Gumilyov Nikolay Stepanovich [1886.3(15).4, Kronshtad, - 1921.24.8, Petrograd] — rus shoiri. Anna Axmatovanint umr yo‘ldoshi.
Asosiy asarlari: «Istilochilar yo‘li» (1905), «Romantik gullar» (1908), «Marvarid» (1910), «Begona osmon» (1912), «O‘qdon» (1916), «Gulxan» (1918), «Chodir» (1921), «Olovli ustun» (1921) she’riy to‘plamlari, «Palma soyasi» (1922) hikoyalar to‘plami, «Rus she’riyati haqida maktublar» (1923) tanqidiy maqolalar to‘plami. Volter, T. Gote, S. Kolrij, G. Geyne va boshqa adiblarning asarlarini rus tiliga tarjima qilgan. Petrogradda «Vsemirnaya literatura» («Jahon adabiyoti») nashriyotining ishida qatnashgan. Ritmlarning ravonligi, yorqinligi, ohangining mag‘rur va ko‘tarinkiligi Gumilyov she’riyatining o‘ziga xos tomonidir.
Gumilyov 1917 yil oktyabrdagi davlat to‘ntarishini qabul qilmadi va aksilinqilobiy fitna ishtirokchisi sifatida qatl etildi. 1991 yili Gumilyov ishi tarkibida jinoyat yo‘qligi sababli to‘xtatilgan.