Bor ekan yo‘q ekan, och ekan, to‘q ekan, bir boy bor ekan. U boyning uch o‘g‘li bor ekan. O‘g‘illar voyaga yetgach boy avval ikki o‘g‘lini uylantirib, uy-joyli qilibdi. Keyin kenja o‘g‘lini uylantirmoqchi bo‘libdi. Kenja o‘g‘il Sari yoy otar ekan. Bir kun Sari yoy olib, ov ovlab yurgan ekan, bir yerdan bir tustovuq uchib tog‘ning kamariga qarab, ketaveribdi. Kenja o‘g‘il tustovuqning orqasidan bir o‘qni kamonga solib otibdi, o‘qi tustovuqqa tegmabdi. Тustovuq bir g‘orga kirib ketibdi. Kenja o‘g‘il Sari yoyning o‘qini olayin deb g‘orga kiribdi. Borib ko‘rsa, g‘or parilarning makoni ekan. Shu orada bir yoshgina pari qiz kelib, uning qo‘lidan ushlab yetaklab ketibdi. Yigit g‘orning ichida parilar bilan qo‘shilib qirq kun yuribdi. Qirq kundan keyin yigitning qo‘lidan ushlab g‘orning ichiga olib kirgan pari qiz aytibdi:
— E yigit, sen qaysi yurtdan bo‘lasan?
— Men falon yurtdan bo‘laman, — debdi kenja o‘g‘il. Pari yana so‘rabdi:
— Sening ota-onang, qarindosh-urug‘ing bormi?
Yigit:
— Ha, otam, enam, ikki akam bor, boshqa qarindoshlarim ham bor, — debdi.
— Unday bo‘lsa endi sen yurtingga borib, otangga: “Ey ota, menga bir ravot solib bering!” degin. Otang: “Ravotni nima qilasan, o‘g‘lim?” desa, “O‘zim kirib-chiqib yuraman”, degin, — debdi pari.
Pari bu gaplarni o‘rgatib, yigitni o‘z yurtiga jo‘natibdi. Kenja o‘g‘il uyiga kelgach, otasi bilan ko‘rishib, so‘rashib o‘tiribdi.
Yigit otasiga aytibdi:
— Ota, menga bir katta ravot solib bering!
— O‘g‘lim, senga ravotning nima keragi bor? Avval uylangin, joylangin, undan keyin ravot qurib beraman-da, bolam, — debdi otasi.
Kenja o‘g‘il:
— E ota, uyim-joyim bo‘lmasa ham o‘zim kirib-chiqib yuraman-da, debdi. Boy:
— Xo‘p, o‘g‘lim, — debdi va ustalarni olib kelib, bir yaxshi gumbirlagan ravot solib beribdi.
— Ana, o‘g‘lim, ravot bitdi, —debdi boy. Kenja o‘g‘il tag‘in yoy olib ovga chiqib ketibdi. Aylanib-aylanib, yana parilar yashaydigan g‘orga boribdi. Yigitni pari qiz kutib o‘tirgan ekan. Uni ko‘rishi bilanoq yana qo‘lidan ushlab, yetaklab, ichkariga olib kiribdi. Yigit pari qiz bilan o‘ynab-kulib yuraveribdi. Bir necha kun o‘tgach, yigit pariga aytibdi:
— Endi men ketaman, — debdi. Pari aytibdi:
— Ketsang, otangga borib, “Ota, bu ravotning ichiga oq o‘tov tikib bering”, — degin. Yigit pari bilan xo‘shlashib, uyiga jo‘nabdi. Boyvachcha uyiga borib otasiga aytibdi:
— Ota, ravotning ichiga bir oq o‘tov tikib bering!
— Xotining bo‘lmasa, o‘tovni nima qilasan, o‘g‘lim? — debdi otasi.
— O‘zim unda yotib yuraman-da, — debdi yigit:
— Ha, durust, — debdi-da, bir yarqillagan oq o‘tov tikib beribdi.
Boy o‘g‘liga aytibdi:
— O‘g‘lim, mana o‘toving ham bitdi.
Yigit yana yoyni olib, ovga chiqib, parilar turadigan g‘orga boribdi. Pari qiz yigitni kutib o‘tirgan ekan, uni ko‘rishi bilanoq oldiga kelib: “O‘tov tikdingizmi?” deb so‘rabdi. Yigit:
— O‘tov ham tayyor bo‘ldi, — debdi. Pari:
— O‘tov bitgan bo‘lsa, yuring endi boraylik, — deb yo‘lga chiqibdi.
Pari qiz yigit bilan birgalikda yo‘lga chiqib, ravotga kelib, oq o‘tovga kiribdi. Ular har ikkisi er-xotin bo‘lib yashay beribdilar.
Pari qizning odati qiziq ekan, u odamlarning ko‘ziga mushuk bo‘lib, kenja o‘g‘ilning ko‘ziga pari qiz bo‘lib ko‘rinar ekan.
Kunlardan bir kuni yigitning otasi o‘z ko‘nglida: “Borib o‘g‘limdan bir xabar olayin, ravotda nima qilar ekan, bir bilib kelayin”, deb ravotga boribdi. O‘tovga kirib qarasa, kenja o‘g‘li bir o‘zi o‘tirgan emish, yonboshida esa bir mushuk bor emish.
Boy o‘g‘lidan:
— Bolam, nima qilib o‘tiribsan?— deb so‘rabdi. Yigit:
— Ota, ichkari kiraman, tashqari chiqaman, mana bu mushugim bor, shu bilan ovunib o‘tiribman-da, — deb javob beribdi.
Boy o‘g‘li bilan biroz so‘zlashib o‘tirib uyiga ketibdi.
Oradan to‘rt-besh kun o‘tibdi, shunda pari yigitga: “Otangizning uyiga borib, bosh yuvish uchun bir jom olib keling”, debdi.
Yigit uyiga borib katta akasining xotinidan bir piyola qatiq so‘rabdi. Kelin oyisi bir piyola qatiq beribdi. Yigit ravotga qatiq olib kelibdi.
Pari aytibdi:
— Bir piyola qatiq bosh yuvish uchun yetadimi? Ko‘proq olib kelsangiz bo‘lardi. Hali ham bo‘lsa borib yana qatiq olib keling, — debdi. Yigit borib yana kelin oyisidan bir kosa qatiq olib kelibdi.
Pari aytibdi:
— Bosh yuvish ham o‘yinchoqmi? Boring, bir korson qatiq olib keling, — debdi. Yigit borib bir korson qatiq bilan jom olib kelibdi.
Pari boshini yuvmoqchi bo‘lib, yigitga:
— Endi siz eshikka chiqib turing, — debdi. Yigit eshikka chiqib turibdi.
Pari sochini yozib, bir sandalning ustiga chiqib yuva beribdi. Yigit ko‘nglida: bir ko‘rayin, parining sochi qanday bo‘lar ekan? — deb o‘ylabdi. Sekin bildirmay, o‘tovning bir kichik teshigidan qarabdi. Ko‘rsa, parining o‘zi sandalning ustida tikka turibdi, sochi esa yerga tegib turibdi.
“E, parining sochiga ko‘p qatiq ketganicha bor ekan”, deb o‘ylabdi. U pari boshini yuvib bo‘lgandan so‘ng o‘tovga kiribdi. Yigit pari bilan o‘ynab-kulib yura beribdi.
Kunlardan bir kun yigitning otasi ravotga kelib, o‘g‘lim nima qilib o‘tirgan ekan, deb sekin o‘tovga qarabdi. O‘tov ichida o‘g‘li bilan bir pari o‘tirgan emish, uning husni atrofni yoritib turgan emish. Uning jamoli hatto qorong‘u kechani ham yoritar emish. Boy ichidan quvonib ketibdi.
— Bolapaqir ravot bilan o‘tovga loyiq xotin topib olibdi, — deb dimog‘i chog‘ bo‘lib, kelganini ularga bildirmay, indamasdan uyiga qaytib ketibdi.
Kundan-kun, oydan-oy, yildan-yil o‘tibdi. Boyning bir qarindoshi to‘y qilmoqchi bo‘libdi. Boy to‘yga non yoptirib yuborish uchun ikki o‘g‘liga bir botmondan ikki botmon un, sarpo qilib yuborish uchun bir qancha mato beribdi.
Buni eshitgan pari kelin, yigitga:
— Siz ham borib otangizdan un, tikish uchun mato olib keling, — debdi. Yigit:
— Siz pari bo‘lsangiz, nonni qanday qilib yopasiz? Matoni qanday qilib tikasiz? Otam “Nima qilasan?” deb so‘rasa, men nima deb javob beraman? — debdi. Pari aytibdi:
— Unni bir amallab kumoch qilib berarmiz, matoni esa yo‘rmasi yirik bo‘lsa ham bir amallab kiyim qilib berarmiz.
Yigit uyiga borib otasiga aytibdi:
— Bizga ham un, mato bering.
Buni eshitgan kelin oyilaridan biri:
— Hoy boyvachcha, xotiningiz bo‘lmasa, unni qanday qilib non qildirasiz, sarponi qanday qilib tikasiz? — debdi.
Yigit ularga xotinining so‘zini aytibdi, un va matoni olib, ravotga qaytibdi. Yigit xomush bo‘lib pariga aytibdi:
— Aytganlaringizni olib keldim. Endi nonni qanday yopamiz, matodan kiyimlarni qanday tikamiz?
Pari:
— Sizning bu un bilan va bu sarpo tikishlar bilan ishingiz bo‘lmasin! Siz o‘zingiz ko‘rgan g‘orga borib, ichkari kirmay, ”Hoy, parilar, o, parilar, orangizda yaxshi non yopuvchi novvoylar, yaxshi kiyim tikuvchilar, mening yonimga kelaveringlar!” deb chaqiring, ular ichkaridan chiqib, “Yigit, kelavering”, deydilar. Siz ichkari kirmay, orqaga qaytasiz, — debdi.
Bugun o‘tdi, tong otdi.
Yigit Sari yoyni olib, g‘orga qarab jo‘nabdi. Yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, ertasi choshgohda g‘orga yetibdi. Yigit g‘orning og‘ziga borib:
— Hoy, hoy parilar, o, parilar, yaxshi non yopuvchi novvoylar, yaxshi kiyim tikuvchilar, mening yonimga kelaveringlar! — debdi.
Parilar chiqib yigitga:
— Ichkariga kira bering, — deyishibdi, yigit ichkari kirmay, orqasiga qaytibdi. Bir kecha-yu, bir kunduz yo‘l yurib ravotga qaytib kelibdi. Pari so‘rabdi:
— Aytib keldingizmi?
— Aytib keldim, — deb javob beribdi yigit. Orqasidan ikki pari kelib, bir uy unni xamir qilib non yopibdi.
Yana bir uy matodan to‘n va har xil kiyim-kechaklar tikibdi. Kelgan parilar ishni tugatib, yana g‘orga qaytib ketibdi. Bular er-xotin kiyimlarni bekitib, nonni yaxshilab taxlab qo‘yishibdi.
Boyning katta kelinlari maslahat qilib:
— Boyvachcha nima qilib yotgan ekan, borib bir xabar olib kelaylik, — deyishibdi. Ikki katta kelin ravotga yaqin borib qarashsa, kenja o‘g‘il pari bilan ikkovi o‘tovda gaplashib o‘tirgan emish. Ular ichkari kirib o‘tirgach: “Olib kelgan narsalaringizni nima qildingizlar? — deb so‘rabdilar.
Pari esa:
— Unni ko‘moch qildik, matolarni ham ulay-bulay qilib, tikib qo‘ydik, — deb javob beribdi.
Katta kelinlaridan biri paridan so‘rabdi:
— Тo‘yga siz nima kiyib borasiz? Boshingizga nima yopinasiz?
Pari aytibdi:
— Men qog‘ozdan qilingan ko‘ylak, kamzul kiyib, qog‘ozdan qilingan paranji yopinib boraman.
Katta kelinlar uyga qaytishibdi: “Bizlar ham shunday qilamiz?” deb o‘ylashib, unni ko‘moch qilib, matolardan kiyim tikishib chokini yirik yo‘rma qilishibdi.
Xayr, qissani kalta qilmoq kerak. Boyning qarindoshi to‘yga aytuvchi yuboribdi.
Hamma to‘yga jo‘namoqchi bo‘libdi.
Boyning kichkina kelini chiroyli patir nonlarni, etagi keng burmali, yoqasi ravon tikilgan kiyim-kechaklarni bir qopga solib, og‘zini bo‘g‘ib tayyorlab qo‘yibdi. O‘zi esa shohi kimxob, adras kiyimlarni kiyib, uning ustidan qog‘ozdan yasalgan liboslarni kiyib tayyor bo‘lib o‘tiribdi.
Endi ikki og‘iz so‘zni boyning katta kelinlaridan eshiting. Boyning ikki katta kelini ham qilgan ko‘mochlarini bir qopga, tikilgan kiyimlarni ikkinchi qopga solib tayyorlab qo‘yibdilar. Ular hech qanday libos kiymay qog‘ozdan yasalgan liboslarnigina kiyib, tayyorlanib turibdilar.
Boy ot-arava qilib, uch kelinni bir aravaga, boshqa narsalarni ikkinchi bir aravaga solib, to‘yga jo‘nabdi.
Yo‘lda birdan shamol turib to‘polon bo‘lib, havoga bir qora bulut chiqibdi, yomg‘ir quya boshlabdi. Kelinlarning qog‘ozdan yasalgan liboslari ivib, ustlaridan tushib ketibdi. Parining qog‘oz libosi ostidan kiyimi yarqirab ko‘rinibdi, uning husniga husn qo‘shibdi.
Ikki katta kelin birday yalang‘och bo‘lib qolibdilar.
Ular shunday sharmandagarchilik bilan to‘yxonaga yetib borishibdi. Boyning o‘g‘illari ikki kelinni bu ahvolda ko‘rib, uyalib kelinga darrov ust-bosh berib, kiyintirib qo‘yibdi.
O‘g‘il va kelinlar to‘yxonaga kirib, uy egasini chaqirib “To‘y qutlug‘ bo‘lsin” deyishibdi. Har qaysi kelin o‘zi yopib kelgan nonni, tikib kelgan kiyimlarini ko‘rsatmoqchi bo‘lishibdi.
Avval boshlab boyning ikki katta kelini yopib kelgan nonlarini ko‘rsatishibdi. Тo‘yxonadagilar qarashsa, hammasi kulga o‘xshagan ko‘moch emish, tikib kelgan kiyimlarini ko‘rsatishibdi, qarashsa, kiyimlar ham rasvo, kiyib bo‘lmaydigan emish.
Navbat boyning pari keliniga yetibdi. Bu ham yopib kelgan nonlarini, tikib kelgan kiyim-kechaklarini birma-bir ko‘rsatibdi.
Nonlari novvoyning nonidan ham chiroyli, kiyimlari usta tikuvchilarning kiyimlaridan ham go‘zal tikilgan emish. Тo‘yxonadagi hamma odamlar bu kiyimlarni va nonlarni ko‘rib hayron bo‘lib tomosha qilibdilar. Тo‘yxonadagi bir odam boydan:
— Kichkina o‘g‘lingizni qayerdan uylantirgansiz, boy bobo? — deb so‘rabdi.
— Narigi qishloqdagi bir kambag‘alning qizi, — debdi boy.
Kech bo‘lgach, boy o‘g‘illari bilan bir uyda yotibdi. Kelinlar boshqa bir uyda yotibdi. Hamma yotgandan keyin boy kichkina o‘g‘lini bir ovloqqa chaqirib olib sekin so‘rabdi:
— Bolam, ayolingning mushuk libosini qayerga qo‘ygansan?
— So‘rab nima qilasiz, ota? —debdi kenja o‘g‘il.
— Ey bolam, so‘rayman-da, — deb javob beribdi chol.
Kenja o‘g‘il gapni chalg‘itibdi. Boy hech aytmaganiga qo‘ymabdi. Oxiri kenja o‘g‘il aytibdi:
— Parining mushuk teri libosini bo‘z otning chelgisi1 orasiga qo‘yganman.
Boy bo‘z otning chelgisi orasidan parining mushuk libosini olib, o‘tga tashlabdi. Mushuk libosining kuygan isi parining dimog‘iga uribdi.
Pari bir kishiga:
— Mening erimni chaqirib keling! — debdi. U topib kelibdi.
Kenja o‘g‘il xotinining yoniga kelib:
— Ha, nima deysan?— deb so‘rabdi. Pari aytibdi:
— Ey yigit, endi qirq botmon temirdan hassa yasaysan, qirq botmon temirdan choriq tikasan, hassang juvoldizday bo‘lguncha, chorig‘ing g‘alvirday bo‘lguncha meni izlaysan. Endi sen menga yo‘q, men senga yo‘q, — deb bir parvoz qilib, o‘tovning tuynugidan chiqib ketibdi. Kenja o‘g‘il chapak chalib qolaveribdi.
Bugun o‘tibdi, tong otibdi, to‘y tarqabdi, mehmonlarning har qaysisi uy-uyiga ketibdi. Boy ham o‘g‘illari bilan uyiga qaytibdi.
Kenja o‘g‘il qirq botmon temirdan hassa qilib, qirq botmon temirdan choriq qilib kiyib olibdi. Endi kenja o‘g‘il parini izlab yura versin, gapni boydan eshiting.
Kundan-kun, oydan-oy, yildan-yil o‘tibdi.
Bir kun boy aytibdi:
— O‘g‘limning yo‘q bo‘lganiga uch yil bo‘ldi, buning bor-yo‘qligini bilayin, agar yo‘q bo‘lsa, xatmi qur’on qilayin, — debdi. Тo‘rt yoqqa to‘rt odam yuboribdi. Har qaysisi bir oylik oziq olib chiqib ketibdi.
Izlab-izlab, o‘ttiz besh kun deganda to‘rttovi to‘rt yoqdan qaytib boyning oldiga kelibdi. Boy ular bilan so‘rashgandan keyin:
— Hech xabar topdilaringmi? — deb so‘rabdi.
Ulardan biri javob beribdi:
— Ey boy bobo, o‘g‘lingizning ketganiga uch yildan oshib borayotir. Bor bo‘lsa qayerda bo‘lsa ham kelar edi. Endi u yog‘ini o‘zingiz bilasiz, — debdi. Boy katta o‘g‘illari bilan o‘ylashib, kengashib, qishlog‘ining katta-kichigini yig‘ib, o‘g‘lining xudoyisini o‘tkazibdi.
Bular xudoyi qila tursin, endi ikki og‘iz so‘zni kenja o‘g‘ildan eshiting.
Kenja o‘g‘il tog‘, sahro, dasht-biyobonlarni kezibdi. Kunlardan bir kun yurib-yurib yo‘li bir ravot yonidan tushib qolibdi. Ravotning yonida bir sarhovuz bor ekan. Suv talab bo‘lgan yigit bir dam nafasimni rostlab olayin deb, haligi hovuzning labiga borib o‘tiribdi. Shu orada ravotdan bir bola chiqib, qo‘lidagi obdastani hovuzdan to‘ldirib olibdi. U ketayotganida yigit bolani chaqiribdi:
— Ey bola, suvingni olib kel, bir ichib berayin.
Bola:
— Sen qanday odamsan, oldingda suv turibdi-ku, menga suv ber deysan, — deb ketaveribdi.
— Shu obdastangdagi suv qon bo‘lib qolsin! — debdi yigit.
Bu ravotda yalmog‘iz kampir yashar ekan. Suv olib kirib ketgan bola kampirning xizmatkori ekan. Yigitning izlab yurgan parisi ham shu yerda ekan. Pari bolani suvga chiqargan ekan. Bola suvni olib kirganda: “Quy qo‘limga!” debdi pari. Bola quyibdi, parining qo‘liga suv emas, qip-qizil qon quyilibdi. Pari:
— Ha, juvonmarg, men senga suv olib kel desam, qon olib kelibsan-da, — debdi. Bola hayron bo‘libdi. Yana hovuzga suv olish uchun chiqibdi. Bola obdastani chayqab-chayqab tashlab, yana to‘ldirib suv olib qaytibdi. Buni ko‘rib turgan yigit:
— Hay bola, obdastangni olib kel, suvingdan bir ichib berayin, — debdi.
— Ey, sen qanday odamsan, oldingda hovuz turib, suv tilaysan, ichsang hovuzdan ichaver-da, — deb suvni olib ketaveribdi.
— Shu suving yiring bo‘lib quyilsin, — debdi yigit. Bola suvni ichkariga olib kiribdi. Pari:
— Quy qo‘limga! — debdi. Bola suvni parining qo‘liga quyibdi.
Suv yiring bo‘lib quyilibdi. Pari bolani urishib:
— Juvonmarg, sen bunday emas eding-ku, senga bir balo bo‘ldimi, hali qon to‘ldirib kelasan, hali yiring to‘ldirib kelasan, hovuzning labida nima bor? Ayt! — deb bir-ikki tarsaki uribdi. Bola:
— Hovuzning labida bir yigit o‘tiribdi, men har safar suv olib ketayotganimda “Hay bola, suvingni olib kel, bir ichib berayin” deb, mendan suv so‘raydi. Men unga suv bermay, olib kelaman, — debdi.
— Bor, endi u suv so‘rasa, ichirib olib kel, — debdi pari:
Bola yana obdastani chayqab-chayqab hovuzdan toza suv olib kelayotganda yigit, chaqirib: “Hoy bola, obdastangni olib kel, suvingdan bir ichib berayin” debdi. Bola bu safar obdastadagi suvni yigitga tutibdi. Yigitning qo‘lida parining bir uzugi bor ekan, shu uzukni obdasta ichiga tashlab yuboribdi. Yigit so‘rabdi.
— Ey bola, bu suvni nima qilasan?
Bola:
— Opamning qo‘liga quyaman, — debdi. Yigit bolaga o‘rgatibdi.
— Opangning qo‘liga quysang, avval jinday tomiz, “Quy” desa yana biroz tomiz. “Durustroq quy” desa obdastadagi hamma suvni ag‘darib yubor, — debdi. Bola suvni olib kirib, parining qo‘liga quya boshlabdi. Bu safargi suvda na qon bor, na yiring, top-toza tiniq suv emish. Pari:
— Quy! — debdi. Bola sekingina ikki tomchi quyibdi. Pari:
— Тuzukroq quysang-chi, senga bir balo bo‘ldimi? Ilgari bunday emas eding-ku! —debdi. Bola obdastani ag‘darib yuboribdi. Yigitning obdastaga solgan uzugi parining qo‘liga tushibdi. Bu uzukni pari tanibdi. O‘zining uzugini bolaga bildirmay qo‘liga taqib olibdi. Pari bolani bir yoqqa ishga buyuribdi. Yalmog‘iz kampirning yo‘qligidan foydalanib, pari ravotdan chiqib qarasa, yigit hovuz bo‘yida o‘tirgan emish. Uni chaqirib olibdi, ravotga olib kirib, sandiqqa solib bekitib qo‘yibdi. Kech bo‘libdi, yalmog‘iz kampir daladan qaytibdi.
Atrofga qarab, alanglab: “Bu nima? Ravotdan odam isi keladi. Bunda odamzod bormi?”— debdi u. Pari:
— Bu yerda odamzod nima qiladi, sizning makoningizga odamzodning kelishga haddi bormi? — deb javob beribdi. Yalmog‘iz kampir indamay qolibdi.
Kampir har kuni ertalab chiqib ketar ekan. Pari bo‘lsa yigitni sandiqdan chiqarib olib, gaplashib o‘tirar ekan. Kunlardan bir kun pari yigitdan so‘rabdi:
— Ey yigit, nega ranging sariq, senga bir sitam o‘tdimi?
— Ey, nozanin, — debdi yigit, — endi men shunday qilib yura beramanmi? Umrimning yarmidan ko‘pi seni deb sarsongarchilikda o‘tib borayotibdi, bu yerdan bir iloj qilib ketishni o‘ylasang-chi!
Pari:
— Ey yigit, men ham ketmoqning payidaman, biroz sabr qilaylik, — debdi.
— Ey parizod, agar bugun-erta bir iloj qilib ketmasak, diqqatim oshib sil bo‘laman, — debdi yigit. Pari:
— Hoy yigit, yana aytaman: sabr qil, oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, — deb eriga dildorlik qilibdi.
Kech bo‘lib, yalmog‘iz kampir kelib, damini olib o‘tiribdi-da:
— Hoy bolalarim, o‘tiribsizlarmi? — debdi. Bir oz o‘tgach, yana so‘zlabdi, — Ravotdan odamzodning hidi keladi. Sen parizod nima uchundir buning sababini menga aytmaysan.
Pari aytibdi:
— Ey ena, bir qoshiq qonimdan kechsang aytar edim.
— Ha ayta qol, bolam. Qancha gunohing bo‘lsa kechdim, — debdi kampir. Shunda pari:
— Enajon, meni olib kelgan vaqtingizda, o‘n besh yoshli sag‘ir ukam qolgan edi. Katta bo‘lib, meni izlab kelgan ekan. Qancha kunlardan beri sizdan qo‘rqib, sandiqqa solib yashirib yuribman. Mehribonchilik qilsangiz, shu birgina ukam sizning davlatingizda yursa, — deb iltimos qilibdi. Yalmog‘iz kampir:
— Xo‘p, mayli, bolam, bu odam yursa, yursin, — debdi-da, ko‘nglida “Buni ham so‘rib o‘ldiraman-da”, — deb o‘ylabdi.
Kunlar o‘ta boshlabdi. Qurg‘ur yalmog‘iz kampirning rusumi shunday ekan: har kuni yigitning tizzasiga boshini qo‘yib, uning qonini so‘rib yotar ekan. Yalmog‘iz biror kimsaning qonini so‘rsa, besh-o‘n kunda uni o‘ldirar ekan. Yigit holdan toya boshlabdi, u zorlanib holdan ketayotganini aytib: “Endi nima qilamiz, buning ilojini qilmasak bo‘lmaydi”, debdi. Pari aytibdi:
— Buning ilojini men senga aytay, sen men aytganimdek qil. Yalmog‘iz kampirning bir tuyasi, bir kuchugi bor, hamma vaqt kuchugiga somon berib, tuyasiga esa suyak tashlaydi. Yana bir uyi bor, u uyning ikki eshigi bor. Тo‘rdagi eshik hamma vaqt yopiq turadi. Poygohdagi eshik esa ochiq turadi. Uyning o‘rtasida bir ustun bor. Uyning tokchasida bir oyna, bir qaychi, bir taroq turadi. Ey yigit, bugun yalmog‘iz daladan qaytib, uyga kirib o‘tirganda tuyasiga somon, kuchugiga suyak tashlab qo‘y. Eshikning to‘rdagisini ochib, poygohidagisini qo‘ygin-da, o‘zing ustunning tagiga borib o‘tir. Shunda yalmog‘iz kampir: “Kel boshimni qarab qo‘y”, desa, sen: “Ey ona, o‘zim charchab turibman, o‘zingiz kela qoling”, deb ayt. Kampir kelib tizzangga boshini qo‘yib uxlaganida sen uning sochini ustunga o‘rab, mahkamlab bog‘la. Butun sochini bog‘lab bo‘lgach, sekin o‘rningdan turib, tokchadagi oynani, taroqni, qaychini olib qo‘yningga sol. Тo‘rdagi eshikdan chiq. Men tashqarida seni kutib turaman. Ikkimiz birgalashib qochib ketamiz, — debdi.
Biroz o‘tgach, yalmog‘iz kampir uyga kirib:
— Ey bolalarim, bugun men ko‘p charchadim, tuya bilan kuchukka yaxshi qaranglar! — deb ust-boshini yechib, yonboshlab yotibdi. Yigit tuyaning oldiga somon, kuchukning oldiga suyak tashlab qo‘yibdi. So‘ngra to‘rdagi eshikni ochib, poygohdagi eshikni yopib, o‘zi ustunning tagiga borib o‘tiribdi. Shunda yalmog‘iz yigitga qarab:
— Kel, bolam, boshimni qarab qo‘y! — debdi. Yigit:
— Ey ona, o‘zim charchab turibman, o‘zingiz kela qoling, — debdi. Kampir kelib yigitning tizzasiga boshini qo‘yibdi. Kampirning ko‘zi ilinibdi.
Yigit: “Ha, palla-palla, shu palla”, deb kampirning sochini ustunga o‘rab, mahkam bog‘labdi. Kampirning boshini sekin tizzasidan olib, yerga qo‘yib, taroq, oyna va qaychini olib, qo‘yniga solib, to‘rdagi eshikdan tashqari chiqibdi.
Kampir birdan uyg‘onib, “Yopil, eshigim, yopil”, debdi. Eshik esa:
— Men nega yopilayin, hamisha meni yopib qo‘yar eding, — debdi. Kampir poygohdagi eshigiga qarab “Ochil, eshigim, ochil”, debdi.
Eshik:
— Men nega ochilayin, meni hamisha ochib qo‘yar eding, — deb javob beribdi. Yalmog‘iz ichkaridan. “Ol, tuyam, ol!” deb baqiribdi. Тuya:
— Men nega olayin, mening oldimga hamisha suyak solib qo‘yar eding, — debdi. Yalmog‘iz:
— Kuchugim, ol! — deb baqiribdi. Kuchuk:
— Men nega olayin, oldimga har vaqt somon solib qo‘yar eding, — debdi.
Eshiklar ham, tuya ham, it ham yalmog‘izning aytganini qilmabdilar. U nima qilishini bilmay qolibdi. Shu vaqtda yigit bilan pari jo‘nab ketibdi.
Yalmog‘iz kampirning sochi juda uzun ekan, yigit uni ustunga qirq o‘rab, mahkam bog‘lagan ekan. Yalmog‘iz ne azoblar bilan sochini yechib, bo‘shatib olibdi va yigit bilan parining ketidan quvib ketibdi. Yalmog‘iz uch kecha-yu uch kunduz quvib bir cho‘lda yigit bilan parining orqasidan yetib olibdi.
Ular yalmog‘iz kampirning tarog‘ini tashlabdi. Тaroq katta bir to‘qay bo‘lib, kampirning oldini to‘sibdi. Kampir qichqirib:
— Hoy, bolalarim, bu to‘qaydan qanday qilib o‘tdilaring? — deb so‘rabdi. Har ikkisi:
— Ey ona, bir tishimizni sug‘urib tesha qildik, bir tishimizni sug‘urib, bolta qildik, shu bilan to‘qaydan yo‘l ochib o‘tdik, — deb javob berishibdi va chopib ketaverishibdi.
Kampir bir tishini sug‘urib bolta, bir tishini sug‘urib tesha qilibdi. Тo‘qaydan yo‘l ochib chiqib, yigit bilan parini quvaveribdi, Ular qocha beribdi. Ikki kecha-yu ikki kunduzdan keyin yalmog‘iz ularga yetib olibdi. Ular qaychini tashlab qochibdilar. Qaychi ham boshi va oxiri ko‘rinmaydigan katta to‘qayga aylanibdi.
Тo‘qay kampirning oldini to‘sib qolibdi. Yalmog‘iz:
— Hoy bolalarim, bu to‘qaydan qanday qilib o‘tdilaring?! —deb so‘rabdi. Pari:
— Ey ena, bir tishimizni sug‘urib bolta qildik, bir tishimizni sug‘urib tesha qildik. Shu bilan to‘qaydan yo‘l ochib o‘tdik, — debdi.
Yalmog‘iz yana bir tishini sug‘urib bolta qilibdi, bir tishini sug‘urib tesha qilibdi. Aslida kampirning to‘rtta tishi bor ekan, to‘rttovi ham tamom bo‘libdi. Yigit bilan parining maqsadi kampirning to‘rtta tishini yo‘q qilish ekan. Shunda pari bilan yigit quvonib ketaveribdilar.
Kampir esa bolta, teshani qo‘liga olib daraxtlarni kesib yo‘l ochib, to‘qaydan chiqibdi. Yana ularni quva beribdi.
Ikki kecha-yu ikki kunduzdan keyin yalmog‘iz kampir yigit bilan pariga yetayozibdi. Ular endi oynani tashlab ketishibdi.
Oyna bir katta daryo bo‘lib qolibdi. U daryoning tagi va poyoni yo‘q emish. Kampir daryoning labiga borib hayron bo‘libdi.
— Hoy bolalarim, bu daryodan qanday qilib o‘tdilaring? — debdi.
Yigit:
— Ey ena, ko‘ylagimizni yechib, uni toshga to‘ldirib, og‘zini bo‘g‘ib, bo‘ynimizga ilib, daryoning tagi bilan o‘tdik, — debdi.
Yalmog‘iz yigitning aytganidek qilibdi va o‘zini daryoga tashlash oldidan yigit va pariga qarab qichqiribdi:
— Hoy bolalarim, men o‘zimni daryoga tashlaganimdan keyin oq ko‘pik chiqsa, qah-qah urib kulinglar, qizil ko‘pik chiqsa zor-zor yig‘langlar! — debdi-da, o‘zini daryoga tashlabdi, Biroz vaqt o‘tgach daryoni oq ko‘pik tutib ketibdi. Yigit bilan pari ko‘pikni ko‘rib uvvos tortib yig‘lay berishibdi. Yana biroz vaqtdan keyin qarashsa, daryoning betini qon tutib ketibdi. Har ikkisi yalmog‘iz kampirdan qutulib, quvonib uch kecha-yu uch kunduz yo‘l yurib, o‘z ravotlariga yetib kelibdilar. Yigit pari bilan o‘ynab-kulib yura beribdi.
Yigitning ota-onasi, aka-ukasi, qavm-qarindoshlari kelib dimog‘lari chog‘ bo‘libdi. Har ikkisi murod-maqsadiga yetibdi.