OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Qilichqora

Uch og‘ayni bor ekan. Тo‘ng‘ichining oti Yulduzsanar, o‘rtanchasining oti Daryobog‘lar, kenjasining oti Qilichqora ekan. Bularni otalari uylantirmabdi. Uch og‘ayni maslahatlashib, bitta odamni vosita qilib aytibdilar:
— Otamizga chiqib ayting, bizni uylantiradimi, yo‘qmi? Otalari:
— Darvoqe, men o‘g‘illarimni uylantirganim yo‘q edi. Uchoviga uch oyday xotin olib berayin, — debdi. Haligi odam chiqib o‘g‘illariga: “Uchalangizga uch oyday xotin olib berar ekan”, debdi.
O‘g‘illar sayohat qilish uchun yo‘lga chiqishibdi. Cho‘l-u biyobonlar kezib bir joyga borganda bir qo‘rg‘onni ko‘rishibdi. Qo‘rg‘on devorining tepasida ko‘p odamlar to‘planib turganmish. Ular bir cho‘pondan so‘rabdilar:
— Bu yerda nima hodisa bo‘lyapti? Odamlar nimaga to‘planib turibdilar?
Cho‘pon aytibdi:
— Bu ishni so‘rab nima qilasiz? Shu qo‘rg‘onda bir ajdar turadi.
Ajdarning yemagi uchun shu shaharning podshohi har bir uyga bir qo‘y, bir bola berishni buyurgan edi. Bugun podshohning o‘ziga navbat keldi. Podshohning bitta-yu bitta qizi bor edi. Shu bilan bir qo‘y keltirib qo‘yganlar. Shuni tomosha qilyapmiz.
Qilichqora aytibdi:
— Podshoh ajdarni o‘ldirgan odamga qizimni beraman demadimi?
— Shunday degan edi. Lekin shuni qiladigan odam chiqmadi-da.
Qilichqora akalariga:
— Akalar, sizlar bir takyaga borib turinglar, men bu ajdar bilan olishib ko‘raman. Ajdarni nobud qilsam, oldilaringizga boraman. Agar nobud qila olmasam, mendan umid qilmanglar, — debdi.
Yulduzsanar va Daryobog‘lar shahardagi takyaga — musofirxonaga qarab ketishibdi.
Qilichqora devorga irg‘ib chiqibdi. Qarasa, podshohning qizi bilan bir qo‘y boylog‘liq turganmish. Qilichqora tushib, qizni tomga chiqarib qo‘yibdi.
— Singlim, siz shu yerda turing, sizni yeydigan ajdar meni yesin, — debdi. Qilichqora qizning o‘rniga kelib turibdi. Buning qilgan ishiga qarab turgan xaloyiq hayron bo‘libdi. Shamol, to‘polon bilan ajdar kelib, qo‘rg‘onga yaqinlashibdi. Qo‘yni domiga tortibdi. Qilichqoraning bir isfahon qilichi bor edi. Ajdar Qilichqorani ham domiga tortganda, u qilichini peshonasida ushlab ajdarhoni ikki nimta qilibdi. Podshohning polvonlari: “Ajdarni men o‘ldirdim”, deb maqtanibdilar. Podshohning qizi saroy-ga qaytib kelibdi. Qizi sog‘-salomat kelgach, podshoh sevinib:
— Ajdarhoni kim o‘ldirdi, qizim?— deb so‘rabdi.
— Bir yigit o‘ldirdi. U bu yerlik emas, — deb javob beribdi qiz. Podshoh:
— Qizim, o‘ldirgan odamni taniysanmi?
— Albatta, taniyman.
Podshoh qizining qo‘liga bir olma berib, shunday debdi:
— Olti yashardan oltmish yashargacha bo‘lgan kishilarni chaqirtiraman. Ajdarni o‘ldirgan odamni olma bilan urasan, — debdi.
Podshoh olti yashardan oltmish yashargacha bo‘lgan odamlarni chaqirtirib: “Hamma mening ravog‘im tagidan o‘tsin” debdi. Olti yashardan oltmish yashargacha bo‘lgan odamlarning hammasi podshohning ravog‘i tagidan o‘tibdi. Qiz hech kimni urmabdi. Podshoh so‘rabdi:
— Hech kim qoldimi?
Bir bobo aytibdi:
— Mening uyimda uch musofir yigit qoldi.
— Ularni ham olib kelinglar, — debdi podshoh.
Haligi bobo uch musofirni olib kelibdi. Ravoqning tagidan to‘ng‘ichi oldin, o‘rtanchasi o‘rtada, Qilichqora esa eng keyin o‘tibdi. O‘tishlari bilan qiz Qilichqorani olma bilan uribdi. Kishilar bularni darrov oq namatga solib ko‘tarib, ravoqqa olib chiqibdi. Podshoh qirq kun to‘y-tomosha qilib beribdi. Qirq kun bo‘lgandan keyin kuyovga sarpo olib chiqibdi. Qilichqoraning oldiga qo‘yibdi. Qilichqora so‘rabdi:
— Sizning rasmingizda to‘nni yoqasidan kiyadimi, etagidan kiyadimi?
— Ey mehmonjonim, to‘nning yoqasidan kiymay, etagidan kiyadimi, — debdi. Qilichqora turib aytibdi:
— Bo‘lmasa, mening shu ikki akam bor. Qizlarini katta akamga bersalar, ming marta biz rozi, bermasalar yana o‘zlari biladilar.
Shunda podshoh: “Akasiga bersam berayin”, debdi. Sarponi akasi Yulduzsanarga qo‘yibdi.
Qilichqora bilan Daryobog‘lar yo‘lga ravona bo‘libdi. Ular yo‘lda ketayotganlarida bir tegirmontosh ko‘rinibdi. Qilichqora kuchini sinab, tegirmontoshni ko‘tarib ko‘rsa, uning tagida bir qancha chumoli bosilib qolgan ekan. Ular tosh ostidan chiqib, xursand bo‘lib yayrabdilar. Chumolilarning podshohi Qilichqoraning qo‘liga bir tutatqi beribdi:
— Qanday mushkul ishingiz bo‘lsa, tutatsangiz, biz hozir bo‘lamiz — debdi.
Shundan so‘ng Qilichqora yurib-yurib bir podshohning mamlakatiga boribdi. U podshohning bir qizi bor ekan. Vazirlar podshohga:
— Тaqsir, qizingizning bo‘yi yetibdi, kuyovga bering, — deyishibdi.
— Mening ikkita shartim bor. Shuni kim bajarsa, qizimni o‘shanga beraman. Birinchi shartim shuki, otamdan qolgan bir nog‘oram bor, shuni kimki bir tepib yorsa; ikkinchi shartim — bir tuyaga ko‘targuncha ikki qop tariq yuklayman. Shuni yetganicha yerga sepadi. Yana qaytib bittalab qopga soladi. Тuyaga ortib o‘z joyiga olib kelib qo‘yadi. Mana shu shartni bajargan odamga qizimni beraman, — deb yurtga jar solibdi.
Buni eshitgan odamlar, podshohning o‘rdasiga qarab kelaveribdilar. Podshoh o‘rdasiga shodiyona nog‘orasini olib chiqib qo‘yibdi. Kelgan odam bir martadan haligi shodiyona nog‘orani tepib o‘tibdi. Uch kungacha hech kim yorolmabdi. Podshoh so‘rabdi:
— Hech qayerda odam qoldimi?
Bir odam:
— Menikida ikkita musofir odam qoldi, — debdi.
— O‘sha musofirlarga aytinglar. Kelib ular ham nog‘orani tepsin, armonda qolmasin, — debdi.
Haligi kishi kelib musofirlarga aytibdi:
— Podshohning ana shu ikkita sharti bor. Shuni har kim qilsa, podshohning qizini oladi. Sizlar ham borib tepib ko‘ringlar, armonda qolmanglar, — debdi.
Qilichqora bilan Daryobog‘lar ikkovi sakrab o‘rnidan turibdi. Podshohning o‘rdasiga qarab yuribdi. Yo‘lda ketayotib Qilichqora akasiga:
— Shu shodiyona nog‘orani tepish sizning navbatingiz edi. Endi bemalol bo‘lsa, shu navbatingizni menga bersangiz, nog‘orani men tepsam, — debdi.
Akasi ruxsat beribdi. Ukasi borib, podshohning o‘rdasiga kirib, turgan odamlarga ta’zim qilibdi. Hech kim odamlarga bu yigitday ta’zim qilmagan edi. Qilichqora bir zarba bilan nog‘orani tepibdi, oyog‘i nog‘oraning naryog‘iga o‘tib ketibdi. Тo‘planib turgan xalq: “Barakalla kuchingga!” deb ofarin o‘qibdi. Podshoh Qilichqoraga:
— Endi yana bitta shart bor: mana shu tuyadagi tariqni olib chiqib yerga sepib, qopni bo‘shatib, ikkita odamga ko‘rsatib, yana shu tariqni bittalab terib, qopga solib, mana shu joyga olib kelib qo‘yasiz, — debdi.
Yigit qabul qilibdi. Тuyadagi tariqni Qilichqora bilan uch kishi olib borib dalaga sepibdi. Qopni bo‘shatib ikki kishi haligi joyga qaytib kelibdi. Qilichqora o‘zi yakka qolib, chumolining tutatqisini tutatibdi. Birpasda hamma yoqqa chumoli to‘lib ketibdi. Chumolilarning podshosi aytibdi:
— Boshingizga nima mushkul ish tushdi?
— Shu yerga ikki qop tariq sepilgan, shuni terib, qopga solib bersangiz.
Shundan keyin chumolilarning podshosi chumolilarga:
— Mana shu yerga sepilgan tariqni terib, shu qopga solib beringlar, — deb buyuribdi.
Haligi ikki qop tariq, chumolining ba’zisiga tegib, ba’zisiga tegmay qolibdi.
Qilichqora chumolilar terib bergan tariqlarni ikki qopga to‘ldirib, tuyaga ortib joyiga olib kelib qo‘yibdi. Podshoh shartni bajargan botirga qirq kun to‘y-tomosha qilib qizini bermoqchi bo‘libdi. Qirq kundan keyin kuyovga sarpo olib chiqibdilar. Qilichqoraning oldiga qo‘yibdilar. Qilichqora aytibdi:
— Ey azizlar, sizlarning rasmlaringda to‘nni yoqasidan kiyadimi, etagidan kiyadimi?
Shunda sarkardalar:
— Ey yigit, to‘nning yoqasidan kiymay, etagidan kiyadimi? — debdilar. Qilichqora:
— Bitta-yu bitta akamiz bor. Qizlarini akamizga bersalar, biz xursand bo‘lar edik, — debdi.
Sarkardalar bu so‘zni podshohga yetkazibdilar. Podshoh aytibdi.
— Kimga bersam ham ixtiyorim. Mayli berdim.
Sarponi Daryobog‘larga kiygizib, qiz bilan yigitni qo‘shib qo‘yibdilar.
Qilichqora xayr-ma’zur qilib, cho‘l-u biyobonlarga chiqib ketibdi.
Necha kun cho‘l-biyobonda yuribdi. Bir kuni cho‘lda bir qo‘rg‘on ko‘rinibdi. Qo‘rg‘onga qarab borayotgan ekan, bir yalmog‘iz kampir yo‘lni to‘sib chiqibdi. Ikkovi uch kecha-yu uch kunduz tutqilashib olishibdi. Axiri Qilichqora yalmog‘iz kampirning boshiga shamshir solibdi. Yalmog‘izning kallasi cho‘rt uzilib ketibdi.
Kampirni o‘ldirib, qo‘rg‘onga kirib boribdi. Qampir bir Xalchaoy degan qizni qo‘rg‘onda saqlar ekan. Ko‘p xushsurat, yaxshi qiz ekan. U yigitga qarab:
— Ey aka, qush uchsa qanoti, odam yursa oyog‘i kuyadigan bu yerga nima uchun keldingiz?— deb so‘rabdi.
Qilichqora aytibdi:
— Jamolingizga tasadduq bo‘lay, sizning ishq-muhabbatingiz meni tortib keldi. Ana shu yerda yalmog‘iz kampir bilan uch kecha-yu uch kunduz olishib, tutqilashib, uni o‘ldirib keldim, shunga xursandmisiz, — degandan so‘ng, haddan tashqari sevinib ketgan Xalchaoy turib, aytibdi:
— Agar siz meni deb shuncha mashaqqatlarga bardosh qilgan bo‘lsangiz, men sizga o‘z ixtiyorimni berdim.
Shunday qilib, ikkovi er-xotinlikni qabul qilibdilar. Shu yerda kun kechiraveribdilar. Bular bu yerda turaversin, endi ikki kalima so‘zni Ko‘ktemir podshohdan eshiting.
Ko‘ktemir podshohga yetib ma’lum bo‘ldiki, bir yigit kelib yalmog‘iz kampirni o‘ldirib, Xalchaoyni olibdi. Ko‘ktemir podshoh:
— Kimki borib Xalchaoyni olib kelsa, bo‘yi tengi zar beraman, — debdi. Bir pismiq kampir:
— Bir sandiqcha yerni lahim qilib kovlaydigan asbob, bir izvoshchi bilan uch oylik ovqat berasan. Biz borib olib kelamiz, — debdi.
Podshoh uning aytganini muhayyo qilibdi. Narsalarni olib, kampir yo‘lga tushibdi. Bular yo‘lda ketaversin, endi ikki kalima so‘zni Qilichqoradan eshiting.
Qilichqora uxlab yotib edi, uyqusida bir kishi: “Ey Qilichqora, sening yoningdagi shamshir qiliching qachon yo‘qolsa, o‘sha kuni o‘lasan. Yoningdan judo bo‘lmasa o‘lmaysan”, debdi. Cho‘chib uyg‘onibdi. Nonushta qilib ovga chiqib ketibdi. Bu ovini ovlab yuraversin, ikki kalima so‘zni kampirdan eshiting.
Bular bir joyga kelibdilar. Qarasaki, ko‘klama maydon, o‘tloq joylar ekan. Kampir aytibdi.
— Izvoshingni shu yerda to‘xtat!
Shu yerda izvoshni to‘xtatibdi. Kampir aytibdi:
— E izvoshchi, qo‘l-oyog‘imni, ko‘zimni bog‘lab anavi joyga — yo‘l ustiga tashlab kelasan, keyin shu yerga qaytib kelib, qimirlamay yotasan.
Men bir oyda kelamanmi, yarim oyda kelamanmi, shungacha kutasan.
Izvoshchi kampirni olib borib, aytganidan ziyoda qilib qo‘l-oyog‘ini va ko‘zini bog‘lab, yumaloq qilib tashlab ketibdi. Kampir “Voy-voy”lab yotaveribdi. Qilichqora ovni ovlab kelayotganida, “Voy-voy” degan ovozni eshitibdi. Kelib qarasa, birov bir kampirni yumaloq qilib bog‘lab tashlab ketgan ekan. Qilichqora so‘rabdi:
— Ey kampir, nimaga bunday qilib yotibsiz?
— Ey bolam, mening bitta-yu bitta o‘g‘lim bor edi. Kelinim aytdiki: “Yo enangni degin, yo meni degin, enangni desang, menga javob bergin, meni desang, enangni yo‘qotgin!” Xotinining so‘ziga kirgan o‘g‘lim meni olib kelib shu yerga tashlab ketdi, — debdi kampir.
Qilichqora aytibdi:
— Ey ona, men uyimga olib ketsam, xizmat qilib yurasizmi?
— Ey bolam, jonim bilan yuraman.
Qilichqora uyiga olib ketibdi. Xalchaoy buni ko‘rib achchig‘lanibdi. Qilichqoraning qo‘lidagi ilvasinlarga ham qaramabdi: Qilichqora:
— Nimaga xafasiz, oyim? —deb so‘rabdi. Xalchaoy aytibdi:
— Siz bilmaysiz, mana shu yoqda Ko‘ktemir degan podshoh bor. Necha marta menga sovchi yuborganda, yalmog‘iz kampir yeb qo‘ygan. Men shu kampirni Ko‘ktemir degan podshoh yuborganmikan deb qo‘rqaman, deb o‘z shubhasini bildiribdi.
— Shunday yomon yalmog‘iz nima qildi, bu nima qilardi. Yaxshi bo‘lsa oshini, yomon bo‘lsa boshini yer! — debdi Qilichqora.
Xayr, shu bilan Xalchaoy indamay qolaveribdi. Kampir bir necha kun xizmat qilib yura beribdi. U poydevorning tagidan mo‘ljallab Qilichqora bilan Xalchaoyning ikkovi yotadigan joygacha lahim kovlab, yetib olibdi. Xalchaoyim bilan Qilichqora ikkovi nimaiki degan bo‘lsa, kampir barchasini eshitib yotar ekan. Bir kuni Qilichqora yo‘g‘ida kampir aytibdi:
— Ey, Xalchaoy, shunday yolg‘iz qo‘rg‘onda zerikmay o‘tirar ekansiz-da? Xalchaoy:
— O‘zimnnng o‘rgangan joyim, bo‘lmasam nima qilay? —debdi.
Kampir har xil gaplarni aylantirib, o‘smoqchilab debdi:
— Qilichqora bilan gaplasha turib, sizning joningiz qayerda turadi, deb so‘rang. Bir shapaloq, yarim shapaloq urgan bilan hech narsa bo‘lmaydi. Keyin “Nima qilasan” deb so‘rasa, sizning joningizga men jonimni qo‘shib qo‘ysam, o‘ynashib yursa, deb ayting. Keyin jonining turgan joyini artib beradi, — debdi.
Qilichqora kelgandan so‘ng Xalchaoy kechasi Qilichqoradan kampir aytganini so‘rabdi. Qilichqora aytibdi:
— Yonimdagi isfahon qilichim — mening jonim.
Bu so‘zni kampir eshitib olibdi. Kampir yarim kechada uyqusidan uyg‘onib chiqib Qilichqoraning isfahon qilichin olib, eshigining tagida bir daryo bor ekan, shu daryoga tashlab yuboribdi.
Xalchaoy erta bilan turib qarasa, eri o‘lib yotibdi. Kampirni chaqirib aytibdi:
— Ey ona, nimaga o‘g‘lingiz qimirlamaydi?
Kampir kelib qarasa, Qilichqora qimirlamas emish. Kampir aytibdi:
— Ey bolam, ikkovimiz bir joyga ko‘maylik.
Xalcha aytibdi:
— Ey ona, o‘likni qirq kun saqlayman.
Xalchaoy qo‘lidagi nigin — uzugini murdaning qo‘liga solibdi. Etagini g‘iracha1 qilib yopib qo‘yibdi, uyni qulflab chiqibdi. Kampir aytibdi:
— Ey bolam, Xalchaoy, bu yerda diqqat bo‘lib qolasiz. Endi bizning joyimizga borib ikki kungina aylanib kelaylik.
Xalchaoy xo‘p deb jo‘nabdi. Kampir Xalchaoyni boshlab, izvosh turgan joyga olib kelibdi:
— Ey izvoshchi, falon yerga necha pulga olib borasan, — degach, izvoshchi:
— O‘n so‘m berasiz, — debdi.
— Xo‘p bo‘ladi, — deb izvoshga chiqadigan bo‘lishibdi. Kampir aytibdi:
— Ey bolam, izvoshda yurmagansiz, yo‘lda ko‘zingiz tinadi, sandiqqa tushib oling, — debdi.
Xalchaoy sandiqqa tushib olgach, sandiqning qopqog‘ini bekitib olib:
— Hayda! — debdi kampir.
Kampir Xalchaoyni podshohning dargohiga olib boribdi:
— Olib keldim, — debdi.
Podshoh kampirga bo‘yi tengi zar beribdi. Kampirga bitta belanchak qilib, bitta cho‘rini tayinlab qo‘yibdi. Podshoh cho‘riga:
— Umrbod shu kampirning xizmatida bo‘lasan, — debdi.
Xalchaoyni bir uyga olib kiribdi. Xalchaoy aytibdi: “Ey podshoh, mening so‘zimga bovar qilgin. Qirq kungacha qirqta cho‘ri bilan idda saqlayman. Qirq kundan keyin senga javob beraman, — debdi.
Podshoh “Xo‘p” debdi-yu, qirqta cho‘ri bilan bir bog‘i eramga chiqarib qo‘yibdi.
Endi ikki kalima so‘zni Qilichqoraning akalaridan eshiting:
Qilichqoraning akasi Yulduzsanar malikaga:
— Ikkita ukam meni uylantirib qo‘yib, ketaverdi. Men xabar olmadim. Тezlik bilan menga otangizdan ruxsat olib bering. Ukalarimni ko‘rib kelayin, — deb aytibdi. Xotini podshohga chiqib:
— Dada, kuyov o‘g‘lingiz ukalarimni ko‘rib kelaman, ruxsat bersalar, deb so‘rayapti, — debdi.
Podshoh qirqta lochinga o‘xshagan yigitni kuyoviga qo‘shib yuboribdi. Bular yo‘lda ketaversin, ikki kalima so‘zni Daryobog‘lardan eshiting. Bu ham qayin otasidan ruxsat olib, qirqta yigit bilan akasi tomonga jo‘nabdi. Ikkala og‘ayni yo‘lda uchrashibdilar. Ikkovlari so‘rashib bo‘lgach, akasi so‘rabdi:
— Qilichqora ukang qayoqqa ketdi?
Daryobog‘lar ukasining ketgan tomonini ko‘rsatibdi. Yulduzsanar:
— Boshla, — debdi.
U ham qirqta yigiti, bu ham qirqta yigiti bilan yo‘lga tushib jo‘nabdi. Bir necha kun yo‘l yuribdilar. Kechasi Daryobog‘lar akasiga debdi:
— Ey aka, Qilichqoraning yulduzini qarang-chi, bormi, yo‘qmi?
Yulduzsanar osmonga qarab, yulduzlarni sanab:
— Ey uka, Qilichqoraning yulduzi yo‘q, — debdi. Bir joyga borib daryoga ro‘para kelishibdi. Shu yerga tushishibdi. Тong otibdi. Yulduzsanar Daryobog‘larga:
— Ey uka, daryoni bog‘la, — debdi.
U daryoni bog‘labdi. Daryoga tushib, yurib ketayotganlarida Yulduzsanar Qilichqoraning isfahon qilichini ko‘ribdi va darrov qo‘liga olibdi:
— Ey uka, Qilichqoraning qilichini bu yerdan topdim, endi mana bu qo‘rg‘onga kirishimiz zarur, — debdi.
Daryo yoqasidagi qo‘rg‘onga kirib qarasalar, qirqta hujra bor ekan.
Hammasi qulflangan. Daryobog‘lar bilan Yulduzsanar bir uyni ochib Qilichqoraning o‘ligini topib olibdilar. Qilichqoraning ko‘kragiga qo‘llarini qo‘yib turishibdi. Qilichqora aksa urib o‘rnidan turib, u yoq-bu yoqqa qarab, akalarini ko‘ribdi. Akalari:
— Sen shunday yotgan ekansan, boshqa narsani ko‘rmadik, — debdilar. Qilichqora:
— Xay mayli, akalar, mening orqamdan yuraveringlar, — debdi. U Ko‘ktemir podshohning shahriga qarab yo‘l boshlabdi. Necha kun yo‘l yurib, shaharga yaqinlashibdilar. Qilichqora aytibdi:
— Ey yigitlar, sizlar shu yerda turinglar. Biz uch og‘ayni shaharga kirib chiqamiz.
Har uchovi shaharga kirsa, Xalchaoyning qirqta kaniz bilan o‘tirgan bog‘i oldidan o‘tibdilar. Qarasaki, bir juvon bir oftoba suvni olib Bog‘i Eramga kirib ketayotibdi. Qilichqora haligi juvonni chaqirib olib so‘rabdi:
— Ey singlim, suvni qayerga olib borasiz?
Juvon aytibdi:
— Ey aka, podshoh Xalchaoy degan qizni shu yerga oldirib kelgan edi. Xalchaoy qirq kunga muhlat olgan edi. Shu bugun muhlat tamom bo‘lib, to‘yi bo‘layotir, shularning qo‘liga suv olib borayotirman.
— Bo‘lmasa to‘xtang, — deb Qilichqora uzugini oftobaga solibdi. — Oldin hamma cho‘rilarga suv bering. Xalchaoyning qo‘liga eng keyin suv quying, — debdi.
Boyagi juvon aytgandan ham ziyoda qilib, suv quyibdi. Xalchaoyning qo‘liga jildiratib-jildiratib quymoqda ekan. Xalchaoyning achchig‘i kelib, “Quy!” debdi. Juvon sharqiratib suvni ag‘darib yuboribdi. Uzuk Xalchaoyning qo‘liga tushibdi. Xalchaoy qarasa, erining qo‘liga solib kelgan uzugi. Haligi juvonga qarabdi, uzukka qarabdi. Xalchaoy haligi juvonni chekkaga chaqirib olib:
— Bu uzukni senga kim berdi? —debdi.
— Ko‘chada uch otliq turibdi. Uzukni o‘shalar berdi, — debdi. Xalchaoy ko‘chaga chiqib qarasa, o‘zining eri.
— Тasaddug‘ing bo‘lay, — deb bo‘yniga yopishib yig‘labdi.
Eri otga mindirib, jo‘nabdi. Yigitlarning oldiga yetib kelganda orqasidan chang paydo bo‘libdi. Bular Ko‘ktemir podshohning askarlari ekan.
Ular Ko‘ktemir podshoh bilan urishib, uni yengibdilar va Yulduzsanar turgan mamlakatga qarab jo‘nabdilar. Har uch og‘ayni tinch mehnat qilib, o‘z sevganlari bilan yashab, murod-maqsadlariga yetibdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.