background
logotype

Xadicha Ro'zmetova

Qoraqalpog‘iston Respublikasidan

DUNYO

Hayot go`yo daryo, goh tinch, goh toshqin,
Yuksak parvoz uchun yozib qulochin,
Inson tog`u toshga uradi boshin,
Orzusi yo`lida misoli lochin.

Hayot go`yo daryo, mudom shiddatkor,
To'lqinlari ortga qaytmagay takror.
Unda qanday "suzish" o`zingga bog`liq,
Bosgan qadamingning bari o`lchog`liq.

Yaxshi ham,yomon ham o`tadi undan,
Unumli foydalan vaqtdan ham kundan.
Yaxshi insonlardan yaxshi nom qolur,
Yaxshilik - hech qachon so`nmaydigan nur.

Dunyoda yaxshilik qolguvsi abad,
Shu bois yaxshilik qilaylik faqat.

VATANIM

Ona-Vatan - bag`ri keng mardlar maydoni,
Uni asrar, qo`riqlar Vatan o`g`loni.
Har bir qarich tuprog`i jonga barobar,
Hech kimsaga bermaymiz, bahosi yo`q zar.

Bobolarning qonlari oqmoqda qonda,
Vatanimiz dovruqli bo`lur jahonda.
Vatan deya o`tgandir ne-ne botirlar,
Vatan ular nomlarin doim xotirlar.

Ey,Vatanim, ulg`ayib qizing bo`laman,
Ehtimol, tilingdagi so`zing bo`laman.

QUYOSHLI YURT INSONLARI

Nimasi bor demagin, o`zbekning g`ururi bor,
Egnidagi choponin o`zgacha sururi bor.
Boshida bor do`ppisi - hayotning naq ramzidir,
Elda yurgani davlat, baxti - o`gil-qizidir.

Dalalari durga teng, boyliklari behisob,
O`ylagani dunyoda ezgulik hamda savob.

Uning yana nesi bor? Va`daga vafosi bor,
Vatanga sadoqati, mardligi, navosi bor.
Daryolari, qirlari, vodiy, tog`-toshlari bor,
Havas qilsa arzirlik bilmdon yoshlari bor.

LOLAQIZG`ALDOG`IM

Ko`zidan uyquni quvgan,
Shabnamlarga yuzin yuvgan,
Alvon yuzli gul-yaproqsan,
Qizg`aldoqsan, qizg`aldoqsan.

Mening jajji qizg`aldog`im,
Sen borsanki, atrof yashnar.
Beg`ubordir tabassuming -
Meni shodliklarga boshlar.

Mening jajji qizg`aldog`im,
Kulib turgan gulbaldog`im,
Uzmoqqa hech ko`zim qiymas,
Seni ko`rmasam ham bo`lmas.

Go`zalikka bo`lib haykal,
Mayin yelda asta chayqal,
Nozikkina qizg`aldog`im,
Dilga oziq gulbaldog`im.

NAVRO`Z

Gul tergani dalalarga chopamiz,
Buvim bilan yalpiz somsa yopamiz.
Qozonlarda sumalaklar qaynaydi,
Yigit-qizlar davra olib o`ynaydi.

Navro`z keldi,
Navro`z keldi o`lkamga.
Bobodehqon,
Peshvoz chiq-ey ko`klamga.
Dalalarda ish qiziyd kechgacha,
Navbahorning zavqi-shavqi o`zgacha.

Seni ko`pdan sog`ingandik, Navro`zim,
Hammadan ko`p sog`ingan bu-men o`zim.

ONAJONIM

Onajonim, mehribonim,
Jonajonoim,gulruxsorim,
Yo`lingizga gullar to`shay,
Onajonim, jonda borim.

Onajonim, mehribonim,
Yurganida bizni degan.
Farzand,deya yonib kuygan,
Har dam o`g`il-qizim degan.

Ollohimdan tilagani -
Bolalarga baxt,omonlik
Va doimo o`ylagani -
El-yurt uchun farovonlik.

ATLAS

O`zbek kiyimi atlas,
Unga barovar adras.
Gar undan kiysang ko`ylak,
O`zbeklikdan bu darak.

Marg`ilondir vatani,
Marg`ilonliklar shani.
To`qishning bor sirini,
Bilar Marg`ilon kelini.

Marg`ilonga borsang, bas
Kiyib qaytasan atlas.
Yigitlarga belbog`adras,
Hamma ham qilar havas.

Yetti rangli kamalak
Atlasdan rang olgandek.
Atlas kiyib hur-malak
Yurtimda mangu qolgandek!

70 YOSHING MUBORAK, NUKUS!

Bag`ri keng, qalbi daryo Qoraqalpoqsan,
So`z sehrida bulbulgo`yo Qoraqalpoqsan.
Tuprog`ing zar, bobodehqon Qoraqalpoqsan.
Matonatda misli mezon Qoraqalpoqsan.

Aziz shul o`lkamning bosh shahri Nukus,
Yetmish yoshing yubileyi - bu elda nufuz.
Xalqlarning do`stligi senda mujassam,
Do`stlik guli bilan hayot ham ko`rkam.

Jayhunning bo`yida chinordek o`sding,
To`yingga kelmishdur barcha yor-do`sting.
Berdaq, Ajiniyoz - buyuk shoirlar
Sherlari yangraydi,xalqim xotirlar.

Sulton Uvays bobo, Norimjon bobo
Ruhlari qo`llagay seni doimo.
Amu yoqasida katta shodiyona-
Bugun Nukus shahri masli to`yxona.

Yetmish yoshing qutlug` bo`lsin! Yashnayver!
Istiqlol yo`lidan qadam tashlayver!

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.