Bor ekanda yo‘q ekan, och ekanda to‘q ekan. Bir kiyik bor ekan. U kiyikning tog‘ kamarida uyasi bor ekan. Uyasining yonida bir terak bor ekan. Bir odam kelib shu terakka kadi osib qo‘yibdi. Kadi shamoldan kunin taraqlab, tunin taraqlab turar ekan. Kadi osilgan kundan boshlab kiyik uyasidan chiqa olmay qolibdi. Kiyik har kuni asta uyasining og‘ziga kelib qarab, yana kadining taraqlaganini eshitib, «Mergan bo‘lsa kerak» deb qo‘rqib, uyning to‘riga qochib kirib ketar ekai. Shunday qilib kiyik hafta — o‘n kungacha chiqa olmay, ochlikdan holi ketib: «Kel-e, ochdan o‘lguncha mergan otsa ham yorug‘ dunyoni ko‘rib o‘lay» deb, asta uyasining og‘zidan chiqib qarasa, shamoldan daraxtga urilib to‘q-to‘q etib turgan kadi ekan. «Ey, bu kadi ko‘pdan beri ishimni qildi-ku. Buni terakning boshidan olib tushib bilganimni qilay» deb terak boshiga chiqib kadini olib tushibdi. Kadini quyrug‘iga bog‘lab, joni boricha chopib tog‘u toshlarga urib taraqlatibdi. Oxiri o‘zi charchab: «Endi seni bir bo‘ldiqlatay» deb kadini quyrug‘iga mahkam bog‘lab, buloq yoniga kelib sekin buloqqa solibdi. Kadining ichiga suv to‘lib, kiyikni suv tagiga torta boshlabdi. Kiyik yuqoriga tortibdi. Kiyikning quyrug‘i shartta uzilib ketibdi. Kiyik bir chekkaga borib: «Voh, mening quyrug‘im uzilmaganda, kadi meni suvga cho‘ktirib o‘ldirgan bo‘lar edi. Endi bir nahor qilib olay», deb turganida, yoniga yettita kiyik kelib qolibdi.
— Ha jo‘ra, nimaga duming to‘mtoq bo‘ldi? — debdi. Bu kiyik:
— Ey jo‘ralar, bu o‘n kun uyimga qamab qo‘ydi. Ochlikdan o‘lib qolay dedim. Axiri men uni aldab qo‘lga tushirdim. Quyrug‘umga bog‘lab, toqqa olib chiqib taraqlatib yurdim. Keyin suvga olib tushib bo‘ldiqlataman deb, quyrug‘imga bog‘laganimcha suvga solgan edim, menga zo‘rlik qildi. «Jon, kadijon, do‘stim desam ham quloq solmay, quyrug‘imni yulib suv tagiga tushib ketdi. Shunday qilib, to‘mtoq bo‘lib qoldim», — debdi. Jo‘ralari:
— Ey jo‘ra, uni bizlarga ko‘rsat, undan o‘chingni olib beraylik, — deb buloqqa qarab ketishibdi. Yurib-yurib bularning oldidan bir xirmon chiqib qolibdi. Dumi to‘mtoq kiyik:
— Ey jo‘ralar, menda bir maslahat bor, — debdi.
Jo‘ralari:
— Ha, nima maslahat? — deyishibdi. Cho‘ltoq kiyik:
— Mana shu xirmonni yanchib olib ketsakchi, — debdi.
Jo‘ralari:
— Egasi kelib qolsa, qanday qilamiz, — debdi. Cho‘ltoq kiyik:
— Egasini men bilaman, uning uyi olis, — debdi. Jo‘ralari:
— Mayli bo‘lmasa, xo‘bchi kim bo‘ladn? — debdi. Cho‘ltoq kiyik:
— Xo‘bchi men-da, o‘lanni yaxshi bilaman, — debdi.
Jo‘ralari cho‘ltoq kiyikning maslahatiga kirib, xirmon yoniga kelishibdi. Cho‘ltoq kiyik bir-birovini matashtirib bog‘lamoqchi bo‘libdi. Jo‘ralari:
— Ey jo‘ra, bo‘ynimizdan bog‘lamaysanmi? — debdi. Cho‘ltoq kiyik:
— Bo‘yningizdan bog‘lasam, mergan kelib qolsa, bo‘shatguncha otib qo‘yadi. Quyruqlaringdan bog‘layman. Mergan kelgan vaqtda o‘zi yechilib ketadi, — debdi. Hammasiming quyrug‘idan matashtirib bog‘lab, bug‘doy xirmoniga solib, o‘lan aytib hayday beribdi. Bir oz haydagandan keyin:
— Voy, odam isi kelyapti, — debdi. Yana u yoq-bu yoqqa qarab:— Mergan kelib qoldi, — deb turib qochibdi. Bularning hammasi «Mergan kelib qoldi, — deb biri bu yoqqa, biri u yoqqa tortib qochibdi. Shunday qilib, kiyiklarning quyrug‘i uzilib, cho‘ltoq bo‘lib qolgan ekan. Xo‘bchi kiyik qochganicha qochib ketgan ekan.