Bir bir ekan, bir yo‘q ekan, bir cholning uch o‘g‘libor ekan. Ularning to‘ng‘ichi 750 yoshda, o‘rtanchasi 450 yoshda, kenjasi 250 yoshda ekan.
Bir kuni chol o‘z farzandlari bilan to‘yga boribdi. To‘yda izzat-ikrom qilib cholni to‘rga o‘tqazishibdi. Mezbon cholning yoniga o‘g‘illaridan avval eng kichigini, keyin o‘rtanchasini, poyga esa eng kattasini o‘tqazibdi. Bundan chol ham, uning katta o‘g‘li ham xafa bo‘lib, uy egasidan sababini so‘rashibdi. Shunda uy egasi:
— Men sizlarning soqollaringga qarab joylashtirgan edim. Aka-ukalarni adashtirib yuboribman-da, — deb ulardan uzr so‘rabdi. Rostdan ham ularning kichigining soqoli oppoq, o‘rtanchasiniki moshguruch, eng kattasiniki qop-qora ekan. Shundan keyin uy egasi o‘zicha hayron bo‘lib, bir vaqti kelganda ularnikiga borib, yashash sharoitlari bilan tanishishni o‘ylab qo‘yibdi.
Bir kuni u cholning kichik o‘g‘linikiga boribdi. Shunda eshikni ochgan xotin:
— Ana, o‘lib qolgur, mehmonlaring keldi, — deb baqiribdi.
Bu uning xotini ekan. Shunda u uzr aytib chiqib ketibdi va cholning o‘rtancha o‘g‘linikiga boribdi. Uning xotini ham qovog‘ini uyib, jahl bilan kutib olibdi. Mehmon u yerda ham o‘tirmay, cholning eng katta o‘g‘linikiga yo‘l olibdi. U yerda mehmonni juda ham yaxshi kutib olishibdi, har xil noz-nematlardan, turli ovqatlardan yeb, vaqti chog‘lik qilib o‘tiribdi.
Mehmon shu yerda besh kun qolib ketibdi, lekin unga besh soatdek tuyulibdi. Shundan keyin u:
— Odamning soqolini oq qilib qaritadigan narsa g‘am ekan. Kimki uyi shodlikka, yaxshilikka, quvonchga to‘la bo‘lsa, uning umri ham uzun, mazmunli bo‘lar ekan, — debdi.