OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dono dehqon

Kunlardan bir kuni bir kambag‘al dehqon boyga g‘oz olib kelib, evaziga bir oz javdar so‘rabdi. Boy unga:
— Sen bilan yetti kishimiz: men, xotinim, ikki o‘g‘lim, ikki qizim. Hammamizga shu g‘ozni bo‘lib bergin,— debdi.
Shunda dehqon o‘ylab turib:
— Siz shu uyning boshlig‘isiz, shu sababdan, sizga g‘ozning boshi, sizdan keyin xotiningiz turadi, u kishiga bo‘yni, qizlaringizga oyog‘i, o‘g‘illaringizga chiroyli xat yozishlari uchun qanoti. Men kambag‘alga esa, tanasi bo‘lsa bas, — deb javob beribdi. Shunda boy:
— Ey-ha, sen juda hiylagar ekansan-ku, — deb kulib, dehqonga g‘ozni qaytarib beribdi va buning ustiga javdar ham beribdi.
Dehqon g‘ozni ham, javdarni ham olib, uyiga qaytibdi. Bundan xabardor bo‘lgan akasi ham ikki tovug‘ini qo‘ltiqlab, boynikiga boribdi-da, u ham javdar so‘rabdi. Boy:
— Yaxshi, senga javdar beraman, lekin sen bizlarga tovuqlarni taqsimlab bergin, — debdi. Dehqon o‘ylab-o‘ylab, quyidagi javobni beribdi:
— Sizga ham, xotiningizga ham bittadan tovuq. Shunda boy:
— Bolalarimga-chi? — deb so‘rabdi.
Dehqon nima deb javob qilishini bilmay qolibdi.
— Ukangni chaqirib kelsang, u tovuqlarni taqsimlab beradi, — debdi.
U ukasini chaqirib kelgach, boy unga:
Sen tovuqlarni taqsimlab bergin-chi, akang garangga o‘xshaydi, shuni ham taqsimlayolmayapti, — debdi. Dehqon biroz o‘ylanib turibdi-da:
— Janoblari, tabarruk uchlikka ishonadilarmi? — deb so‘rabdi.
— Xo‘sh, nima demoqchisan? — debdi boy.
— Unday bo‘lsa, siz, xotiningiz va tovuqning boshi — tabarruk uchlik, ikki qizingiz va tovuqning oyog‘i bu ham tabarruk uchlik, ikki o‘g‘lingiz va tovuqning qanoti bu ham tabarruk uchlikdir. Dehqon va ikki tovuq tanasi ham tabarruk uchlikdir.
Boy dehqonga qoyil qolib, qo‘liga ikkala tovuqni ham, istaganicha javdar va boshqa so‘ragan narsalarini ham beribdi. Akasini esa haydab yuboribdi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.