OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Devbachcha

Qadim zamonda bir boy bor ekan. U boyning farzandi yo‘q ekan. Boy ko‘p xotin olibdi. Oxirida bir xotinidan o‘g‘il ko‘ribdi. Boy borgan sari kambag‘allashib qolibdi, o‘g‘li esa katta bo‘laveribdi. U boyning jo‘ralari ko‘p ekan, boy do‘stlarining tuz-namagini ko‘p yegan ekan. Biroq o‘g‘lini to‘y qilish uchun boyning hech narsasi qolmabdi.
Boy jo‘ralari bilan maslahatlashib, to‘yni o‘tkazmoqchi bo‘libdi. Jo‘ralari qarz berishga va’da qilishibdi. “Qachon to‘y qilsang, bizga xabar ber”, deb ketishibdi. Oradan bir necha yil o‘tgach, boy to‘y qilmoqchi bo‘lib harakat qilibdi. Biroq u jo‘ralarini esidan chiqarib yuborgan ekan. Kunlardan bir kun to‘ydan xabar olish uchun uch jo‘rasi o‘z xizmatkorlarini yuboribdi. Ular kelib boyning hovlisidan:
— Boy aka to‘yini o‘tkazdimi, yo‘qmi? — deb so‘rabdi. Shu vaqt boyning o‘g‘li tomda shoxdor1 uchirib turgan edi. Bola “Nima ishingiz bor, to‘y allaqachon bo‘lib o‘tgan”, deb achchig‘lanib javob beribdi. Ular esa: “Bizlar shuncha yaxshilik qildik, u bilmadi”, deb qaytib ketibdilar. Bu qo‘pol harakatdan xabar topgan boyning jo‘ralari achchig‘lanib, boyning qishlog‘iga bostirib kelibdilar. Boy nihoyatda kambag‘allashib qolgan ekan. U yugurib o‘g‘lining oldiga kelib:
— Ey, o‘g‘il, endi nima qilamiz? U boylar kelib bizning kulbamizni ko‘kka sovuradi, — debdi. O‘g‘li otasiga:
— Qo‘rqmang, ota, — deb butun ro‘zg‘or-anjomni bir arqonga bog‘labdi. Otasini o‘ng kiftiga, onasini chap kiftiga ko‘tarib, huv-yo manhu, — deb bir cho‘l-biyobonga jo‘nab ketibdi. Ko‘p yo‘l yuribdi, yo‘l yursa-da, mo‘l yuribdi. Bir daryoning labiga yetib kelibdi.
U yer turli mevalar bilan to‘la, olmalar pishgan, tagiga tushgan, bir jannatmakon yer ekan. Bola ota-onasidan:
— Shu yerda yashaymizmi? — deb so‘rabdi. Ular rozi bo‘lishibdi.
O‘sha oqshom bolaning otasi qattiq kasal bo‘lib o‘libdi. Bola otasini kafanlab, go‘r qazib ko‘mibdi. O‘zi esa otasining go‘riga go‘rbon1 bo‘lib yotibdi. Yarim kecha bo‘lganda bir bahaybat dev kelib otasining go‘rini timdalayveribdi, aqqa-baqqa tuprog‘ini otibdi. Botir o‘rnidan turib:
— Sen qanday bahaybat jondor, o‘lik bilan nima ishing bor. Men bilan gaplash, — debdi. Dev quloq solmay go‘rni kavlayveribdi. Shu choq botirning achchig‘i kelib, qo‘liga bir katta tosh olib devni quvlab ketibdi. Dev qochibdi, bola quvlayveribdi. Borib-borib dev bir baland tog‘ning tagidagi g‘orga kirib ketibdi. Botir ham g‘orga kiribdi. Qarasa, g‘orning ichida qirq uy bor emish. Hammasiga tilla qulf urilganmish. Qirq uyning kaliti bir mushukning bo‘yniga taqilgan emish.
Botir mushukni avaylab ushlab olibdi. Kalitdan bittasini olib, bir xonani ochibdi.
Qarasa, dunyodagi hamma narsadan bor emish. Uyni qulflab qaytib chiqib, g‘orning og‘zini bir tosh bilan bekitib, onasining oldiga boribdi. Borsa, onasi uxlab yotgan emish. Nima bo‘lganini, ko‘rganini aytmasdan, onasini yelkasiga ko‘tarib g‘orga qarab jo‘nabdi. G‘orning og‘zini ochib. onasi bilan ichkari kiribdi.
— Ona, shu yerda yashaymiz, — deb onasini qo‘yib, o‘zi otxonadan bir ot olib minib, shikorga chiqib ketibdi. Oradan bir necha oylar o‘tibdi. Botir bir kun ovdan kelayotsa, yo‘lda bir chaqaloq yig‘lab yotgan emish.
Botir onasining oldiga kirib:
— Bir chaqaloq yig‘lab yotibdi. Shuni senga olib kelib bersam, boqib katta qilib berasanmi, u senga hamroh bo‘lar edi, — deb maslahat qilibdi. Bu chaqaloqni onasining o‘zi tug‘gan ekan. Bola erining go‘rini kavlagan devdan bo‘lgan ekan. O‘g‘lidan qo‘rqib, u keladigan yo‘lga yotqizib qo‘ygan ekan.
Kundan-kun, oydan-oy o‘tib, bola yo‘rtma1 bo‘libdi. Devni Botir ovga ketgan vaqtda onasi cho‘yan sandiqqa solib qulflab qo‘yar ekan. Haligi yo‘rtma bo‘lib qolgan bola “Ota, ota, sandiqdan baqqa chiq”, — deb chaqiribdi.
Akasi fahmlab:
— Ona, bu sandiqda nima bor? — deb sandiqni bir urib uch bo‘lak qilib tashlabdi. Ichidan dev chiqib botir bilan olishib ketibdi. Bola devni yiqitib go‘shtini maydalab, terisidan bir tasma olib, beliga bog‘lab, onasini ham, dev ukasini ham tashlab “hayo-hu, man-hu”, deb chiqib ketibdi. Botir ko‘p yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Bir cho‘lga — bir ravotga yetib boribdi. Ravotning bir chekkasiga otini bog‘lab, aqqa-baqqa qarab, quloq solsa, ravotning ichidan odam tovushi chiqayotgan emish. Bu joy g‘irt o‘g‘rilarning makoni ekan. O‘g‘rilar suhbat qilib, “Bizlar ko‘p kishimiz. Oramizda birorta mullabachcha yo‘q”,— deb turgan ekan. Bu so‘zni botir eshitib, o‘zini mulla qilib ko‘rsatibdi:
— Assalomu alaykum, — deb ularning oldiga kirib boribdi.
— Agar saloming bo‘lmasa, ikki yamlab bir yutardik, — deb o‘g‘rilarning kattasi gap so‘rabdi. Botir:
— Men falon shaharda mullabachcha edim, ko‘p turdim, dunyoning boshqa yoqlarini ham ko‘ray deb sayohatga chiqib, shu yerlarga kelib qoldim, — deb javob beribdi.
— Тilagimiz shu edi, — deb o‘g‘rilar suyunib ketibdi. Botir bular bilan yuraveribdi.
Endi gapni g‘ordagi onasi bilan ukasidan eshiting. Ukasi katta bo‘lib, aqlini tanigandan keyin, onasiga g‘azab bilan:
— Mening otam, akam, hech kishim yo‘qmi? — deb so‘rabdi. Onasi:
— Bir qoshiq qonimdan o‘tsang aytaman, — deb hikoya qila boshlabdi.
— Sening bir odamzod akang bor edi. Juda badjahl botir edi. Seni men devdan tug‘gan edim, otangni cho‘yan sandiqqa solib qulflab qo‘yar edim. Bir kun sen borib: “Ota, ota sen baqqa chiq”, deb chaqirganingda akang, sandiqni urib sindirib, otangni o‘ldirib, o‘zi chiqib ketgan.
Bu so‘z bolaga ta’sir qilib:
— Bo‘lmasa, men ham akamni axtarib boraman,— deb otxonadan ot olib, akasining libosiga o‘xshash libosni kiyib ketidan jo‘nabdi. Bola yura-yura akasi turgan ravotga yetibdi. Borsa, o‘g‘rilar yo‘q ekan, salom berib kiribdi, akasidan hol-ahvol so‘rab tanishibdi. Birozdan keyin, akasi:
— Uka, sen mening o‘rnimda mullavachcha bo‘lib, mening xizmatimni bajaraver, men mamlakatning yana boshqa yeriga boraman. Lekin bir bo‘rtma shartim bor: hujraga ikki tovoq osh qo‘ydim, kuniga uch marta xabar ol, osh aynimasa men sog‘ bo‘laman. Oshning biri qonga, biri yiringga aylansa, mening ketimdan albatta bor. O‘shanda sen menga yaraysan, deb jo‘nab ketibdi.
Botir yura-yura bir qishloqqa yetibdi. Katta ko‘chada bo‘layotgan bazm, to‘polon ustidan chiqibdi. Botir bir kishidan so‘rasa, shu shahar podshosining to‘yi ekan. Тo‘y ekan-da, deb Botir o‘tib ketaveribdi. Botir ko‘p yo‘l yurgandan keyin bir shaharga yetib boribdi. Bu shaharda katta va kichik hamma yig‘lar emish. Botir o‘zicha o‘ylab: “Bu qanday hodisa, u shaharda o‘yin-kulgi, bu joyda yig‘i-sig‘i”, deb bir kampirdan so‘rabdi.
Kampir:
— Hu tog‘da bir ajdarho bor, har oqshom bir kishini yutadi. Bu oqshom podshohimizning birdan-bir qizini yutmoqchi. Shuning uchun hamma shahar xalqi yig‘i-sig‘ida, — debdi. Shunda botir:
— Ajab qiziq, shuncha xalq bitta ajdarhodan qo‘rqib, bitta odam yutqizasizlarmi? — deb kampirga qarab kulibdi. Kampir:
— Boshingga tushsa, shunda bilasan, — deb javob qaytaribdi. Botir o‘sha ajdarho turgan tepaga qarab yo‘l olibdi. Yo‘lda o‘lib yotgan eshakni ko‘rib qolib o‘z kuchini sinash uchun eshakning dumini tortibdi. Eshak dumi qo‘liga uzilib chiqibdi. “Sen kerak bo‘lib qolarsan”, deb dumni olib borayotsa, podshohning qizi ajdarhoning yo‘lida turgan ekan. Qiz yigitni ko‘rib:
— Hoy yigit, kelma, juvonmarg bo‘lasan”,— deb qichqiribdi. Yigit “Botir kishi ajdarhodan qo‘rqadimi”, deb qilichini yalang‘ochlab, qizning oldiga boribdi. Qiz bilan xayrlashib:
— Men charchaganman, bir uxlab olay, — deb qizning tizzasiga boshini qo‘yib, qattiq uyquga ketibdi. Ajdarho kelar mahal bo‘lib qolibdi. Ajdarho damiga torta boshlabdi, tog‘-toshlar titrab, larzaga kelib, to‘polon bo‘libdi. Qiz yigitni asta uyg‘otibdi. Botir hech uyg‘onmabdi. Shu chog‘ qiz yig‘lab turgan ekan, bir tomchi ko‘z yoshi yigitning yuziga tomibdi, yigit seskanib uyqudan turibdi. Qarasa, vahimasi zo‘r ajdarho kelayotgan ekan. Yigit ajdarhoning yo‘lini to‘sib turibdi.
Ajdarho yigitni damiga tortgan ekan, yigit o‘rnidan qimirlamabdi. Ajdarho: “Bunday zo‘r kishini shu yoshga kirgunimcha ko‘rganim yo‘q edi”, deb vahimaga tushibdi. Ajdarho tantilik uchun yigitning oldiga kelibdi. Yigit: “Mening bir shartim bor, ajdarho. Shuni bajarsang, meni yutarsan. Menga o‘z yungingdan bitta yulib berasan, joning og‘rimasa, meni yutasan”, debdi. Ajdarho “Ha, xo‘p”, deb ko‘p azob bilan bir tukidan olib botirga beribdi. “Hali sening bergan tuking shumi”, deb qo‘ltig‘idagi eshak dumini ajdarhoga otibdi. Ajdarho qo‘rqib keyinga chekinib, qochayotganida botir qilichi bilan urib uch bo‘lak qilib, ajdarhoning dumini qizning qo‘liga olib kelib beribdi.
Yigit qizga qarab:
— Sen meniki, men seniki,— deb va’dalashibdi. Yigit:
— Sening otang to‘y qilmoqchimi? — desa, qiz:
— Mening bir shartim bor, kimki shu shartimni bajarsa, shunga tegaman, — deb jo‘nab ketibdi.
Yigit bir sarhovuzning bo‘yida dam olib yotibdi. Podshoh qizimning o‘lik-tirikligi xabarini kim olib kelsa, tirik bo‘lsa ham qizimni beraman, ham o‘z o‘rnimga podshoh qilaman, — deb jarchi qo‘ydiribdi. Hech kim ajdarho qoshiga qo‘rqib bormas emish. Shunda bir mard kal bor ekan:
— Men boraman, — deb jo‘nab ketibdi. Qo‘rg‘onga borsa, qiz sog‘-salomat o‘ynab-kulib o‘tirgan ekan. Kal qizdan so‘rabdi:
— Dahshatli ajdardan qanday qutulding?
— Meni bir azamat botir yigit kelib qutqardi, — deb javob beribdi. Kal:
— Ishonmayman, bu yolg‘on, — debdi. Shunda qiz:
— Ishonmasang, mana ajdarhoning dumi, — deb kalning oldiga tashlabdi. Kal dumni olib qochibdi. Kal podshoh oldiga borib:
— Mana men ajdarhoni o‘ldirib keldim, — deb o‘zini maqtabdi.
Podshoh suyunib qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-tomosha qilib qizni kalga bermoqchi bo‘libdi.
Тo‘y boshlanib, tamom bo‘lar oqshomi qiz otasidan:
— Meni kimga beryapsizlar? — deb so‘rabdi. Podshoh:
— Seni falonchiga beryapman,— deganda, qiz:
— Mening bir shartim bor, kim shu shartimni bajarsa, o‘shanga tegaman: Kimdaki, qirq daraxtni tomiri bilan qo‘porib olib boshqa joyga o‘tqazsa, daraxtning uchiga nosqovoqni osib, o‘q yoy bilan nos qovoqni sindirsa, o‘sha kishiga tegaman, — debdi.
Podshoh xavflanib hammayoqqa yana jarchi qo‘yib: “Kim shu shartlarni bajarsa, o‘sha kishiga ham qizimni, ham taxtimni beraman”, — debdi. Hech bir azamat bu shartlarni bajara olmabdi.
Podshoh vazirlaridan: “Shaharda hech kim qolmadimi?”— deb so‘rabdi. Vazirlardan biri: “Hovuzning bo‘yida bir noma’lum yigit yotibdi, faqat shu kishi qoldi”,— debdi. Podshoh:
— Chaqirib kelinglar, — deb buyuribdi. Yigitni olib kelibdilar.
Shartni unga tushuntiribdilar. Qirq daraxtni tomiri bilan sug‘urib olib boshqa bir joyga o‘tqazibdi-da, uchiga nosqovoqni bog‘lab, o‘q yoy bilan urib, nosqovoqni sindiribdi. Podshoh o‘z va’dasida turib, qizini haligi botir yigitga beribdi.
Yarim kechada botir dalaga chiqsa, oy ikki tomondan chiqqan emish. “Тahsin, xosiyat”, deb qizdan so‘rabdi.
— Oyning bittasi oy, bittasi qo‘shni podshohning qizi. U yerga odam borsa oyog‘i, qush uchsa qanoti kuyadi, u yerga hech qanday maxluq borolmaydi. Kim borsa, o‘sha qizni yiqitsa, o‘sha yigitga tegadi — sharti shu, — deb javob beribdi xotini.
— Bo‘lmasa men boraman, — deb botir u yerdan jo‘nab ketibdi. Botir u shaharga bora solib haligi qiz bilan olishibdi. Uch kun olishib qiz yigitni yiqitibdi. O‘ldirmoqchi bo‘lib bo‘g‘a boshlabdi. Shu payt podshoh xabardor bo‘lib yetib kelibdi.
Bu yigitni o‘ldirma, bu ko‘p zo‘r yigit ekan, — deb yigitni qizi qo‘lidan ayirib olib zindonga tashlabdi.
Endigi gapni o‘g‘rilar qo‘lidagi Mullabachcha ukasidan so‘rang. U akasining shartini qilib, hujrasidagi oshga kuniga uch marta qarar ekan. Bugun kirib qarasa, oshning biri qonga, biri yiringga aylanibdi. “Obbo, akam yomon ahvolga tushibdi”, deb otlanib izidan jo‘nab, akasi xotin olgan shaharga boribdi. Bu ham akasiga o‘xshar ekan.
Podshohning dargohiga borib, o‘zini bildirmay akasi xotinining hujrasiga kiribdi.
Qiz “Bekorga borib, ovora bo‘lib keldingiz”, deb gap ochib sir bildiribdi. Yigitning ukasi fahmlasa, shu ayol akasining xotini ekan. “Xo‘p” deb o‘sha kuni yotib bir tush ko‘ribdi. Тushida akasi juda yomon ahvolga tushib qolgan emish. O‘ngida o‘sha tomonga qarab yo‘l olibdi. Borsa, qiz birdan yigit bilan olisha ketibdi. Olti kecha, olti kunduz olishgandan so‘ng botirning ukasi devbachcha qizni ag‘darib yiqitib, sochi bilan uni bo‘g‘a boshlabdi. Birdan podshoh bu ishdan xabardor bo‘lib, qizni ayirib olibdi. “Botir akamni topib ber”, deb podshohga g‘azab solibdi. Podshoh botir yigitni zindondan chiqartiribdi. Qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib kenja botirga o‘z qizini berib, o‘z o‘rniga podshoh qilibdi. Botir akasi esa, o‘zi sevgan yori bilan topishib murod-maqsadiga yetibdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.