OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ilm afzal

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, o‘tgan zamonda, Buxorodan uzoqda, Urganch cho‘li etagida, Qalayi Mirishkor degan qishloqda bir qariya yashagan ekan. Chol "o‘zim omiligimcha qoldim, qani endi o‘g‘illarim o‘qib odam bo‘lsa", deb orzu qilar ekan. Boboning sakkiz o‘g‘li va bir qizi bor ekan. Qizi aqlli, sezgir ekan. Ota qiziga:
— Xudo umringni uzoq qilsin, baxtimdan o‘rgilayki, qarigan chog‘imda senday farzandli bo‘ldim. Lekin akalaringdan kuydim. Badbaxtlarning mehnat qilishga bo‘yni yor bermaydi, "o‘qib ilm olib, odam bo‘linglar" desam, gapimga quloq solishmaydi. "Shuncha molimiz, yerimiz bor, o‘qib nima qilamiz", deyishadi. Men qarib qoldim, bu dunyodan ko‘z yumsam akalaringning holi nima bo‘ladi? "Moli padar, pasi padar" deganlar. Akalaringning ahvoli shu bo‘lsa, vafotimdan keyin menga la’nat keltiradilar deb qo‘rqaman, qizim, — deb hasrat qilarkan.
— Otajon, sizga bir maslahat berayin. Akalarimni yoningizga chaqiring. Keyin ulardan qilib yurgan ishlarini so‘rang. Qani, nima deb javob qilishadi, — debdi.
— Ey, jonim qizim, ularning qilib yurgan ishini bilaman. Sakkiz akang cho‘ntaklarini pulga to‘ldirib, sakkizta chopqir otga minib, shaharma-shahar kayfu-safo qilib yurganlari yurgan, — debdi ota.
— Bu ishlarini bilaman, otajon, siz akalarimni mehmonxonaga chaqirib keling. Men eshikning orqasida turib gapirgan gaplaringizni eshitaman. Siz avvalo ulardan, "Ilm afzalmi yoki davlat?" deb so‘rang. Hammalaridan eshitib bo‘lganingizdan keyin meni chaqiring. Menga ham akalarimga bergan savolingizni bering. Aqlim yetganicha javob beraman, akalarim eshitib tursinlar, — debdi qizi.
Chol qizining aqliga tasanno aytib, kechqurun o‘g‘illarini mehmonxonaga chaqiribdi. O‘g‘illari mehmonxona to‘ridagi ko‘rpachalarga qator bo‘lib o‘tiribdilar. Ular, "otamiz mol-dunyosini bizga bo‘lib bersa kerak', degan o‘y bilan sergak bo‘lib turibdilar.
— O‘g‘illarim, sizlarga yedirdim, kiygizdim, voyaga yetdinglar. Birovdan kam emassizlar. Mendan keyin ro‘zg‘or tashvishi boshingizga tushadi. O‘qib ilm olinglar. O‘ylab ko‘rsam, ilm bilan hunarda gap ko‘p ekan, — debdi ota.
O‘g‘illar otalarining bu gaplarini eshitib, hayron bo‘lishibdi. Chol to‘ng‘ich o‘g‘lidan so‘rabdi:
— Sen katta farzandimsan. Rejang qanday? Ilm yaxshimi yoki davlat?
Katta o‘g‘li picha o‘ylab turib:
— Ey ota, qiziq gaplarni aytasiz-da. Xudogo ming marta shukurki, boshimizda soyabonimiz, siz padarimiz hayotsiz, yerimiz, molimiz bor. O‘qib nima qilaman? — debdi.
Chol o‘g‘lining javobidan ko‘p xafa bo‘lib, ikkinchi o‘g‘lidan so‘rabdi:
— O‘g‘lim, sen asl inson bo‘lasan, deb o‘ylovdim. Sen ham ot minib bir necha kunlab yo‘qolib ketasan. Bu yo‘lingdan qayt. Men qari holim bilan qachongacha ishlayman. Menga yordam ber. Javob ber, ilm zo‘rmi yoki davlatmi? Yaxshilab o‘ylab ko‘rgin, bolam.
Ikkinchi o‘ril aka-ukalariga bir qarab olibdi-yu, otasiga:
— Ollo taolodan tilaymanki, otam doimo sog‘-salomat yursinlar, soyai davlatlarida yigitlik davrini suraylik. Pul-u mol bo‘lmasa, ilmdan nima foyda? — debdi.
Mo‘ysafidning ta’bi xira bo‘lib xo‘rsinibdi:
— O‘g‘lim, so‘rog‘imga javob berolmading, ko‘nglim joyiga tushmadi. Bo‘lmasa endi sen javob ber, o‘g‘lim. Shoyad meni xursand etsang, — deya uchinchi o‘g‘lidan so‘rabdi chol.
Uchinchi o‘g‘li o‘ylamay-netmay otasining savoliga:
— Ey, otayi mo‘‘tabarim, hamma gaplaringizga tushundim. Lekin bu to‘rt kunlik dunyoda yegan-ichgan, kiyganingiz qoladi. Endi katta bo‘lib qoldik, shu yoshda ilm olgan bilan qaerga boramiz? Xammaning ko‘zi davlatmandning qo‘liga qaraydi. Qo‘lini doimo ko‘kragiga qo‘yib salom beradi, xizmatingizni bajo qiladi, davlat yaxshi-da, ota, — deb javob beribdi.
Afsus—nadomat qilgan ota navbatni to‘rtinchi o‘g‘liga beribdi:
— Qani, o‘g‘lim, sen nima deysan? Javob ber. Sendan biror yaxshi javob eshitarmikanman? Akalaring bergan javobni sen ham eshitding.
To‘rtinchi o‘g‘li javob beribdi:
— Ey, otayi buzrukvorim, men sizga nima ham derdim. Mana siz o‘qimasangiz ham mol-mulkingiz haddan ziyoda. Doimo hurmat va izzatdasiz. Biz ham sizday yashayveramiz. Savolingizga javob shuki, davlat yaxshi. Qo‘lingiz uzun bo‘ladi, qaerga cho‘zsang yetadi.
Mo‘ysafidning hafsalasi pir bo‘libdi-yu, beshinchi o‘g‘liga ham o‘sha savolni beribdi.
— Hurmatli padarim, sizga javobim shuki, ilm deganingiz qo‘lga olinmaydi, kissaga ham pul bo‘lib kirmaydi. U bilan qorin to‘ymaydi, taningiz but bo‘lmaydi. Uyingizga palos qilib sololmaysiz. Endi sizga aytsam, mol-davlatga nima yetsin, davlat afzal-da, otajon, — debdi bu o‘g‘li ham.
Otaning jahli chiqibdi va oltinchi o‘g‘liga:
— Xo‘sh, endi sen gapir-chi, bolam, yoshligingda ko‘p xasta bo‘larding, ko‘p tabib-jarrohlarga ko‘rsatganman, seni. Onang rahmatlik kechalari mijja qoqmay tepangda o‘tirib chiqardi. Inson bolasi, o‘lmasa, odam bo‘lib ketarkan. Durust, mana yigit bo‘lib qolding. Ayt-chi, ilm zo‘rmi, davlatmi? — debdi.
Oltinchi o‘g‘il o‘ylab turib, so‘ng:
— Otamsiz, sizga ilm afzal desam, uni bilmayman, o‘qiganim yo‘q. Davlatni bilaman. Boy yashayman. Uyimizda hamma narsa bor. Yeganimiz oldimizda, yemaganimiz ketimizda. Bundan chiqdi davlat afzal ekan-da, otajon, — debdi.
— Ey, bolam, sen ham ko‘nglimdagi javobni bermading. Sen ham hirsingni davlatga qo‘ygan ekansan. Nima ham deyman senlarga. Qani, navbat bilan kenja ukalaringdan ham so‘rab ko‘ray-chi. Bular nima javob qilarkin. Qani toylog‘im, sen gapir-chi, — deb mo‘ysafid yettinchi o‘g‘liga murojaat qilibdi.
O‘g‘il talmovsirab javob beribdi. Gapining tayini yo‘q emish.
Mo‘ysafid xo‘rsinibdi, soqolini tutamlab bir oz jim qolibdi, so‘ng kenja o‘g‘liga qarab:
— Qani, kenjam, umidim sendan, bolam. Shoyad sen savolimga to‘g‘ri javob bersang. Kenja o‘g‘il aqlli bo‘ladi, deydilar. Davlat afzalmi yoki ilm afzalmi? Toleing baland bo‘lsin, ikki dunyoda xor-zor bo‘lma aslo. Ha, otaning duosi tillo, lekin qarg‘ishi yomon! — debdi.
Kenja o‘g‘il otasiga:
— Otajon, men davlat emas, ilm afzal deyman. Meni maktabga bering, o‘qiyman. Ko‘zingiz ochiqligida ilmli bo‘lib qolay. Baribir mol-davlat menga tegmaydi, — debdi. Mo‘ysafidning dimog‘i chog‘ bo‘lib:
— Barakallo, o‘g‘lim, — deb o‘g‘lining peshonasidan o‘pibdi. So‘ng yana: — Menga mol-davlat tegmaydi, deganing nimasi? — deb so‘rabdi.
Shunda eshik orqasida akalari bilan otasining bahs-u javoblarini tinglab turgan qizi:
— E, otayi qiblagohim, menga ruxsat bering, savolingizga javob berayin. Agar hurmatsizlik bo‘lmasa, endi navbat meniki, — debdi.
Aka-ukalari bir-birlariga qarab qolibdilar. Mo‘ysafid xursand bo‘lib navbatni qiziga beribdi:
— "Qani, qizalog‘im, senga navbat, gapir bolam, bu so‘roqqa sen nima deb javob qilasan?"
Qiz gap boshlabdi:
— Ey, otajon, avvalambor shuni aytay, eng kenja o‘g‘lingizning bergan javobi to‘g‘ri javobdir. Davlat emas, ilm afzaldir. Lekin nega afzalligini aytolmadi. Negaki, kichik akalarim kattalariga taqlid qiladilar. Yaqinda katta akalarim maslahat qilib, otamdan so‘ng mol-mulkini bo‘lib olamiz, kichik ukalarga hech narsa bermaymiz, ular yumushlarimizni qilib yuradi, deganlar. Kenja ukam bu gapni eshitib, endi menga molu davlat tegmas ekan, o‘qib, bir kunimni ko‘radigan bo‘laman, deb o‘ylab, ilm afzal deb to‘g‘ri aytayapti. Davlat bebaho narsa. Bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lib ketadi. Davlat albatta shirin ko‘rinadi, ammo azobi bisyordur. Kuningiz to‘lib qazo qilsangiz, akalarim davlat deb bir-biri bilan jiqqa-musht bo‘lishadi, narsalarimizni talon-taroj qilishadi. Akalarimning yettovi "davlat zo‘r", dedilar. Bu noto‘g‘ri! Otaning moli farzandga sira buyurmaydi. Men bo‘lsam ilmni afzal deb aytaman. Akalarim eshitib olsinlar, birinchisi shuki, ilmni qancha sarflasang, shuncha ko‘payaveradi. Davlatni sarflasang, u tobora kamayib boraveradi. Shuning uchun ham ilm afzaldur. Ikkinchisi shuki, ilmli odam shirinsuxan, odobli bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma unga o‘xshashga intiladi. Davlatmand odamga esa hamma hasad qiladi. Chunki davlat hammada ham yo‘q. Uchinchisi shuki, ilmli odam dunyodan o‘tsa, "esiz, falonchi olimdan ajraldik", deb yig‘lab ko‘madilar. Davlatmand odam o‘lsa "ajab bo‘ldi, sara bo‘ldi, bir nafsi bad odamdan qutuldik" deb, la’natlab ko‘madilar. To‘rtinchisi shuki, olim odam dunyoda doimo farog‘atda yashaydi. Chunki uning boshidagi ilmini hech kim o‘g‘irlab ketolmaydi. Davlatmand odam doim "molimni o‘g‘ri urib ketmasin, bo‘ri, shog‘ol yemasin, o‘lib nobud bo‘lmasin" deb, mudom tahlikada yuradi. Beshinchisi shuki, ilm eskirmaydi, chirimaydi, nobud bo‘lmaydi. Lekin mol-mulkni zax yerga qo‘ysang chiriydi, oftobda rangi o‘chib sitilib ketadi, sovuqda qotadi, issiqda kuyadi. Davlatmand odam mudom uning g‘amida bo‘ladi. Oltinchisi shuki, ilmli odam yumshoq ko‘ngil, shirinsuxan, xushchaqchaq, odamshavanda bo‘ladi. Shuning uchun unday odamni hamma hurmat-izzat qiladi. Davlatmand odamning ko‘ngli toshday qattiq bo‘ladi. Qo‘l ostidagi kishilarni ko‘p ishlasin, davlatim ko‘paysin deb, ularni so‘kadi, uradi.
Oqila qiz otasi va akalarining jimgina o‘tirib eshitayotganlarini sezgach, oxirgi muddaosini aytibdi: — Ey, otajon, akalarim yaxshilab eshitib olsin. Yoshlik davrlarini zoe o‘tkazmasdan, vaqtida foydalanib qolishsin. Zero, oxirgi pushaymon o‘zlariga dushman bo‘ladi.
Mo‘ysafid ham, akalari ham oqila qizga qoyil qolib ofarin deyishibdi. Mo‘ysafid qizi bilan kenja o‘g‘lini maktabga beribdi. Boshqa o‘g‘illari endi mehnat qilishga kirishib, hammalari murod-maqsadlariga yetibdilar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.