Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir podshoning birgina o‘g‘li bor ekan. U bir kuni uxlab yotib, tushida bir parini ko‘ribdi. Uyg‘onsa, tushi emish. Shundan keyin u gapirmabdi ham, kulmabdi ham. Podsho o‘g‘lining ahvoliga achinib yig‘labdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, podsho vazir-vuzarolarini chaqirib:
— Kimki mening o‘g‘limni gapirtirsa yoki kuldirsa, istaganini beraman, — debdi.
Bu so‘z xaloyiq orasiga yoyilibdi. “Podshoning o‘g‘lini men kuldiraman”, deb har tomondan odamlar kela beribdi. Shahzodani kuldirish u yoqda tursin, hatto hech kim gapirtira olmabdi ham.
Podsho juda xafa bo‘lib: “Men shunday katta podsho bo‘lsam, keksaygan chog‘imda bir o‘g‘il ko‘rgan bo‘lsam-u, uni ham gapirtira olmasam, men podsho bo‘lib nima qildim”, deb o‘ylab, yaqin odamlarini chaqirib: “Yurtimizda kelmagan biror odam qoldimi?” debdi. Bir vaziri turib:
— Ey, taqsir, kelib o‘g‘lingizni ko‘rmagan bir kampir qoldi, u falon tegirmonchining onasi, o‘tirsa tura olmaydi, tursa yura olmaydi, — debdi.
Podsho kampirga darrov navkarlarini yuborib, uni tilla zambilda keltiribdi. Kampir shahzodani ko‘rib, unga qarab:
— Ha, bolam, tushingda pari ko‘ribsan-da, — debdi.
Shahzoda birdan kulib yuboribdi, o‘rnidan turib, yugurib kampirning yoniga kelib:
— Enajon, siz menga aytib bering. Qanday qilsam u pariga yetishaman, — debdi.
Kampir:
— Shahrimizdan yetti kunlik naridagi tog‘ning boshida mening inim Qiron dev yashaydi. Qironning yoniga borsang, u senga parini topib beradi, — debdi.
Podsho o‘g‘liga qirq xachir tilla berib, qirq xizmatkorni hamroh qilib safarga jo‘natibdi. Ular yetti kecha-yetti kunduz yo‘l yurib, bir tog‘ning tagiga yetishibdi, unda tunashibdi. Yarim kechada shahzoda uyg‘onib qarasa, tog‘ning ustida bir narsa yilt-yilt qilar emish. U hayron bo‘lib, xizmatkorlarga:
— Sizlar shu yerda turinglar. Men yolg‘iz o‘zim borib ko‘rib, bilib kelaman, — deb tog‘ga chiqib qarasa, yuzta polvon Qironni arqonga bog‘lab turgan emish, Qiron esa qimirlamay yotganmish. Qiron uxlab yotgan ekan. U bir kecha-yu bir kunduz uxlar ekan. Shahzoda atrofdagi kishilarga:
— Nega buning qo‘l-oyog‘ini bog‘layotibsizlar? Тag‘in o‘zlaring o‘lib ketmanglar, — debdi. Ular aytibdi:
— Agar Qiron akani bog‘lab olib kelmasak, podshohimiz bizni o‘ldiradi. U ”Yuztangning boshingni baravar uzaman”, degan.
Shunda Shahzoda:
— Ey, podshohing bekor aytibdi. Bu tog‘ning tagida qirq xizmatkor bilan qirq xachir tillam bor. O‘shani olib keta beringlar, — debdi.
Polvonlar shahzodaning aytganini qilib, tog‘dan pastga tushib ketibdilar. Shahzoda Qironning qo‘l-oyog‘ini yechib, uning uyg‘onishini kutibdi. Biroz vaqt o‘tgach, Qiron uyg‘onibdi. Qiron yonida o‘tirgan bolani ko‘rib, undan:
— Bu yerda nima qilib o‘tiribsan, kim bo‘lasan? — deb so‘rabdi.
Shahzoda bo‘lgan voqealarni aytib beribdi.
Qiron:
— Yur bo‘lmasa, men o‘tin qilib beray. Sen yoqib o‘tir, olovning yorug‘i bilan pari qizni senga olib kelib beraman, — debdi. Qiron ko‘p o‘tin yig‘ibdi. Shahzoda olovni gurillatib yoqib o‘tiribdi. Qiron yo‘lga ravona bo‘libdi. Shahzoda qirq kecha-qirq kunduz olov yoqib o‘tiribdi. Qirq bir kun deganda Shahzodaning uyqusi kelibdi, bir bog‘ o‘tinga boshini qo‘yib uxlab qolibdi. Bir kecha-kunduz uxlab uyg‘onsa, olov o‘chib qolgan emish, har tomonga kul sochilib ketgan emish. Hayron bo‘lib, endi qanday qilib olov yoqaman, deb o‘rtada qolgan kulni kovlasa, mushtumday cho‘g‘ qolgan ekan. Cho‘g‘ni olib, do‘ppisiga solsa, cho‘g‘ osmonga otilib, do‘ppisiga tushar emish. Shahzoda qo‘rqib ketibdi. Nima qilarini bilmay, shoshilib qolibdi. Bola orqasiga qarasa, Qiron kelib, kulib qarab turgan ekan. Shunda Qiron bolaga bir quti berib:
— Sening istaganing shu qutining ichida, tag‘in yo‘lda ocha ko‘rma, ochsang qochib ketadi, keyin pushaymon bo‘lib yurma! — debdi. Bola qutini olib yo‘lga tushibdi. Yurib-yurib charchabdi, bir yerda dam olibdi.
Shahzoda: “Men Qironga ishonib qutini olib kelayotibman. Quti juda yengil, ham kichkina-ku, ichida pari bormi, yo‘qmi, bir ochib ko‘rayin-chi”, debdi. U qutini ochib ko‘rsa, ichida pari o‘tirgan emish. Pari shahzodaning yuziga ham qaramabdi, o‘z tizzasiga boshini qo‘yib o‘tiribdi. Shahzoda unga “Тur, otga min, ketamiz”, desa ham indamabdi. Shahzoda pariga yalinib-yolvoribdi. Oxirida pari:
— Siz menga nomahramsiz, avval meni nikoh qilib oling, so‘ngra so‘zlashamiz, — debdi.
Shahzoda hayron bo‘lib:
— Seni bu yerga yolg‘iz qo‘yib, tanish bo‘lmagan joyda qayerdan domla topaman. Balki men qaytib kelguncha qochib ketarsan, — debdi. Pari:
— Yo‘q, qochmayman, siz domla topib kelguningizcha men shu yerda o‘tiraman, — debdi.
Shahzoda:
— Xayr, bo‘lmasa, — deb otini minib, domla qidirib ketibdi.
Yurib-yurib, bir temir qo‘rg‘onga yetibdi. Eshikni taqillatsa, bir dev chiqibdi. Shahzodani darrov ushlab, zindonga tashlabdi, otini so‘yib yebdi. Pari Shahzoda ketgan zamoniyoq qochib ketgan ekan.
Kunlar, oylar o‘tibdi. Bir kun Qiron tush ko‘ribdi. Тushida bola devning zindonida yotgan emish. Qiron tongda uyg‘onibdi, uyg‘onibdi-yu, bir yaxshi otga minib yo‘lga chiqibdi, bir qancha vaqt yo‘l bosib, devning qo‘rg‘oniga borib, darvozasini uribdi. Dev chiqibdi. Qironga ta’zim qilibdi.
Qiron:
— Shu yerga otliq odam keldimi? — deb so‘rabdi.
Dev:
— Ha, keldi, otini yedim, o‘zini zindonga tashladim. Otiga ot beraman, o‘zi o‘likmi, tirikmi bilmayman. Buni toleingizdan ko‘rasiz, — debdi.
Qiron zindonning ichiga arqon tashlagan ekan, Shahzoda arqonga tirmashib zo‘rg‘a chiqibdi. Dev Qirondan qo‘rqqanidan shahzodaga bir otini egarlab beribdi. Shahzoda Qiron bilan yo‘lga chiqibdi. Ular yo‘l yurib, yo‘l yursalar ham mo‘l yurib, Qironning uyiga yetibdilar. Bir-ikki kun o‘tgach, Shahzoda Qirondan parini yana olib kelib berishini so‘rab yalinibdi. Qiron unga bir kam qirq hujraning kalitini berib: “Mana bu kalitlarni ol, men kelguncha hujralarni ochib, ichini tomosha qilib turgin: men parini olib kelaman”, debdi. Qiron ketib yetti kecha-yetti kunduz deganda parini olib kelib, Shahzodaga nikohlab qo‘yibdi.
Qiron har kuni ovga chiqib yurar ekan, u ovga ketganda shahzodaga bir kam qirq hujraning kalitini berar ekan, ammo bir hujraning kalitini bermas ekan. Kunlardan bir kun Qiron ovga chiqib ketayotganida Shahzoda:
— Qirqinchi hujraning kalitini bersangiz, boshqa hujralarning kalitini bermasangiz ham mayli, — debdi. Qiron avvaliga kalitni bermabdi, Shahzoda sira qo‘ymagandan keyin Qiron qirqinchi hujraning kalitini ham berishga majbur bo‘libdi. Shahzoda bilan qiz hujrani ochib qarasa, ikkita qora ot turgan emish. Har biri bir g‘ishtning ustida yetti xil o‘yin ko‘rsatib turar emish. Pari Shahzodaga:
— Yuring, otlarni minib, sug‘orib kelamiz, — debdi.
Shahzoda:
— Qo‘y, tag‘in qochib ketmasin. Qochsa, qanday qilib ushlaymiz, — debdi.
— E, yuring, nima qilardi, bu otlar qochib keta olmaydi, — debdi pari. Ikkisi otni yechib, tizginidan ushlab, sug‘orishga olib boribdi.
Qironning bog‘ida bir hovuz bor ekan. Otlar shu hovuzdagi suvning hammasini ichib qo‘yibdilar. Shahzoda hayron bo‘lib: “Endi otlarni joyiga olib kirib bog‘laymiz”, deb turganida, ikki ot bir dumalab ikkita kaklik bo‘libdi. Shahzodaning xotini esa bir dumalab kaptar bo‘libdi, uchovi qo‘shilib uchib ketibdi. Shahzoda yig‘labdi. Birozdan keyin Qiron kelibdi. Shahzoda yana Qironga yalinibdi, yig‘lab: “Endi sira gapingizdan chiqmayman”, debdi. Qiron Shahzodani tilagiga yetkazish uchun yana yo‘lga ravona bo‘libdi. Yurib-yurib bir tog‘ga borsa, unda bir eshik ko‘rinibdi, eshikni taqillatib:
— Och eshikni, kampir! — debdi. Uyning ichidan bir kampir, “Qiron juvonmarg kelgandir”, deb eshik tomon yo‘nalibdi. Bu yoqda Qiron tashqaridan turib:
— Qiron keldi, olov keldi, ikki ukang qani, qayerda turibdi, tezroq ayt, — debdi.
Kampir:
— Anovi eshikdan kirsang, mendan kichik singlim o‘tiribdi, o‘sha biladi, — debdi. Uning yoniga borsa, u ham: “Anovi singlimdan so‘ra”, — debdi.
O‘sha tog‘ning tagida yetti egachi-singil bor ekan, Qiron ularning hammasidan pari bilan kaklik suratiga kirib qochgan devlarni so‘rab chiqibdi. Hammasi “Bilmayman”, deb javob beribdi. Eng kichkinasi ham “Men bilmayman”, degan ekan, Qiron:
— Qironning kuchini bilganing yo‘qmi hali? —deb qilichini ko‘taribdi.
— Yo‘q, yo‘q, o‘ldirma meni, men aytsam, uning eshigi mening eshigimning yonidagi eshik, — debdi.
Qiron uning ko‘rsatgan eshigiga kirsa, bir katta bog‘: bog‘ning o‘rtasida bir ustun. Ustunga bir qafas osig‘liq ekan. Qafasda esa pari o‘tirgan emish. Dev kelib pariga salom berib ketar ekan. Birpasdan keyin shamol-to‘polon bilan aka-uka dev kelibdi, kelibdi-yu, dumalab kaklik bo‘libdi. Haligi tilla qafasga o‘zini urib, tap etib yerga tushibdi. Qiron sekin borib, ikkovini ikki qo‘liga qisib, tilla qafasni boshiga qo‘yib, uyiga qaytibdi.
Qiron parini Shahzodaga qaytadan nikohlab beribdi. Ikki devni esa hujraga qamab, eshigini qulflab qo‘yibdi. Ikkisi ham boyagiday ot bo‘lib, oxurdan bedani yeb tura beribdi.
Qiron Shahzodani bir bolali bo‘lguncha o‘z yonida olib turibdi. Shahzoda bolali bo‘lgach, “Otang, onang sog‘ingandir”, deb uyiga jo‘natibdi.
Podsho yig‘lab-yig‘lab ko‘zi ko‘r bo‘lib qolgan ekan. O‘g‘lining pari xotini bilan qaytganini eshitib sevinibdi. Pari podshoning ko‘ziga bir nay bilan puflasa ko‘zi ochilibdi. Podsho bolasi, kelini va nevarasini ko‘rib, dimog‘i chog‘ bo‘libdi. Shahzoda otasining taxtiga o‘tirib, davr-davronlar surib, murod-maqsadiga yetibdi.