasdan ilgarigidan ham chiroyli qilib ariza yozdim. Podshoh:
— Maymunning xat yozganini endi ko‘rdim, — deb kuldi va meni o‘ziga kotiblikka olib qoldi. Boshliq ketdi. Ertasiga podshoh meni xotini oldiga olib kirib o‘tirdi. Xotini menga ovqatlar berdi, yedim.
Podshohning juda ko‘p o‘qib, ilmdor bo‘lgan o‘n sakkiz yoshlardagi bir qizi bor ekan. Podshoh u qizini keltirish uchun xizmatkorlardan birini yubordi. Xizmatchisi borib qizni olib keldi. Qiz eshikni ochib, kirmasdan orqasiga qaytdi. Podshoh:
— Kir, qizim, bu joyda men, onang, maymundan boshqa hech kim yo‘q! — dedi. Qiz:
— Kirmayman, ul maymun emas, odam, — dedi. Podshoh:
— Men seni ko‘rsin deb chaqirtirgan edim, kiraver, — dedi. Qiz kirdi, meni ko‘rib podshohga:
— Ota, bu maymun emas, odamzod, — dedi. Podshoh:
— Qaydan bilding? — dedi. Qiz: “Albatta, bilaman. Bu odam jodu qilingan”, dedi. Podshoh qizdan: “O‘z asliga keltirish mumkin bo‘ladimi?” dedi. Qiz: “Bo‘ladi, lekin juda qiyin”, dedi. Podshoh:
— Qizim, agarda asliga keltirib, odam qilishning iloji bo‘lsa, sen o‘qib qaytargin, men o‘zimga kotib qilib olaman, — dedi.
Qiz otasining so‘zini qaytara olmay, xo‘p, dedi. Shu kuni kechasi bilan o‘qib, tong otganda meni odam suratiga kirgizdi. Podshoh bilan xotini men bilan qaytadan ko‘rishdi. Birozdan keyin podshohning bog‘iga chiqib o‘tirgan edik, shu orada osmonda bir kaptar paydo bo‘ldi. Qiz o‘rnidan turib: “Jodu qilgan dev men bilan kurashishga keldi”, dedi. O‘zi duo o‘qib bir katta qora qush bo‘ldi, kaptar bilan olishdi. Bir vaqtda kaptar yerga tushib, yumalab it bo‘ldi. Qiz yumalab sher bo‘ldi — yana olishdi. Oxirida turli narsalar bo‘lib, bir-birlarini yenga olmadi. Qizning achchig‘i kelib, bir katta o‘t bo‘lib devni kuydirdi. Shu vaqtda o‘t uchquni ko‘zimga sachrab, ko‘zim ko‘r bo‘ldi. Qiz devni kuydirib, o‘zi ham o‘ldi. Bu ahvolni ko‘rib turgan onasining yuragi yorilib o‘ldi. Podshohning g‘azabi kelib:
— Yo‘qol haromi, mening shahrimda turma, men senga yaxshilik qilaman deb, xotin va bolamdan ajraldim, — deb meni haydab yubordi.
O‘ldirmay haydab yuborganiga ming bor shukrlar qilib, shu qochganimcha, ko‘p azoblar chekib, necha kunlar yo‘l yurib, shu shaharga kelib, choyxonaga kirib, bu o‘rtoqlar bilan tanishib, choy-xonadan chiqib, sizning uyingizga keldik, — deb so‘zini tamom qildi. Mo‘tabarxon:
— Karomatxon, bu akangning ham oyoq-qo‘llarini yechib yubor, o‘zining tortgan azoblari ham yetar ekan, — dedi. Karomatxon shu zahoti uning oyoq-qo‘llarini yechib yubordi. Mo‘tabarxon uchinchi ko‘rga:
— Qani, yigit, sizga navbat! — dedi.
Uchinchi ko‘r boshidan o‘tganlarini hikoya qila boshladi:
— Men ham Misr podshohining o‘g‘li shahzoda Bahrom bo‘laman. Men har yili bir marotaba o‘rtoqlarim bilan kemaga tushib Quddus shahriga borib, tomosha qilib qaytar edim. Kunlarning birida Quddus shahriga boradigan vaqtim bo‘ldi. O‘rtoqlarimni olib kemaga tushib, Quddus shahriga jo‘nadik. Biz har doim Quddus shahriga olti kunda yetar edik. Bu gal juda qattiq bo‘ron bo‘lib, to‘lqindan daryo toshib ketdi.
Olti-yetti kun bo‘ldi, hech yetolmadik. Bo‘ronlar ham to‘xtadi. Men kema boshlig‘i oldiga kirib: “Bugun yetti kun bo‘ldi, nima uchun yetolmaymiz”, deb so‘radim. Boshliq xafa bo‘lib turib:
— Shahzodam, bo‘ron-to‘lqinlarda yo‘ldan adashdik, endi o‘zingizning joningizni qutultiring. Mana bu ko‘ringan yonar tog‘ bizlarni o‘ziga tortyapti, — deb yig‘lab yubordi.
Men qo‘rqqanimdan shu zamon o‘zimni daryoga tashladim. Kema yonar tog‘ga yaqinlashib, tog‘ga urilib, halok bo‘ldi. Men daryoda oqib-oqib ikki kecha-kunduzda bir orolga kelib qoldim, qarasam, to‘rt tarafim suv, ichimda: “Endi o‘larkanman”, dedim. O‘yladim-o‘yladim, bu falokatdan qanday qutulishni bilmadim. Suvda oqib juda holsizlangan ekanman, shu yerda dam olib tavakkal qilib uxladim. Bir mahal tush ko‘rdim. Тushimda Xizr ota:
— O‘g‘lim, xafa bo‘lma, o‘rningdan turib, o‘n besh qadam oldinga qarab yurgil, shul joyda bir eski uy bor, qo‘rqmasdan, eshikni ochib kir. O‘ng tarafdagi tomda hazrat Alidan qolgan bir o‘q-yoy osig‘liq turibdi, qo‘lingga olib yigirma qadam o‘ng qo‘lga qarab yursang, bir tepada misdan yasalgan ot bor. Otning ustida qalqon ushlab o‘tirgan bir odam bor, ko‘ziga ko‘rinmasdan, yashirinib turib, haligi odamni ko‘zlab kamondan o‘q otsang, ul odam daryoga yumalab tushadi-da, yoningga bir kema keladi, sen gapirmasdan, kemaga tushgin, seni daryodan bir chetga chiqarib qo‘yadi. U odam suv egasi bo‘ladi, — dedi. O‘rnimdan sakrab turdim-da, tushimda ko‘rgan narsalarni qilib ko‘ray deb, tavakkal deb o‘n besh qadam oldinga qarab yurdim. Bir eski uyga uchradim, eshikni ochib uyga kirsam, bitta o‘q-yoy o‘ng tarafdagi devorda osig‘liq turibdi. Olib chiqib yigirma qadam o‘ng qo‘l tarafga yurdim. Qarasam, bir tepalikda misdan yasalgan ot ustida qalqon tutgan odam o‘tiribdi, ko‘ziga ko‘rinmay, yiroqdan otgan edim, o‘q ul odamga tegib, daryoga yumalab tushdi. Shu onda kemada bir odam kelib menga qaradi. Men indamasdan kemaga tushdim. Daryoning chetiga yaqin qolganda yuragim hovliqdi. Qo‘rquv paydo bo‘ldi. Shul vaqtda haligi odam meni suvga tashlab, kema bilan g‘oyib bo‘ldi, qancha azoblar bilan zo‘rg‘a suvdan chetga chiqdim. Bo‘rilarning ovozlari eshitildi. Qo‘rqqanimdan shul joydagi bir katta daraxtga chirmashib chiqib o‘tirdim. Oradan bir kun o‘tgandan keyin, daraxt ustidan daryo tomonga qarasam, bir kema kelayotir. Indamay turdim. Haligi kema to‘xtab, undan uch kishi tushdi, yuz qadam yurib tikanli yerga kelib, bir tikanni olib tashladi-da, yer ostiga kirib ketdi. Men hayron bo‘lib qarab turdim. Bir vaqt yer ostiga kirib ketgan odamlarning biri qolib, ikkitasi chiqib kemaga tushib ketdilar. Ular ketgandan keyin daraxtdan tushib haligi joyga bordim. Qurigan tikan shoxini olib tashlasam, bir eshik paydo bo‘ldi, eshikni ochib kirsam, yer ostida uzun ketgan yo‘l bor ekan. Haligi yo‘l bilan yurdim. Yana bir eshikni ochdim, qarasam ostin-ustunli uy. Ajablanib tursam, bir yigit uydan chiqib:
— Jon shahzodam Bahrom, meni o‘ldirmang! — deb oyog‘imga yiqilib yig‘ladi. Men bu bolani hech tanimayman, mening ismimni ham, shahzoda ekanimni ham bilganiga ajablanib:
— Siz mening ismimni qayerdan bildingiz? — deb so‘radim. Yigit: — Men Kan’on shahridagi Jalol boyning o‘g‘li Ibrohim bo‘laman. Otam bir kuni bir katta munajjimga mening taqdirimni bilish uchun fol ochirgan ekan, ul kishi: “o‘g‘lingizning o‘limi Bahrom shahzoda qo‘lida, qirq kunda Misrdan kelib o‘ldiradi”, degan ekan. Otam qo‘rqib shul joyga imorat qilib, meni sizdan qochirib saqlab yurardi. Mana bugun qirqinchi kun edi, — dedi.
— Men seni nega bekordan-bekorga o‘ldiraman, menga hech zarar qilgan emassan, sen bilan tanishdim. O‘z boshimga og‘ir kunlar tushib, shul joylarga adashib kelib qoldim. Endi sen menga ini bo‘l, men aka bo‘lay,— dedim. Yigit juda sevinib, o‘rnidan turib pastdagi uyga boshlab kirdi. Uylari juda yasatilgan ekan, havasim keldi. Yigitning har turli pishirilgan tayyor ovqatlari bor ekan, oldimga qo‘ydi, men necha kunlardan beri och edim, yeb to‘ydim. Bir vaqt Ibrohim:
— Yuqoridagi uyda tarvuz bor, olib chiqay, — dedi.
— Siz o‘tiring, men olib chiqay, — dedim. Zinaga chiqayotsam, Ibrohim: “Bahrom aka, pichoq ham shul joyda, ola chiqing!” dedi. Xo‘p deb kirdim. Тarvuz juda katta ekan, pichoqni olib tarvuzga sanchib, zinadan tushib kelayotib qoqilib ketdim, tarvuz qo‘limdan tushib ketib, pichoq haligi yigitning yuragiga sanchilib o‘lib qoldi. Juda xafa bo‘lib yig‘ladim. “Тarvuzni yemay o‘lay”, dedim. O‘rnimdan turib nima qilarimni bilmay, qaytib haligi daraxt ustiga chiqib, bir kechani o‘tkazdim, ertasiga daryoda yana kema ko‘rindi. Nazar solsam, haligi Ibrohimni olib kelgan kema. Bu kemada besh kishi ko‘rindi. Kemani to‘xtatib, Ibrohim yotgan joyga kirib ketdilar, biroz vaqtdan keyin yig‘lashib Ibrohimni ko‘tarib chiqib kemaga solib ketdilar. Ular ketgandan keyin daraxt ustidan tushib Ibrohim turgan uyga borib, qolgan ovqatni yeb, bir necha kun turdim. Bir kuni daryoga chiqsam, daryoning suvi o‘zidan-o‘zi kamayib qurib ketibdi. Men sevinib daryoning ul tarafiga o‘tdim. Ul tarafga o‘tib, chap tomonga qarab yurdim. Bir kun yurganimdan keyin bir shaharga keldim. Shaharda bir masjid bor ekan. Masjidda qalandarlar zikr qilib yig‘lab o‘tiribdi.
— Hoy aka, bu nima gap, nima uchun yig‘laysizlar? — deb so‘radim.
Ular:
— Agarda bu sirni bilmak istasang, bozorga borib, bir katta qo‘y olib kel, so‘yib go‘shtini bizlarga ber, o‘zing terisiga kirib tursang, shundan keyin biz senga bu sirlarni aytamiz, — dedi.
Shundan keyin shu qalandarlarning sirlarini bilay dedim-da, qo‘y olib kelib so‘yib, go‘shtini ularga berib, o‘zim terisiga kirib yotdim. Bir vaqt bir katta semurg‘ qush uchib tushib, meni ko‘tarib ketdi.
Bir cho‘l-biyobonga borganda meni yemoqchi bo‘lgan edi, men teri ichidan chiqishim bilan semurg‘ mendan qo‘rqib uchib ketdi. Men yana cho‘l-biyobonda qoldim. Тo‘rt tarafimga qarasam, hech yaqin shahar ko‘rinmaydi. Тavakkal deb bir necha kun yurganimdan keyin bir bog‘ ko‘rindi. Shul bog‘ tomonga borsam, juda katta bir uy bor ekan. Eshigini taqillatdim. Bir qiz yugurib chiqdi. Men ul qizga o‘zimning ahvolimni bayon qildim. “Bu joy parilar podshohi qizining joyi, men kirib so‘ray, ruxsat bersa, chiqib aytaman”, deb qiz kirib ketdi. Birozdan keyin bir necha qizlar chiqib, meni boshlab parilar podshohining qizi oldiga olib kirib qo‘ydilar-da, o‘zlari chiqib ketdilar. Men bu joyda o‘tirib boshimdan o‘tgan ishlarni qizga aytib berdim. Nima sababdan o‘z shahrida turmay, bu cho‘l-biyobonda o‘tirganini qizdan so‘radim. Qiz aytdi:
— Mening otam parilarning podshohi, menga devlar xushtor bo‘lib yurganda, otam ulardan qochirib shul cho‘l-biyobonga bog‘-bo‘ston, imoratlar qilib, olib kelib qo‘ydi. Har uch oyda otamni ko‘rib kelaman. Mening otimni Mohipari, deydilar, — deb boshidan o‘tganlarini aytib berdi.
Shul joyda bir-birimizga muhabbatimiz tushib, Mohipari menga tegishga rozi bo‘lib: “Men uch kundan keyin ota-onam oldiga borib, ularni ko‘rib, sizga tegish maslahatini qilib, ruxsat olib kelaman. Undan keyin to‘y-tomosha qilib, turmush quramiz”, dedi.
Shundan keyin Mohipariga ikki kun mehmon bo‘ldim, uchinchi kuni u menga bir necha kalitlarni berib:
— Men kelguncha bog‘larni tomosha qiling, lekin qirqinchi bog‘ga kirmang. Men o‘zim kelganda sizni olib kiraman, — dedi. Qiz qirq kanizaklari bilan bir-bir yumalashib qirq bir kaptar bo‘lishib uchib ketdilar. Shul joyda o‘zim yolg‘iz qoldim. Bu bog‘lar bir-biridan ortiq darajada ziynatlangan. Endi Mohipari “Ochmagin” degan qirqinchi bog‘ga keldim. “Nima bor ekan”, — deb havas qilib, eshikni ochib kirdim. Bog‘ga kirsam, bu bog‘ o‘ttiz to‘qqiz bog‘dan ham ortiq ziynatlangan. Тurli gullar ochilgan, turli mevalar pishgan, bulbullar sayragan. Hech chiqqim kelmay qoldi. Bog‘ning o‘rtasida oltin-kumushdan yasalgan katta hovuz, tiniqlikdan hovuzning tagi ko‘rinar edi, Shul hovuzning bo‘yida butun asboblari bilan bir ot suratdek qotib turibdi. Havasim kelib otning ustiga minib, bir qamchi urdim. Ot shul zamon meni osmonga ko‘tarib uchib bir cho‘l biyobonga tashlab, quyrug‘i bilan ko‘zimga bir urdi, shul vaqtda bir ko‘zim oqib, ko‘r bo‘lib qoldim.
Ot bo‘lsa g‘oyib bo‘lib ketdi, men yana cho‘l-biyobonlarda yolg‘iz qoldim. Bir necha kun yo‘l yurib, sizning shahringizga kelib, choyxonaga kirdim. Bu ikki hamroh bilan suhbatlashib, ular bilan birga shul uyga qadam qo‘ygan edik, — deb uchinchi ko‘r hikoyasini tamom qildi. Mo‘tabarxon Karomatxonga:
— Bu akangning ham oyoq-qo‘llarini yechib yubor, o‘zining tortgan azobi ham yetarli ekan, — dedi. Karomatxon shul zamon uchinchi ko‘rning ham oyoq-qo‘llarini yechib yubordi. Mo‘tabarxon:
— Endi sizga navbat, gapiring, — deb ikkita savdogarning biridan so‘radi. Savdogarlarning bittasi:
— Men shul shahar podshohining vaziri bo‘laman, mana bu mening yonimda turgan podshohning o‘zi bo‘ladi, — dedi.
Bu gapni eshitib Mo‘tabarxon darrov borib ularning qo‘l-oyoqlarini yecha berdi. Podshoh bilan vazir o‘rinlaridan turib, otlarini minib uylariga ketdilar. Qolgan mehmonlar yotib qoldilar. Ertasiga podshoh taxtga chiqib o‘tirib, bir yasovulni chaqirib:
— Kalla bozor mahallasida turuvchi uch qizni uydagi mehmonlari bilan tez olib kel! — deb buyruq berdi.
Yasovul shul ondayoq Mo‘tabarxonni ikkita singlisi va uydagi mehmonlari bilan birga podshoh oldiga olib keldi. Podshoh bularga o‘rin ko‘rsatdi. Bular o‘tirdilar. Podshoh Mo‘tabarxonga:
— Kecha uylaringizda bo‘lgan ishlarni aytib bering. Nima uchun itlarni urdingiz va nima uchun quchoqlab, o‘pib, ularga oltin tovoqda osh berdingiz? — dedi.
Mo‘tabarxon o‘zining boshidan o‘tganlarni bayon qildi:
— Bizlar shul o‘zingiz ko‘rgan mahallalik, G‘ulomboy degan boyning qizlari bo‘lamiz. Bizlar bir ota, bir onadan besh qiz edik. Kunlarning birida ota-onamiz o‘ldi. Otamizdan ko‘p mol-dunyo qoldi. Biz besh opa-singil maslahatlashib, to o‘lguncha erga tegmasdan, ota-onamizdan qolgan dunyoni yeb yotishga hammamiz rozi bo‘ldik. O‘z hovlimizda o‘yin-tomosha qilib yurdik. Kunlarning birida mendan kichik ikkita singlim — Adolatxon bilan Salomatxon erga tegmoqchi bo‘lib, menga maslahat soldilar. Men “Erga tegmanglar”, — deb ularga ko‘p nasihatlar qildim. Lekin ular mening nasihatlarimni quloqqa olmadilar, shundan keyin men otamdan qolgan mol-dunyolarni beshga bo‘lib, ikki bo‘lagini ikki singlimga berdim. Ular erga tegib, uydan chiqib ketdilar. Biz o‘zimizning hayotimizni burungiday davom ettirib yuraverdik.
Oradan besh-olti oy o‘tgandan keyin bir kun bizning darvozamizni birov kelib urdi. Karomatxon yugurib chiqsa, Adolatxon ekan. Uyga kirishdi. Adolatxon kirishi bilan yig‘lab yubordi. “Opajon, men sizning so‘zingizga kirmay bekor qilgan ekanman. Erim dunyolarimni yeb, uydan haydab chiqardi”, dedi. Jigar bo‘lgani uchun men hech narsa deb aytmadim. Bir qorindan tushgandan keyin rahming kelar ekan. Oradan yana besh-olti kun o‘tgandan keyin darvozani birisi urdi. Karomatxon chiqsa, Salomatxon ekan. U ham kirib yig‘lab yubordi. Salomatxon ham yomon ahvolda qolibdir. Uni ham eri mol-mulkini yeb, urib haydab yuboribdi. Shunday qilib, bu ikkita singlimning gunohini kechib, o‘z oramizga qo‘shdik, tomoshamizni qilib yuraverdik. Oradan yana bir-ikki oy o‘tgandan keyin Adolatxon bilan Salomatxon ikkalasi yana erga tegmoq bo‘lib, menga maslahat soldilar. Men unamadim. Bular menga bo‘ysunmadilar. Men: “Agarda erga tegadigan bo‘lsangiz yana qaytib kelmang. Endi burungi ahvolda keladigan bo‘lsangiz, uyimga kirgizmayman”, dedim. Singillarim:
— Endi unday ishlarni qilmaymiz, — dedilar. Hech narsa deyolmadim. Yana mol-dunyolarimdan bo‘lib berdim. Bular erga tegib ketdilar.
Yana uch qiz qoldik. O‘yin-kulgimizni qilib yuraverdik. Kunlarning birida Adolat bilan Salomatning erlari dunyolarini yeb, yana haydab yuboribdi. Ko‘z yoshlarini oqizib zor-zor yig‘lab o‘tirdilar. Yana rahmim kelib oramizga qo‘shdim. Bir necha vaqtlargacha o‘z o‘yinlarimizni o‘ynab, tomosha qilib yurdik. Qarasam, otamdan qolgan dunyo ozayib borayotir. Bir kuni o‘tirib:
— Singillarim, endi biz bekor yotmaylik, ikki-uchtamiz shaharlarga borib savdo qilaylik, tomoshamizni ham qilarmiz. Kim men bilan savdoga boradi? — dedim. Adolatxon bilan Salomatxon “Bizlar boramiz”, dedilar. Xo‘p, dedim. Ertasiga uchalamiz erkakcha kiyimlarni kiyib, yarim molimizni olib, kemaga o‘tirib jo‘nadik. Bir necha kundan keyin ertalab bir shaharga borib tushdik. Qarasak, bu shaharning odamlari tosh bo‘lib qotib qolibdi. Mollarni dengiz bo‘yiga qo‘yib, shaharni aylandik. Qimirlagan odamzod yo‘q. Bu ahvolga ajablanib, kechgacha shaharni aylanib yurdik. Kechqurun yiroqda bir chiroq ko‘rindi. Uchalamiz shul chiroq bor uyga kirsak, bir yosh, kelishgan yigit oldiga kitob qo‘yib o‘qib o‘tiribdi. Bizlar kirgandan keyin ko‘rpachalar solib, o‘tirishga taklif qildi. Bizlar o‘tirdik. Men so‘z boshlab:
— Aka, shahar odamlari bu ahvolga tushib qolganining sababi nima? — deb so‘radim. Ul yigit aytdiki: “Bu shaharning odamlari, maishat va ichkilik bilan mashg‘ul bo‘lganlari uchun shu ahvolga giriftor bo‘ldilar, — dedi.
Yigitning muloyimligi va yumshoq so‘zligini ko‘rib o‘zimga munosib ko‘rdim. O‘zimning qiz ekanimni yigitga tushuntirdim. Ikkimiz rozi bo‘ldik. “Bizning shaharga borasiz, to‘y-tomosha qilib, nikohlab olasiz, dedim. Yigit rozi bo‘ldi. Ertasiga birgalashib olib kelgan mollarimizni ham sotmasdan shahrimizga jo‘nadik. Shahrimizga bir kunlik joy qolganda kechasi hammamiz yotib uxladik. Biz uxlagandan keyin Adolat bilan Salomat o‘rinlaridan turib, sekin maslahatlashib yigitni daryoga tashlamoqchi bo‘libdilar-da, bir qop keltirib, yigitni qopga solib daryoga tashlab yuborishibdi. Ertasiga tong otganda qarasam, haligi yigit ko‘rinmadi. Singillarimdan so‘rasam, “Biz ko‘rganimiz yo‘q”, deyishdi. Yugurib kirib kema boshlig‘idan so‘radim. U:
— Kechasi ikki singlingiz yigitni qopga solib, daryoga tashlab yubordi, — dedi.
Shul joyda o‘tirib ko‘p xafa bo‘lib yig‘ladim. Singillarimni qarg‘adim. Shahrimizga kelib kemadan tushib: “Sizlarga qancha yaxshiliklar qildim, sizlar menga dushmanlik qildingiz, endi men sizlardan ham, mol-dunyodan ham kechdim”, deb ularni qoldirib, cho‘l-biyobonlarga qarab yig‘lab ketdim. Ikki kun yo‘l yurganimdan keyin bir yerda borayotsam, bir oq ilon yo‘lda kelayotir. Men yo‘ldan chiqib o‘zimni chetga tortdim. Ilon o‘tib ketdi. Yana yo‘lga tushib ketayotsam bir qora ilon kelayotir. O‘zimni chetga tortib, bir katta toshni olib turdim. Ilon yaqin kelganda toshni otib ilonning boshini yanchib o‘ldirdim. Yurib-yurib charchab, bir yerda yotib uxlab qolibman. Bir vaqt o‘rnimdan tursam, juda ham kelish-gan bir chiroyli qiz yonimda o‘tiribdi. Qiz men bilan ko‘rishdi va hol-ahvol so‘radi. Men boshimdan o‘tgan ishlarning hammasini aytdim. Qiz:
— Qo‘ying, opa, xafa bo‘lmang, uyingizga qayting! — dedi. Men “Bormayman”, dedim. “Ikkita singlingizni ko‘nglingizdagiday qilib keldim. Siz meni o‘limdan qutqardingiz, men ham sizga yordam qildim”, dedi.
Men hayron bo‘lib: “Sizni shu bugun ko‘rib turibman”, dedim. Qiz so‘z boshlab:
— Men parilar podshohining qizi edim. Bir dev xushtor bo‘lib, meni olmoqchi bo‘lib kelganda men qochib, oq ilon bo‘lib ketayotgan edim. Siz yo‘lda kelayotgan ekansiz, menga yo‘l bo‘shatib berdingiz, o‘tib ketdim. Mening orqamda qora ilon bo‘lib kelayotgan dushmanim — dev edi. Siz uni o‘ldirdingiz; agarda siz o‘ldirmasangiz, u meni o‘ldirar edi. Sizning yaxshiligingizga binoan, sizni ranjitgan ikkita singlingizni kuchuk qilib hovlingizga bog‘lab keldim. Endi siz uyingizga borib, o‘yin-tomoshangizni qilib yuravering: hech narsadan qo‘rqmang, boshingizga og‘ir kun tushsa, mana shu sochimni kuydirsangiz, men kelib sizga yordam beraman, — deb sochidan uch dona yulib berib, g‘oyib bo‘ldi. Men bu gaplarni eshitib, qaytib uyimga keldim. Qarasam, haqiqatan ikkita singlimni ikkita kuchuk qilib bog‘lab ketibdi. Biz uch opa-singil o‘yin-kulgi qilib yuraverdik. Kuchuklarga ovqat berar oldida urganim, haligi yaxshi ko‘rgan yigitimni daryoga tashlab yuborishganiga xafa bo‘lganim, erkalab quchoqlaganim, it bo‘lsa ham jigarim, deb rahmim kelgani, — dedi. Podshoh:
— Haligi uchta polvon qanday kishilar? — dedi. Mo‘tabarxon:
— Ul polvonlarga mol-dunyo berib saqlaganman, boshimga og‘ir kun tushsa yordamchi bo‘ladi, — deb so‘zini tamom qildi. Podshoh Mo‘tabarxonga:
— Shul ikki kuchukni odam qilish mumkinmi? —dedi. Mo‘tabarxon:
— Bilmadim, odam qilsa, shul qizning o‘zi qilar, — dedi. Podshoh:
— Bo‘lmasa, shul qizning sochini kuydiring, kelsin, — dedi.
Mo‘tabarxon hovliga chiqib qizning sochini kuydirdi, qiz shul zahoti “xizmat”, deb keldi. Mo‘tabarxon qizni podshoh oldiga olib kirdi. Podshoh pari qizidan: “Ikki kuchukni o‘z asliga keltirish mumkinmi?” deb so‘radi. Pari qiz:
— Agarda Mo‘tabarxon opam rozi bo‘lsalar, men asliga keltiraman, —dedi. Kuchuklarni keltirdilar. Pari qiz ularni avvalgi holiga keltirdi. Bu qizlar bir-biridan chiroyli edi. Podshoh ko‘z musofirlarni ko‘rsatib:
— Bularning ko‘zini tuzatish mumkinmi? — dedi. Pari qiz:
— Jodudan bo‘lsa, tuzatish mumkin, bittasini tuzatib bo‘lmaydi. Chunki bu jodu emas, odamdan bo‘lgan, — dedi. Podshoh:
— Mayli, bo‘lmasa ikkalasining ko‘zini tuzating, — dedi. Pari qiz ikki ko‘rning ko‘zini avvalgiday qildi. Pari qiz: “Endi buyursangiz ketsam”, dedi. Podshoh ruxsat berdi. Pari qiz xayr-xo‘sh deb, g‘oyib bo‘ldi. Podshoh o‘zining dono vaziri bilan maslahatlashib o‘tirib, Mo‘tabarxonni o‘ziga munosib ko‘rdi, hammadan kichik Karomatxonni o‘g‘liga munosib ko‘rdi. Qolgan uchta qizni uchta ko‘r nomini olgan shahzodalarga olib bermoqchi bo‘ldi. Bu maslahatni qizlarga, yigitlarga aytdi. Bular ham rozi bo‘ldilar. Podshoh ikki shahzodaning otasiga noma yozdi. Bolalarini yo‘qotgan podshohlar sovg‘a-salomlar bilan yetib keldilar. Qirq kecha-kunduz to‘y-tomoshalar qilib, to‘ydan keyin ikkita podshoh o‘g‘il va kelinlarini olib shaharlariga jo‘nashib ketdilar. Otasi o‘lgan Shoh Akbar shahzodani podshoh olib qolib, o‘ziga vazir qildi.
Тortgan azoblar esdan chiqib, hammalari baxtli turmush, davr surdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.