OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Pufakvoy

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir shahar chetidagi chorbog‘da bir chol bilan kampir bor ekan. Ular halol mehnat bilan, dehqonchilik qilib kun kechirar ekanlar. Chol-kampirning farzandi yo‘q ekan. Shu sababdan ular qattiq qayg‘urar ekanlar. Yillar o‘tibdi, chol-kampir yana qarib, bellari bukchayibdi, ko‘zlari xiralashibdi, og‘ir ishga yaramaydigan bo‘lib qolibdilar.
— E, kampirim, — debdi kunlardan bir kuni chol, — agar farzandimiz bo‘lganda edi, qo‘limizdan ishimizni olar edi. Juda bo‘lmaganda dastyorlik qilar edi. Endi dunyodan ko‘zimiz ochiq ketadigan bo‘ldi-da.
Kampir uni yupatibdi. Kunlardan bir kun ertalab kampir cholni uyg‘otibdi:
— Тuring, chol, — debdi kampir, — o‘g‘illik bo‘lib qoldik.
— Nimalar deyapsan, kampir, qanday o‘g‘il, kimning o‘g‘li? —deb so‘rabdi chol hayron bo‘lib.
— Kimniki bo‘lar edi, o‘zimizning o‘g‘limiz. Тuring, qarang, to‘pday chiroyli, dumaloqqina bola! —debdi kampir.
Chol o‘rnidan irg‘ib turib qarasa, uyning o‘rtasida oyoqlari chillakdek, qorni meshdek bir bola chol-kampirga qarab, tirjayib turgan emish. Xursand bo‘lib ketgan chol bolani quchoqlab bag‘riga bosib erkalabdi va unga ot qo‘yish to‘g‘risida kampir bilan maslahatlashibdi. Unga ismi-jismiga munosib bo‘lsin deb, Pufakvoy deb ot qo‘yibdilar. Shu kundan boshlab chol-kampir Pufakvoyga o‘zlari yemagan yaxshi taomlarni yedirib, ichmaganlarini ichirib yura beribdilar. Ularning niyati Pufakvoyni tezroq katta qilib, dastyor qilish ekan. Pufakvoy kundan-kunga semirib, qorni katta bo‘laveribdi. Chol-kampir uni ko‘p erkalatar ekanlar, shu sababdan taltaygan Pufakvoy chol-kampirni mensimaydigan bo‘lib qolibdi. Keyingi vaqtlarda Pufakvoy juda ochko‘z bo‘lib ketibdi, chol-kampirning bergan ovqatlariga qanoat qilmay, ko‘ziga nima ko‘rinsa “Ho‘pla, og‘zim” deb yutib yuboraveradigan bo‘lib qolibdi. Bir kuni chol o‘g‘li Pufakvoyni dalaga qo‘sh haydashga olib boribdi. Pufakvoy kechgacha cholga yordamlashibdi. Kechqurun qorni ochib qolib uydagi ovqatga yetib kelishga ham sabri chidamay, “Ho‘pla, og‘zim” deb birdan qo‘sh ho‘kizni yutib yuboribdi. Chol: “Ho‘kizlar qani?” degan ekan, Pufakvoy: “O‘tloqqa haydab yubordim”, deb javob beribdi.
Ertasi bozor kuni ekan, chol bir bozor qilib kelay deb, ko‘chaga chiqib ketibdi. Cholga qorama-qora Pufakvoy ham bozorga jo‘nab qolibdi. U avval ko‘chada bir eshakka minib, bir qancha xo‘roz va tovuqlarni bozorga olib kelayotgan kishini ko‘ribdi. Pufakvoy: “Shu tovuqlarni olsa, maza qilar edim”, deb o‘ylabdi. U birdan “Ho‘pla, og‘zim” deyishi bilan haligi eshakdagi kishi eshak-peshagi va xo‘roz, tovuqlari bilan uning og‘ziga kirib ketibdi. Pufakvoy qatiq va suzma ko‘tarib ketayotgan bir kishiga duch kelibdi. “Ho‘pla, og‘zim” degan ekan, u kishi ham xaltadagi suzmalari, xurmachadagi qatiqlari bilan Pufakvoyning og‘ziga kirib ketibdi. Yana Pufakvoy bozor tomon bora beribdi: u yo‘lda ko‘ringan hamma narsalarni ochko‘zlik bilan yutaveribdi. Qo‘y haydab ketayotganlarni ham, mol haydab keta-yotganlarni ham, arava-arava yuk olib ketayotganlarni ham, yilqilarni ham, tuyalarni ham odam-podami bilan yutib yuboraveribdi. Oxiri Pufakvoy bozorga yetibdi. Bozor darvozasi oldida turib “Ho‘pla, og‘zim” degan ekan bozorda hech zog‘ qolmay Pufakvoyning og‘ziga kirib ketibdi.
Pufakvoy endi sal-pal qorni to‘ygandek bo‘lib uyga qaytibdi. Endi Pufakvoyning qorni juda katta gumbazdek bo‘lib shishib ketibdi. U shaharning ko‘chalariga arang sig‘ib uyiga yetib kelibdi, kampir ko‘chada katta gumbaz dumalab kelayotganini ko‘rib hayron bo‘lib qolibdi. U qo‘rqqanidan eshikni bekitib, uyga kirib ketibdi. Pufakvoy eshik yoniga kelib kampirni chaqiribdi, kampir o‘g‘lim keldi, deb eshikka chiqsa, haligi gumbaz devordan mo‘ralab turgan emish. Kampir yana uyga qochayotgan ekan, Pufakvoy:
— Oyi, men keldim, qo‘rqmang, sizni yeb qo‘ymayman, qornim to‘ydi, bozordagilarni yeb keldim, — debdi. Kampir o‘g‘li yalmog‘iz ekanini sezib qolibdi. Pufakvoyni aldab uxlatish fikriga tushibdi. U uxlaganda o‘zim bilib ishimni qilaman, debdi kampir. Kampir Pufakvoyni silab-siypab, bolam-bo‘tam qilib:
— Bolam, qorning to‘q bo‘lsa ham charchagandirsan, senga bir yaxshi joy qilib beray, salqinda bir maza qilib uxlab olgin, sen turguningcha men choy qaynatib, istasang shiringina atala ham pishirib qo‘yay, — debdi. Pufakvoy uyga sig‘magani uchun ko‘chadagi daraxtlar tagida yotmoqchi bo‘libdi. Kampir ko‘chalarni supurib suv sepibdi, katta kigizni yozib, Pufakvoyga yumshoqqina o‘rin solib beribdi. Pufakvoy o‘lgudek charchagani uchun darrov yotib uyquga ketibdi. Kampir atalaga olov yoqib, choydishni qozon yoniga ilibdi, otashkurakni o‘choqqa tashlab qo‘yibdi. Pufakvoyning yoniga yaqinroq kelgan ekan, uning qornidan: xo‘rozlarning qichqirig‘i, eshaklarning hangrashi, otlarning kishnashi, tuyalarning bo‘kirishi, qo‘y, sigir va ho‘kizlarning ma’rashi va nihoyat odamlarning qiy-chuvi eshitilayotgan emish. Kampir ko‘chalarda hech kim ko‘rinmaganidan xavotir bo‘lib o‘tirgan ekan. Endi hamma voqeani tushunibdi. “Mening yalmog‘iz o‘g‘lim bozordagi va ko‘chadagi hamma narsalarni, odamlarni yutib yuborgan bo‘lsa kerak. Men bu bechoralarni Pufakvoyning qornidan chiqarib yuborishim kerak, bo‘lmasa shaharda odam qolmaydi”, deb o‘ylabdi kampir. O‘choqdagi otashkurak laqqa cho‘g‘ bo‘lganda kampir uni sekin olib kelib, uxlab yotgan yalmog‘iz o‘g‘li Pufakvoyning qorniga bosibdi. Katta gumbazdek qorin to‘p otgandek “paq” etib yorilib ketibdi. Uning qornidan chiqqan odamlar hech qanday zarar ko‘rmay, sevinishib, kulishib o‘z narsalarini olib uylariga tarqalishibdi. Ular orasida chol ham bor ekan.
Chol kampirga o‘g‘li Pufakvoyning qiliqlarini birma-bir gapirib beribdi. Ikkisi qorni yorilib yotgan o‘g‘illariga juda achinibdi, Pufakvoyning tepasiga kelib, qarashsa, hali joni bor emish. Pufakvoy sekin ko‘zini ochib ota-onasiga yalinibdi:
— Mening qornimni tikib qo‘yinglar, bo‘lmasa men o‘laman, endi tuzalsam, hech kimni yemayman, yaxshi bola bo‘laman, so‘zingizga kiraman, nima ish buyursangiz qilayin, — debdi. Chol jarrohga boribdi, jarroh kelib Pufakvoyning qornidagi cho‘zilib, katta bo‘lib ketgan hamma ichak, tomirlarini kesib tashlab, tikib qo‘yibdi. Pufakvoyni chol-kampir yana qirq kun tarbiya qilishibdi. Unga har kuni ozgina-ozgina atala va shirchoy qilib berar ekanlar. Oxiri Pufakvoyning qornidagi yaralari tuzalibdi. Qirq bir kun deganda u hovlida asta-asta yura boshlabdi, keyin butunlay tuzalib ketibdi. Chol Pufakvoyni dalaga olib borib, unga dehqonchilikni o‘rgatibdi. Pufakvoy yaxshi dehqon bo‘lib yetishibdi.
Chol-kampir dam olib yotar ekan. Pufakvoy hamma ishni bir o‘zi bajarib kelar ekan. U qarib qolgan ota-onasiga qanday mehribon bo‘lsa, boshqa odamlarni ham shunday yaxshi ko‘rar ekan. Shunday qilib chol bilan kampir murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.