Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda ikki o‘rtoq bo‘lgan ekan. Ikkovi ham to‘y qilib uylanishibdi. Ulardan birining xotinining sepi ko‘p ekan, uni "seplik kelin" deyishar ekan.
Bir kuni ularnikiga o‘rtog‘i mehmon bo‘lib kelibdi. Ularninguyi tartibsiz, changbo‘lib yotgan ekan. Mehmon yigit o‘rtog‘i eshikka chiqib ketganida, asta borib taxmonni ko‘ribdi. Qarasa, taxmondagi ko‘rpalarning uvadasi chiqib ketgan emish. "Esizgina, o‘rtog‘im", deb o‘ylabdi mehmon yigit. Chunki to‘ylari bo‘lganiga hali bir yil ham bo‘lmay, hamma narsalari eskirib, to‘zib ketgan ekan. Mehmon yigitni xotinining mol-mulki, sepi kam ekan, lekin juda sarishta, chaqqon deb maqtashar ekan, shuning uchun ham uni "eplik kelin" deyishar ekan.
Kunlardan bir kuni endi ularnikiga bu do‘sti mehmon bo‘lib kelibdi. O‘rtog‘ining uyini ko‘rib, yigitning havasi kelibdi. Hamma narsa joy-joyida, ozoda, tartibli ekan. Taxmondagi ko‘rpalarining hammasi yangidek turgan ekan. U eskilarini yuvib, tikib eplar ekan. Yigit o‘zining uyi bilan solishtirib, ich-ichidan o‘z baxtidan xafa bo‘libdi.
Bir kuni ikki o‘rtoq bozorda uchrashib qolishibdi. Ular ancha suhbatlashgach, xotini eplik bo‘lgan yigit do‘stiga:
— Senga anchadan beri bir maslahat bermoqchi edim. Qachongacha shunday yuraverasan? Mana men farzandli bo‘ldim. Bir tomondan xotining uyga yaxshi qaramasa, ikkinchi tomondan farzandlaring bo‘lmasa, bunaqa turmushdan ne foyda? — debdi.
— Men xotinim bilan ajrashganim bilan boshqa yaxshiroq xotin topilarmikan, — debdi.
— Sen bundan g‘am yema. Men bu haqda oilam bilan gaplashib qo‘yaman, — debdi o‘rtog‘i.
Sepli kelinning eri uyiga kelgach, xotiniga javobini berib yuboribdi. Do‘sti esa xotini bilan maslahatlashib, chevar, ishbilarman, chaqqongina qiz bilan uni tanishtiribdi. Ko‘p o‘tmay to‘y bo‘libdi. Bu xotin uyni guldek yashnatib yuboribdi. Hamma uvada-chuvada ko‘rpalarni tikib, tartibga keltiribdi. Hamma yoq ozoda, sarishta bo‘lib qolibdi. Tezda farzandli ham bo‘lishibdi. U o‘zining do‘stidan juda minnatdor bulibdi.
Shunday qilib, ikki o‘rtoqning turmushi go‘zal, shirin o‘taveribdi. Haqiqatan ham inoq, ahil yashash uchun seplik emas, avvalo eplik bulish kerak ekan.