OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Habib Siddiq. «O‘n uchinchi ob’ekt» (hajviya)

Boshlig‘imizni trestda rosa do‘pposlashibdi. Qurilish boshqarmamizda ob’ektlar soni ko‘payib ketganmish, mablag‘lar va ishchi kuchlari sochib yuborilgan emish. Yana mexanizmlar va texnika vositalaridan samarali foydalanilmayapti, ob’ektlar o‘z vaqtida foydalanishga topshirilmayapti, deyishibdi.
Boshliq ham majlisdan olgan “energiya”sini hammamizga bo‘lib berdi. Shoshilinch tadbirlar belgilandi. Xaqiqatdan ham ob’ektlar soni ko‘payib ketgan ekan, ikki baravar qisqartirilib, yigirma to‘rttadan o‘n ikkitaga keltirildi. Ishlar bir navi yo‘lga tushgandek edi. Bir kuni boshliq yo‘qlab qoldilar. Kirsam o‘zlari, allaqanday loyihaga tikilib o‘tirgan ekanlar. Salom-alikdan so‘ng hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi, “cheking” deb “Rodopi”dan uzatdi va o‘zi ham huzur qilib tutatdi.
— Yangi ob’ekt ochsak, — dedi bir payt kulib.
— Yo‘-g‘e, — dedimu, boshlig‘imizni gap qaytarganlarni yoqtirmasligi esimga tushib darrov xayolimni yig‘ib oldim. — Siz nima desangiz shu-da, xo‘jayin.
— Bunisi boshqacha ob’ekt bo‘ladi-da, — dedi u iljayib. Hech narsaga tushunmasam-da men ham tirjaydim.
— Kichkina uchastka qurishni niyat qildik.
— Juda yaxshida.
— Ikkalamizga bir joydan qursak degandim.
— Rahmat, rahmat, — dedim og‘zimni tanobi qochib.
— Qurilish ob’ektlarimiz qatorida amallarmiz-a. Qayoqdagi prorabu masterlar ham dang‘illama imoratlarni bitirishyapti. Siz ham bir uchastkaning boshlig‘isiz, ko‘ngilga yaqin olib sizni chaqirtirgandim-da.
“Men nima ham derdim, — deya o‘yladim. — Ishga ham shu kishining orqalaridan kelganman. Mas¬ter yordamchiligidan uchastka boshliqligigacha qulog‘imdan cho‘zib olib chiqqan ham o‘zlari. Hozirgacha uning chizgan chizig‘iyu bosgan izidan yurib kam bo‘lganim yo‘q”. Shuning uchun ham yana bir bor qulluq qilib huzuri muboraklaridan chiqdim.
Shunday qilib, qog‘ozga yozilmaydigan va imzo chekilmaydigan xufiya buyruq bilan “O‘n uchinchi ob’ekt”¬dagi qurilish ishlari bo‘yicha mas’ul bo‘lib qoldim.
Yoz pallasi emasmi, jabhalarda ham ish qizg‘in. Materiallar yetishmaydi, goh transport yo‘q, goh avtokran kerak bo‘lib qoladi. Har oqshom yig‘ilamiz, xo‘jayin har bir jabha bo‘yicha hisob so‘raydi, yangi vazifalarni ko‘rsatadi. Materiallar, transport vositalari, mexanizmlar taqsimotida bizni ham unutmaydi.
— Akbarali nima so‘rasa beringlar, — deydi o‘rinbosari va bosh injenerga. — Chunki, u bolalar bog‘chasini quryapti. Bolalar kelajagimiz, axir!..
Yig‘ilish tugab odamlar tarqalishgach, “bopladimmi” deganday ko‘z qisib qo‘yib, o‘dag‘aylaydi:
— Bu ja-a rezinkaday cho‘zavermang-da endi, “O‘n uchinchi ob’ekt”ni tezroq bitkazaylik. Qishlog‘imiz bolalari anavi dala shiyponidagi vaqtincha bog‘chalarda ham katta bo‘lishaveradi.
Boshlig‘imiz qo‘ynidan to‘kilsa qo‘njiga deb shunchalik muruvvat ko‘rsatib turganidan foydalanib, uning sakkiz xonalik mo‘‘jazgina uchastkasining yoniga o‘zimizga besh xonali kichkinagina kulba solishni unutganimiz yo‘q, albatta. Chunki, mana shu qurilish bosh¬qarmamizdan xo‘jayinga goh bildirib, goh bildirmay undirgan materiallar bilan yettinchi sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lim uchun uyni qurib qo‘ydim. To‘rtinchida o‘qiyotganiga o‘tgan yili o‘zimiz qurgan o‘ttiz ikki xonadonli uydan bitta uch xonadonligini bir amallab to‘g‘irladim. Endi kenjatoyga ham bir makon kerak-da, og‘ayni. Bu yil birinchi sinfga boradi.
O‘zimizning qishloqda deb shu yerga urinib qo‘yaqoldim. Xo‘jayin ham o‘g‘illaridan birortasiga mo‘ljallab qurdiryaptilar-da, hozir o‘zlari yashayotgan naq saroydek uylaridan boshqa joyga ko‘chishlariga ishonish qiyin.
Jabha bitib, “foydalanishga topshirish” arafasida xo‘ja¬yin ikkalamizni hammayog‘i yopiq, tuynukchasi panjarali, mashinada olib ketishdi.
Garchi o‘zimiz sezmasak ham, qadamimizni ilgariroqdan o‘lchab yurishgan ekan, ortiqcha gap- so‘zsiz “safarimiz muddati”ni belgilab qo‘yaqolishdi. Boshliqning etagiga ixlos bilan mahkam yopishgan ekanman, bu yoqlarga ham birga keldim.
... Yaqinda uydan xat oldim. Xo‘jayin uchun qurgan uchastkamizga bolalar bog‘chasi joylashibdi, qishlog‘imiz bolalari bir yayrab qolishibdi-da. “Bizning uy nima bo‘ldi?” — deb xat yozdim. “U yerda hasharotlar yashayapti” deb javob qaytarishdi. “Qanaqa hasharotlar?” deb yozdim. “Foydali hasharotlar” deb yozishdi. Ana shunday yozishmalardan ma’lum bo‘ldiki, uyimizga xo‘jalikning biologik laboratoriya¬si joylashibdi.
Yaqinda bizni “ochiq”da yurib ishlashga chiqarishdi. Qurilishdamiz — mutaxassisligimiz bo‘yicha deganday. Xo‘jayin ikkalamiz zambilda loy tashiymiz. Oldinda u, uning izidan odatdagidek men boraman.
— Mana qorishma tashishga ham ancha o‘rganib qoldik, — deydi xo‘jayin hansiraganini sezdirmaslikka urinib, — qishloqqa sog‘-omon qaytsak, mana shunday o‘zimiz urinib bir imorat solaylik...
— Yonma-yon qilib, — deb qo‘shib qo‘yaman qo‘llarimning qabarib ketgan joylarini asta silab turib.
— Yaqin kunlarda g‘isht terishni ham o‘rganib olamiz.
— Ha-a, boshga tushganini ko‘z ko‘radi, deganlari shu ekan-da.
Xo‘jayin korjomasining cho‘ntagidan “Astra” chiqardi, shoshib gugurt chaqdim. O‘zimga ham tutashtirib, endigina ikki-uch tortgan edim, “boshliq”ni yo‘tal tutdi, ijirg‘anib sigaretini uloqtirdi-da imo qilib qoldi: “Zambilni ko‘tardik”. Odatdagidek xo‘jayin oldinda, men uning izidan qo‘limizda zambil bilan qorishma tayyorlanayotgan yashik tomon siljidik...

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.