OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ahmad A’zam. Tugmachagul (novella)

Meni mast qiladi qirq yil naridan 
Kitobing qatiga qistirilgan gul...
Muhammad Rahmon


Uni ko‘rdim. Bekatda, yo‘q, bekatning orqasidagi do‘kon oldida. Do‘konning u yog‘ida AYoQSh bo‘lar edi, benzin olay deb to‘xtasam, buzilib ketibdi, mashinamga qaytib endi o‘tiraman deganimda u chiqib qoldi. Avvaliga nimasidir ko‘zimga issiq bosildi, nimasidir qadrdon, keyin menga bir qarab, qoshini sal chimirgan edi, shu zamoni tanidim. Ha, o‘sha eski qoshlardan ham nimadir qolgan. Aytgancha, so‘g‘in bildim, suvog‘i marmar uvoq shu do‘kon ham o‘ziniki ekan. Xaridor yo‘q, ichkarida ziqlanib, havo olay deb chiqqanda men borib qolibman. To‘g‘ri kelganini! Bo‘lmasa, kim biladi, yana qancha ko‘rishmas edik. Ko‘rsam deb yurganimga ko‘p yillar bo‘lib ketgan. 
Kuz. Xazonlar yakkam-dukkam erinchoq to‘kilyapti, yerda yotganlari o‘tgan katta yuk mashinalari epkiniga to‘s-to‘polon ko‘tarib ergashadi. Havo burqib turibdi-yu, uncha sovuq emas, izg‘irini yo‘q, ammo do‘kon ichi izg‘orroq shekilli, u katta-katta angor gulli, qalin jun kamzul kiyib, ustidan beliga tivit ro‘mol ham boylab, hurpayib olgan. Xuddi polvonlarga o‘xshab. O’zi ham polvondek xotin bo‘lib ketibdi. Ha endi, shuncha yil qizligicha turmaydi-ku. Lekin uning oldida yoshligimni tuydim: yelkam hali cho‘kmagan, egnimda shinam kostyum, mashinada shuncha yo‘l bosib kelayotganimga qaramay, dazmoli o‘lmagan, hozirgina do‘kondan olib kiyilgandek, albatta, chiroyli galstuk. Sal oliftaligim ham bor, tanlab kiyaman. O’rtasidan katta yo‘l kesgan bir qishloq, hurpayib turgan bu ayol oldida yoshimga nisbatan ancha yosh ko‘rinaman. Uning qizligidan o‘sha eski qoshi, ha, keyin, odamga qaramay kuydiradigan ko‘zi qolibdi. Tavba, ka-atta xotin-ey, o‘ziga sal-pal qaramagan ekan-da, a? 
Ilgari qanday yosh edi, qanday edi-ya Habiba! O’zining asli qandayligi xotiramda uncha emas, lekin o‘ylarim, surgan xayollarimda juda nozik, yo‘q-yo‘q, ozg‘in emas, nafis-nozik, sal qattiq gapga ham egilib ketadigan xivichga o‘xshar edi. Keyin, qarg‘ashoyi ko‘ylak, zangori kamzulchada, yuzini tirsagi bilan yopib yig‘lab qolgani haligacha ko‘z oldimda: birinchi sinfda, nimadir darsmi, badantarbiyamidi, ishqilib, qo‘l ushlashib davra qurib turgan edik, bir vaqti qarasak, yig‘layapti. Qo‘l ko‘tarib javob so‘ray desa, ikki qo‘lidan ham Mahkam bilan Avaz qattiq ushlab, bilmagan-da, qo‘yvormagan. Tovush chiqarib so‘rashga iymangan, oxiri, noiloj, uyatdan izillab yig‘lashga tushgan. Nafisa muallim – boshlang‘ich sinf o‘qituvchimiz, juda mehribon tatar kampir, uning boshini silab ovutdi, o‘pib qo‘ydi, keyin Bahorni ham qo‘shib, uyiga javob berib yubordi. Mahkam bilan Avazni esa: “Unga emas, sizlarga ayb. Qiz bechorani qiynab qo‘yibsizlar”, deb koyidi. O’shanda bolalarga qo‘shilib kulmagan bo‘lsam kerak, chunki juda ichim achigan.
Habiba o‘shandan beri ko‘z oldimda yomg‘ir tagida qolgan tugmachagul bo‘lib ko‘rinadi. Asli o‘zi tugmachagul nimaligini bilmayman, ko‘rmaganman ham, lekin Habiba desam, ko‘z oldimga tugmachagul bo‘lib kelaveradi. Yomg‘ir tagida qolgan. Albatta, o‘sha yig‘lagani ham qo‘shilib. 
Unda Habiba bilan gaplashar edik. 
Keyin... to‘qqiz yil gapirishmadik. Ikkinchi sinfdan, har kuni birga dars o‘qib, bir-birimizni ko‘rib, bari bir, mutloq gaplashmay ketganmiz. Avvaliga, bolalik, urishli edik, kattarib, sinfdan sinfga ko‘chgan sa-yin urishligimiz past sinflarning hammasiga afsona bo‘lib, endi yarashsak, bu ham yangi bir gapga aylanar edi. Lekin u, qasam ichgandek, qattiq turib oldi. Men, eh-he, bola boshimda nima jabrlar tortmadim! Qanday axir, mendan boshqa hamma bilan inoq, salom-alik qiladi, so‘rashadi, lekin go‘yo meni tanimaydi, meni ko‘rmaydi, unga yo‘qman. Qanchalar urinmadim, nima yo‘llar axtarmadim, bahonalar o‘ylab topdim – barchasi befoyda. Tilimizga muhr bosilgan-qolgan. 
Maktabni shunday bitirdik, birga universitetga ham kirdik. Shanba kuni tushdan keyin qishloqqa, yakshanba kuni shu vaqtlari yana shaharga qaytishda bekatlarda duch bo‘lib, boshni irg‘ab qo‘yadigandek bo‘ldik. Nihoyat! Balki, bilmadim, endi bola bo‘lmadik, har hafta ko‘z-ko‘zga tushadi, yana ham urishli yurish erish tuyulgandir, sal yumshaganga o‘xshar edi. Shunda ham faqat men luqma tashlayman, u bir-ikki og‘iz so‘z qotsa-qotadi, bu ham zo‘rg‘a hushiga kelsa: “Ha, qalay, o‘qishlar?” – “Ha, endi, matematika-da”. – “Bizda ham bosh qashlashga qo‘l tegmayapti”. Birdan gap tugab qoladi, uning qoshiga tuguncha tushadi, meni birov ko‘kragimdan kuch bilan itarib tashlaydi. Buni ham aniq eslolmayman, balki shunday gaplashamiz deb tasavvur qilgandirman. Uni shu qadar ko‘p o‘ylar edimki, hozir xotiramda rost bilan xayol aralashib ketgan. Keyin, to‘qqiz yil gaplashmagandan keyin nima gap ham qoladi o‘zi? 
U matfakka kirgan, men esa – filfakka. Ular bosh korpusda o‘qiydi, biz xiyobonning bu chekkasi, bir chaqirimcha berida. Oldiga borib yurdim. O’ylasam bo‘ldi, oyog‘im o‘z-o‘zidan o‘sha yoqqa tortadi. Darsi boshqa auditoriyaga ko‘chsa, dolonda, tugasa, yo‘lkada turib kutaman, u menga uzoqdan bir chimiriladiyu keyin ko‘rmaslikka olib, boshini egib yonimdan o‘tib ketaveradi. Ko‘zimni uzmayman, yuzi injilib, yonidagi kursdosh dugonasiga tez-tez gapirganidan, qaramasa ham ko‘rib kelayotganini, oldiga borsam, atay indamay o‘tib ketishini bilib, ichim tutab qaytaveraman. Ba’zan shuursiz bir ilinj bilan ergashaman. U bosh korpusdan chiqib, to‘rtinchi trolleybusni kutadi. Men ham shu bekatda, oramiz bir qadam, ammo ikkita begonamiz, go‘yo u meni tanimaydi, men uni. Bo‘lmasa, kecha qishloqda bekatga chiqqanda salom bersam, boshini qimirlatgandek bo‘luvdi. Shunga umid bilan kelgan edim. Ikki og‘iz gaplashsa nima qiladi, a? O’zi qiynalmaydimi, a, bitta odamni shuncha azobga qo‘yganidan? Hech bo‘lmasa, nimaga orqamdan ergashasan, tinch qo‘yasanmi-yo‘qmi, deb jerkib tashla. Yo‘-o‘q, jim. Ipsiz bog‘lab qo‘ygan. Turaveramiz. Nihoyat, trolleybus ko‘rinadi, uniki, faqat unga keladi, ichi to‘la odam, lekin chiqishga mening haqqim yo‘q! 
Shuncha yigitu qiz bemalol gaplashib yuribdi, avtobusu trolleybuslarda birga o‘tiradi, gurung quradi, hazillashadi, sharaqlab kulishadi; birov birovni yeb qo‘ygani yo opqochib ketayotgani yo‘q-ku! O’zim ham kursdoshlarim orasida shundayman, qizlar men bilan ochilib-sochiladi. Bir-ikkita shaddodlari bor, o‘tkizib ham qo‘yadi. “Universitetni bitirsangiz, meni olasiz-a?”, deydi, masalan, Saodat; “Menga yetib oling, “uch”ingiz bor”, deyman; “Voy, noz qilishlarini! Avval tosh-posh ko‘tarib, sal chiniqing, shu holingizda kim ham tegar edi”, deydi qiz tushmagur. “Men, men tegaman”, deb hazilga qo‘shiladi Gulandom. Saodat darrov uning gapini qaytaradi: “Bu sizdan ikki yosh kichkina, to‘g‘ri kelmaydi. Meni oladi”, deydi. “O’zim ko‘tarib katta qilib olaman”, deydi Gulandom. “Chimildiqda kuchi yetmay, dumalab tushadi”, deb yana tegishadi Saodat, xuddi meni unga bergisi yo‘qdek. Qizarib qolaman, “Bo‘yim hali ham o‘sib qoldi-ku”, deyman boshqa gap topa olmay. Saodat sakrab turib, meni ham o‘tirgani qo‘ymaydi. Bo‘yini bo‘yimga o‘lchab, keyin boshini yelkamga qo‘yadi-da: “To‘g‘ri-ey, uylanadigan bo‘pqopti”, deydi. Bunaqa gaplarni jiddiy olmayman-u, lekin qizlarga yaqinlashib borayotganimni bilaman. 
Domla kirguncha besh-olti daqiqani kulishib o‘tkazamiz. Bular qanday ajoyib, zerikmaymiz. Birga dars qilamiz, shahar aylangani chiqamiz, kinoga tushamiz, muzqaymoq yeymiz, xullas, o‘yin-kulgi, hazil-huzul. Bir-ikkitasi bilan ma’ruzalarda ko‘z urishtirib o‘tiraman. Bu ham qiziq: hozirgina tanaffusda gaplashib turgan edik, endi nimaga hali tanishmagandek ko‘z ostidan qarayman, yana ko‘nglimda bir nimalar uyg‘onadi – o‘zim hayron. Boya to‘g‘ri ko‘ngilda gap tashlagan ular ham shirin suziladi. Ko‘ngil sirlarini menga ochadigan qizlar ham bor. Ha, maktabdan sevishib keladi, oshig‘i boshqa fakultetda. O’g‘iloy deganimizning yigiti esa Toshkentda. U paytlari qo‘l telefoni degan narsalar yo‘q, boshqa shahar bilan faqat “peregovorniy punkt” orqali gaplashiladi. O’g‘iloy yarim kechalari Sobiti bilan gaplashgani meni qo‘riqchi qilib olib ketadi. Yo‘lda ko‘rganlar yigiti deb o‘ylasin deb, qo‘ltig‘imdan qo‘yib yubormaydi, borgunimizcha ham, kelgunimizcha ham Sobitining gapi, ko‘ngli ranjisa, ko‘zyoshini menga to‘kadi. Begona yigitning dardi yuki yelkamga tushgani ancha malol keladi, lekin shunday qizlar menga suyangani, ularning ko‘ngil do‘stiga aylanganim yoqadi ham. Qizlarimiz bilan shundayman. Lekin nimaga Habiba bunaqa aks? Xuddi yovvoyidek. Muomalasi nimaga faqat menga shunday? Biron joyim aybmi? Shuncha tegishganimiz bilan Saodat tegadiganu men oladigan bo‘lib, shappa yopishmayapman-ku. Shundayman-u, o‘zim uncha beta’sir emasman: Saodat chiroyli, ko‘kraklari to‘la, beli esa ingichka, odamning quchoqlagisi keladi, lekin Habiba qo‘ymaydi, o‘rtada turib oladi. O’g‘iloy Sobitidan xafa bo‘lib yig‘laganida ichim achib, ko‘zyoshini artib, yuzini silab qo‘yishni istayman juda, ammo yana Habiba, yonimdan ketmaydi, o‘zi tomonga tortaveradi. Habibaning o‘zi oldida ham ko‘kragimni to‘-o‘ldirib, bemalol nafas olgim keladi, axir. Gapimga javob bersin, yo‘q, desin mayli, roziman. Axir, o‘n yil birga o‘qidik. Dim-dim o‘ynashimizni naridan ko‘rib turganlar meni nima deb o‘ylaydi? Keyin shunchaki undan-bundan, bog‘dan-tog‘dan gaplashib yuraversin, menga yetadi shu. Lekin shu ham yo‘q! Sitam, sitam! Bo‘g‘ilib, uh-uh, bo‘g‘riqib ketaman. 
Shanba kunlari darsdan chiqa avtobus bekatiga chopamiz. Oxirgi reysi soat uch-to‘rtlarga qo‘yilgan o‘ttiz oltinchi avtobus. Qishloqdan o‘qiydiganning hammasi qaytadi. Yana ertalab kelib, bozorini qilib, endi uyiga oshiqayotganlar ham tumonat. Hafta bo‘yi zoriqib kutganman: Habiba ham albatta keladi. 
Lekin odam! Bo‘l-ha-bo‘l, itar-itar! Qolib ketmasam deb yurak taka-puka. Shuncha olomon “Pazik” degan choqqina avtobusga qanday sig‘adi deysizmi? Lekin sig‘adi-ey, bitta ham odam qolmaydi, “bezrazmerniy”. Ammo ichida qiyomat – ayolu erkak, yigitu qiz bir-biriga qapishib ketgan, qaynagan, qiy-chuv: “Beting qursin, nariroq tur!” – “Atay qilyapmanmi? Orqamdan itarishyapti-da.” – “Hay, insof bormi, insof?!” – “Uyga ham shunaqa bigiz o‘kcha kiyib boradimi? Oyoqni teshib yubordingiz-ku!” – “Hay-hay, bir kunga ho‘kiz o‘lmas, ikki kunga egasi bermas. Ko‘ngil keng bo‘lsi-in.” – “Diplomni ho‘kiz deb bermaydi.” – “E-e, haydang! Rezinka emas, avtobus-ku bu.” – “Voy, chakkimni ezding.” – “Sotolmaganingizni tashlab kelmaysizmi, xola? Nima qilasiz suvini sho‘rg‘alatib?” – “E, ertaga nimani sotaman? Men ham pulga olganman buni.” – “Achib qolmaydimi? Nimaga yelkam ho‘l desam, chakkingizdan ekan-da.” – “Shanba kuni ham chakki sotadi-ey!” – “Bosma-ey! Bolalarimni sen boqib berasanmi?”. Bor alam chakkidan olinadi, bir muddat chakkifurush Anzirat xola yanilib, nihoyat avtobus biqinini do‘mpaytirib joyidan jiladi, yana to‘xtaydi, haydovchining o‘zi tushib, osilib qolganlarni ichkariga itaradi, suril-surildan keyin eshikning buklamasi chala rostlanib, avtobus yana yuradi, shu bilan chuvvos bosiladi. Bir oz havo kiradi, avtobusning ichi ham sal kengaygandek. Baqir-chaqirni shu odamlar qildimi-ey, deb ajablanasan. Hali sur-ho-surilda zo‘rligini ko‘rsatgan shovvozlar endi yuzini burib oladi. Bir xil yigitlarning esa ko‘zi chiroyli-chiroyli qizlarning chehrasiga yopishib qolgan. Gapirmaydi ham, nigohini ham uzmaydi. Boya chiqolmay qolish vahimasi qizlarga qarashga qo‘ymagan. Qizlar ham buni tushunadi, shuning uchun hech biri hamqishloq yo oshiq yigitiga, menga qarashmading-ku, deb ta’na qilmaydi. Habiba albatta boshqa eshikdan chiqqan, u men bor eshikka yo‘lamaydi. Bemalol turib oldimi ekan deb izlanaman. 
Avtobus oxirgi manziligacha yo‘lovchilarni gala-gala to‘kib boradi. Yakshanba kuni xuddi shu tartibda terib keladi. Oltita qishloqdan odam olib, ichi to‘la, bizning bekatda to‘xtashi muammo, lekin keyin boshqa ulov yo‘q, qoidasi ham shunaqa, to‘xtaydi. Hozirgina hazil-huzul qilib turganlar birdan begonalashib, avtobusga tashlanadi. Yana itar-itar, “Ozgina suriling!” – “E-e, muncha! Qayoqqa tiqilasizlar?” – “Ha, tomiga chiqaylikmi? Sal siljinglar!” – “Odamlar faqat o‘zini o‘ylaydi-ey. Nimaga bunaqa, a?” – “O’zi joylashib olgan-da, gapini qarang: chiqma, emish!” – “E-e, chakki sotgani emas, o‘qishga boryapmiz-ku”. – “Muncha joniqasizlar? Boshqasi kelib qolar”. Agar oldin chiqib, o‘tirib olgan bo‘lsangiz, tomoshasi zo‘r.
Shunaqa. Avtobusga tashlangan achavotda, – o‘zing uchun o‘l, yetim, – men ham Habibani ko‘rmay qo‘yaman. Qo‘lidagi yuki kichkina, o‘zi amallab ilinadi. Bu ham oxirgi reys. Aytdim-ku, qizu yigit – hech birovi dar qolmaydi. Yana yo‘l bo‘yi qarasam ham, qaramasam ham ko‘ngil ko‘zim unda. U boshini burib oladi, men tomonga ko‘z ham tashlamaydi. Shu avtobusda, o‘zi bilan birga ketayotganimni sezib turganini ko‘rib, boshqa qizlarni ko‘rmayman, tirishaman, menga havo yetmaydi. 
Boshqa choram yo‘q, uning diydori faqat shu vag‘ir-vug‘ur, tiqilinch o‘ttiz oltinchida! Qishloq bilan shahar oralig‘i esa atigi bir soatcha yo‘l. O’rtamizni boshqa odamlar to‘sib olgan.
Shahardan kelishda o‘ntadan oshiqroq talaba tushamiz. Hamma uy-uyiga tarqaladi. Shunchaning orasida unga qanday gapiraman? Bahona qilay desam, ko‘tarishadigan narsasi yo‘q. Bitta qishloqda bir-birimizdan shunchalar uzoqmizki! Tovushimni chiqarmay dodlab yuraman.
Bu yiliga chidamadim. “Qor yog‘ar pag‘a-pag‘a” – ochiq yoqamdan ko‘kragimga muzdek tegib erigani esimda. Qizib, yonib ketgan ekanman. Yo‘-o‘q, egnim qalin emas, aksincha, nimdoshgina. Bilasiz, u paytlari biz qalin ichkiyim nimaligini bilmas, tizza bo‘yi qorda ham bitta ko‘ylakning ustidan kostyum-shim, yupqa qatirloq yomg‘irpo‘shda hu-hulab yuraverar edik. Boshda hech narsa yo‘q, do‘konlarda, topilsa, faqat oddiy askar kiyadigan qo‘sqi telpak, uni kiygani uyalamiz, shaharda ko‘rgazma oynasiga gardishi qozondek kepka osib qo‘yiladigan tikish ustaxonalari ancha, lekin bunaqasini faqat armani bilan juhud, keyin bezorilar kiyadi deb, biz olmaymiz. Zamharirda sochimiz tikrayib, burun ko‘karib, so‘rrayadi. Darsga kirayotganda sochning qorini silkib tushirish ham bir martaba. Qiziq, sovuq o‘tmaydi, shamollash yo bizni, yo biz uni pisandga ilmaymiz. Yotoqxona faqat boshqa viloyatlik talabalarga beriladi, tumanlardan kelganlar, qizlar sal istisno, hammasi ko‘rpako‘tardi ijarador. E-e tavba, pechkada gazeta yoqsa ham uy isiydimi? Lekin misoli isigandek, qo‘lni kuhlab, junjib dars qilib o‘tiraveramiz, faqat oyoq muzlaydi. Yotishda ko‘rpaning ichiga kirib olsak, marra bizniki – bari bir, tong otadi! 
Shunday kunlarning birida, havodan ham yuragim siqilgan, juda bo‘lmay ketdi, shasht bilan Habibaning oldiga jo‘nadim. Bosh korpusning oldida darsdan chiqishini besabr poylaganda aylanib qor yog‘ayotganini sezmabman ham. To‘rtinchi trolleybusni hamishagidek indamay birga kutdik. Oldiga borib, turib oldim, qarashga yuragim dov bermaydi. Undan sado yo‘q. Xuddi ko‘ngli-po‘ngli yo‘q jonsiz bir narsa, qaqqayib turibman. “Ey, xira, muncha ilakishding, yo‘qol nari!” desa ham go‘rga edi, ishqilib, tovushini eshitsam. 
Yo‘q, bu yurish bo‘lmaydi, odamman-ku men ham, axir! Aytaman, aynan shu trolleybusida aytaman! Hamma chiqadi, menga ham mumkin, direktor otasining moli emas bu. Bola boshimdan hasrat, ro‘shnolik ko‘rmayman! Kunduzi ichimga yutgan dardlarim kechalar qorong‘usida xayol bo‘lib otilib chiqadi: Habiba bilan gaplashaman! – Habiba ham ochilib so‘z ochadi, shungacha o‘zi qiynalib yurgan! – Tarasha qotgan ko‘nglimning tirishlari yoyiladi, tortgan azob-larimning bahridan o‘tib, uni kechiraman! – Ikkalamiz qo‘l ushlashib, shirin suhbatlar quramiz, keyin qahraton qish ekaniga qaramay, qishlog‘imizning qiyg‘och gullagan bog‘larida quvlashmachoq o‘ynaymiz, yetib olib, uni tutaman, nima qilishni bilmay, yana qo‘yib yuboraman, alla-pallagacha quvlayman, shu quvlab-quvlab uyquga ketib qolaman. Ertalab darsga borsam, yarim oqshomgacha men bilan suhbatlashgan Habiba yana talqon yutgan bo‘ladi, unga qarab o‘zim ham gung, lekin ichim to‘la ingroq. Ingroq ko‘kragimga qamalib qolgan. 
Onda-sonda ha-hu deb qo‘yganimizni aytmasa, talabaligimizda ham ahvol o‘shanday. Odamlar orasida sal-pal g‘udinglashgandek bo‘lamiz, ikkalamiz baqamti qolsak, qoshini bir chimiradi, dunyoni qorong‘i bosadi jimligidan. 
Mayli, maktab, kichkina ekanmiz, endi qishloqdan chiqib, ulg‘ayganimizdan keyin ham nimasi bu? Or qiladigan joyim qolmadi shekilli. Xo‘-o‘p, maktabda bo‘yim uchun safning oxirrog‘idan joy tegardi, o‘ninchi sinfgacha ham o‘smadim, yuzlarim ajin, ha, ko‘rimsizroq, undan ham to‘g‘risi, ko‘rimsiz edim. Lekin nimaga? Kasal emas, ishlab charchamas, yeb to‘ymas edim, nimaga turshakdek mujmayib yurganman? Dardim ichimga urib ketgan, ha, kichkina boshimga katta yuk tushgan. Mudom musibat ostida qolib ketganman. 
O’n yil, yo‘q, jami tarix o‘n bir yil ekan. Bulung‘urda cho‘milib, keyin arava g‘ildiragi iylagan tizza bo‘yi bilq-bilq tuproqqa ko‘milib yotganimizda kim kimni olishidan boshlangan. Uncha eslolmayman, shu yoshda tursi kiyarmidik yo to‘yib cho‘milib chiqib oftobga toblanganda, uyat joylarimizga tuproq tortib olar edikmi, ishqilib, o‘sha kichkinaligimda Habibani deganman. Bu gap, albatta, yotmagan, unga ham yetgan. 
Birinchi sinfda, yaxshi, qalin edik, hali o‘qishni uncha yaxshi bilmasak-da, Habiba menga “Mening to‘rt oyoqli do‘stlarim” degan rasmli kitobini bergan. Oramizni Razzoq buzmoqchi bo‘ldi. Bir kuni u bilan Habibaning ustida aytishib qoldim. U Habibani olishimni bilsa ham, “Habibani men olaman”, dedi. “Men oldin aytganman. Habiba meniki”, dedim. Razzoq meni urmoqchi bo‘lgan edi, Vafoqul yonimni oldi, “Men ham sen bilan urishaman”, dedi. “E-e, jinni, hamsoyamiz-ku”, dedi Razzoq. “Hamsoyamiz, lekin bunga jo‘raman”, dedi Vafoqul. Razzoq mendan, Vafoqul Razzoqdan kuchliroq edi. Razzoq: “Ko‘rasan – bari bir, men olaman”, dedi, lekin o‘zini sal nari tortdi. “Olmaysan. Habibani Akbar olaman, deb oldin aytgan”, dedi Vafoqul. “Otasi – amakim, buningga bermaydi, menga beradi”, deb turib oldi Razzoq. “Yo‘q! – dedi Vafoqul qat’iy qilib. – Oldin aytgani uchun, bari bir, Akbar oladi. Nomardlik qilolmaysan”. Razzoq menga: “Hali qarab tur, ko‘zingga ko‘rsataman!” deb ketib qoldi. 
Keyin ancha o‘ylab yurdim, Razzoq nimani ko‘rsatar ekan deb. Biron shumligi bor uning. Yo poylab yurib, ketimga bigiz tiqib olarmikan? 
Muxlisa opaning to‘yida Samad aka kuyovning ketiga bigiz tiqib olgani rosa gap bo‘lgan. Keyin biz kichkinalarga do‘q urish bo‘lib o‘tgan. Urishib qolsak, “Qarab tur, ketingga bigiz tiqib olmasammi!” deb qo‘rqitar edik. Avaz deganimiz hatto bozor kuni etikdo‘zdan bigiz o‘g‘irlab olgan, uchini ninadek o‘tkirlagan, endi sal gapga o‘qtalaverib balo bo‘lgan edi. 
Samad aka labida mayizdek dona xoli bor Muxlisa opani olaman deb yurgan ekan, o‘ziga aytmaganmi yo aytsa ham, Muxlisa opa unga tegmayman, deganmi, bizlar bilmaymiz, ishqilib, Muxlisa opani Paxtazovut degan joyga uzatib yuborishdi. Kuyovjo‘ralar kelinning uyiga kirayotganda, kuyov ostonaga to‘shalgan poyandozni endi bosaman deb, tegradagi yigitlar tort-a-tortga shay taloto‘pda zinkayib yaqin borgan Samad aka kuyovning dumbasiga g‘irtillatib bigiz tiqqan. Kuyov vuy-vuylab o‘zini ichkariga urgan. To‘y buzilishiga sal qolgan. Kuyov bir haftacha oqsab yurib, keyin tuzalgan, lekin to‘yning ertasi kuni ancha mazasi qochib, anavi ishini qilolmagan deyishadi. Bu shumlik kimdan chiqqanini to‘s-to‘polonda hech kim ko‘rmagan, ko‘rganlar aytmaydi ham, hu keyinroq, Muxlisa opaning qo‘ldan ketgani alamiga Samad akaning o‘zi: “Hammasidan ham xoli xor ketdi-da. Lekin men ham qarab turmadim, bopladim”, deb maqtangan. Muxlisa opaning xoli o‘zi bilan ketgan-ku, nimaga xor bo‘ladi, bunga aqlimiz yetmaydi.
Habibaning xoli yo‘q, lekin bo‘ladigan to‘yimizda, to‘yimiz muqarrar, albatta, Razzoq menga bigiz tiqib olsa ham tovushimni chiqarmayman. O’tkir bigizdan uchi kurt bigiz yirib-yirtib yomon kirishini ko‘p gapiramiz, men bunisiga ham chidayman. Ishqilib, Habiba menga tegsa bas! Faqat ketimga shimimning ichidan tunukami, faner taxtami kesib qo‘yib olaman, Razzoqning bigizi o‘tmaydi. Lekin Razzoq bigizdan battar yomonlikni o‘ylagan ekan. Tinchgina dars o‘tayotgan edik, hech bir aloqasi yo‘q joyda “Maylimi?”, deb qo‘lini ko‘tardi. Nafisa muallim gapidan to‘xtab: “Ha, tashqariga chiqasanmi? Mayli, lekin tez qayt”, deb ruxsat berdi. Razzoq esa to‘rsayib turdi-da, keyin birdan, tomdan tarasha tushgandek: “Akbar Habibani olaman, dedi”, desa! Ha, paq etib shu gapni qo‘-o‘yib yubordi xonasallot. Keyin yana bezrayib turaverdi. Hamma jim bo‘lib qoldi. Men qo‘rquvdan tosh qotdim. Nafisa muallim esa Razzoqqa: “Ha, bo‘pti, o‘tir”, dedi-da, darsni beparvo gapirib kelib, yonimda to‘xtadi, boshimga qo‘lini qo‘ydi, qulog‘imga egilib: “Jo‘raev senga qizi tugul, b...ni ham bermaydi”, deb shivirladi-da, hech gap bo‘lmagandek o‘tib ketaverdi. Birdan bo‘ynimni qisib qolibman. Yomon uyaldim. Habiba tomonga qarashga yurak ham yo‘q. 
Bu darsda Razzoqqa: “O’l, shimpanze! Ko‘rasan hali!”, deb po‘pisa qildim. “Ma-allim, qarang, nima deyapti”, deb zorlandi Razzoq. “Sen uni orangutang, de, – dedi Xatira opa. – Shunda ikkoving ham maymun bo‘lasan”. “Mayli – men orangutang, sen shimpanze – jazosiga orqang qizil”, deb Razzoqni mayna qildim. Habiba bergan kitobda shimpanzening rasmini ko‘rganman-da. Razzoq yana bezraydi, gap topolmadi, u shimpanze qanaqa maymunligini ham bilmaydi. Lekin o‘zimning yuragim taka-puka. Endi darsdan keyin katta tanaffus. Habibaning otasi – direktorimiz Jo‘raevning kim qanaqa maymun ekani bilan ishi yo‘q. Unga maymun – o‘zim. Katta tanaffus kelsa, lineykani o‘zi o‘tkazib, menga: “Qani, maymunboy. Oldinga bir qadam chiqing-chi”, deydi. Uv-v, ana, keyin boshlanadi: “Manavi bola, hali o‘zi mishig‘ini artolmaydi, lekin Jo‘raeva Habibani olaman depti. Men qizimni shunaqa og‘zi buzuq mishiqiga beramanmi? Aslo! Uyat, sharmandalik. Hayf bunga!” Direktorimiz shunaqa gaplarni ko‘p gapiradi, bir narsani tutib olsa, qo‘ymaydi. Bir marta Avaz bilan Razzoq yong‘oq o‘ynayotgan, men bir chekkada qiziqib qarab turgan edim, shuni ko‘rgan ekan, kolxoz radiouzelidan menga to‘nkab gapirgan, “Eshonning o‘g‘li qimor o‘ynayapti-ey, qimorvoz bo‘lib ketibdi!”, deb. Bunga eshonning o‘g‘li ekanimning nima aloqasi bor? Keyin Razzoq ham eshonbobolardan, nimaga uni aytmaydi? Yana bir marta ramazonga chiqishimizni poylagan ekan, “hofiz”imiz Vafoqul edi, men, Avaz, Mahkam, yana birov, jo‘rlik qilganmiz. Ha, endi bu ham bir o‘yin edi-da, yo esa cholu kampir saksonga chiqqan Shodiqul bobo bilan yetmishdan oshgan Safiya momoning darvozasiga borib: “Xudoyim qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshigingizga!” deb baqiramizmi? Momo ham zo‘r ekan, “Ha, iloyo, aytganlaring kelsin! Faqat chuvur-chuvurni nariroqda qilinglar, bobongiz pinakka ketgan edi”, deb to‘rtta besh tiyinlik tanga chiqarib bergan. O’sha kuni zavqimiz kelib yarim oqshomgacha ramazon aytganmiz. Lekin ertasi kuni Jo‘raev ashulaxonligimizni faqat mening burnimdan chiqargan. Lineyka o‘tkazib, “Qani Abdullaev, oldinga chiq”, dedi. Men chiqdim. Bitta men, boshqalarni tilga ham olmadi. “Mana, tanib olinglar – tilanchi! Eshonning o‘g‘li eshikma-eshik gadoychilik qilib yuribdi. Hammang ko‘r gadoyni! Hayf shuncha tarbiya! Uyat, sharmandalik! Yana “a’lo”chi o‘quvchi emish.” – Jo‘raevning husumati bor, bo‘lmasa, nimaga faqat menga yopishib oladi? Haligi Habiba haqidagi gapimni eshitgan bo‘lsa kerak deyman. Ishqilib, topib olgani men-da. 
Habibaning shuncha azob bergani yetmaganday, otasining ham kun bermagani. Lekin bu gaplar keyin bo‘lgan. Esimga tushib qoldi-da, shunga aytyapman. 
Hammasi Razzoqning sotqinligidan boshlandi-da o‘zi. O’shanda direktorimiz albatta haydaydi deb ishonganman. Lineykada oldinga chiqarib: “Oramizda bunaqa tarbiyasiz bolalarga o‘rin yo‘q” deydi, vassalom! Shu yerning o‘zida, maktab hovlisida jildimni qo‘ltig‘imga qistirishadi, boshim egik, ko‘zimda yosh, sinfimga qaytib kirmay, uyga ketaman. Sinfdoshlarimdan ayrilaman, Habibani endi ko‘rmayman, men – yomon bolani boshqa qishloqlardagi maktablarga ham olmaydilar, boshimni olib Mirzacho‘l degan bo‘rilari ko‘p, shog‘ollari ham bolalarga teginadigan, ajinalari tiqilib yotgan ovloq cho‘llarga uloqib ketaman. Keyin, albatta, Habiba meni so‘roqlaydi, izlattiradi, lekin kech, men qaytib kelmayman. O’sha yoqda maktab direktori, yo‘q, undan ham zo‘r – kolxoz raisining juda chiroyli qizi, meni ol, meni ol, deb orqamdan ergashib yuradi. Habibani deb kuyib-kuyib, oxiri, alamiga kolxoz raisining o‘sha juda chiroyli qizini olaman. E, ha, qishloqqa kelmasak bo‘lmas ekan, kelamiz: o‘sha juda chiroyli qizni olganimni Habiba ko‘rsin-da. Birga kelamiz, “Pobeda”da, o‘zim haydayman. Shaftoli rangida, yap-yangi. Yakshanba kuni bozorga tushamiz. Qosim nalo‘gchi o‘tiradigan darvozaning to‘g‘risiga “Pobeda”ni qo‘yib qo‘yib, qo‘l ushlashib bozor aylanamiz. Juda chiroyli qiz yelkamga suyangan, men, chap qo‘lim uning belida, kinoda ko‘rganman-da shunaqa yurganlarni, o‘ng qo‘lim bilan cho‘ntagimdan beli sinmagan yangi bir so‘mlikni chiqarib, Karomat xolaga uzataman. Karomat xola menda shuncha pul borligiga esi og‘ib qaraydi. E-e, yo‘q, bir so‘mlikka qoyil qolishi uncha to‘g‘ri emas, uch so‘mlik, yaxshisi, besh so‘mlik bo‘lsin. O’n so‘mlik yana ham zo‘r-u, lekin o‘zimniki ekaniga ishonmaydi, otasining pulidan o‘g‘irlagan deb o‘ylaydi. Men indamay ikkita barmog‘imni ayri qilaman: ikki stakan, o‘n tiyinlik qilib! Karomat xola cho‘ntagimizga to‘-o‘ldirib bir stakandan solib qo‘yadi. Lekin qaytimiga puli yetmaydi. Men, mayli, qo‘yavering, sizga sovg‘a, deb qo‘l siltayman. Karomat xola: “Iloyo, tuproq olsang, oltin bo‘lsin!” deb duo qiladi. O’ylab qolaman: besh so‘mning qaytimi ko‘p, ha, nihoyatda ko‘p qoladi, shuncha pulni bitta kampirni hayron qilishga ketkizgandan ko‘ra, o‘zimda turgani yaxshi, o‘sha beli sinmagan bir so‘mlikni cho‘zganim ma’qul. Endi qaytimiga ichim achiydi-yu, lekin, mayli, bu kelganimda pistasini tekinga berar. Butun bozor bizga mahliyo. Savdo to‘xtab qoladi. Men esa beparvo, hech kimni pisandga ilmayman, pista po‘choq labimdan pirillab uchaveradi, zo‘r kolxoz raisining juda chiroyli qizi qo‘limni qo‘yib yubormaydi. Ana shunda Habiba meni ko‘rib, shu yerda anqayib turgan Razzoqning betiga tupuradi, “He, o‘l, tiling kesilsin, meni shunday Akbardan ayirding! Ana, qara, uni mendan ham chiroyli qiz o‘ziniki qilib olibdi!”, deydi-da, yig‘lab yuboradi. 
Habibaning izillab yig‘layotgani ko‘z oldimga kelib, o‘zim ham ezilaman. Yo‘q, Mirzacho‘lga ketsam ham, Habibani olaman degan gapimdan qaytmayman, zo‘r kolxoz raisining juda chiroyli qizi bo‘ladi, albatta, lekin men unga yo‘q deyman. Habiba emas, qaramaganimga endi shu juda chiroyli qiz izillab yig‘lab qoladi. Qishloqqa “Pobeda”ni minib bitta o‘zim kelgan bo‘laman. Bozorda pista chaqib yurganimda Habiba meni ko‘rib rosa quvonadi. Keyin: “Mayli edi Akbar meni olsa”, deb Razzoqning betiga tupuradi. Vafoqul jo‘ram, hamsoyasi bo‘lsa ham, Razzoqning ko‘kragiga kalla qo‘yib ag‘natadi. Men Vafoqulga xuddi kattalardek: “Boshqa urma. Betiga Habibaning tupurgani yetadi. Hali kichkinamiz-ku, ertaga yarashib, jo‘ra bo‘lib ketamiz”, deyman-da, mardlik qilib unga ham bir stakan pista olib beraman. 
Razzoq bilan yana jo‘rachilik qilib ketaverdig-u, lekin qo‘l ko‘tarib to‘rsayib turgani ko‘z oldimdan ketmaydi. Ha, yana, Nafisa muallim o‘shanda boshimga qo‘lini qo‘yib, haligindek uyaltirgan bo‘lsa-da, bu gapni direktorimizga aytmagan, shu ham esimda. Keyin, Razzoqning bu pastligi, – o‘g‘il bolaga juda pastlik-da bu, – Habibani butunlay meniki qilib ham qo‘ydi. Hammaga eshittirib aytdi-da, yana dars payti. 
Bu yili, paxtaga chiqquncha shunday yurdik. Yoz bo‘yi Habibani ko‘rmasam ham, u meniki edi. Uch oy davomida, qizlar alohida, biz alohida o‘ynaganimiz uchunmi yo Habibalarning moli boshqa podaga haydalganigami, qishlog‘imizda uchtami, to‘rttami poda bor edi, bir-birimizga duch kelmaganmiz. Balki o‘yinu cho‘milishlarga chalg‘ib, shu oylar esimga kelmagandir, bilmayman. 
Ishni Bahor buzdi. Sentyabrda haftami-o‘n kun o‘qimay, paxtaga chiqarishdi. Darsimizni o‘qigandan ke-yin, uyga borib non-pon yeb keldik-da, keyin yana tizilishib, dalaga yo‘l oldik. Fartuqchalarni taqib, egatlarni bo‘lib olyapmiz. Albatta, Habibaning yonidaman, menga tushgan egat Bahorning ko‘zini o‘ynatib yubordi. “Oldin men oldim-ku”, desam ham, “Uzoqdan sendan oldin ko‘rib, olaman, deb kelayotgan edim”, deb qo‘ymadi. Turgan gap, Habibaning yonidan ketgim yo‘q, “Uzoqdan ko‘rib ham aytmaganingdan keyin hisob emas. Endi, mayli, sen bu yog‘imdan tush”, deb murosaga chaqirdim. Bahor: “Ha-a, bilaman, Habibani deb bermayapsan”, dedi. Men, albatta, munkir keldim. “Hech ham-da. Qara, qanday yaxshi ochilgan”, dedim. Bermadim. Bahorning rosa alami keldi. Uncha esimda yo‘q, Mahbuba xolaning o‘zi kelib qoldimi yo terib borib, biz kattalarga qo‘shildikmi, ishqilib, Mahbuba xolaga Bahor: “Akbar qizingiz Habibani onangni... deb so‘kdi”, dedi. Men so‘kmaganman, balki boya egat talashganda, o‘g‘il bolalarga so‘kinish uncha ayb emas edi, og‘zimdan chiqqandir, lekin Habibani emas, Bahorning o‘zini. Mahbuba xola menga bir qaradi-da: “Ha, og‘zi yomon bola, so‘kma bunaqa, uyat bo‘ladi”, dedi. “So‘kkanim yo‘q. Bahor, egatni bermaganim alamiga, aldayapti”, dedim. Bahor: “So‘kding! So‘kding! Shunaqa yomon gap bilan so‘kdi”, deb turib oldi. “Habiba, o‘zing ayt, so‘kmadim, a?”, deb yalindim. Habiba terimdan boshini ko‘tarmadi. Bu orada Bahor: “Orqangdan so‘kdi, sen eshitmading”, deb gij-gijlaganmi, ishqilib, bir og‘iz ham yonimni olmadi. Shu-shu, yo‘q yerdagi tuhmat sabab, urishli bo‘lib, Habiba mendan yuz burib ketdi. To‘qqiz yil, to‘qqiz yil-a! 
U paytlari urishib-yarashishimiz juda oson, sababi ham arzimas edi. G’ijillashib qolganda yoqalashib yo mushtlashib yurmaymiz, “Sen bilan urishdim!” deymiz, u tomon ham “Urishsang urishaver, men ham sen bilan urishdim”, deydi – tamom, gaplashish to‘xtaydi. Kim birinchi og‘iz ochsa, shu yutqizadi. Lekin birga o‘ynaymiz, o‘tga chiqamiz, butkul gaplashmay ketishning iloji yo‘q, o‘rtada birov turadi. Masalan, deylik, Avaz bilan urishliman, unga biron gapni aytishim shart bo‘lsa, Vafoqulga: “Anovi manovi ishni qilsin”, deyman, Avaz ham Vafoqul orqali: “Ha, bo‘pti, qiladi”, deydi. Agar shu payti o‘rtada birov topilmasa, shu birov Avazning o‘zi bo‘ladi. Avazga: “Anovi manovini qilsin”, deyman, Avaz ham o‘zim orqali menga: “Bo‘pti, eshitdi, qiladi”, deb javob beradi. Urish ham ko‘pga bormaydi. Yo chuli-chuli o‘rtaga tushadi, yo o‘zimiz gaplashib ketamiz. Bu ham qiziq. “E-e, bo‘ldi, yarashamiz”, deymiz. Birovimiz: “Bo‘pti, unda sen gapir”, deymiz, unimiz: “Yo‘q, men emas, o‘zing boshla. Urish o‘zingdan bo‘ldi-ku”, deydi. Xullas, kelishiladi, yarashib ketaveramiz. Ba’zan o‘ynab yurganda urishli ekanimizning o‘zi ham esdan chiqib qoladi.
Lekin Habiba akslik qilib turib oldi. Albatta kimlardir o‘rtaga tushgan, busiz bo‘lmaydi-ku, lekin Bahorga ishondimi yo olaman deganimni juda qattiq oldimi, shu-shu, gaplashmay qo‘ydi. Olaman deganim ham borib-borib, har kuni, har soat ko‘rsam ham, ko‘rmasam ham uni o‘ylab yurishga aylandi. Lekin u orani tamom uzdi. O’z og‘zi bilan: “Akbar, mendan umidingni uz”, desa ham, aytdim-ku, mayli, rozi edim. 
Hozir aytishga kulgili, hatto zavqi ham bor, lekin u paytlari, eh-he, kimlar bilan talashmadim, kimlardan qizg‘anmadim. Razzoq, ochiq aytmagani bilan, ziyonchiligini qo‘ygani yo‘q. Menga qiziqib, Avaz ham uni bir olmoqchi bo‘ldi. U bilan ham urishdim. Yana boshqalar chiqdi. Hozir hammasi esimda yo‘q, bittalab sanash ham qiziq emas. Lekin “S.Jo‘raev” degan bir shoir paydo bo‘lib, ancha kuydirganini unutolmayman. Boshlang‘ichni boshqa qishloqda o‘qib, keyin bizga kelgan. Mendan bir sinf yuqori. She’r-lari hatto “Jomboy tongi”da ham bosildi. Vatan, atirgul, o‘rkach-tog‘larni yozar edi-yu, lekin she’rlari, meningcha, maktabimizda Habibadan boshqa qiz yo‘q, albatta, unga atalgan. Shoirdan o‘taman deb, o‘zim ham yozadigan bo‘ldim. Kechalari uxlamay she’r to‘qiyman, ajoyib hayajonga cho‘maman: “Bog‘da gullar o‘zgacha, Suvda kumush kulgular. Yuragim bir ko‘zgucha, Jo‘sh uradi tuyg‘ular”. Shunday chiroyli yozganimga keyin o‘zim ham hayron. Albatta, bog‘da Habiba yurgani uchun gullar o‘zgacha, suvning o‘zi kulmaydi-ku, Habibaning qotib-qotib kulayotgani ko‘z oldimga kelib, kulgisi eshitilib turadi, kulgining kumushligi nima ekanini tushunmasam ham, jo‘shib ketaman. ”Jomboy tongi”ga ham yubordim, lekin “obzor”da “urildim”. Juda alam qildi. Tag‘in shu “obzor”da “S.Jo‘raev” maqtalib, misol uchun to‘rt qator she’ri keltirilgan! Samandarning familiyasi ham Habibaniki bilan bitta ekanini aytmaysizmi! Keyin men she’rlarimni hech kimga o‘qitmadim, Habibaga, albatta, yetmagan, hayajonlarimni esa shundoq “qalbimga ko‘mib” qo‘ya qoldim. 
Ma’mur degan bir uzoqroq tog‘asi bor edi, bizdan uch yosh katta, miqti, tosh ko‘tarib chiniqqan, polvon yigit, tag‘in deng, nay yasab, puflashni ham o‘rganib olgan. Nayni-ku yasash oson: quruq karrakni kesib, cho‘g‘ sim bilan bu uchidan bitta, u yog‘idan oltita teshik ochasiz – tayyor, lekin menikidan qancha puflamay, kuy chiqmaydi, faqat hushtak chiyillaydi, karrakning kuyugi og‘zimdan ketmaydi. Ma’mur polvonniki, uyimiz yaqin, kechqurunlari sadolanib keladi, Habiba ham eshitib turibdi deb, bag‘rim tilimlanadi.
Mushtday boshimga tog‘day bu yuk rashk juda og‘ir; uni o‘ylashlarim bir zindon, shu zindon ichiga sira chiqolmaydigan bo‘lib tushib ketgan edim. Bolalik-ku, quvonchli kunlar kechgandir, bayram, ko‘pkari, to‘y, sayil, har turli o‘yinlar, ishqilib, nimadir shodliklar bo‘lgan, lekin u qaramagani uchun hech biri tatimagan. 
Birinchi kursni ham uni o‘ylab, oldiga qatnab o‘tkazdim. Lekin bu orada o‘qishni ham tashlab qo‘yganim yo‘q. U paytlari berilib, basma-basiga, shavq bilan o‘qir, bahoga juda qiziqar edik. Kirishda “uch”larim bor uchun o‘qishni stipendiyasiz boshlagan bo‘lsam-da, ko‘p o‘tmay peshqadam talabalar safiga chiqib oldim. Birinchi semestrni “a’lo”ga yakunladim. Albatta, kimligimni Habibaga ham ko‘rsatib qo‘yishim kerak edi. Lekin u ko‘rmaydi, qanday o‘qiyapsan deb bekatlarda bir og‘iz so‘rab ham qo‘ymaydi. Kurs bo‘yicha ro‘yxatning boshida turganim uchun imtihonlarga eng oldin kiraman. Domlaning kayfiyati birinchi kirganning topshirishiga juda bog‘liq degan ishonch bor, yaxshi o‘qiydiganlarning ko‘pchiligi, hatto boshqa guruhlardagi qizlar ham eshik oldida shivir-shivir, imtihondan chiqishimni poylaydi. Eshikni ilja-yib yopishim bilan olqish, chapakka ko‘milaman. Qizlardan bir xillari endi o‘zining ham “a’lo” olishiga ishonib, dik-dik sakraydi. Xullas, e’tibor joyida, o‘rnimni topib boryapman. Bular, ayniqsa, qizlarning ergashishi, albatta, Habibaning ozoridan dardlangan ko‘nglimga malham. Yana bu orada bo‘yim cho‘zilyapti, et oldim, ko‘kragimni keribroq yurishga o‘tdim, shaharning mayda-chuyda bezorivachchalari teginolmaydigan bo‘ldim. Ana shu paytlari uning qaramasligi bota boshladi. Maktabdagi hayotim hayot emas, zahar-zaqqum bo‘ldi, shundan o‘smadim, bola boshimdan ezilib, to‘kilib yurdim, yuzlarimni ajin bosdi, e-e, xullas, har kuni uni ko‘rganimdan erkin nafas ololmadim, endi, mana, hozirlari uni haftada bir, ya’ni kam ko‘rganim uchun sal havo tegdi, yorug‘likka chiqdim, jonlanib boryapman, demak, yig‘ishtirishim kerak degan o‘ylarga boradigan bo‘ldim. Ba’zan esa bundan ham ajabtovur fikrlar yuritaman: shu sevmasam-chi, deyman; mana, masalan, qiz chiroyli, chehrasi ochiq, muomalasi yaxshi bo‘lsa, uni yaxshi ko‘rsang, u ham seni yaxshi ko‘rsa, o‘rtada shu har xil mashaqqatu azoblar bo‘lmasa, qanday yaxshi, uni sevasan, qiynalmay ham o‘qiyverasan. Misol uchun Saodatni olsam, juda kelishgan, uylansang, uyingni gullatadi, bemalol sevish mumkin. Lekin Habiba shunaqa xayol surgani ham qo‘ymaydi, o‘rtada turib olib, kunchilik qilib chimirilaveradi, qizlarimizdan birontasiga yaqinlashtirmaydi, birga kinoga tushsak, o‘rtaga o‘tirib oladi, qo‘lini ushlashga to‘sqinlik qiladi, unisi bilan ko‘z urishtirsam, qoshining o‘rtasiga kindor tuguncha tushadi, xullaski, kun bermaydi menga. Oldiga umid bilan otlanib boraman, it g‘ajigan suyakdek ezilib qaytaman. “O’zi yemas, itga ham bermas”, deb achchiq ham qilaman ichimda, juda o‘tib ketgan vaqtlari. Ha, darvoqe, tilim ham ancha burro bo‘lib qolgan. 
Shu bilan yoz keldi. Hozirgi talabalarga qanday, uncha bilmayman, lekin bizning paytlarda ta’tilning ta’tilligi yo‘q, talaba – universitetga tekin mardikor, u-bu ishga albatta yuborar edi. Keyin o‘qish boshlanadi, o‘n besh-yigirma kun o‘tmay esa – paxta. Birinchi kursni bitirganda SSO – studentlar qurilish otryadi degan narsa tuzilib, biz – er yigit ham uning safida Nukusga jo‘nadik. Ha, er yetib borayotgan edim lekin. Ammo kambag‘alning og‘zi oshga yetganda burni qonabdi, deganlari menga to‘g‘ri bo‘ldi: bilmadim, ne yozug‘im bor ediki, falokatga uchradim. Mana, nihoyat, o‘sib, to‘lishib, odam bo‘lyapman deganimda, bu ko‘rgulik menga qarab turgan ekan, oyog‘imdan chiqdi. 
Ko‘ylakning faqat etagidan tugib, terlagan yag‘rinni issiq shabadaga lang ochib ishlab yurganimda oyog‘im kuyib qoldi. Kuyganning ham darajalari bo‘lar ekan, meniki “4-A” darajasida pishdi. Ha, pishdi: bitum – qorasaqich baqir-buqur qaynab-tutab quyilganda jon achchig‘ida “Voh!” deb changallabman, oyog‘imning terisi shundoq qo‘limga ajralib, tagidan oppoq go‘shti chiqib qoldi-da, birpasda yostiqday shishib berdi. Ikki oyog‘imning ham do‘ngsali yo gulgayi deydimi, ishqilib, usti, butunicha nima bo‘lsa – bo‘ldi. Qarang, qo‘lda qalin qo‘lqop-u, oyog‘im yalang! Tovoni bosilgan latta boshmoqni ildirib yuraverganman; esingizdami, hu bo‘lardi-ku, ikki so‘mu nechchidir tiyinlik. Yonib o‘z alangasiga o‘zi erib qaynagan qorasaqich temir quvurdan vishillab kelganda ko‘kragimni, qo‘limni tortibman, lekin oyog‘im turgan joyida qolaveribdi. Ustiga vaqirlab quyildi-ketdi. “Voh!” dedim-u, boshqa tovushim chiqmadi. Nuqul ihrayman. Men bilan navbat almashib, endi soyalayman degan narpaylik Erkin inqillashimni eshitib qolib, chopdi. Qurilishimizda ishlayotgan bir yukmashinada, Erkinning tizzasida, har silkinganda jonim chiqib, kasalxonaga yetdik. Shu yotishda baland isitma bilan to‘rt kun alahlabman. Qanaqa muolajalar qilishdi, bilmayman. Ko‘zimga hech narsa ko‘ringani yo‘q, lekin tepamda chop-chop ko‘p edi. Yaram alamga kirib, og‘riqni sezganimdan keyin “perevyazka” degan dahshati boshlandi-ku! O’-o‘, buni qattol dushmaningga ham sog‘inmaysan! Oyoqlarimni sassiq bir malham surib, chaqaloqni yo‘rgaklagandek, dokaga o‘raydilar, xona qaynoq, dim, doka tagidagi hamma narsani so‘rib, o‘ziga tortib yopishtiradi. Keyin uni ko‘chirib olishlarini ko‘rsangiz! Ha, xuddi terak po‘stlog‘ini shilgandek, qatir-qutur qilib archadilar. Ishoning, shunday, doka o‘ramini oyog‘imning tagidan, kaftdan uzunasiga qaychilab ochadilar-da, po‘stloqni etdan ayirib olaveradilar. Kuyib, o‘lgan go‘sht. Ana shu o‘lgani dokaga yopishadi, shuni ajratib olishlari kerak. E-e, buning azobi! Hozir ham ingrab ketaman. Ko‘z oldimda ikki yonimda turgan qoraqalpoq qizlarning juda achinib qarab turishlari. Erkak do‘xtir menga o‘xshaganlarni ko‘raverib qotib ketgan, odamning oyog‘i demaydi, vahshiy, “Mana, mana, i-i, ana, bo‘pqoldi”, deb ishini qilaveradi. Qizlarning oldida dodlay olmayman, “Ha, yurakli yigit!”, deydi do‘xtir. Yurakli yigit esa faqat “Ih-ih-h” ihrayman, qattiq tishlanganimdan tishlarim sinib ketay deydi. Odam bolasi, boshiga tushsa har qanday dardga ko‘nar, o‘lib qolmasa bo‘ldi ekan. Xudoga shukr, umrim bor ekan, o‘lmadim-u, lekin kasalxonada to‘qqizmi-o‘n kun yotib, naq o‘n besh kilo oriqlabman. Boldirimning suyaklari qilichdek o‘tkirlanib, qirrasi chiqib qoldi. Yo tavba, deyman o‘zimga qarab, odam ham shuncha o‘zgarar ekan-da, a? Bularning Qizketgan degan katta kanalining bu chekkasidan u chekkasiga suzib borib kelayotgan yigit edim-a. Endi qarang, hurpaygan soch tagida cho‘kik ko‘zu mushtdek turtib chiqqan yonoqlar. Rangim oppoq, jon yo‘q. O’zimni tanimayman. Ey, bilasizmi, yotgan joyingizdan o‘zingiz turib, o‘z oyog‘ingizda mana shu deraza oldiga borish nechog‘li baxt ekanini! Men shugina baxtni orzu qilardim. 
Uyga xat yozmadim, kim topib keladi, deb o‘ylabman, haligi kinolarda urushdan yarador qaytganlarga o‘xshab, hassaga qiyshiq tayanib, kutilmaganda kirib boraman degan xayol ham bor, keyin rosa ginaga qoldim. Kasalxonadan ham hech kim xabar qilmagan. Bo‘lmasa, nari borib, beri kelib yotganman. Hammamiz ham uydan ilk daf’a uzoqqa ketganimiz uchunmi, kursdoshlarimning ham xayoliga kelmagan. Lekin har kuni uch-to‘rttalashib ko‘rgani keladilar. Forishlik Egamberdi “taxta pichini” deydigan ikkita vafli, bir shingil achchiq uzum bilan. Vafli tomog‘imdan o‘tmaydi, ko‘m-ko‘k uzum esa chap ichagimga yuq ham emas. Lekin hech kimda pul yo‘q, hamma chalaqursoq. Bir-ikkita dashtligimizni aytmasa, qolganlarimiz meva-chevaning ichida o‘sib, o‘rgangan, bu yerda tushimizda ko‘ryapmiz. Menga esa vitamin kerak, to‘yib-to‘yib yeng, deydi do‘xtir, kuyganga foyda ekan. Qurilish otryadi shu yili birinchi tuzilishi, hisob-kitobdan keyin tug‘ilganmi, ishlaganimizga tiyin ham bermagan. Uydan olib borgan besh-to‘rt so‘mimiz bir-ikki haftadayoq tugagan. Pulu yemak bo‘lmagandan keyin ishning ham tartibi ketgan. Kuyishimdan bir kun oldin Erkin ikkovimiz bir qoraqalpoq akamiznikiga mardikor tushib, mingini sakkiz so‘mdan o‘n mingta quyib berishga kelishgan, shu kuni mingta g‘isht tashlagan ham edik. Kasalxonaga tushib qolganimdan keyin Erkin borib, akaga aytgan ekan, aka unga quygan g‘ishtimizning pulini beribdi. Kursdoshlarim meni ko‘rgani shu pulga “bozor qilishadi”. Xaridlari to‘rtta “taxta pichini”, bir kilocha qanaqadir uzum. Boshqasiga yetmaydi. Bu ham menga yetib borguncha, “bir tatib ko‘ray, ma, sening og‘zing tegsin” bilan, o‘zlari ham och, vaflidan ikki dona, uzumdan atigi bir shingili qoladi, xolos. “Kechirasiz, jo‘ra, uzum ko‘rganimiz ham otam zamonida edi-da. Mana, shuni ham zo‘rg‘a sizga asrab qoldik”, deb o‘zlari yana suqlanib turadi. Achchiq uzumni yutoqib yeyman, qishloqda uyimizning oldi ham, orqasi ham tokzor, vaish, olmayu shaftolilar tagiga to‘kilib yotgani ko‘z oldimga kelib, nimaga vaqtida o‘sha mevalarga to‘yib olmaganman deb o‘ksinaman. Vaflini jo‘ralarimning o‘ziga qaytaraman, shu zahoti changi chiqib ketadi. Har kuni yarim soat achinib o‘tiradilar. “Yomon oriqlayapsiz-da, jo‘ra. Bunaqada....”, deb u yog‘ini aytishga ko‘ngillari bormaydi. Bir kuni do‘xtirning oldiga kirib: “Jo‘ramizni bering, o‘zimiz qaraymiz”, deyishsa, albatta, do‘xtir ko‘nmagan, “Hali joyidan ham turolmaydi-ku, sizlarda sharoit yo‘q, qanday qaraysiz?”, depti. Keyin gapni bir joyga qo‘yib, menga aytishdi. “Jo‘ra, bu yotishda sizni o‘ldirib qo‘yishadi. Na ovqati bor, na qarovi. Obketamiz”, deb turib olishdi. Men – yotgan xalta suyak, to‘g‘ri cho‘zilsam bir navi, lekin karavotdan oyog‘imni tushirishim bilan ming bigiz sanchig‘iga uchraymanki, hech u yoq-bu yog‘i yo‘q – do‘zax! Yana bu yaralarni qayta bog‘lash azobi. Bu yerdan ketsam, dokani o‘zim avval ivitib, keyin yechaman degan umidda rozi bo‘ldim. Boshqa iloj ham yo‘q. Rostdan ham, oynaga qarasam, qanday tez oriqlayotganim xuddi ko‘rinib turgandek bir vahima edi. Shom qorasi, kech tushganda, hazili yo‘q, o‘g‘irlash operatsiyasi boshlandi. To‘rtta kursdoshim ko‘rgani kelgan bo‘lib, ikkitasi qo‘lini zambar qilib, meni ko‘tardi, ikkitasi oyog‘imdan ushladi-yu, kasalxonaning pastak devori orqasida yana uchtasi turgan ekan, ularga oshirib, o‘marib ketaverishdi. Navbat almashib, o‘zlari xursand, men ne azobda, “Ha, endi o‘lmaysiz, jo‘ra, o‘zimiz bor”, deb yotoqxonaga yetkazib kelishdi. 
O’n sakkiz-yigirma yashar po‘konidan yel o‘tmagan bolalarmiz, ko‘pning bunaqa fidoyi mehri, samimiy oqibatiga endi duch kelishim. Boladek opichlab yuradilar, makaron sho‘ltiqlaridan chiqib qolgan danakdek go‘shtni menga ilinadilar. Bilmayman, qanday eplashdi, kasalxonadan o‘sha sassiq malhamni bankasi bilan o‘g‘irlab chiqqanlar. Yaralarimni ham o‘zlari bog‘lamoqchi edi, lekin hech birining yuragi chidamadi. O’zim qilaman. Qotgan dokani ivitib ko‘rdim – bo‘lmadi, suv o‘tmas ekan. O’zim karavotda, oyoqlarim kursida, avval ha-hulab chog‘lanaman. Keyin tovondan oyoq uchigacha qaychilayman-da, nafas rostlab, yana o‘zimga dalda bilan bir dodlayman. Shu dodlagancha voy-dodlab, chinqirib dokani archib olaman. Oyoqlarimning usti butunicha qip-qizil go‘sht... E-e, mayli... batafsil aytavermay, ko‘nglingiz ayniydi. Xullas, jo‘ralarim tepamda parvona, o‘zimga o‘zim qarayman. Haftadan keyin urgutlik Mavlonning qo‘liga ham qorasaqich sachragan edi, “Tangadek joy menga shuncha azob berdi, Akbar jo‘ram nimalarni ko‘rmayapti ekan!”, deb boshqa ishga chiqmadi. Yarasini bahona qilib, faqat menga qaradi. Haligi joylarga ham ko‘tarib boradi, “Bo‘ldingizmi, qachon bo‘lasiz?” deb taxta eshik oldida oftobga pishib qarab turadi. 
Pulsiz, och-nahor yuravergandan keyin ishga chiqmay qo‘ydik, avgust oxirida bizni tantanali suratda SSOning sharafli safidan o‘chirishdi. Kuch bilan vagonga chiqib olib, pul bermay Samarqandga yetib keldik. Bu paytlari sal-pal oyoq bosishga o‘tgan edim. Avtobusga chiqishga yaramas edim, otryadimiz boshlig‘i taksiga yo‘lkira to‘g‘rilab berdi, uyga ham kelib oldim. Uyda... mayli, bu yog‘i xayriyatchilik.
Lekin kuyganimni nimaga buncha tafsiloti bilan aytyapman? O’zingiz ham bilib turgandirsiz, shuncha uzun azobning biron kunida Habibani unutganim yo‘q. Alahlaganimda otini aytib chaqirgandirman, lekin aldamay, o‘sha uch-turt kun es ham kirarli-chiqarli edi, lekin o‘zimga kelganimdan keyin daqiqa ham ko‘z oldimdan ketmagan. Boshimda termilib o‘tirgan. Shuncha narsani ko‘ryapman, falokatning sharofati, mashaqqatlarni yengib borganimdan keyin endi menga qaraydi deb, umid qilganman. Qishloqda paytim uyimizga kelib ko‘rmagani tabiiy, turgan gap, lekin uch oy o‘tib, paxtadan qaytgandan keyin, dekabrda bekatda turganimda nechtasi hol-ahvol so‘rashdi, u esa oyog‘imga bir ko‘z tashlagan bo‘ldi, xolos. Nimalarni ko‘rib kelmabman-a qaysi yurtlardan. Shunda... nima, men odam emasmanmi, juda o‘tib ketdi! 
Sentyabr, oktyabrda ham paxtaga chiqmadim. Shahar kasalxonasida yotib yana davolandim. Oyog‘imning terisi, go‘shtlari kuyib ketgani bilan, paylari omon ekan, ham haligi qoraqalpoq do‘xtirning azobiga chidab oyog‘ingni cho‘zib kerishtiraver, bo‘lmasa tortishib bitadi, cho‘loq bo‘lib qolasan deb o‘rgatganini qilaverib, yana azot yurib ketdim. Yaralarning ustini yiltirab yupqa teri qoplab, tirish-burish chandiq bo‘lib bita boshladi, faqat ikkita uch tiyinlik tangadek joyi qolganda, noyabr oxirida kursdoshlarimni sog‘inib paxtaga bordim. Shunaqa kutib olishdiki! Haqiqatan ham urushdan butun chiqqan qahramondek. Ko‘kragimda orden bilan, qo‘limda chiroyli hassa yo‘q, xolos. Gulandom: “O’zim aylanay!” deb yuzimdan cho‘lpillatib o‘pdi, keyin bilmayman, nechta qizning quchog‘iga tushdim. Saodat yig‘lab ham yubordi, yig‘i ham yuqumli kasallik emasmi, o‘rab turgan qizlardan yana bir-nechasining ko‘ziga yosh kelganini ko‘rib, zo‘rg‘a ushladim o‘zimni. Shunchasi o‘rtaga olib, mehr ko‘rgazib tursa, ta’sirli bo‘lar ekan. Namuncha vahima desam, endi tamom, Akbarning ikki oyog‘i ham yaramaydi, bechoraning o‘qishi qoldi degan gaplar chiqib, bu xursandchiliklar shunga ekan. 
Paxtadan qaytdik, o‘qishlar yana boshlandi, yana o‘ttiz oltinchi avtobusning bag‘avoti. Ha, hali aytganim, Habibani ko‘rdim, u uzoqdan bir qaradi, oldiga borganimda bir chimirildi – bo‘ldi. Xolos, shu! Ana shunda o‘tib ketdi. Lekin tishimni tishimga bosdim, sirimni bermadim. Boshqalar bilan kulib so‘rashdim, unga miq etmadim. Uni ko‘rmayotgandek tutdim o‘zimni. Uch-to‘rt hafta indamadim, oldiga ham bormadim. Bayramga birga qishloqqa keldik. Yangi yilning intizorli kutish kunlari ham o‘tdi, birga qaytdik. Tabrik gap nomiga ham bo‘lgani yo‘q. Ke-yin, shu haftamidi, keyingisimi, qor aylanib yog‘ayotgan bir kuni, darsi tugashini mo‘ljal olib, yo‘lida kutdim. To‘rtinchi trolleybusga birga chiqdim. O’tirishga joy yo‘q ekan, u tutqichga suyanib oldi. Men ham borib shu tutqichni ushladim. Ancha vaqtdan beri bekatda yonma-yon talqon yutgan bo‘lsak-da, salom berdim. Alikka tili aylanmaganidan nima demoqchiligimni bilganini bildim – foydasi yo‘q. Gapni unday boshlayman, bunday deb so‘z ochaman degan tayyorgarliklarim havoga uchdi. Lekin orani biryoqli qilishim shart, aytaman degan fikrga yopishib olganman. Jim turish dushvor, lekin ichimga sig‘mayapman. Unga egildim, bir pas nigohini tutaman deb tikildim, keyin bor-e deb, shivirladim: “Habiba, men sizni sevaman!” Kinolardagidek bunaqa quruq izhori dil qilishimni o‘zim kutmagan edim. U tutqichni qattiqroq changallab, ustiga do‘l yog‘ayotgandek g‘ujanak bo‘lib oldi. “Habiba, javob bering!” – gapirdimmi, ingrandimmi, ishqilib, shunaqa so‘zlar to‘kildi lablarimdan. U boshini ko‘tarmadi. Turgan joyimda faqat unga termilgan ko‘zim qoldi, qo‘l, oyoq, gavdam o‘zimniki emas, umidsiz, vidolashuv alami bilan nurab ketdim, sitildim: “Habiba! Habiba! Indamay turmang, gapiring!” Tutqichdagi qo‘lidan ushlab olmoqni juda-juda istadim, lekin u shu yonimda boshini egib turgan ko‘yi sovuq uzoqlarga ketib qoldi, o‘zi yo‘qqa endi ko‘nglim yetmadi, unsiz chinqirib qolaverdi. 
Sal yurgandan keyin, navbatdagi bekatda trolleybus to‘xtab, eshigi sharaqlab ochilgan edi, o‘zimni tashqariga otdim. Kuyib ketgan edim: odam bolasini shunchalar xor qilish mumkinmi! Yo‘q, odam bolasi o‘zini shunchalar xor qiladimi! 
Shitob bilan qayoqqa, qancha yurdim – bilmayman. Qattiq shivirlab qilgan nolalarim esimda: “Eh, menga qaramadi-ya! Menga-ya! Shuncha yil chin yurakdan sevdim-ku!.. Hali qarab tursin, shunaqa yigit bo‘layki!” Muhabbat degani shu bo‘lsa, uni ham la’natladim: men odam edim-ku, inson farzandi, muhabbat omadu olam digar shud, shumi olamining digarligi, o‘zgargani shu bo‘lsa, uning ham bahridan o‘tdim! Agarda “Yo‘q!” degan javobga ham arzimasam. Endi hech kimga o‘zimni oyoqosti qilib qo‘ymayman. Kerak bo‘lsa muhabbatisiz ham eng chiroyli qizni olaman! Endi u menday yigitni topib bo‘pti! Ey, berahm tosh, suv ko‘rmagan kesak, qurigan cho‘p, sendan ming, million marta yaxshi qizlar bor, shundaylari bilan yurayki! Og‘zing ochilib qoladi! Yig‘laysan. Izillab yig‘laysan. Ha, ana shunday. Qarab tur! Men – javohirni tuproqqa tushirding, lekin boshqa bir go‘zal yerdan puflab-tozalab olib ko‘ziga surtar hali. U senga o‘xshab gavhar bahosidan bexabar benavo emas... 
Og‘zimga nima kelsa, qaytarmadim, qanaqadir parcha-purcha she’rlarni, qaydadir o‘qigan nutqlarni aytib peshladim; to‘lib, tutab, fig‘on qildim, javradim, yuragim g‘ijimladi, ko‘nglim og‘ridi, dunyosiga sig‘may ketdim, quyun yanglig‘ yelib, shamol bo‘lib uchdimmi ham deyman, bir vaqti qarasam, qo‘ltig‘imda charm jildim, istirohat bog‘idaman, bir ko‘shkchada muzqaymoq sotilyapti! Shuncha poyintar-soyintar alahlashning ichida shunday qishning kuni muzqaymoq sotilayotganidan o‘zimga keldim chog‘i. Ochiq ko‘kragimga tushgan qor parchalari muzdek erib oqayotganini payqadim, qizib ketibman. Chanqabman ham. Muzqaymoqqa yopishdim. Shunday yoqdiki, yana bitta oldim. Bunisini yutoqib yutdim. Keyin yana bittasiga cho‘zildim. Sotuvchi xotin: “Hay, hay, uka!” deganda to‘rtinchisini ham yutgan edim. Ko‘kragimning otashi pasaydi. Shu bilan sovidi. Ancha yillarga sovib ketdi. 
Keyin yana ilidi, bu endi boshqa ko‘ngil, ham keyingi gaplar edi. 

Yotoqxonaning oldida Gulandom turgan ekan, ataylab meni poylagandek: “Kinoga boraylik”, deb qoldi. “Yaxshi”, deb kelgan joyimdan burildim. “Mast emasmisiz, ishqilib? Bir xil yuribsiz?”, deb so‘radi Gulandom. “Sizni ko‘rib kayfim oshdi”, dedim. Shayton qiz bunaqa gaplarimga ishonmaydi, lekin yoqimli jilmayib qo‘yadi. Sizga aytsam, Gulandom bilan kinoga borish, ayniqsa ko‘chada yonma-yon yurish shu vaqti alamimga ancha malham bo‘ldi. Chiroyli qiz! Qani edi shunday go‘zal yonimda ketayotganini u ko‘rsa!.. E-e, endi ko‘rganda nima! Men to‘ydim. 
Kinoda Gulandom, ta’sirlandimi, ikki-uch marta qo‘limdan ushlab oldi, mening ham yelkasidan quchoqlagim keldi, lekin o‘rtamizda Azamat o‘tirib olgan edi, ko‘nglim bo‘lmadi, tortdim o‘zimni. Gulandom bir g‘alati qarab qo‘ydi, ko‘rmaganlikka oldim. Lekin-chi, xotinlarning xolasi, qizlarning dugonasi bo‘lib yurish ham menga endi ancha malol edi. Ayniqsa bugun. Bu yoqdan esa Azamatning dardini bilaman. Yaxshi emas. Nukusda meni opichlab yurganlardan biri shu, Azamat. 
Kinodan keyin yana ochilib-sochilib gaplashib keldik. Yotoqxonaning oldida Azamat yo‘limizni to‘sib chiqdi. Ha, to‘g‘ri kelib oldimda turib oldi. Gulandom indamay aylanib o‘tib ketdi. Azamat hozir solib qoladigan ahvolda edi. 
– Qaydan kelyapsizlar? – deb u achchiq iljaydi.
– Kinoga tushuvdik, – dedim.
Azamatning yuzi o‘zgarmadi. Shuncha odamning ichida qiz talashib urishmasak edi hali.
– Bilaman, – dedi.
– Bilsangiz nimaga so‘raysiz?
Azamat meni eshitmagandek:
– Orqalaringda edim. Kinoni ko‘rmadim, ikkovingga qarab o‘tirdim, – dedi ezilib.
Rahmim keldi, lekin nima ham qilib bera olaman? Qiz bolaning ko‘ngliga men buyruq berolmasam. O’zimning vijdonim toza. “Ayting, orqamdan yuravermasin”, degan Gulandom. Sal boshqacharoq qilib aytdim ham. Bu sevishini qo‘ymaydi.
– Borishda orqalaringdan bordim, kelishda ham. Qani, nima qilishar ekan, deb.
– Xo‘p, nima qilibmiz?
– Hech narsa. Rahmat! – deb u ko‘kragini changalladi. – Lekin alam qildi juda. Sizga ishonaman, lekin o‘tib ketdi, jo‘ra! Yuring, iltimos, biznikiga chiqaylik, iltimos! Yuzta-yuzta qilamiz.
Ana, o‘zimning dardim bir yoqda qolib, Azamatning hasratini tinglaganimni ko‘rsangiz. Dardini menga ko‘p yorgan, yana quloq berdim. Lekin ming‘ayib o‘tirishida o‘zimning ahvolimni ham oynadagidek ko‘rdim. Ha, odam o‘zini oyoqosti qildirib qo‘ymasligi kerak, qiz bola sevmaganini bildirdimi, bo‘lmaganni bo‘ldirma-a, itdek ergashib yurishdan bari bir naf yo‘-o‘q. E-e, bunga ham qoyil lekin, shundan shuncha yo‘lga poylab borib, kinoda orqamizdan joy olib o‘tirib, yana ergashib qaytibdi. Chidaganini! Ko‘ngli qandaylar ezilgandir. Yana sevgan qizini kinoga olib tushgan odamga ishqini doston qilyapti. Muhabbat degani g‘ururni ham o‘ldirib yuborar ekan. 
Yo‘q, men endi bunday bo‘lmayman!
Keyin... muomala ham qiz bolaga husn beradimi, bilmadim... Habiba nimaga bunday, sal buqinib yuradi-ya? 
Kitoblarda tasvirlangan oltin kuz edi. Teraklar za’far rangida cho‘zilgan, tutlar sariqqa o‘rangan, kuz nafasi hatto g‘o‘za barglariga tegib, chetlariga qirmizi bo‘yoq surtib chiqqan edi. Bizda asil tiyramoh sentyabrda emas, noyabr oxirida tushadi. Endi uzilgan husaynilar shirasi zo‘rligidan barmoqdek o‘ynab ketadi, kelinbarmog‘ining esa beli torayib, o‘zi tishga tegsa, kirsillab asal sachratadi. Ana shu mavsumda odam ham kuchga to‘ladi, chopib charchamaydi, tog‘ni ursa talqon qilguligi bor.
Qizlarimiz yanada yetilib, chiroylari balqigan: Gulandom – suluv, Saodat – barno, Dilorom – zebo, Zumrad tovlanib turadi, Gulasal esa o‘z nomi bilan, u bilan o‘pishsang – asal, ko‘p boshqalarining ham ta’rifi shunday, bu fasli xazon sevmaganingga qo‘ymaydi, lekin endiga kelib, ko‘pi egalik ham. Uch-to‘rttasining to‘yi ham boshlandi. Barining uyga ko‘zi to‘rt. 
Bu yoqda esa paxta tugagan, lekin bir-ikki pishakizi qor ham tushdiki, hali javob yo‘q, dekabrning o‘rtalari, ba’zan yangi yilning tagigacha dalada ushlab turaverishadi. Birchigitu ko‘r ko‘sakdan boshqa narsa qolmagan, termasak ham, dalada sang‘iymiz. Gulxan qilamiz, g‘ishsha qamishni yoqib, atrofida isinib o‘tiramiz. Qizlar buyragini oldirib qo‘ymasa bo‘ldi. Sariq ham ko‘p, undan xudo asrasin. Lekin yoshlik – yoshlik, tarvuzlar uvatda tarsillab yorilib yotgan bir paytda odam salqinga qaraydimi! 
O’tlagan qo‘ydek yoyilganmiz. Narigi dalada ham shunday rang-barang suruv sochilgan ekan. Saodat yonimda, unashtirilgan yigitidan noliyotgan joyida boshini ko‘tarib, uzoqqa tikilib qoldi. “Hu anavi yoqda bir qiz sizdan ko‘zini uzmayapti”, dedi. “Shunday go‘zalning yonida anavi ta’viyaga nima bor ekan deb hayrondir-da”, dedim. “Yo‘q, behazil. Ko‘zida alam bor”, dedi Saodat. “Ko‘zini ko‘rdingizmi-ey? Shuncha uzoqdan?” dedim-u, ko‘nglim bir narsani sezdi. Balki rostdan ham qaragandir, unday bo‘lsa... kimligi ham belgili: matfak Xatirchiga kelgan edi, dalamiz ikki tuman chegarasida, ular bilan yonma-yon tushib qolganmiz shekilli. Saodat undayvergach, qaradim: bizga o‘xshab dalada daydigan talabalar. Egilib paxta chimdilayotgan qizlar orasidan birontasi bu tomonga qarab turgani yo‘q. Habiba ajralib ko‘rinmaydi. Ko‘rganimda nima baraka topaman? Ko‘rib bo‘lganman. Saodatning gapini uch yil oldin eshitganimda, ishonmasam ham, yuragim hapriqar edi. Endi, nima, dunyoning dalasida gala-gala sochilgan qizning bittasi, xolos. Ko‘kragimda har zamonda simillab qoladigan kuyuniq dog‘ini aytmasa, endi kuymay qo‘yganman. U ham yurgandir o‘shanday tugmachagulga o‘xshab. Ha, u uncha o‘zgarmadi, bekatlarda ko‘z qirimni tashlab qo‘yaman, o‘sha-o‘sha nozikligi, hali ham o‘ninchida o‘qiyotgandek, o‘smir qiz. Qarg‘ashoyi ko‘ylak kiysa, ho‘ o‘sha birinchi sinfda yig‘lab turgandek tuyuladi. O’qishi og‘irmi, zoti shunaqami, sal to‘lishmadi ham. 
Men esa o‘sdim, kuch oldim, birinchi kurslarda ikkita Akbar bemalol sig‘adigan shimni ham zo‘rg‘a topib, belni “garmoshka” qilib tortib yurishlarimiz, uyalishimiz bilan birga, qolib ketdi. Endi egnimizda andazasi xushbichim, yopishib turadigan kiyimlar. Sirib kiyamiz, o‘zimizcha olifta. Ko‘nglimda hali-hamon Habibaning dog‘i onda-sonda belgi berib tursa-da, davolatmayman. Yotgan ilonning boshini qo‘zg‘ama, deyishadi, xolni bezovta qilish ham yomon. Bu ham yuragimning bir xoli. Lekin endi hali ko‘p narsani ko‘rmagan yangi oshiqlarga ancha-muncha tajriba o‘rgatishim mumkin, lekin nima kerak, o‘tgan gaplar yopig‘ligicha qolsin – qizlarimiz menga odamni qadrlashni o‘rgatdi. 
Diplom ishi yozayotganimda vaqtim bemalol, uch-to‘rt kun qaznoqqa bosilgan olmayu anor, shiftlarga osilgan uzumga to‘yib ketaman deb uyga kelgan edim, ertalab choy ichib o‘tirganimizda oyim muloyimgina gap boshlab qoldilar. 
– Sen ham katta bo‘lib qolding. Bugun-erta bitirasan, bu yog‘i endi ro‘zg‘orning boshini...
Boshlandi! Shu yetmay turuvdi! Falonchining u qizi, pismadonchining bu qizi, unisi munday chiroyli, munisi undan ham; oy desa – oy, kun desa – kun... xullas, hammasi osmonni oyimning o‘g‘li deb yoritib turibdi, o‘g‘il o‘zini bosib, hovliqmay, osmondan yerga tushsa bo‘ldi. Onaga farzandi shunday balandda, lekin bilmaydiki, hamma yog‘i tikan bir tugmachagulning orqasidan o‘n-o‘n bir yil behuda sudralib yurganimni. Aytdim-ku, tugmachagul o‘zi qanaqa gulligini bilmayman, deb, lekin tikanlari sanchig‘i jarohatiga malham suraverib, chandiq-chandiq qotib ketganman. 
– Xo‘p, po‘skallasini ayting, sochini supurgi qilib meni kutib o‘tirgani kim ekan?
Hozir uylangim yo‘q, universitetda olib qolishmoqchi, aspiranturaga kiraman, keyin o‘zimga mos qiz tanlayman.
Bu gaplarni aytolmadim hali. Oyim darrov hujumga o‘tdilar:
– Darrov tilingni qayramay, gapni eshit. Men ham bir narsani bilmasam, gapirmayman. Tuzukmi? 
– Tuzuk. Xo‘p, eshitaman.
– Eshitamaning nimasi? Quloq sol...
Oyim meni biladilar, men esa oyimni: men uncha-muncha  gapga ko‘nmayman, oyim uncha-munchaga to‘xtamaydilar, gaplarini oxirigacha aytmasalar – qutulmayman. Chidab eshitib, keyin men ham yotig‘i bilan, o‘qiganman-da, o‘zim tomonga og‘dirishga o‘taman. 
O’zim bilan o‘qiyotgan qizlarning orasida ham zo‘rlari ko‘p, balki allaqachon yo‘ldan ham urgandir meni birontasi, lekin uning ichini bilmas, chunki hali g‘o‘r ekanman. Tanlab-tanlab tozisiga uchrab qolmay tag‘in. Ota-onasini ko‘rib, tegi-tugini surishtirib, palagi tozasini tanlab olishim kerak. Mana, o‘zimizda uning u qizi unday, buning bu qizi undan ham yaxshi ekan-u, lekin menga to‘g‘ri keladigani, ha, agar taqdirim taqdiriga qo‘shilgan bo‘lsa, farishta omin desa, xudoyim yo‘limni ochib bersa... Og‘iz ham solib ko‘ribdilar, ra’yi bor ekan, qizining shu vaqtgacha inq etgan gapi chiqmagan, unaqa gap chiqadigan ham qiz emas, onasini ko‘rib, qizini ol, qizini ko‘rib onasini ol... 
– Qizini-ku, xo‘p, tushunarli, olish kerak, – deb gapni kulgiga burmoqchi bo‘ldim. – Onasini nima qilaman? 
– Tilimni qichitmay o‘tir. Bu ham bir gapi-da. Onasi juda yaxshi, bilsang, erini shu odam qildi. Otasi xalq dushmani bo‘lib qamalib, otilib ketganda oltita jo‘jabirday jon, kattasi o‘zi, uyida yirtiq sholcha ham qolmagan, yo‘qchilik, to‘yida dasturxonda faqat zog‘ora non bilan shu xotinni oldi, xotin uning yo‘q, buning yo‘q demay, hammasiga chidadi, erini Samarqandda o‘qitdi, faqat o‘zi ro‘zg‘or qilib. Bu yoqda o‘nta bola yana. Mehnatga yomon chidamli! Mana, er ma-allim bo‘ldi, obro‘ topdi, hozir, kimsan? – elning oldi, direktor! Hammasi shu Mahbubaning tirishib-tarmashishi bilan. Qizi ham shu palakdan-da, bolam, zoti – erga tegsa, eriga suyanchiq. O’n yil birga o‘qib, o‘zing ham ko‘rib bilib yurgan qiz...
Ana shu yerga kelganda meniki ham tutdi-ku! 
– O’n yil birga o‘qib?! Shu o‘n yil, yo‘q, to‘qqiz yil ichida menga salom berganmi yo salomimga alik olganmi ekan? Oyi, siz nimani ham bilasiz! Nukusda o‘lay deb yotdim, baland isitma bilan,.. alahlab! Bir marta ko‘rdimi, so‘rang!
– Hay, bizga ham aytmagansan-ku yotganingni. O’zing cho‘loqlanib kirib kelganingda bilib o‘tiribmiz. Ke-yin, bolam, baqirma, nima, bilganida shundan shu yoqqa seni borib ko‘radimi? Qiz bola-ya? Unaqalaridan xudo saqlasin.
– Qanaqalaridan asrasin?
– Ha... o‘shanaqa ochilib ketganlaridan. Sening orqangdan chopib yursinmi edi? Men qizga emas, qiz menga qarasin desang, bilmadim, ertaga xotinni qanday eplar ekansan.
To‘g‘ri-ey, oyim gapni nishlab joyiga uradilar. Sal o‘zimni tutdim-u, uncha bosilolmadim.
– Oyi, bizlar maktabda shuncha yil gaplashmadik, bir og‘iz ham. Odam o‘rnida ko‘rmas edi... E-e, qo‘ying, o‘zi ham yo‘q deydi.
– Aytyapman-ku, bolam, bilmasam gapirmayman.
Oyim bilaman degandek mayin jilmaydilar. Yuragim g‘alati bo‘lib ketdi.
– Nimani bildingiz?
– Xay endi, hammasini aytish kerakmi senga? Mahbuba bilan gaplashdim, ra’yi bor, dedim-ku, bo‘ldi-da. 
– Habibaning o‘zi Akbarga tegaman deptimi? 
– To‘g‘ri gapir. Muncha, orqang tutib qoldimi? Qaysi o‘zini bilgan qiz tegaman deydi darrov? Bu yog‘iga bir boramiz, ikki... so‘raymiz.
Oyimning hujumlari usti yumshoq, botini qattiq zaminga ko‘chdi. U emas, bu emas, men xo‘p desam, bo‘ldi ekan. Yo‘q deb turib oldim. “Maktabda uni olaman degan mendan boshqa ham oshiqlari bor edi, ana, o‘shalarga tegaversin”, dedim. Oyimning jahllari chiqdi, “Birovning bolasiga tuhmat qilma. Gap yerda yotmaydi, yomonliqqa chiqarib qo‘yasan”, deb jerkib berdilar. Bilar ekanlar, “Mushtday boshingdan o‘zing-ku gap bo‘lgan, endi bunaqa deysanmi?” deb ham yubordilar. Men tushuntirishga o‘tdim. Avval biroz achchiq qildim, “Tegadigan ko‘ngli bo‘lsa, oldin o‘ylasin edi. Ho, shuncha yil azoblarga uni deb chidagan ekanman-da. Agar o‘zimni bir narsa qilib qo‘yganimda yo Nukusda o‘lib ketganimda, bu bemalol yashab yuraverar edi, hech narsa bo‘lmaganday. Yo‘q, men o‘zimni asradim”, deb ham yuboribman. Oyim gapimdan taajjubga tushib, yoqalariga tuflab olganlaridan keyin, o‘zimni tamom bosib, odamga o‘xshab jo‘yali gapirishga o‘tdim. Hali o‘qiyman, universitetda qoldirishyapti, aspiranturaga kiraman, xudo xohlasa, olim bo‘laman, xotin olsam, oyoq-qo‘lim ro‘zg‘orga tushovlanadi, dedim. Xullas, hozir Habiba tugul, boshqa malikasiga ham uylanmayman, deb ancha ma’ruza o‘qidim. Oyim ko‘nmadilar-u, katta bo‘lib qolgan farzandning ko‘ngliga quloq solmasa ham qiyin, sal muddatga chekindilar. Bu muddatda esa hayotning o‘zi Habiba ikkovimizni ikki tomonga uloqtirib yubordi.
E’tibor qilganmisiz, ayollarimizning ko‘pi, ovrupo ayollariga solishtirganda, qomatini adil tutmaydi, o‘choqqa bukchayib o‘t yoqib ro‘zg‘or tutganigami yo bolaligidan boshi paxtadan chiqmaganigami, eriga muteligimi, tarbiyamiz shunday, xullas, sal egilib, yelka qisib yuradi, boshini azot ko‘tarib yashamaydi. Shundanmi, bilmadim, yosh o‘tgandan keyin ayniqsa to‘lishganlari girdig‘um ko‘rinadi. Habibaning esa sakkizta farzandi bor ekan. Albatta, bunchani tuqqandan keyin qizligidagi nozikligi qoladimi? Ko‘-o‘p yil maktabda o‘qituvchi, zavuch bo‘lib ishlabdi, otasiga o‘xshab direktorlikka ko‘tarilibdi, ha, bu ham oson ish emas. Bolalarning chag‘ir-chug‘uri ado qilavergandan keyin, bultur shu do‘konni qurib olib, pensiyaga chiqibdi. 
Men ham uning universitetni bitirgandan so‘ng ikki-uch yil o‘tirib qolganini, keyin shu tomonlardagi uzoq bir qarindoshiga tushganini eshitgan, lekin o‘zini ham, erini ham ko‘rmay ketgan edim. Erini juda yaxshi odam deyishgan, Habibaning bolalarining otasidan ko‘ngli to‘q ekanini gaplaridan angladim. Ko‘zlarida mehrga o‘hshagan bir narsa yilt etdi-da. Lekin qoshining o‘rtasida turtib chiqdi: rohatli biron kun yo‘q, hali u bolasinikida u tashvish, hali bunisinikida bu, bu yoqda nevaralar ham bo‘y yetib, hammasi bir qishloq bo‘lib borayotgan ekan.
Shu gaplarni eshitganda uyaldim-ey. Tengqur, bir vaqtlar sinfdosh bo‘lgan ayolning oldida bolalik xotiralarimni eslab, o‘zim ham bola ko‘rinayotgandek, o‘ng‘aysizlanib qoldim. Kiyinib olganimga ham noqulay ahvolga tushdim. Nimamga buncha kekkaydim? Ey, shu zamonda sakkiz bolani tug‘ib, katta qilib, o‘stirishning o‘zi bo‘ladimi! Eringni gapirganda, chimirma qoshingni, Habiba, u charchamaydigan odamga haykal qo‘yish kerak! Zo‘r inson ekan, men o‘n yilga chidamadim, bu bechora bir umr dosh berib kelyapti ekan-ku. Ha, darvoqe, sakkiz bolaning otasi nimaga bechora bo‘lsin! Habibadek direktor xotin bilan yashash ham bo‘yoqchining nilidek oson kechmagandir, axir. Keyin, kim biladi, meni ham xudo asrab, hayotning boshqa yo‘liga boshlab yuborgandir. O’ziga ayon. Bo‘lmasa men ham shuncha bolaning tashvishida bir bechora bo‘lib yurar edimmi... 
Bir oz undan bundan gaplashgan bo‘ldik. Habiba: “Kiring, bir piyola choy qilib beray”, dedi. Nima ham deb kiraman? Bu katta xotinga: ”Esingizdami, sizni qanchalar yaxshi ko‘rganim?” demayman-ku. Desam-da, u ham: “O’lmang-da siz. Tegaman desam, o‘zingiz olishdan qochdingiz-ku”, deb chandib olsa . Hazil qilib aytsa ham, tagida yillarning zili qolgan-da. 
Ammo-lekin o‘ziga qaramay qo‘yibdi. Bandai ojiz xudbin-da – shu o‘ziga qaramagani menga yoqibdi. Mengaki qaramagandan keyin, yonimda o‘zining ahvolini ham bir ko‘rib qo‘ysin, debman-da. Shundan ko‘nglimdagi o‘sha xol sal bezovtalandi. Lekin buning, bari bir, et olib, juda barvasta, baquvvat xotin bo‘lib ketgani... buncha emas-da. O’zi ham yashashi kerak-ku hali. Girdig‘um pahlavon, hurpayib olgan polvon. Bir vaqtlardagi inja nozik Habiba – bu emas. 
E-e, u Habiba qandoq edi-ya! Qandaylar edi! 
Yo‘ldan uchta qator treyler uchirib o‘tdi, Erondan yuk tashiyaptimi, yozuvlari arabcha, balki afg‘ondan. Epkini bizga ham urildi. Yerda yotgan xazonlar duv-v ergashaman deb, atrofga to‘zon bo‘lib sochilib qolaverdi.
Ha, yana bir gap, biz taraflarda qizlarning ko‘p ismini buzib aytadilar: Shafoat – Shapaat, Mohira – Moyra, Farog‘at – Paraxat, Rahmatoy esa Ramatoy. Quloq ham o‘rganib ketgan. 
Bu direktor xotinni ham, turgan gap, Habba ma-allim yoki Habba direktor deydilar. U Habibaga hech bir o‘xshashi yo‘q. Agar shuncha bolani deb qoshligi ham qolmagan qoshini sal-pal chimirib qo‘yishini aytmasa. Men ham uning xotirasidan o‘chib ketganman, hozir ko‘rib eslab qoldi. O’sha vaqtlari menga shuncha sitam berganini anglamagandir ham. Bo‘lmasa, nimaga beshinchi kursni bitirayotganda ra’y bildirgan? Gap ko‘p-u, endi hozir qiziq emas, keragi ham yo‘q. 
Albatta, bu o‘sha Habiba emas, bu polvon xotin – Habba. Ha endi, birovdan sakkiz bola tuqqan bu xotinni bolaligimda o‘lguday yaxshi ko‘rganman, deb aytish ham juda o‘nqovsiz. Eshitsa, bolalari ko‘zimga ko‘rsatar, erining ham hurmati bor. Men bu xotinni sevmaganman, birodarlar, umrim bahorida bir qizni yaxshi ko‘rgandirman, lekin buni emas, xayolimdagi istig‘noli Habibani. 
Ha, u tugmachagul edi. Hozir... e-e, gulxayrini bilasiz-a? Suvsiz uvat-adirlarda o‘sib yotadi. Chiroyli gullaydi, gulbarglarining tagida tugmacha-tugmacha qatlangan urug‘i yetiladi, olib qo‘ylakka ham qadasa bo‘ladigandek. Albatta, tugmalikka yaramaydi, avaylab ushlamasangiz, kirt etib sinadi. Gulxayrining guli katta-katta oq, qirmizi, gulgun ochilib ko‘zni quvontiradi. Orasida doim zarg‘aldoq sayraydi, u ham shuning oshig‘i, to‘yini shunda qilsa chiqar, ichi qushlar bozori-da. Lekin kesib dastalab, gultuvakka solib bo‘lmaydi. Tanasi uzun, butunicha sertuk, tuki qo‘lga kirib qichitadi. Gulxayri erkin, xohlagan joyidan chiqib, o‘zicha gullab turadigan yovvoyi dala guli-da. Lekin gullari nihoyatda ko‘rkli, ayniqsa uzoqroqdan qarasangiz. 
Avzoidan bu havo bir yog‘in olib keladi. 
O’tgan ulovlarning epkinida xazon chinqiryapti. 
Bu xotinni yana necha yillar ko‘rmay ketaman, xudo hammaning ham rahmimni yegan bo‘lsin. 
He-e, bilmaysiz-da, u Habiba qanday bo‘lgan!..

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.