Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podsho bor ekan. Bir xotinini podsho qo‘yib yuborgan ekan.
Kunlardan bir kuni podsho o‘zini tanitmay, shu xotinining uyiga kirib boribdi va:
— Tangri mehmon oling, — debdi. Xotin eshikni ochib:
— Tangri mehmonga eshigimiz ochiq, — deb podshoni kutib olibdi. Podsho xotinidan:
— Bu uyda yolg‘iz yashaysizmi? — deb so‘rabdi. Xotin:
— Yolg‘iz emasman, erim o‘tinga ketgan, kelib qolar, — debdi. Shunda podsho:
—Shunday go‘zal ayol o‘tinchiga xotin bo‘lib yashaysizmi? Topilmadimi bir boyroq odam? — debdi.
— Boyroqni boshimga uraymi, podshoning ham xotini bo‘lib ko‘rganman, ming podshodan bir qul, ming oltindan bir pul yaxshi, — debdi xotin.
Podsho taajjublanib yana so‘rabdi:
— Nima, podshoning xotini bo‘lish yomonmi?
— Agar podshoning xotini bo‘lsang, qirq kunda bir kulasan-u, kunda ming o‘lib tirilasan. Erimga o‘xshagan g‘ariblar esa xotinlarini kunda ming kuldirib, oyog‘ingga tikon kirsa tili bilan sug‘irib olishga ham rozi bo‘ladi, — debdi xotin.
Podsho, "Xotinim mendan ayrilganidan xursand ekan" deb, o‘tinchi kelmasdanoq chiqib ketibdi.
Shundan keyin podsho ertasi kuni bir xotini bilan qolib, boshqa xotinlarini mol-dunyosi bilan ayirib yuboribdi. Uning ertasiga esa elatga jar urdiribdi: "Kimda kim ikki xotinli bo‘lsa, bir xotini bilan qolib, ikkinchisini rozi qilib ayirib yuborsin, farmon bajarilmasa, moli podsholik, boshi qazolik!" Bu farmonni eshitgan boylar, vazir-u vuzarolar, mulla—eshonlar, savdogar-u boyvachchalar, qo‘yingki, kim ikki xotinli bo‘lsa, birisini qozi-kalonlar ishtirokida taloq qilib, sevgan xotinlari bilan qolishibdi.