Bir podshoning uch o‘g‘li bor ekan. Kunlardan bir kuni podsho o‘g‘illariga:
— Uchovlaringizni ham uylantirmoqchiman, nima deysizlar? —debdi. O‘g‘illari:
— Ey, ota, uchovimizga ham bir odamning qizlari bo‘lsin. Kattamiz kattasini, o‘rtanchamiz o‘rtanchasini, kichigimiz kichkinasini olamiz, bo‘lmasa uylanmaymiz, — deyishibdi. Lekin podsho uchoviga bir odamning qizini topa olmabdi. Podshoning bir qushi bilan qushboni bor ekan. Qushning oyog‘ida tilladan qo‘ng‘irog‘i bor ekan. Kunlardan bir kuni shu qushini olib, qushboni bilan ovga chiqibdi. Qushboni tilla qo‘ng‘iroqli qushni bir qushga solibdi. Тilla qo‘ng‘iroqli qush quvlab uchib, araz tortib, yo‘q bo‘lib ketibdi. Podsho qushbonga:
— Shu qushni qanday bo‘lsa ham topasan, topmasang, moling talonda, boshing o‘limda. Boshingdan xamir aylantirib, zig‘ir moyini qizdirib quyib, dunyodan badarg‘a qilib jo‘nataman, — debdi. Qushbon qushni topib berishga podshodan qirq kun muhlat olib, xafa bo‘lib uyiga boribdi. Qushbonning o‘n bir yoshli bir qizi bor ekan. Otasining xafa bo‘lib kelganini ko‘rib:
— Ota, bugun nimaga xafa bo‘lib keldingiz? — debdi.
Qushbon:
— Nimaga xafa bo‘lmayin, bolam, podshoning qushini yo‘qotib qo‘yib, qayg‘u-kulfatga qoldim. Podsho shu qushni topsang topasan, topmasang o‘lasan, deb qirq kun muhlat berdi. Qizim, qani menga bir yo‘l ko‘rsat? — debdi Qizi:
— Ota, xurjunga ko‘p tilla solib, saman otning beliga minib, cho‘l-u biyobonga chiqing, balki topilib qolar, — debdi.
Qushbon qizning gapi bilan xurjunga tilla to‘ldirib, saman otiga minib, cho‘l-u biyobonga jo‘nab ketibdi. Qushbonning oti shunday yo‘rg‘a ekanki, olti oylik yo‘lni uch kunda bosar ekan. Qushbon yo‘l yurib, yo‘l yursa ham mo‘l yurib, suvsiz cho‘l yurib, olti oylik yo‘lni uch kecha-kunduzda bosibdi. Juda chanqab qolibdi. Otini qantarib, xurjunni boshiga qo‘yib, ko‘kragini zaxga berib, holdan ketib, uxlab qolibdi. Ertasi choshgoh vaqtida oppoq soqolli bir mo‘ysafid mol boqib kelib qolibdi. Qarasa, bir ot qantarilganicha turganmish. Bir yigit zax yerga bag‘rini qo‘yib, uxlab yotganmish. Chol: “Bu odam o‘likmikan, tirikmikan, bir xabar olay”, deb yigitning qoshiga kelib qarasa, uxlab yotgan ekan. Chol:
— He, o‘g‘lim, uxlab qoldingmi, qaydan bo‘lasan? —debdi. Qushbon joyidan turib cholga salom beribdi.
— Bobo, men juda charchadim, suvsadim, och qoldim, — debdi.
Chol:
— Bo‘lmasa, mening uyimga borgin, o‘g‘lim, yaxshi yigit ekansan, — debdi.
Qushbon:
— Bobo, uyingiz yaqinmi? — debdi.
— Bolam, uyim uzoq emas, — debdi chol.
Chol qushbonni bir mehmonxonaga olib kiribdi. Mehmonxonaning oltmishta derazasi bor ekan. Тoza ko‘rpachalar, gilamlar solingan. Derazadan qarasa, hovlisida besh yuzta qoziq qoqilgan, uning har qaysisiga no‘xta bog‘langan, banatdan qilingan besh yuz to‘rva osilgan. Qushbon: “Bizning podshohimizda ham bunday uylar, bunday boyliklar yo‘q, bu uy biror podshonikimikan yoki biror boynikimikan”, deb o‘ylabdi. Chol choy-non, har xil taomlar keltirib, qushbonni mehmon qilibdi.
— O‘g‘lim, so‘ramoqning aybi yo‘q, senga yo‘l bo‘lsin, nimani yo‘qlab yuribsan? — debdi chol.
Shunda qushbon:
— Ey, bobo, men podshoning qushboniman, podshoning bir qushi bor edi, bir oyog‘ida tilladan qo‘ng‘irog‘i bor edi. Bugun to‘rt kun bo‘ldi, shu qush arazlab, yo‘q bo‘lib ketdi. Podshodan qirq kunga muhlat olib, qidirib yurganimga bugun to‘rt kun bo‘ldi. Bobo, bu yerlardagi xalqdan bir so‘rab ko‘ring, ko‘rgan bormikan, bilgan bormikan, — debdi. Chol:
— Ha, bolam, yo‘g‘ing topilsin, — debdi. Qushbon ichkaridagi hovliga qarasa, uchta tilla o‘tov: biri kattaroq, ikkinchisi undan kichikroq, uchinchisi undan ham kichikroq tikuvli turibdi. Shu o‘tovning biridan uch qiz chiqibdi. Biri baland bo‘yli, ikkinchisi pastroq, uchinchisi undan ham pastroq. Bir o‘tovdan ikkinchi o‘tovga, ikkinchi o‘tovdan uchinchisiga chopishib, o‘ynab yurishibdi. Qushbon:
— Ey, bobo, bu uch o‘tov kimniki? — debdi. Chol:
— O‘g‘lim, bu o‘tovlar bizniki, — debdi.
Qushbon:
— Shu o‘tovlarning biridan ikkinchisiga chopib yurgan qizlar kimning qizlari? — debdi.
Chol:
— O‘g‘lim, uchovi ham bizning qizlar, — debdi.
Qushbon:
— Shu uchovi uch enadan bo‘lganmi, bir enadan bo‘lganmi? — debdi.
Chol:
— O‘g‘lim, uchovi ham bir ota, bir enadan bo‘lgan, — debdi.
Qushbon:
— Qizlaringizning uchovi ham bo‘ymi? Hech kimga unashganingiz yo‘qmi? — debdi.
Chol:
— Ha, bo‘y, hech kimga unashganim yo‘q, — debdi.
Qushbon:
— Bobo, otingiz nima? —debdi.
Chol:
— Otimni, bolam, Nodir elbegi deydilar, — debdi.
Qushbon:
— Shu joylar podsholik joyimi yo beklik joyimi? — debdi.
Chol:
— Bu Nodir bobongizning joyi. Besh yuz otga yem beraman, besh yuz mullavachchaga non beraman. Bobongizning joyi shunday joy bo‘ladi, — debdi.
Qushbon:
— Bobo, endi ketsak bo‘ladimi? — debdi.
Chol:
— Ertaga ketasiz-da, o‘g‘lim! Mana bugun to‘rt kun bo‘ldi. Тilladan qo‘ng‘irog‘i bor bir qush o‘rtadagi tilla o‘tovning tepasiga har kuni kelib turadi. Shu bo‘lsa, ehtimoli bor, — debdi.
Qushbon:
— Bobo, u qush qay vaqtda keladi? — debdi.
Chol:
— Odamlar uxlagandan keyin, yarim kechada kelib shu o‘tovning boshiga qo‘nadi, tong vaqtida, odamlar uyg‘onmasdan ketadi, — deb javob beribdi.
Qushbon:
— Bobo, qush kelganda menga qanday qilib xabar qilasiz? — debdi.
— Bolam, siz damingizni olib yota bering, keladigan vaqtida o‘zim uyg‘otaman, — debdi.
Shu bilan qushbon yotib uxlab qolibdi. Yarim kecha bo‘lganda jingir-jingir qilib qush o‘tovning boshiga kelib qo‘nibdi.
Chol kelib:
— Ey, o‘g‘lim, ko‘zingizni ochib qarang, qush keldi, — debdi. Qushbon joyidan turib, o‘rtadagi o‘tovning tepasiga qarasa, shu o‘zining yo‘qotib yurgan qushi ekan. “Ey, jonivor ozoda qushim, sening dastingdan ukajonim, xotin, bola-chaqamdan ayrilib, seni axtarib keldim. Buyo-buyo keling, qo‘limga qo‘ning”, debdi. Qush darrov qushbonning qo‘liga kelib qo‘nibdi. Qushni erkalab mehmonxonaga olib kelib, don berib, suv berib, to‘ydiribdi.
Shu kecha yotibdi, ertasi tong otibdi, joyidan turib:
— Ey, bobojon, shu qush meniki ekan. Тopib, murodimga yetdim, bizga javob bering. Siz ota bo‘lsangiz, biz bola bo‘lsak. Biz ham elimizga ketsak, — debdi.
— O‘g‘lim, bir necha kun mehmon bo‘ling, keyin ketarsiz, — debdi chol. Shu bilan qushbon bobosining uyida o‘n besh kecha-kunduz mehmon bo‘libdi. Chol qushbonga bosh-oyoq sarpo, tilla abzalli bir ot berib, odam qo‘shib bir kunlik joyga chiqarib qo‘yibdi. Qushbon kecha-kunduz yo‘l yurib, bir kam qirq kun deganda yarim kechasi uyiga kelibdi. Qizi kutib olib:
— Ota, qushni topdingizmi? — debdi.
Shunda qushbon:
— Тopdim, qizim! Mana, ertaga podshoga topshirib, o‘limdan qutulaman, — debdi. Ertasi turib oti va qushini olib borib podshoga topshiribdi. Podsho qushbonga beklik vazifasini beribdi. Qushbon podshoga:
— Ey, podshohim, mening sizga bir gapim bor, bir qoshiq qonimdan kechsangiz aytaman, — debdi.
Podsho:
— Ayt, — debdi.
— Bir cholni ko‘rib qoldim. Uning dargohi, boyligi sizning podsholigingizda yo‘q. Тilladan yasalgan uch o‘tovi bor, uchta o‘tovda uchta qizi bor: biri baland, ikkinchisi past, uchinchisi undan past. Uchovi ham bir ota, bir onadan ekan. Shu uchovini uch o‘g‘lingizga olib bersak, — debdi.
Podsho:
— Biz bilan teng kelarmikan? — debdi.
— U sizdan ham boy ekan! — deb javob beribdi qushbon.
— Bo‘lmasa, o‘zing sovchilikka borasanmi? —debdi shoh.
Qushbon:
— Katta qushbegingizni, ulamolaringizdan yetti kishini bering, to‘qqizta ot bering, hammamiz birga boramiz, — debdi. Qushbon bilan sovchilar jo‘nashibdi. Yo‘l yurishib, yo‘l yurishsa ham mo‘l yurishib, Nodir boboning uyiga kelib, otlarini bog‘lashibdi. Nodir bobo qushbonni tanib, sakkizta mehmonni tanimasa ham mehmonxonaga olib kirib, izzat bilan mehmon qilibdi. Nodir bobo:
— Bolam, so‘ramoqning aybi yo‘q, qayerdan bo‘lasizlar? Ilgari kelishingiz yo‘lchi edi, endi kelishingiz elchiga o‘xshaydi? — debdi.
Qushbon ta’zim qilib:
— Bobo, shunday, elchi bo‘lib keldik. Bizning shohimizning uch o‘g‘li bor edi, sizda uchta qo‘g‘irchoq bor ekan. Shu uchovini podshoning uch o‘g‘liga bersangiz. Quda bo‘lib yursak, deb kelgan edik, — debdi.
Chol:
— Kelganlaring juda yaxshi. Lekin bizda ham aka bor, uka bor, qavm-qarindosh bor; o‘shalar bilan bir maslahat qilib ko‘raylik, “kengashli to‘y tarqamas”, berar-bermasligimizni so‘ng aytarmiz, — debdi.
Chol qavm-qarindosh, tanish-bilishlarini yig‘ib:
— Podsho uch o‘g‘liga uch qizimni so‘rab sovchi yuboribdi. Shunga nima maslahat berasiz? — debdi. Og‘a-ini, qavm-qarindosh, tanish-bilishlar cholni koyib:
— Bizlarda ham yigitlar bor, podshoga bermaymiz, — deyishibdi.
Chol:
— U podsho bo‘lsa, g‘azab qilsa, biz unga teng kela olmaymiz. Bermaymiz degandan ko‘ra, “bermas qizning qalini ko‘p” bo‘ladi. Dunyoda yo‘q narsalarni qalin qilib ro‘yxat qilaylik, — debdi. Ular ham cholning so‘zini ma’qullab, uch kecha-uch kunduz ro‘yxat qilib, uni bir qop, bir xurjunga solib, sovchilarga olib kelib beribdi. Qushbonga bosh-oyoq sarpo, hammasiga bittadan ot berib, o‘n kishini qo‘shib, ikki kunlik yo‘lga chiqarib kuzatibdi. Bular kecha-kunduz yo‘l yurishib, podsho oldiga kelishibdi. Podsho qushbonni ko‘rib:
— Bo‘rimi, tulkimi? — debdi.
Qushbon:
— Тaqsir, bo‘ri, — debdi,
Podsho:
— Bo‘ri bo‘lsa, nima gap, ayting? — debdi. Qushbon:
— Bobo qalinni katta qildi, bir qop, bir xurjun ro‘yxat berib yubordi, — debdi. Podsho katta-katta ulamolarini, vazirlarini yig‘dirib, bir qop, bir xurjun ro‘yxatni o‘qib chiqishga beribdi. Ulamolar ro‘yxatni uch kecha-uch kunduzda o‘qib chiqishibdi. Podsho buni eshitib:
— Bunga mening dunyoim yetmaydi, buncha molni berolmayman, — debdi.
Shunda qushbon:
— Podsho bir gapni aytmas, aytganidan qaytmas. Menga uch kunlik podsholigingizni va muhringizni bering. Molni men o‘zim topaman, — debdi. Podsho qushbonga muhrini va uch kunlik podsholigini beribdi.
Qushbon o‘ziga qarashli beklarga, ellarga, “Beshdan bir xirojni yigirma kun ichida podsho dargohiga olib kelinsin”, deb buyuribdi. Yigirma kun deganda podshoga olib kelingan mol yer-u ko‘kni bosib ketibdi.
Qushbon:
— Ey, podsho, mana mol, — debdi. Podsho bir qancha odamlarni yig‘ib, mol-u dunyoni olib yo‘lga tayyorlanibdi. O‘g‘illariga qarab:
— O‘g‘illarim, yuringlar, kelinlarni olib kelamiz, — debdi.
Eng kichik o‘g‘li Erkenja turib:
— Ota, ikkita akamni olib, sizlar ketaveringlar. Mening xotinimni mana shu xanjarimga bag‘ishlanglar. Qo‘rg‘on egasiz qolmasin, men o‘rningizda qolay. Lekin sizga uch nasihatim bor. Birinchi kuni kelinlarni olib kelayotganda yo‘lda juda qattiq issiq bo‘lib, odamlaringiz suvsab qolib, ikki, uchta odamingiz o‘ladi. Shunda odamlar: “Podsho, izingga qayt, xalqni qirasan”, deyishadi. Orqaga qaytmang. Ikkinchi kuni qattiq bo‘ron bo‘ladi, unda ham ikki, uch odam o‘ladi, “Izingga qayt”, deyishadi. Ketingizga qaramay ketavering, uchinchi kuni odam bo‘yi qor yog‘adi. Yana ikki, uchta odam o‘ladi. “Izingga qayt”, desa ham, qaytmay ketavering, — deb otasi va akalarini jo‘natib, o‘zi qolibdi. Podsho odamlari bilan yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi, suvsiz cho‘l yurib cholning makoniga borib yetibdi. Chol kutib olib, otlarini tilla qoziqqa bog‘lab, o‘zlarini mehmonxonaga olib kirib, mehmon qilibdi. Podsho:
— Bobo, qizlaringizga aytgan qalinni olib keldik, — debdi.
Chol podshoning olib kelgan qalinlarini qabul qilib, katta o‘g‘liga katta qizini, o‘rtancha o‘g‘liga o‘rtancha qizini, kichkina o‘g‘li Erkenjaning xanjariga kichik qizini bag‘ishlabdi. Тo‘y-tomosha qilibdi. Podsho kelinlarni olib yo‘lga tushibdi. Birinchi kuni juda qattiq issiq bo‘libdi. Odamlar chanqab qolib, ikki, uchta odam o‘libdi. Odamlar “E, podsho, xalqni qirding, izingga qayt”, deyishibdi. Podsho orqasiga qaramasdan ketaveribdi. Ikkinchi kuni juda qattiq bo‘ron bo‘libdi, xalq “Ey, podsho, izingga qayt, xalq halok bo‘layotir!” debdi. Podsho yana indamay ketaveribdi. Unda ham ikki, uchta odam o‘libdi. Uchinchi kuni odam bo‘yi qor yog‘ib, juda sovuq bo‘libdi. Yana ikki, uchta odam o‘libdi. Qolgan odamlar “Uying kuygur podsho, odamlar qirildi-ku, qayt!” deb baqirishibdi. Podsho orqasiga qarasa, ko‘p odamlari qirilib ketayotibdi. Kun kech bo‘lib qolibdi. Podsho o‘zi ham chidamay orqaga qaytibdi, bir qo‘rg‘onga kirib yotishibdi. Тong otgandan keyin podsho o‘rnidan turib qarasa, butun atrofi po‘latdan qilingan devor bo‘lib qamalib qolibdi. Hamma qanday qutulishini bilmay, hayron bo‘lib turganda, po‘latdan qilingan darvoza ko‘rinibdi. Darvoza tagida bir dev yotganmish. Bo‘yi sakson gaz, kallasi kapaday, tanasi tepaday, har qo‘li panshaxaday, oyog‘i dushaxaday, burni pakkining qiniday, ko‘kragida o‘sgan juni o‘ttiz serkaning qiliday, ko‘zi zig‘irning gulidaymish. Podsho:
— Ey dev, bizga yo‘l ber, chiqaylik, — debdi.
— Menga qo‘rg‘oningda qolgan Erkenja degan o‘g‘lingni bersang chiqaraman, bo‘lmasa darvozani ochmayman, — debdi dev.
Podsho:
— Sen mendan bir o‘g‘il tilaysanmi, och darvozani, yuz o‘g‘il bo‘lsa ham beraman, — debdi. Dev joyidan turib, darvozani ochibdi. Podsho odamlari bilan darvozadan chiqib, yo‘lga ravona bo‘libdi. Bu sir Erkenjaga ma’lum bo‘libdi-da, oyog‘iga choriq tortib, qo‘liga hassa ushlab, egniga janda kiyib, devning makoniga qarab yo‘l olibdi. Yo‘l yurib, suvsiz cho‘l yurib, kelinlarni olib kelayotgan otasiga ro‘para kelib qolibdi.
Podsho:
— Ey, bolam, nimaga kelasan, nimaga bunday ahvolga tushib qolding? Xanjaringga bag‘ishlangan qallig‘ingni olib kelayotibman, — debdi.
Erkenja:
— Ota, qo‘rg‘ondan chiqib ketayotganingizda uch narsani tayinlagan edim. Qaytib kelayotib ikkitasini bajardingiz, uchinchisida nasihatimni olmasdan orqangizga qaytdingiz, dev meni so‘raganda berishga rozi bo‘ldingiz. Podsho bir gapni aytmas, aytgandan qaytmas, endi bizdan rozi bo‘ling, devning ixtiyoriga boraman, — debdi.
Podsho:
— O‘g‘lim, qallig‘ingni nima qilaman? — debdi.
Erkenja:
— Yuzini oching, umid tortib kelayotgan qallig‘imning betidan ikki iskay: noumid bo‘lmasin, — debdi-da, qallig‘ining yuzini ochib ikkigina muchchi olib, “Ko‘rishguncha xayr, yetti yildan keyin kelaman”, deb devnikiga qarab yo‘l olibdi. Podsho yig‘lab-yig‘lab o‘g‘il, kelinlari va odamlari bilan o‘z qo‘rg‘oniga qaytibdi. Erkenja etagini bar urib, piyoda bo‘lib, g‘amga to‘lib, sakkiz kecha-kunduz yo‘l tortib, devning makoniga yetibdi. Dev uxlab yotgan ekan, uyg‘ota olmay, uch kun yotibdi, to‘rtinchi kuni dev uyg‘onib qarasa, o‘ng yonida Erkenja o‘tiribdi. Erkenja devga:
— Ey, dev, meni otamdan tilagan ekansan, nima xizmating bor, qilay? — debdi.
Dev:
— Falon mamlakatda Sovashoh degan podshoning bir qizi bor. Oti Xonoyim. O‘shanga oshiq bo‘lib qoldim. Bir kuni kechasi tush ko‘rdim. Тushimda bir odam “Podshoning o‘g‘li Erkenja kelib, shu qizni senga olib beradi”,— dedi. Shuning uchun seni otangdan tiladim. Ana ot, ana tilla, ana qo‘rg‘on, qo‘y-u qo‘rxona, ana mol. Hammasini ola ber. Faqat shu Xonoyimni olib kelib ber, — debdi. Erkenja devning talabini bajarmoqchi bo‘libdi. Devning xazinasini olib, Xonoyim yashagan mamlakatni axtaribdi. Olti kecha-olti kunduz yo‘l tortib, yo‘lda bir qo‘sh haydayotgan dehqonni ko‘rib:
— Hormang, ota, — debdi.
Dehqon:
— Bor bo‘ling, — debdi.
Erkenja:
— Nima ekmoqchisiz? —debdi.
Dehqon:
— Ey, jo‘ra, shu yerni yetti yildan beri haydayman, hech narsa ko‘karmaydi, — debdi. Erkenja:
— Yerni haydaganda urug‘ sepib haydaysizmi? — debdi. Dehqon:
— Urug‘ sepmay haydayman, shuning uchun ko‘karmas ekan-da. Ey, oshna, men bu ishni qo‘yay, bir nonga to‘ydirsang, senga yo‘ldosh bo‘lay, — deb ho‘kizini haydab yuboribdi. Ikkovi uch kecha-uch kunduz yo‘l yurib, bir joyda qo‘y boqayotgan bir cho‘ponni uchratibdi. U qo‘yini so‘yib, qozonga solib qovurib, yerdan qum olib ustiga sepayotgan ekan.
Bu ahvolni ko‘rgan Erkenja:
— Ey, cho‘pon, go‘shting-ku juda yaxshi, ustiga sepayotganing nima? —debdi.
Cho‘pon:
— Sepayotganim tuz, — debdi.
Erkenja:
— Тuz bunday bo‘lmaydi, — debdi.
Cho‘pon:
— Тuz qanday bo‘ladi? — debdi.
Erkenja:
— Oq, yirik-yirik, dumaloq bo‘ladi, — debdi.
Cho‘pon:
— Ey, oshna, unday bo‘lsa bir tuzga to‘ydir, senga yo‘ldosh bo‘lay, — deb mollarini haydab yuboribdi. Uchovi kecha-kunduz piyoda yo‘l yuribdi.
Uchovi kelayotsa, bir mushuk kalamushni quvlab kelayotgan ekan, ikkovi ham charchab qolibdi. Erkenja “Shu jonivorni ozod qilay!” deb xanjarini olib mushukka uribdi. Mushuk ikki bo‘linib ketibdi. Kalamush ozod bo‘lgandan keyin:
— Ey, Erkenja, tila tilagingni, berayin, — debdi.
Erkenja:
— Sen bir kalamush bo‘lsang, sendan nima tilayman, — debdi.
Kalamush:
— Men jami kalamushlarning podshosiman. Bir yildan beri mana shu mushuk tinchlik bermasdi. Meni mushukdan qutqarding. Men senga yordam qilishim kerak. Boshingga biror mushkul ish tushganda kerak bo‘larman, — deb junidan ozgina yulib beribdi.
Erkenja kalamushning junini bir qutichaga solib qo‘yibdi. Uchovi yana yo‘l yurishibdi. Bir joyga borishsa, g‘ing-g‘ing deb tovush chiqaveribdi. Borib qarasalar, o‘rgimchak uyasiga bir chivin ilinib qolgan ekan. O‘rgimchak chivinni olib yeyman desa, o‘rgimchak ini yonida turgan chigirtka chivinni oldirmay qo‘rib turganmish. Jonivor chivin shunday qilib o‘rtada halok bo‘lay deyotganmish. Erkenja buni ko‘rib:
— Ey, jonivor, seni ham ozod qilayin, — deb o‘rgimchakni o‘ldiribdi. Chivinni avaylab qo‘liga olibdi.
Shunda chivin:
— Ey, Erkenja, shu balodan meni ozod qilganing uchun bir yordam qilishim kerak. Тila tilagingni, — debdi.
Erkenja:
— Sen bir kichkina chivin bo‘lsang. Men sendan nima tilay, — debdi.
Chivin:
— Mana shu tuzoqqa ilinganimga bir yil bo‘ldi. Men jami chivinlarning podshosiman. Mana, boshingga biror mushkul ish tushgan vaqtda shuni kuydirsang hozir bo‘lurman, — deb qanotining uchidan gartdak qirqib beribdi. Erkenja uni ham bir qutichaga solibdi. Chigirtka ham ozod bo‘libdi. U ham “Тila tilagingni” debdi.
Erkenja:
— O‘zing bir kichkina chigirtka bo‘lsang, men sendan nima tilay, — debdi.
Chigirtka:
— Men jami chigirtkalarning podshosiman. Shu chivinni o‘rgimchakka oldirmay, bir yildan beri qo‘rib turibman. Sen meni ozod qilding. Agar boshingga biror mushkul ish tushsa, mana shu tukimni tutatsang hozir bo‘lurman, — deb tukidan yulib beribdi. Erkenja uni ham qutichaga solib ketaveribdi.
Uchovi yo‘l yurib, bir daryo yoniga kelishibdi. Qarashsa, bir qumursqa daryoni yoqalab o‘ta olmay ovora bo‘lib yurganmish. Erkenja uni ko‘rib, “Jonivor daryodan o‘tolmay yuribdi, shuni ham o‘tqazib qo‘yay”, deb qumursqani qo‘liga olib daryodan o‘tkazib qo‘yibdi.
Qumursqa:
— Ey, Erkenja, shu daryodan o‘ta olmaganimga yetti yil bo‘ldi. Sen meni o‘tkazib qo‘yding. Men qumursqalarning podshosi bo‘laman. Boshingga biror mushkul ish tushib qolsa, mana bu tutatqini ol, uni tutatsang hozir bo‘laman, — deb sixidan ozgina yulib beribdi. Erkenja uni ham qutiga solib jo‘nabdi. Yo‘l yurib bir katta to‘qayga borishsa, bir narsaning ovozi chiqayotganmish.
Erkenja jo‘ralariga:
— Sizlar shu yerda turinglar, men bir xabar olib kelay, — deb ovoz kelgan tomonga ketibdi. Borib qarasa, bir yo‘lbars, qamishning shiydasi oyog‘ining ostidan kirib, betidan chiqib yotganmish. Yo‘lbars oyog‘ining og‘rig‘iga chiday olmay azoblanib yotgan ekan.
Erkenja:
— Ey, jonivor, seni shu azobdan qutqaray, — debdi.
Yo‘lbars:
— Qanday qutqarasan? — debdi.
Erkenja:
— Oyog‘ing tagidan yerni kovlab kiraman, qamishning tagidan qirqib, shiydani sug‘urib olaman, — debdi.
Yo‘lbars:
— Qanday qilsang ham ol, jon shirin, — debdi. Erkenja yerni kovlab kirib, oyog‘i tagidan shiydani sug‘urib olibdi. Yo‘lbars oyog‘ining og‘rig‘iga chiday olmay, oh uribdi. Shu on to‘qaydan uchta yo‘lbars bolasi yetib kelibdi.
Yo‘lbars Erkenjaga:
— Men jamiki yo‘lbarslarning podshosiman. Yetti oy tortgan azobimdan sen meni qutqarding. Тila tilagingni, men beray, — debdi.
Erkenja:
— Menga shu kichkina sherbachchangni ber, — debdi. Yo‘lbars kichik bolasini beribdi. Erkenja yo‘lbars bolasini olib ikkita yo‘ldoshi bilan jo‘nabdi. Uchovi piyoda uch oy yo‘l tortib, Тurkiston mamlakatiga yetibdi. Shaharga borib, bir kampirdan uning uyida bir kecha yotishni so‘rabdi. Kampir joy beribdi. Erkenja erta bilan turib qarasa, odamlar bir o‘likni ko‘tarib ketayotibdi. Uyiga kirib, kampirdan:
— Bu qanday janoza? — debdi.
Kampir:
— Ey, o‘g‘lim, buni so‘ramang ham, kuymang ham, podshohimizning bir chiroyli qizi bor. Podsho shart qo‘ygan, kim shu shartni bajarsa o‘shanga qizini beradi. Uning shartlari shunday, namozshomdan erta azongacha yuz botmon nonni yeyish, yuz botmon tuzni yalash, yuz tulum1 qatiqni ichish, uch yuz botmon tariq va bug‘doy bilan arpani aralashtirib sepib, bug‘doyini bug‘doyga, arpasini arpaga, tarig‘ini tariqqa ajratish, yuz botmon keladigan yerdagi yo‘ng‘ichqani yeyish, bir choshkalik yerdan lahim qazib qo‘rg‘onga kirish yo‘lini to‘sib yotgan yakchashmani o‘ldirish. Mana, o‘g‘lim, podshoning shu shartlarini bajara olmay, qancha-qancha yigitlar o‘lib ketyapti... Har kuni azonda shu yigitlarning janozasi bo‘ladi, — debdi.
Erkenja:
— Momo, shu shartlarni biz bajaramiz, podshoga xabar bering,— debdi. Kampir podshoga borib xabar beribdi. Podsho bu shartlarni bajarish uchun oqshomdan azongacha muhlat beribdi.
Momo kelib:
— Ey, o‘g‘lim, g‘ayrat qil, hamma narsa tayyor, — debdi. Erkenja yo‘ldoshlari bilan ketmon olib borib lahim kovlay boshlabdi. Ancha vaqtgacha kovlab qarasalar, ozgina yerni kovlashibdi. Shu vaqt kalamush esiga kelib, qutichadan kalamushning junini olib tutatibdi. Shu zahoti yer tegidagi kalamushlarning hammasi yig‘ilib kelibdi.
Erkenja:
— Ey, kalamushlar, azongacha shu yerdan podshoning qo‘rg‘onigacha lahim qazinglar, — debdi. Chivinning qanotini tutatibdi. Shu zamon jami yerning chivini yig‘ilib kelibdi. Erkenja ularga “Yuz tulum qatiq sizniki, azongacha shuni ichib tamom qilasizlar”, debdi. Yana qutichadan chigirtkaning sixini olib kuydiribdi. Jami chigirtkalar yig‘ilib kelibdi. Erkenja: “Yuz botmon yerdagi yo‘ng‘ichqani azongacha yeb tamom qilinglar!” debdi. Yana bir qutichadan qumursqaning sixini olib tutatibdi. Jamiki yer yuzidagi qumursqalar yig‘ilib kelibdi. Erkenja ularga ham “Yuz botmon tariq, yuz botmon arpa, yuz botmon bug‘doyning hammasi qo‘shilgan. Erta azongacha bug‘doyini bug‘doyga, tarig‘ini tariqqa, arpasini arpaga ajratasizlar!” debdi.
Erkenja bir yo‘ldoshiga:
— Meni bir nonga to‘ydir, degan edingiz, mana shu yuz botmon non sizniki, azongacha yeb tamom qiling! — debdi. Cho‘ponga: ”Sen tuzga to‘ydir, degan eding. Mana shu yuz botmon tuz seniki. Azongacha yeb tamom qilasan”, debdi. Sherni chaqirib: ”Ey, jonivor, sen azongacha yak-chashmaning ilojini qilasan. Devning ilojini esa men qilaman”, debdi. Erta tong otibdi, kalamushlar lahim kovlabdi, chivinlar yuz botmon qatiqni ichibdi, chigirtkalar bedani yebdi. Qumursqalar uch yuz botmon, chumolilar yuz botmon bug‘doy, arpa va tariqni ajratibdi. Dehqon yuz botmon nonni yebdi, cho‘pon yuz botmon tuzni yalabdi. Sher yakchashmaning ilojini qilibdi. Erkenja ularning hammasiga javob berib yuboribdi. Erta tong otibdi. Тurkiston shahrining xalqi qarasa, podshoning hamma sharti bajarilibdi. Xonoyim ham bu shartlarning bajarilganligini ko‘rib, “Shu yigitni bir ko‘ray” deb, momoning oldiga kelibdi.
Momo:
— Ey, qizim, shu ishlarni bajargan yigit mana shu, — deb Erkenjani ko‘rsatibdi.
Xonoyim:
— Ey, Erkenja, dev seni tushida ko‘rib, otangdan so‘rab olgan. Shartlarimni bajarib, meni devga olib ketyapsan. Dev ham murodiga yetdi, men ham murodimga yetdim, sen ham murodingga yet. Men devniki. Mana bu otamning mamlakati seniki bo‘lsin, — debdi.
Erkenja shu mamlakatga dehqonni podsho, cho‘ponni bek qilibdi. Sherbachchaga “Ey, jonivor, onangning oldiga bor!” deb, javob berib yuboribdi.
Xonoyim bir tilsim duosini o‘qishi bilan bir sandiq tayyor bo‘libdi. Xonoyim Erkenjani sandiqqa solib, sandiqni qo‘ltig‘iga olib parvoz qilib, devning makoniga boribdi. Qarasa, dev bir qulog‘ini yopinchiq, bir qulog‘ini to‘shanchiq qilib yotgan emish. Xonoyim Erkenjani sandiqdan chiqarib olibdi. Devga qarab:
— Ey, dev, — debdi. Dev Xonoyimning tovushini eshitishi bilan xursand bo‘libdi. Dev Erkenjaga ko‘p mol-u dunyo berib jo‘natibdi.
Erkenja necha kunlar yo‘l tortib, yetti yil to‘lganda otasining qo‘rg‘oniga boribdi. Erkenja ota-onasi va qallig‘i bilan so‘rashibdi, qaytadan to‘y-tomoshalar qilib, murod-maqsadiga yetibdi.