OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Farid Usmon. Meni sev (hikoya)

O’sha kun yodimda. Kuz  edi. Yomg‘ir shorillatib quyardi. Yomg‘irko‘sh ostida ikkimiz boshlarimizni bir  birimizga suyab asfaltda oqayotgan yomg‘ir suvlariga tikilgancha tek  qotgan edik. Mayin, sovuq havo go‘yo  ikkimizni bir-birimizga chirmar edi. Oyoqlarimiz tizzalarimizgacha xo‘l  bo‘lsada vujudlarimizda olov yonardi. Nafis krepdeshin moviy rangli ko‘ylagingni yelkang uzra yopilib turgan joylari kaftlarimga tegib turibdi. Yomg‘irpo‘sh tutgan qo‘llarim nozik bilaklaringga  surkalib ketadi. Shunda vujudimda  o‘t yonadi. Sen qanday holda ekanligingni bilmaymanu, ammo men cho‘g‘dek o‘rtanardim. Yog‘ayotgan yomg‘irning salqini sezilmasdi. Havodagi tund namgarchilik kayfiyatimni  tushirish o‘rniga aksincha yuksakka  ko‘targanday edi. Chunki yonimda sen  bor eding. To‘lishgan oydek chehrangdagi  yorug‘lik olamimni charog‘on etgan  edi. Goh yerga boqishing, goh ko‘zlarimga qarab qo‘yishing borliq olamimga nur  bag‘ishlardi. Yonimdaligingdan mamnunligim  beqiyos darajada edi. Yerga qarab turib, ba’zan atrofga alanglay-alanglay Gi De Mopassanning hikoyasidagi “Sevdi, sevildi” jumlalarini shivirlab aytsam “Nima dedingiz” deganlaring  g‘alati tuyulardi. Men hikoyadagi jumlalarning oxirini aytmasdim. Yana sekin  quloqlaringga engashib turib  sendan dimog‘imga urilayotgan atir hididan  mast bo‘lgan holda o‘sha so‘zlarni takrorlardim. Oxirgi so‘zni esa aytmasdim... Sen  hikoyani o‘qimaganing uchun oxirgi so‘zdan bexabar eding. Bilmasding. Bilganing  ham yaxshi edi men uchun. Men shuni istardim. Bilmasliging men uchun kerak  edi. Shuni hohlardim o‘shanda.
Tuyqusdan yana “Nima dedingiz”? deding. Yana  mast bo‘lish istagida quloqlaring  tomon engashdim. Soching tolalari dudoqlarimga tegdi. To‘g‘rirog‘i, dudoqlarim sochlaringga  tegib turdi. Yana sekin “Sevdi, sevildi”, dedim. Avval tek qotding. Ranginda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Oppoq yuzlaring o‘sha jiddiy qiyofada. Ko‘zlaring qaerga tikilgan bilmayman. Qimirlamasdi. Shu turishing sovuq tosh  haykal turishiga o‘xshardi. Go‘zal edingu ichki bir muzlik vujudingda hukmrondek sezilardi.
Yomg‘ir yog‘ardi. Yomg‘ir yog‘ardi. Borliq negadir  tund edi. Yomg‘irpo‘sh ostida ikkimiz edik. Bir yomg‘irpo‘sh ostida ikki jon, ikki vujud. Bir-birimizga yaqin edik. Bir jon edik go‘yo, ham bir vujud edik...
Shunda yana so‘rading:
- Nima dedingiz?
- Sevdi, sevildi!
Javobim qat’iy va aniq edi. Ovozimdan qat’iyat  sezilib turardi. Buni sen bilganday  bo‘lding. O’ylading. Yomg‘ir suvlariga  tikilgancha tek qotding. Yomg‘irpo‘sh dastasidan tutib turgan qo‘ling yoningga tushdi. Dasta mening qo‘limda qoldi. Shuning uchun u yon buyon silkindi. Yomg‘ir tomchilari  yengil esgan shamoldan yuzlarimizga  urildi. Yomg‘irpo‘sh ostida turga bo‘lsak ham shunday bo‘ldi.
Birdan  qiyofang o‘zgardi. Yuzingda allanima holat paydo bo‘ldi. Odatda vahima deymizmi, qo‘rquvmi shunga o‘xshash narsalar inson yuragida paydo bo‘lsa  shunday bo‘ladi. Chehrang o‘zgardi. O’zgarganda ham g‘alati o‘zgardi. Hozir men  hammasini to‘la aytib bera olmayapman...
Keyin. Keyin. Xiyol miyig‘ingda kulimsirading  va birdan qahqah urib kulib yubording.
Men tushunmadim. Seni endi ko‘rayotganday edim. Sen o‘shamas, boshqa eding. Tamoman  boshqa eding. Qattiq va qahrli kularding. Kulging tahqirlovchi ma’noda  edi. Yurakka huzur berib emas, nayzadek sayilib jaranglardi. Kulding. Kulding. Ichak uzdi kulgiga uchragan odamdek  kulding. Tizzalaringga kaftlaringni urib, u yon bu yon tebranib kulding. Va birda “voy “ dedingda sharros quyayotgan yomg‘ir ichra o‘zingni urdingda ko‘zdan g‘oyib bo‘lding. Ortingdan faqat:
- Go‘zal!!!- deya oldim xolos...
Shundan  keyin uchrashmadik. Topolmadim. Topishning  imkoni bo‘lmadi. Topib bo‘lmadi. Suvga  tushgan toshdek yo‘q eding. Yo‘qolgan eding. Oylar, yillar o‘tdi. Qalbimda qolgan jarohatga  faqat bir so‘z o‘sha o‘qiganim Mopassanning hikoyasidagi so‘zlarni takrorlash malham berardi.
Endi  men uni boshqacha aytardim. “Sevdi, sevildi” emas, ... “sevildi, o‘ldi” tarzida takrorlardim. Shu dardli yuragimga orom edi. Hikoyaning oxirida qahramonni larzaga solgan jumlalarni ham ba’zan eslab qo‘yardim. Hikoyadagi “U suyuklisiga xiyonat qilib jazmaninikiga bordi. Yomg‘irda qoldi shalabbo uvidi va shamollab qolib kasal bo‘ldi, o‘ldi”, demasdim, ammo o‘z o‘zimga “... sevildi, o‘ldi”, deb qo‘yardim. Shunday derdim...
Bir kuni “Damas”da ketardim. Mashina do‘mlikdan  tushiboq chapga burildi. Umumiy hovlilar bor ko‘cha boshlandi. Mashina tekkis asfalt  yo‘lda g‘izillab uchib ketyapti. Mashinadagi yo‘lovchilarning hammasi o‘z o‘yi, xayoli  bilan band. Qarab ketyapman. Umumiy hovlilarning biri temirdan, biri yog‘ochdan  qilingan keng, katta darvozalari  ochiq. 
Ko‘zim uzun devorga katta-katta harflarda  yozilgan yozuvga tushdi. “Meni sev, meni sev”! so‘zlari uyning orqa devorini egallab yotardi. “Qiziq” dedim  ichimda o‘zimga o‘zim. “Odatda devorlarga daraxtlarga, tog‘lardagi ulkan toshlarga “seni sevaman”! so‘zlari yozilardi. Bu yerda “Meni sev”! deb yozib qo‘yibdi-ya” o‘yladim.  Bu ma’shuqaning so‘zlarimikin, oshiqnikimikan? Aslida oshiq “Seni sevaman”, deyishi tabiiy. Demak... 
Xayolimda yomg‘irli  kun jonlandi. “... sevildi, o‘ldi”, deb  pichirladim. “Meni sev”! degan hikoya  ham yozmoqchi bo‘ldim. Bu ikki so‘z  yoniga “Kim” degan so‘roqni  qo‘ydimu, yozmadim, yozolmadim... 

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.