O‘rxan Pamuq 1952 yil 7 iyunda Istanbul shahrining Nishontoshi tumanida o‘ziga to‘q oilaning kenja farzandi sifatida dunyoga keldi. Bobosi va amakisi ham, otasi Gunduz Pamuq ham oliy ma'lumotli va yuksak malakali muhandis edi. Ota avlodi oppoq lo‘ppi yuzli bo‘lganlari uchun odamlar ularga "Pamuqlar" deb laqab qo‘yishgan ("pamuq"- "paxta" degani), keyin ular bu laqabni o‘zlariga familiya qilib olishgandi.
O‘rxon Pamuq Istanbulda ulg‘aydi. Rassom bo‘lish orzusida Robert kollejida o‘qidi. Keyin Istanbul texnika universitetining me'morlik kulliyotida ham uch yil tahsil oldi. Ammo rassom ham, me'mor ham bo‘lolmasligiga ishonch hosil qilgach, o‘qishni tashlab ketdi. Vaqti ko‘pligidan yozuvchilikda o‘z kuchini sinab ko‘rmoqchi bo‘ldi va malakasini mustahkamlashga ehtiyoj sezib, Istanbul universitetining Jurnalistika institutiga kirdi va shu yerda o‘qishning oxirgi yili diplom olish uchun ta'tilga chiqarildi. Diplom ishini yarmida qoldirdi. Faqat "Qor" romanini yozdiyu, ortiq malaka ixtisosi olganligi to‘g‘risidagi diplom uchun kuch sarflamadi.
U 1985-1988 yillarda Yava universitetida dunyo yozuvchilarining AQSh hayotini o‘rganishlari va kitob yoza oladigan bir holga erishishlariga imkon beradigan kursni bitirdi va o‘zi aytganiday, "hayoti o‘zgardi". Ilk kitobidan e'tiboran Turkiya va chet ellarda mukofotlar oldi. Kitoblari ham ko‘p sotildi hamda adabiy jihatdan ko‘p tanqidlarga uchradi.
O‘rxon Pamuq yozuvchilikni 1974 yilda boshladi. Ilk bor Mehmet Ero‘g‘li bilan hamkorlikda yozgan va 1979 yilda "Qorong‘ilik va nur" nomi bilan bosilib chiqqan romani "Milliy romanlar" tanlovida birinchi o‘rinni oldi. Ammo 1982 yilda bu romanni kengaytirib va to‘g‘rilab, "Javdat Bey va o‘g‘illari" nomi bilan qayta chop qildirdi. Asar jahon adabiyotida ko‘p uchragan oila hayotini aks ettiruvchi romanlar tipida bo‘lib, tijoratchilar oilasida yuz bergan yuksalishlar va inqirozlarni hikoya qilardi. Bu safar kitob O‘rxon Kamol mukofotiga loyiq deb topildi. Pamuqning bundan keyingi kitoblari ham ketma-ket mukofotlar olishda davom etdi. 1984 yilda nashr etilgan ikkinchi romani "Sassiz uy" "Modern roman" mukofotini oldi. Bu romanning frantsuzcha tarjimasi esa 1991 yilda Frantsiyaning "Ovrupoda kashf" mukofotiga sazovor bo‘ldi. 1985 yilda nashr etilgan "Oq qal'a" nomli tarixiy romani 1990 yilda AQShda "Independent Award for Foreign Fiction" mukofotini qo‘lga kiritdi va chet ellarda yanada kengroq dong taratdi. O‘rxon Pamuq 2002 yilda nashr qildirgan "Qor" kitobini "Turkiyaning etnik va siyosiy masalalarini tadqiq etuvchi siyosiy roman" sifatida ta'riflamoqda. Bu kitobi 2004 yilda inglizchaga tarjima qilinib, chop etilganda "Yilning eng yaxshi 10 kitobidan biri" sifatida ko‘rsatildi.
Yillar o‘tgan sayin O‘rxon Pamuqning chet ellardagi shuhrati ortishda davom etdi. 1998 yilda nashr etilgan "Mening otim qirmizi" asari 24 tilga tarjima qilindi va 2003 yilda Irlandiyaning eng katta hisoblanuvchi "International IMPAC Dublin Literary Award" nomli xalqaro mukofotini oldi.
Pamuqning romanlaridan tashqari, maqolalar va suhbatlar saylanmasi hamda bir hikoyadan tashkil topgan "Boshqacha ranglar" (1999) kitobi ham bor. Ayni chog‘da u "Niqobli yuz" nomli kinoqissa muallifi hamdir, uning stsenariysi asosida rejissyor Umar Qovur shu nomli kinofilmni suvratga olgan. Yozuvchining bu stsenariysi uchun 1990 yilda chop qildirgan "Qora kitob" romanidagi bir bo‘lim asos bo‘lgandi. 1991 yili Antaliya "Oltin po‘rtaxol film" festivalida "Niqobli yuz" "Eng yaxshi ssenariy" nominatsiyasi bo‘yicha mukofot oldi.
O‘rxon Pamuq hozir 10 ta kitob muallifi bo‘lsa, 11 marta mukofotga sazovor bo‘lgan, 30 tilga tarjima qilingan va Turkiya hamda butun dunyoda tanilgan muallifdir, kitoblarining 2 millionga yaqin nusxasi sotilgan.