OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Musofirbek

Qadim zamonda Urganch tomonda Qo‘ldosh degan bir podachi yashar ekan. Yil o‘n ikki oy Qo‘ldoshning qiladigan ishi o‘z qishlog‘idagi aholining molini boqish ekan. Qo‘ldoshning bir Yo‘ldosh degan o‘rtog‘i bor ekan. Uning qiladigan ishi mardikorchilik ekan.
Qo‘ldosh bilan Yo‘ldosh kichkina bir uychani birovdan ijaraga olib, ikkalasi shu hujrada turar ekanlar.
Har kuni Qo‘ldosh podachilikka, Yo‘ldosh esa mardikorchilikka borar, kechqurun hujraga kelib bir-biriga ko‘rganlarini aytib berar ekanlar.
Kunlardan bir kun Yo‘ldosh bir tush ko‘ribdi va tushini Qo‘ldoshga aytibdi. Тushida osmondan ikkita juda katta yorug‘ yulduz va bitta yulduzcha tushib, Yo‘ldoshning qo‘yniga kirgan emish. Qo‘ldosh o‘ylab turib Yo‘ldoshga:
— Shu tushingni menga sotgin! — debdi. Yo‘ldosh esa:
— Mayli sotay, nima berasan, — debdi. Qo‘ldosh:
— Shuncha yildan beri podachilik qilib orttirgan bir g‘unajin va bir yashar toyim bor, mana shu ikkisini beray, bisotimda bor orttirgan boyligim shu, o‘zing ham bilasan. Sendan bekitadigan hech qanday molim yo‘q. Ikkimiz sirdoshmiz-ku, o‘rtoq qolganiga qulluq, — debdi.
Yo‘ldosh ham o‘rtog‘ining iltimosini qaytara olmabdi, faqat:
— Agar baxting chopib, ishing yurib ketsa, meni esingdan chiqarmagin, — deb undan va’da olibdi.
Kechqurun qishloqning katta-kichik odamlari guzarda yig‘ilib turgan vaqtida ikki o‘rtoq ularning oldiga boribdi.
— Otalar, amakilar, akalar, men sizlarning shuncha yil mollaringizni boqdim, hech kimning moliga xiyonat qilmadim, o‘g‘il-qizlaringizga yomon ko‘z bilan qaramadim, hammangizning tuzlaringizni ichganman, bergan non-tuzlaringizga rozi bo‘linglar, menga oq fotiha beringlar, men safarga ketmoqchiman, agar munosib ko‘rsalaringiz o‘rnimga mana bu o‘rtog‘im Yo‘ldoshni podachi qilinglar, menga qanday ishongan bo‘lsangiz, bunga ham shunday ishonishingiz mumkin, — deb xalqqa ta’zim qilibdi Qo‘ldosh.
Yig‘ilgan xalq o‘zaro maslahat qilib, Qo‘ldoshning gapini ma’qul topishib, Yo‘ldoshga podachilikka fotiha berishibdi. Qo‘ldoshga oq yo‘l tilab, fotiha berishibdi.
— Biz senga bergan non va tuzimizga mingdan-ming rozimiz, sen bizga ko‘p xizmat qilding, sendan hech qanday xiyonat ko‘rmadik, sen ham bizga qilgan xizmatingga rozi bo‘lgin! — deyishibdi. Qo‘ldosh ham qilgan xizmatlariga rozi bo‘lib, xalqqa o‘z minnatdorchiligini aytibdi. Yig‘ilgan xalq o‘zaro uncha-muncha pul yig‘ib, Qo‘ldoshga berishibdi va xayr-xo‘shlashib, uy-uylariga qaytishibdi.
Ertalab Yo‘ldosh poda boqishga, Qo‘ldosh esa, o‘rtog‘i bilan xayrlashib noma’lum tomonga safarga ketibdi.
U yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, ko‘p cho‘l va sahrolar kezib, tog‘ va toshlar oshib, qancha katta va kichik daryolardan o‘tibdi. Qancha azob-uqubatlar tortib oyoqlari qavargan va labi gezargan holda o‘n yetti kecha-yu o‘n yetti kunduzdan keyin qosh qoraygan vaqtda bir baland qal’aning oldiga kelibdi. Qal’a juda baland ekan. Qo‘ldosh qal’aga kirish niyatida uning atrofini aylanib yuribdi, hech yeridan shaharga kirish ilojini topolmay, tun yarimga borib bir pastlikka tushib yotibdi, hech uyqusi kelmabdi, u yonboshidan-bu yonboshiga ag‘anabdi, bir necha marta turib o‘tiribdi, yana yotibdi. Hamma yoq jimjit, qop-qorong‘u ekan. Bir vaqt uzoqdan kelayotgan ot dupurini eshitib qolibdi. Vaqt sekinlik bilan o‘tar, ot borgan sari yaqinlashar ekan. Nihoyat otlar ko‘rinibdi, otlarni ko‘rgan Qo‘ldosh turib o‘tiribdi. Otlar to‘g‘ri Qo‘ldoshning oldiga kelib to‘xtabdilar. Qo‘ldosh qarasa, bir kishi otning biriga mingan, ikkinchisini yetaklab kelib, Qo‘ldoshga qarab:
— Mana bu otni olib tayyor bo‘lib turing, hozir o‘zlari ham keladilar, — debdi-yu otni Qo‘ldoshga berib, ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.
Qo‘ldosh hech narsaga tushunmay otning tizginini ushlaganicha turaveribdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, yana bir otliq kelib:
— Otingizga mining, ketdik! — deb Qo‘ldoshga buyuribdi. Qo‘ldosh hech narsaga tushunmay indamasdan turgan ekan, “Sizga aytaman, tez bo‘ling, otga mining!” deb buyruq qilibdi. Qo‘ldosh tavakkal deb otga sapchib minibdi va noma’lum kishi bilan jo‘nabdi.
Ikki otliq bir-birlariga gapirmasdan uzoq yuribdilar, qorong‘ulik asta-sekin yo‘qola boribdi va yorug‘lik paydo bo‘la boshlabdi. Yorug‘lik paydo bo‘lishi bilan noma’lum otliq Qo‘ldoshga yaqinroq kelib uning yuziga tikilib qaray boshlabdi va nihoyat bu mo‘ljallangan — va’dalashgan odam bo‘lmay, butunlay boshqa odam ekanligiga ishonibdi va Yo‘ldoshni bilmoqchi bo‘libdi.
Kun yoriy boshlabdi, keng dalalar, ko‘m-ko‘k ko‘kalamzorlar, uzoq-uzoqlarda otlar, tuyalar, qora mollar va qo‘y-echkilarning yoyilib yurgani ko‘rina boshlabdi.
Dehqonlar ho‘kizlarining bo‘yniga omoch-bo‘yinturuqlarni osib ot va eshaklarda urug‘lik arpa, bug‘doy yuklab kelar ekanlar.
Noma’lum kishi Qo‘ldoshdan:
— Besh-olti juft ho‘kiz qilib yer haydab dehqonchilik qilsa, bug‘doylar maysa bo‘lib chiqqanda yoki boshoq tortib shamolda hilpillab turganda, kishida bir zavqlanish paydo bo‘lsa kerak-a? — deb savol qilibdi. Qo‘ldosh indamabdi. Noma’lum odamga Qo‘ldoshning dehqon emasligi ma’lum bo‘libdi.
Noma’lum kishi shaharli savdogarlar, kosiblar, aravakashlar, tuyakash karvonlar, tuya, ot va qo‘y boquvchi yilqichi cho‘ponlarni ham yuqoridagi savol yo‘sinida so‘ragan ekan, Qo‘ldosh indamabdi. Nihoyat otliqlar bir poda qora molning yoyilib yurganini ko‘rib qolibdilar, ularni bir podachi boqib yurar ekan.
Noma’lum otliq Qo‘ldoshga savol nazari bilan qarab:
— Shu qoramollardan bir podasini boqib semirtirib yursa, shuning ham bir gashti bordur-a? — deb so‘ragan ekan, Qo‘ldosh tilga kirib, bulbuldek sayrab:
— Aylanay mullo, siz mendan kasbim bo‘lmagan ishlarni so‘radingiz, u ishlarni bilmaganim uchun indamadim, mana bu oxirgi so‘rog‘ingizga javob beraman, dunyoda poda boqmabsiz, olamga kelmabsiz, bu ish shunday lazzatliki, asti qo‘ya bering! Boqqan mollaringiz semirib yaltirab ketsa, o‘z qo‘lingizda sigirlar buzoqlasa, buzoqlar semirib o‘ynoqilab ko‘z oldingizda katta bo‘lib yayrab yursa, mollarning semirganini ko‘rganlar sizni — umringdan baraka top, unib-o‘sgin! — deb duo qilishsa, juda ham sevinasan kishi,— debdi.
Noma’lum otliq, “Himm” deb qo‘yibdi va o‘zicha “Xayr, mayli, bo‘lar ish bo‘ldi, qaytish yo‘q”, debdi-da, otiga qamchi berib Qo‘ldoshga: “Тez haydang!” deb xitob qilibdi.
Otliqlar uzoq yuribdilar. Ular qorinlari ochganda otdan tushib ovqatlanar, otlarini ham to‘yg‘izib yana otlanishar, goh otlarni yo‘rg‘alatib, goh yo‘rttirib, goh sekin yurishar, noma’lum kishi Qo‘ldoshga har xil savollar berar yoki har xil kichkina hikoyalar aytib berar ekan.
Noma’lum otliq juda xushmuomala, chiroyli, kelishgan yigit ekan. Uning gaplariga Qo‘ldosh diqqat bilan quloq solar, mazmunli so‘zlardan zavqlanar, butun vujudini quloq qilib uning so‘zlarini tinglagisi kelar ekan. Bu safarning oqibati nima bo‘lishini bilmasa ham, Qo‘ldosh bu safardan va yo‘ldoshidan juda mamnun ekan.
Noma’lum otliq bu hikoyalarini yo‘lni yaqin qilish va yo‘ldoshining aql-idrokini, vijdonli, mard yoki vijdonsizligini bilish uchun aytar, shuning uchun u Qo‘ldoshni har tomonlama sinab ko‘rar ekan.
Noma’lum otliq Qo‘ldoshga:
— Agar mening gapirgan gaplarimdan zerikmagan bo‘lsangiz, sizga kichkina hikoya aytib berar edim, — debdi.
Qo‘ldosh unga:
— Jonim bilan eshitaman, sizning so‘zlaringiz menga bilim berayotir, jonimga rohat berayotir, — deb javob beribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.