background
logotype

Ronaldino: mitti afsungar

 Futbol olamida qisqa muddat ichida tanilganlar kamdan-kam topiladi. Maradona, Luis Ronaldo, Shevchenko, Runi kabi futbolchilar mana shunday «kamyob» o‘yinchilar sirasiga kiradi. Ularning safiga bemalol Kristiano Ronaldo nomini qo‘shish mumkin. Kristiano Ronaldo dos Santos Aveyro 1985 yilning 5 fevralida Portugaliyaning kichik oroli — Madeyrada dunyoga kelgan. AQSh Prezidenti Ronald Reygan siyosatidan ilhomlanib, farzandiga Ronald ismini bergan ota keyinchalik o‘z o‘g‘lining dunyoda mashhur Ronaldolardan biri bo‘lishini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Lekin...

Xose Diniz Aveyro va Mariya Dolores dos Santoslar oilasida Kristiano ikkinchi o‘g‘il farzand edi. Ikki o‘g‘il, ikki qizlik oila ro‘zg‘orini ota-ona o‘z yerlaridan topgan daromadlari hisobiga baholi qudrat tebratib turishadi. Ronaldoning kuni esa koptok tepish, chang ko‘chalarni changitish bilan o‘tardi. Reyganning adashi tezkor fintlar hamda aldamchi harkatlarning dastlabkilarini xuddi shu davrda Madeyraning tor ko‘chalarida o‘rgandi. Iqtidorli bolakay tezda orolliklar tilida doston bo‘ldi. O‘n ikki yoshga to‘lmasdanoq Portugaliya «Sitsiliyasi»da eng zo‘r futbolchi bo‘lib tanildi. Uni mahalliy aholi «mitti afsungar» deyishni yoqtirardi.

Bunday kamyob iste’dod, tabiiyki, har kimda ham bo‘lavermaydi. Biroq iste’dod «elchilari» har doim topiladi. «Teshik quloqqa Bog‘doddagi gap nima bo‘libdi» deganlaridek, Ronaldoning dovrug‘i Portugaliyaning oliy divizion jamoalari mutasaddilariga yetib bordi.

Avvaliga «Portu» «ovchilari»ga bo‘y bermagan «afsungar» bu borada «Boavishta»ni ham dog‘da qoldirdi va alaloqibat o‘zi yoqtirgan «yo‘l-yo‘llar jamoasi» — «Sporting» a’zosiga aylandi.

U bu yerda ham mahoratini namoyish etdi, o‘ziga xos usul yigitchani boshqalardan yaqqol ajratib turardi.

O‘n yetti yoshida «Moreyrense»ga qarshi kechgan debyut uchrashuvidayoq Kris ikki to‘p muallifiga aylandi, keyingi «Boavishta» bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda gollari sonini uchtaga yetkazib, haqiqiy futbol olamiga kirib keldi. Va tezda muxlislarning sevimli o‘yinchisiga aylandi.

Ko‘z ochib-yumguncha «Sporting» jamoasining «pillapoyalaridan shaxdam ko‘tarilgan Ronaldo bir mavsumning o‘zida Under-18 («Sporting»ning 18 yoshlilar o‘rtasida o‘tkaziladigan chempionatda ishtirok etadigan jamoasi), Under-21 (21 yoshlilar o‘rtasidagi chempionat jamoasi, Italiyadagi Primaveraga o‘xshash), «V» jamoa va ko‘p o‘tmay asosiy tarkibning asosiy o‘yinchilari ro‘yxatidan joy oldi. «Sporting» tarixida uchratilmagan bunday holat madeyralik dehqon o‘g‘lining yorqin kelajagiga salmoqli ishora edi.

Klubda vunderkind darajasiga ko‘tarilgan yosh futbolchilar Yevropaning yirik jamoalari nazaridan hech qachon chetda qolmagan.

Kristiano Ronaldoga ham shunday sharafli, havas qilsa arziydigan taqdir nasib etdi. Unga dastlab futbol vujudga kelgan shahar vakili «Liverpul» hamda Turining «Yuventus»i «ko‘z tikkandi». Bunga 17 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan Yevropa chempionati ham ma’lum ma’noda sabab bo‘lgandi. Ammo kutilmaganda «MYu» paydo bo‘ldi. Yevrochempionatdan so‘ng «Manchester» Portugaliyada «Sporting» bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. 

Jamoasi kiritgan ikki to‘pga Kris assistentlik qilgandi o‘shanda. Noyob dribling sohibining chiroyli o‘yini, to‘p bilan o‘ynash san’atiga qoyil qolgan mankunianlar uni sotib olish taklifi bilan Fergyussonga murojaat qilishdi. Futbol mutafakkiri bu borada uzoq o‘yladi. Bir to‘xtamga kelib ulgurgan boshqa gigant jamoalar rahbariyati allaqachon «o‘lja»ning ketiga tushishgandi. Roy Kin boshchiligidagi «talabgorlar» tez-tez o‘z murabbiylaridan takliflari haqida so‘rashdi. Endi taklif talabga aylangandi.

Bir yoqda «qizil iblislar» «shovqini», bir yoqda tobora yaqinlashayotgan grandlarning «o‘tli halqasi» ser Aleksni bir qarorga kelishga majbur qildi. Va shunday bo‘ldi ham. Faqatgina qarorga so‘nggi nuqta Ronaldo tomonidan qo‘yilishi kerak edi.

Kristiano esa «Manchester Yunayted»ni tanladi. «Sporting Lissabon»dan 12,24 million funt sterling (taxminan 22 mln. AQSh dollari) evaziga sotib olingan Figuning hozirgi kundagi merosxo‘ri Angliya futboli tarixida eng qimmat Tineyjer bo‘ldi. Shartnoma 2003 yilning 12 avgustida tuzildi va unga klub tomonidan taqdim etilgan 7-raqam (sevimli o‘yinchisi Figuning raqami)li qizil futbolka qarorga so‘nggi nuqtani «qo‘ydi». Albatta, yosh futbolchilarning transferi borasidagi rekordga keyinchalik, to‘g‘rirog‘i 2004 yilning sentyabrida Ueyn Runi 20 mln. funt sterling bilan o‘zgartirish kiritdi. 

Xullas, «mitti afsungar» tumanli albion –sarguzashtlar o‘lkasiga tashrif buyurdi.  «Bunday qimmat o‘yinchi qanday karomat ko‘rsatarkin?» deguvchi fanatlar esa Ronaldoning «MYu»dagi debyutini orziqib kutishdi. Nihoyat, kutilgan lahzalar yetib keldi. «Bolton»ni zo‘r-bazo‘r bir to‘p hisobiga mag‘lub etayotgan «qizil iblislar» tarkibida murabbiy bir o‘zgarishni amalga oshirdi. Taxminan 60-daqiqalar edi bu payt. Maydonga zahiradan Kristiano Ronaldo tushirildi. Muxlislar e’tiboridagi o‘yinchi tezda bahsga kirishib ketdi. Oz vaqt o‘tmasdanoq, uning yordamida, mankunianlar ikkinchi, so‘ngra uchinchi to‘pini kiritdi, yana penalti ishlandi. Shuningdek, «Bolton» himoyachilari uning fintlaridan, fokuslaridan «jinni» bo‘layozishdi. Xayriyatki, yarim soatdan so‘ng hakam hushtagi yangradi.

Shu kuni o‘yinda o‘zgarish yasagan Kristiano muxlislar qalbida, munosabatida ham burilish sodir etdi. Garchi o‘yinning uchdan birida maydonda harakat qilgan bo‘lsa-da, u matchning eng yaxshi o‘yinchisi deb tan olindi va bu nishona vazifasini o‘tab berdi. 

Kundan kunga o‘yini ochilib borayotgan portugal vunderkindi ingliz ommaviy axborot vositalarining diqqat-markazini mudom o‘ziga tortib turdi. Shunday qilib yana bir yangi yulduz kashf etildi.

Ronaldo dastlabki mavsumini «moslashish» ishlari bilan o‘tkazdi. Shunga qaramasdan ketma-ket «MYu» ishtirokida o‘tayotgan o‘yinlarda matchning eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qo‘lga kiritdi va yil oxirida jamoadoshlari orasida bu borada eng yuqori natijani qayd etdi. 2003-2004 yillarda Angliya kubogi uchun bo‘lib o‘tgan o‘yinlarning «Milloul» bilan final uchrashuvida yosh iste’dod egasi hal qiluvchi rol o‘ynadi. «Milloul» himoyachilari ham Ronaldoning san’atidan «bebahra» qolishmadi.

Angliyadagi dastlabki mavsum uni Yunaytedning moziyda porlagan familiyasiga mos tarzda eng zo‘r o‘yinchisi, «qizil afsona» — Jorj Bestga tenglashtirish bilan o‘z yakuniga yetdi. Garchand bu gal «qizil iblislar» chempionatida  tuzuk natijani qayd etmagan bo‘lsa-da (kubokdan tashqari), 12 million funt sterlingga sotib olingan o‘yinchi haqida hech kim bir og‘iz yomon so‘z aytishga botina olmadi.

Favqulodda talant egasi muxlislar ko‘z o‘ngida «MYu»ning porloq kelajagiga ishora qilayotgan yorqin yulduz yanglig‘ namoyon bo‘ldi. Bunday porlash Portugaliya milliy terma jamoasi diqqatini ham o‘ziga tortdi. Buning ustiga yaqinlashayotgan Yevropa chempionatida u, shubhasiz, asqotishi mumkin edi. Terma murabbiysi tezda Kristianoni jamoga jalb qildi.

Yevrochempionatda 17-raqam ostida ishtirok etgan fanatlar yoqimtoyi vatanida ham juda ko‘p «karomatlar» ko‘rsatdi. Ayniqsa, Gretsiya bilan bo‘lib o‘tgan ilk o‘yindagi terma jamoa manfaati uchun qo‘shilgan ikki xil hissa (jamoa zarariga «ishlangan» penalti va so‘nggi daqiqada uni biroz oqlagan gol) uni yanada mashhur qilib yubordi. Figu jamoadoshi termasining finalgacha yetib borishi uchun salmoqli ulush qo‘shdi. Ammo finaldagi muvaffaqityasizlik, uning ustiga Gretsiyadek jamoadan ikki bor mag‘lub bo‘lish Kristianoning, butun portugal xalqining ko‘z yoshlariga sabab bo‘ldi. Bunday kuchli zarba Afinada bo‘lib o‘tgan Olimpiada o‘yinlarida yana bir bor sezildi. «Vaqt hamma narsani davolaydi» jumlasi tezda g‘amlarni unutishga, alamlarni esdan chiqishiga «yordam» berib yubordi, baribir asoratlar qoldi. Lekin Ronaldo yangi mavsumni ko‘tarinki ruh bilan boshladi. Birin-ketin bahslarga, muxlislar qalbiga qizg‘inlik baxsh etdi. Hatto tanqidchilar ham uning to‘p bilan harakat qilishdagi aql bovar qilmas oyoq tezligiga hda aniqligiga yana bir bor yuqori baho berishdi. 

Ba’zi o‘yinchilar tez  yugurish, ba’zilari yaxshi zarba bera olishi, boshqalari esa aniq pas uzatish bilan faxrlanishadi, ajralib turishadi. Kamdan kam hollarda yuqoridagi barcha xarakter bir o‘yinchada mujassam bo‘ladi. Kristiano ham mutaxassislar tomonidan ana shunday serqirra futbolchilar sirasiga kiritildi. U istalgan himoyachini aldab o‘tish, maydonni Bekxemdek tez kesib o‘tish, yaxshi ko‘ra olish va kuchli zarba berish qobiliyatiga ega. Esingizda bo‘lsa, braziliyalik Luis Ronaldo xuddi shunday xususiyatlari bilan ko‘hna qit’ani larzaga solib, «Ayaks», «Barselona» tarkibida yangicha sensatsiya sodir etgandi.

Shunday mahoratli, yosh, boy, mashhur Gollivud aktyorlaridek qiyofaga ega bo‘lgan yigitchaga qizlar fanatizmi va magnetizmi tinchlik bermayotgani aniq. Hozirgacha Krisga mingdan ortiq qizlar turmushga chiqish istagini bildirib, to‘yxatlar yo‘llashgan. Ular orasida braziliyalik mashhur futbolchi Mario Jardelning singlisi modeler Jordano Jardel hamda Alan Smitning sobiq ma’shuqasi dizayner Laurin Frinlar ham bor. Ingliz tilini unchalik bilmagan aktsent bilan so‘zlovchi portugaliyalik yulduz allaqachon britan ayollari orasida tanilishga ulgurdi. Hatto Bekxem ham bu yoshda futbol olamida unchalik tanilmagandi.

Xullas, fanatlar ideali 21 yoshga to‘lmasdan Angliyada afsonalar qahramoniga aylanib ketdi. Ayollar magnetizmi, «Old Trafford»ga tashrif buyurgan tomoshabinlar olqishi har qanday yosh futbolchining istagi bo‘lsa kerak. 

Yosh bolalar havas bilan uning formalarini kiysalar, ota-onalar sovchi qo‘ysalar, «ichkuyovlik»ka chorlasalar, VVS kanalida ishlovchi sport  sharhlovchilari u to‘p bilan harakatlanayotganda hayajon bilan so‘zlasalar — buni faqat orzu qilish mumkin. Lekin Kristiano bu ishlarni astronomiya tili bilan aytganda yorug‘lik tezligida amalga oshirib tashladi. Asosiy vaqtini futbol stadionida o‘tkazadigan Ronaldo joriy holga befarq qaraydi. Uningcha, Xudoning xohishi orollik bolakayni shu darajagacha olib chiqqan.

Ushbu maqola portugaliyalik yulduz faoliyatidan bir shingil xolos. Endigina yigirma birga to‘lgan Kristianoning o‘ziga xos sarguzashtlaridan bir qatra asli...

Hali,22, 23, 24... yoshli «Kristiano Ronaldo»ning aql bovar qilmas, afsonaviy o‘yinlari, gollari, nasib qilsa biz muxlislarni quvontirishda davom etsa, ajab emas. «MYu» sardori R.Kinning quyidagi fikrlari qaysidir ma’noda mulohazamni to‘ldirayotgandek: «U mashhur. Biroz sirliligini hisobga olmaganda. Bu, albatta, hazil. U ochiqko‘ngil yigit va fanatlar uni «Bolton» bilan bo‘lib o‘tgan o‘yindayoq yaxshi ko‘rib qolishgan. Menimcha, u «MYu» kelajagida porlaydigan yorqin yulduz va buni undan, shubhasiz, kutsa bo‘ladi. 

Saidjon Maxsumov

2004-2017 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.