Bir ko‘knorixonada besh-olti ko‘knori chorcho‘pga o‘rik o‘tinlarini qalab, rosa kayf qilib o‘tirishgan ekan. Ulardan Hoji Xoliq degan bittasi bir tog‘ora ko‘knorini g‘ijimlab o‘tirib, pinakka ketibdi. Emish, bu bir cho‘lda kuyib-pishib o‘tin terib yursa, bir katta semurg‘ uchib kelib:
— Hoy, bechora Hoji Xoliq, tokaygacha qiynalib o‘tin terib yurasan? Kel, mening oyog‘imga yopish, dunyoga ko‘may seni, — debdi.
Hoji Xoliq darrov Semurg‘ oyog‘iga yopishib havoga ko‘tarilibdi. Semurg‘ uni bir podsho xazinasining tuynugidan tashlabdi. Hoji Xoliq qop olib kelmaganiga pushaymon bo‘lib qo‘yniga, lippasiga rossa tillalardan joylab olibdi. Yana Semurg‘ oyog‘iga yopishib uyiga kelibdi. Darrov osti yerga, usti osmonga tegmaydigan imorat soldirib, Eram Bog‘idan bir parizodni keltirib to‘y qilibdi. Ziyofat qilib toza ko‘knori ichibdi. Bu vaqt hamkasabalari so‘rashibdi:
— Hoy Hoji Xoliq, bunday davlatni birpasda qaydan topding? Hoji Xoliq:
— Xudo bersa, shunday bo‘lar ekan-da, deb boshqa hech narsa demabdi. Hamkasabalari:
— Bizga ham davlatli bo‘lish yo‘llarini o‘rgatib qo‘y, — deb ko‘p qistab yalinishibdi. Oxiri:
— Yuringlar bo‘lmasa, — deb Hoji Xoliq beshta ko‘knorini ham boshlab, yana o‘sha cho‘lga olib chiqibdi. Ko‘p o‘tmay Semurg‘ yetib kelib:
— Ha, yana dunyo kerak bo‘lib qoldimi? Yopish oyog‘imga, — debdi.
Avval Hoji Xoliq, uning oyog‘iga yana bittasi, uning oyog‘iga yana bittasi, boringki, oltita ko‘knorining hammasi bir-birining oyog‘iga yopishib osmonga ko‘tarilishibdi. Yer tangaday ko‘rinadigan bo‘lgan bir vaqtda eng oxirgi ko‘knori, "Biz ovora bo‘lib ketmaylik, bordi-yu oltin yetishmay qolsa, izza bo‘lmaylik", deb o‘ylab:
— Hoy, Xoliq, xazinadagi oltin solingan xumning qorni qancha keladi? — deb so‘rabdi. Hoji Xoliq ham:
— Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, xumning yo‘g‘onligi muncha keladi, — deb qulochini keng kerib, semurg‘ oyog‘ini qo‘yib yuboribdi. Bir vaqt oltovi ham bosh-oyoq bo‘lib, bir daryoga tushib ketishibdi. Xuddi shu vaqt suv tutab o‘t olib ketibdi. Hoji Xoliq alanga ichida g‘arq bo‘layotib, qo‘l-oyoqlarini tipirlatib turib, "dod" deb yuboribdi. Kayfi uchib qarasa, tog‘aradagi ko‘knorisi samovar tagidagi o‘tga to‘kilib, kullar to‘zib yotibdi.