background
logotype

Vosit Ahmad. To‘y haqida gaplashgandik... (hajviya)

Yelkalari navbatma-navbat uchib, tinmay qah-qah otib kulayotgan erini yetaklagan ayol ruhiy kasalliklar shifoxonasi bosh hakimi huzuriga shoshildi. U kira solib yig‘lamsiragancha yolvordi.
— Erimni tuzatib bering, doktor. Yaqinda to‘y qilishimiz kerak. Bu kishi bo‘lsa...
Bosh hakim dam yig‘layotgan xotinga, dam tinmay kulayotgan erga boqdi-da:
— Qani o‘tiring, — dedi.
— O‘tirolmayman, doktor, erim bu ahvolda bo‘lsa...
— Xo‘p, tik turgancha ayting-chi, nima gap o‘zi?
— Ko‘rib turibsiz-ku doktor.
— Ko‘rib turibman. Lekin bu holga bekordan-bekorga tushmagandir. Qattiq qo‘rqqan yoki asabi qattiq buzilgan. O‘ta stress holatga tushgan.
— Yo‘q, doktor, to‘y haqida binoyidek gaplashib o‘tirgandik.
— Binoyidek gaplashilsa bunaqa bo‘lmaydi. Bir boshdan gapiring-chi. Xastalikni davolashda bu juda muhim.
— To‘y xarajatlari haqida suhbatlashib o‘tirgandik-da, birdan...
— To‘xtang, to‘xtang, bir boshdan to‘liq aytib bering.
— Yomon mayda gap ekansiz-da, — dediyu o‘zicha ming‘irladi. — Bu yerning shifokorlarini ham jinni deyishardi, to‘g‘ri shekilli. — Eshiting bo‘lmasa, erim ishdan keldi. Men aytgan to‘y xarajatlarini ham yo‘l-yo‘lakay olib kelibdi, terlab-pishib ketgan boyoqish.
— Xo‘sh, xo‘sh.
— Qorni ochgan ekan. Ovqat tayyor bo‘lmagandi. Choy so‘ragandi, qaynamaganini aytdim. Ungacha to‘y kamlaridan gaplasha boshladik.
— Ha, ha, qani-qani?
— Nima qani? El qatori qilinayotgan yangicha udumlar haqida.
— Aniqroq qilib ayting.
— Avval “spalniy” va garnitur haqida gaplashdik. O‘zimiznikini olamizmi yoki xorijnikini, shuni rosa tortishdik.
— Xo‘sh.
— Men yutib chiqdim. Xorijnikini oladigan bo‘ldik. Keyin navbat “stenka”ga keldi. Erim ja pishiq-da, o‘zimizning ustalar ham yaxshi tayyorlashyapti, shundan olib qo‘ya qolaylik, deya rosa yalindi.
— Rozi bo‘ldizmi?
— O‘libmanmi, el ichida sharmanda bo‘lib. Yana yutdim.
— Eringizni ham yutib yuboribsiz-u, — dedi doktor ko‘zlari alang-jalang bo‘lib.
— Nima dedingiz?
— Ha, e’tibor bermang.
— Keyin fotiha to‘yidan gap ochdim. Qirqta “korobka” qilamiz dedim.
— Ho‘-ho‘, ja oshirvoribsizu.
— Voy, nimaga oshiraman. Oltmishta, saksonta qilayotganlar bor, axir. Erim o‘ntadan oshirmaysan, deb turib oldi. Ayyuhannos solib yig‘lab berdim. Rozi bo‘ldi. Bo‘ldi-yu, qo‘llari qaltirab, u yoq-bu yoqqa alanglay boshladi, ko‘zlari olma-kesak terardi. Men davom etdim, bitta besh yuz-olti yuz ming so‘mlik so‘ri olamiz dedim.
— So‘ri? — baqirib yubordi doktor o‘rnidan turar ekan.
— Nega baqirasiz? Erim ham baqirib yuborgandi, men quloq solmay davom etaverdim. Unga katta xontaxta qo‘yib, shohona dasturxon yasatamiz, dedim. Erim birdan qah-qah otib kulib yubordi. Men: ustimdan kulyapti deb, jahlim chiqsa-da, gapimda davom etaveribman. Nima haqida gapirsam qah-qah otib kular, oyoqlariga shap-shap etkizib urib xoxolardi. Shu orada kichik xarjlar haqida ham gapirib o‘tdim. Bunda ham katta qo‘yning to‘shi pishirib borilayotganini aytdim.
— To‘sh-sh! — yana baqirib yubordi doktor va o‘rnidan turib nari ketdi, uning yelkalari uchib atrofga alang-jalang boqa boshladi.
Ayol so‘zida davom etardi:
— Televizor, “dividi”, ko‘rpa-to‘shak, sochiq, idish-tovoq — hammasini aytardimu, lekin erim negadir hech narsada tortishmay, tinmay kulardi. Axiri sabrim chidamay, men sizga maymun o‘ynatyapmanmi, deb yuziga boqsam, kulishlari boshqacha, ko‘zlarida ma’no yo‘q. Keyin bu yoqqa olib kelaverdim. To‘y kunidagi xarajatlar va to‘ydan keyingi tashvishlarni hali gapirib ulgurmagan edim. Bularni ham aytishim kerak-ku, axir, doktor?
Ayol gapini tugatib vrachga qaradiyu qotib qoldi. U erining yoniga borib olgan. Ular bir-biriga tikilishib qotib-qotib kulishar, bir-birini quchib-quchib qo‘yishardi.
— Hoy, kim bor, qaranglar, doktoringlar jinni ekan-ku.
Vrachu hamshiralar shoshilib kirishib, dam kulishayotgan ikki erkakka, dam savol nazari bilan g‘oz turgan ayolga boqishdi.
— Ey, Xudo, bor-yo‘g‘i to‘y xarajatlari haqida gapirdim, xolos.
— Afsus... — bosh chayqadi shifokorlardan biri. — Uch qizi bor edi, ikkitasi bo‘yi yetib qoluvdi, essiz, chidolmapti-da.
— Bunchalar nozik bo‘lmasa, bu erkaklar?..

2004-2019 © www.ziyouz.com. Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi.

.