OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdul Hamid. Noyob xotin (hajviya)

Mabodo, haykaltaroshlardan tanishingiz yo‘qmi? Nima qilasiz deysizmi? Xotinimning haykalini yasataman! Iye, nega kulasiz? Nima, bizning malikai Dilorom bunga arzimaydimi? Topgan gapingizni qarang. Tirikligida haykal qo‘yish lozim bo‘lsa, bizning xo‘jayinga, yo‘g‘-e xotinga qo‘yish kerak! 
Nega hayron bo‘lasiz? Xotinimning jonimga qanchalar oro kirishini bilsangiz edi!.. Afsuski buni tasavvur qila olmaysiz. Keling, xotinimga qaysi karomati uchun haykal o‘rnatmoqchi ekanligimni aytib beray. Toki ko‘nglingizda menga nisbatan shu erkak ham o‘zimizning erkaklardanmi o‘zi, degan savol qolmasin. 
Avvalo, xotin akamiz cho‘ntagimizga qo‘riqchi itdek vafodor. Bir so‘mmas, bir tiyinni ortiqcha sarflashimga yo‘l qo‘ymaydi. Qanday qilib yo‘l qo‘ymaydi deysizmi?
Masalan, dam olish kunlari ulfatlar bilan choyxonada «beshta-beshta» qiladigan odatimiz bor. O‘sha kunlari xotin qo‘limga o‘zi himmat qilgan pulni tutqazib tayinlaydi: «Gapga tushib ketib, yana osh tugab qolmasin. Yaxshilab ovqatlaning, lallayib o‘tiraversangiz, so‘xtasi sovuq ulfatlaringiz aroqni bir zumda gum qilishadi». 
Ko‘rdingizmi? Shunday rahmdil, erining puliga g‘amxo‘r xotinni yana qayerdan topish mumkin. Shu bois choyxonada o‘tirsam, iloji boricha yeb-ichishga harakat qilaman. To‘g‘ri, ba’zida xizmatda turib xotinning topshirig‘ini bajarolmasam... Yo‘q-yo‘q, siz o‘ylaganday, boshimda yong‘oq chaqmaydi. Faqat... xafa bo‘ladi-da! 
Bilasiz, tabiatan yumshoq, ko‘ngli bo‘sh odamman. Xotinning qovog‘ini uyib, narigi xonada yolg‘iz yotishiga chidolmayman. Darhol ko‘ylakmi, tilla zanjirmi sovg‘a qilib, pulni behuda sarflaganim uchun kechirim so‘rayman. Bilsangiz, bizning xotin spidometrga o‘xshaydi. Agar biror narsada sal haddimdan oshgudek bo‘lsam yo tomoq qirib, yo ilonning ko‘ziday chiroyli ko‘zlari bilan ogohlantirib qo‘yadi. 
Konkret misol bormi? 
Bor. Yaqinda mashinamni sotmoqchi bo‘ldim. Ulfatlarimizdan biri xaridor bo‘ldi. «Jon og‘ayni, aytgan narxingizga picha yetmadi. Bir oyda keltirib beraman», deb rosa yalindi. Kayf ustida xo‘p deb yuboribman. Ammo ertalab lafzimni eslab, yuragim tovonimga tushib ketdi. Axir, xotin nima deydi?
Tushdan so‘ng ulfatim mashinani olib ketmoqchi bo‘ldi. Xotinning: «Pulini tugal olmagunimizcha mashina joyidan qo‘zg‘almaydi», degan amridan so‘ng mashinani berib yuborarmidim. U deb bahona qildim, bu deb bahona qildim. Qani ko‘nsa. Bahonalarimni bitta-bitta chipakka chiqarib, meni burchakka qisib kelaverdi. Najot izlab alang-jalang qilib turganimda xotin jonimga oro kirdi. 
— Menga qarang, — dedi u, — pulini to‘liq berdingizmi? 
— Yo‘q, ozgina qolgan, — dedi ulfatim dovdirab. — Biror haftada olib kelaman, kelishganmiz.
— Unaqasi ketmaydi, — gapni cho‘rt kesdi xotin. —Qolganini olib kelasiz, mashinani kalitini olasiz!..
Sho‘rlik bir menga, bir xotinga tikilib turdi-da, ko‘tarildi...
Agar aytaversam bunday misollar ko‘p. Uyga kimdir mendan qarz so‘rab kelsa, so‘roqni xotin qiladi. «Qachon qaytarasiz? Garantiya bormi? Kechikib qolsa-chi? Aniqmi? Mayli beramiz!» Shundan so‘ng men pulni chiqarib beraman. Bordiyu xotinimning qarz so‘rovchidan ko‘ngli to‘lmasa, «Berib turardik, lekin adasiga ham pul kerak bo‘lib turuvdi» yoki shunga o‘xshash biror bahona qilib eshikni ochib qo‘yadi. Men esa mehmonni kuzatib qo‘yaman. 
Xullas, ish shu darajaga borib yetdiki, bolalarni ham onangga aytaman, deb qo‘rqitadigan bo‘ldim. Oilamiz bilan oldi-berdi qiladiganlar faqat xotin bilan gaplashadi. O‘ylab ko‘rsam, ancha-muncha tashvishlardan ozod bo‘libman. Bozorni xotin qiladi, mehmonni xotin kutadi, hattoki nahorgi oshlarga ham xotin borib kelyapti, katta o‘g‘ilni-ku o‘zi uylantirib tinchitdi. 
Endi ayting-chi, shunday noyob xotinga nega haykal qo‘ymasligim kerak? 
Tunov kuni bir ulfatim «O‘v, falonchi, ko‘zingni och, xotiningni boshingga chiqarib yubording-ku», deb qoldi. G‘alamis, baxtimni ko‘rolmay ichi kuyib ketyapti. «Chiqqan bo‘lsa, ajab bo‘pti. Chiqsa arziydi, o‘rgulay», deb uzib oldim. 
Bu gapni hamisha aytaman. Haqiqiy erkakday yashashimga sharoit yaratib bergan xotinimga ming rahmat!

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.