OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Solih Yoqubov. G‘aroyib sinov (hajviya)

Zokir Qodirovich aqlli, obro‘li odam. Lekin u xotini Gulbahorning doim kuyunib aytadigan «Hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi», degan gapini bir o‘zimda sinab ko‘ray deb g‘aroyib «eksperiment»ga qo‘l urdi. Yakshanba kuni do‘sti Olimbeknikidagi ziyofatda bo‘lib qaytarkan, uyiga yuz qadamcha yetmay xizmat mashinasiga javob berib yubordi.
U o‘ng qo‘lini kattagina dog‘ tekkan ko‘ylagining ustiga qo‘yib ko‘chaning o‘rtasidan asta yurib kelaverdi. Yo‘lda uchragan kattayu kichik bunday qo‘li ko‘ksida bo‘lgan kamtar va kamsuqum yo‘lovchining salomiga javob qaytargancha unga xayratlanib qarashardi.
Ko‘cha burchagidagi choyxonada oshxo‘rligu boshqalarni g‘iybat qilishga ustasi farang bekorchilarning ko‘zi Zokir Qodirovichga tushdiyu bir-birlariga qarab -«sayrash»ga tushdilar:
— Bo‘rivoy, qo‘shningiz piyoda yuradigan bo‘lib qolibdilarmi, — deya taajjub bildirdi Eshmat pismiq ayyorona tirjayib.
Gapni hafsala bilan gazak tayyorlayotgan Badriddin ilib ketdi:
— Menimcha, Zokirga bir narsa bo‘lgan. Doim kostyum-shimda yurardi. Ie, bo‘yinbog‘i ham yo‘q-ku. Yoki ishdan ketdimikan? Bundan battar bo‘lsin. Keyingi paytda dimog‘i ko‘tarilib qolgandi.
— Gapingizga yuz foiz qo‘shilaman, Badirvoy, — deya uning so‘zini ma’qullagan bo‘ldi Safarqul. — «Bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur», degan naql bekorga aytilmagan. Xomushligidan, oyoqlarini bosishidan bilingki, pattasini qo‘liga -tutqazishganga o‘xshaydi.
— Men sizlarga necha marta aytganman — tobutning, amal kursisining egasi bo‘lmaydi deb. Mana, o‘zimiz shohid bo‘lib turibmiz, Zokirning amalidan ayrilgani bor gap, — dedi Mansur mo‘ylov.
Xullas, o‘tirganlarning biri u dedi, biri — bu. Lekin Zokir Qodirovich hamon qo‘li ko‘ksida, o‘tgan-ketganlar bilan boshini liqillatib salomlashgan ko‘yi yo‘lida davom etardi...
Nihoyat, u darvozasi oldiga yaqinlasharkan, xotini Gulbahorning qo‘shni ayollar bilan nimalarnidir tortishib turganiga ko‘zi tushdi. Gulbahor erining qo‘li ko‘ksida, piyoda kelayotganini ko‘rib yuragi «shig‘» etdi. “Tinchlikmikan”, degan savol miyasiga urildi. Zokir Qodirovich miyig‘ida mayin tabassum qilib qo‘shni ayollar bilan so‘rashdi.
— Tinchlikmi, dadajonisi, nega uyga piyoda kelyapsiz? — xavotirlanib so‘radi ayoli.
— Tinchlik, onajonisi, tinchlik. Sen doim «Hozir odamlar oyog‘i bilan emas, tili bilan yuradi», der eding. Sening shu so‘zingni bir sinab ko‘ray dedim. Ko‘chamiz bugun xuddi bayramdagidek gavjum...
— Hazilingiz qurmasin-a, adajonisi. Esimni chiqarib yubordingiz, — dedi kulib Gulbahor. — Uyga piyoda kelayotganingizni ko‘rgan qo‘shni ayollarning xayoliga nimalar kelmadi, deysiz. Hamma sizni lavozimidan ketibdi, degan o‘yga borgani aniq. Ha, aytgandek, mahalla erkaklari ham shu alfozda ko‘rishdimi sizni?
— Ko‘rishgan bo‘lsa nima qilibdi, xotin. Og‘iz ularniki, nima desa deyaverishsin. Axir, bizning qanaqaligimizni hamma biladi-ku!
— Eksperimentingiz ham bor bo‘lsin, endi duv-duv gapdan boshingiz chiqmaydi.
Chindan ham ertasiga mahallada Zokir Qodirovichning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, mahallaning kattayu kichigiga salom berayotgan, ishga piyoda borib-kelayotgani rosa gap bo‘ldi. Zokir Qodirovich esa eksperimentini davom ettirib, shohko‘chada uni kutib turadigan xizmat mashinasigacha piyoda chiqadigan bo‘ldi...

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 46-son

© 2004-2019 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.